Oʻqituvchi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻqituvchi dars paytida. Los Anjeles, AQSh.

Oʻqituvchi pedagog, oʻrta va oliy taʼlim tizimi xodimi boʻlib, oʻquvchi va talabalarni oʻqitish bilan shugʻullanadi. Boshqa nomlari: „ustoz“, „domla“, „muallim“.

Oʻqituvchi, muallim — turli yoʻnalishdagi oʻrta umumiy taʼlim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida oʻquvchilar bilan taʼlim-tarbiya ishlarini amalga oshiradigan mutaxassis. Oliy maktab Oʻ.lari „domla“ deb yuritiladi, ular „oʻqituvchiprof.“ tarzida umumlashma nom bilan ham ataladi. Shuningdek, Oʻ.larga nisbatan „muallim“ yoki „pedagog“ atamasi ham qoʻllaniladi.

Oʻ.lik kasbi juda qadim zamonlardan buyon inson faoliyatining alohida turi sifatida mavjud. Chunki inson faqat taʼlim tarbiya tufayligini hayotini davom ettira va rivojlantira oladi. Tamaddunning Ossuriya, Bobil, Misr, Turkiston, Hindiston, Xitoy singari qadimiy oʻchoqlarida topilgan tarixiy madaniy obidalar bu oʻlkalarda Oʻ.lik kasbi juda qadim zamonlarda shakllanganligini koʻrsatadi. Bu davrlarda eng oqil, tajribali kishilar Oʻ.lik bilan shugʻullanishgan va ular boshqalarga qaraganda katta imtiyozlarga ega boʻlishgan. Yunonistonda faqat ozod kishilargina Oʻ.lik qilishga haqli hisoblangan. Ular mamlakatning turli yoshlarida grammatiatlar, pedanomlar, didaskallar, pedotriblar shaklida nomlanganlar va koʻpincha oʻz shaxsiy maktablariga ega boʻlganlar. Boy oilalarda esa, taʼlim-tarbiya ishi bilimli va savodli qullarga topshirilib, ular paydagoglar („pedagog“ soʻzi shundan kelib chiqqan), yaʼni „bola yetaklovchilar“ deb atalgan. Rim imperiyasida Oʻ. imperator nomidan tayinlanadigan davlat amaldori sanalgan. Oʻrta asrlarga kelib, Gʻarb mamlakatlarida Oʻ.lik bilan, asosan, cherkov xizmatchilari shugʻullanishgan. Shaharlarda dunyoviy maktablar tashkil topgach, hunarmandchilik sexlari va savdogarlar gildiyalari tomonidan taklif etilgan yollanma Oʻ.lar paydo boʻldi. Texnika taraqqiy etib, fkazdlar koʻpayishi bilan Oʻ.lik eng ommaviy kasblardan biriga aylandi. Chunki maʼlum darajada taʼlim koʻrmagan odam texnika vositalaridan foydalana olmas edi. Buning uchun esa, koʻplab maktab va Oʻ. kerak boʻlardi. Ayni vaqtda, 18—19-asrlarda boy oilalarda murabbiy, guvernyor singari uy Oʻ.laridan foydalanish keng yoyildi.

Sharq mamlakatlari, jumladan, Turkiston oʻlkasida ham Oʻ. eng qadimiy va obroʻli kasb hisoblanib, „ustoz“ deb eʼzozlangan. Oʻlkaga islom dini kirib kelishi bilan har bir qishloq, shaharlardagi har bir mahallada masjid va deyarli har bir masjid qoshida maktab tashkil etildi. Bu maktablarning Oʻ.lari domla deb ataldi. Shuningdek, maktablar alohida shaxslar uyida ham tashkil etilib, ular maktabdor deyilgan. Oʻlkamizda qizlarni oʻqitishga ham alohida eʼtibor qaratilib, savodli ayollar uylarida otinoyi maktablari tashkil etilgan. Bu maktab Oʻ.lari otinoyi yoki otinbibi deb yuritilgan. Taʼlim davlatdan ajratilganligi, bolalarning oʻqishi, asosan, ota-onalarning ishi hisoblangani uchun ham Turkistonda Oʻ.lik kasbiga maxsus tayyorlanilmagan. Madrasa koʻrgan yoki maktabdan soʻng oʻz ustida ishlagan savodli kishi Oʻ.lik bilan shugʻullanishi mumkin boʻlgan.

19-asrning oxiridan, yaʼni oʻlkada maʼrifatchilik harakati paydo boʻlishi bilan Oʻ.ning saviyasiga alohida eʼtibor beriladigan boʻldi. Turkistonda anʼanaviy yoʻsinda oʻqitadigan Oʻ.lar bilan birga Yevropa mamalakatlaridan oʻzlashtirilgan usullarda dars beradigan yangi muallimlar ham faoliyat koʻrsata boshladi. Bu hol, ayniqsa, jadidchilik harakati avj olgan kezlarda ancha keng yoyildi. Oʻ.lar saviyasining oshganligi millat ruhiyatida uygʻonish boʻlishiga, taraqqiyotning bir qadar tezlashuviga olib keldi.

Oʻ. oldida turgan vazifalar va uning mavqei jamiyat taraqqiyotining turli davrlarida turlicha boʻlgan. Jamiyat gullabyashnagan davrda unga eʼtibor yuksak boʻddi yoki Oʻ.ning mavqei koʻtarilgani uchun jamiyat rivoj topdi. Oktabr toʻntarishi amalga oshgandan soʻng va shoʻrolarning oʻz oldiga qoʻygan ommani yoppasiga savodli qilish vazifasini bajarish uchun Turkistonda ham tizimli ravishda Oʻ. tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Chunki butun oʻlka boʻylab ochilgan maktablarda ishlaydigan mutaxassislar kerak edi. Shu sababli Oʻ.lar shoʻro hokimiyatining dastlabki yillarida urushga olinmaydigan boʻldi. Taʼlim tizimi ham mafkuraga boʻysundirilgan shoʻro davrida Oʻ.lar hukmron siyosatni oʻtkazuvchi kuchga aylantirildi. Ular bevosita taʼlimtarbiyaga tegishli boʻlmagan turli gʻoyaviy-siyosiy hamda tashkiliy ishlarga meʼyoridan ortiq jalb etildi. Oʻziga xos boʻlmagan ishlar bilan shugʻullanish Oʻ.lar obroʻsining pasayishiga olib keldi.

Sobiq Ittifoq tarkibidagi boshqa respublikalar singari Oʻzbekistonda ham 1936-yil 10 apreldan SSSR MIK va XKS tomonidan shaxsiy Oʻ. unvoni (ixtisosligi) joriy etildi. Oʻshandan boshlab ped. oʻquv yurtini bitirgan va davlat imtihoni topshirgan shaxsga rasmiy tarzda Oʻ. ixtisosligi beriladigan boʻldi.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, Oʻ. tayyorlashga alohida eʼtibor berila boshlandi. Bu „Taʼlim toʻgʻrisida“gi qonun (1997-yil 29 avgustda qabul qilingan) va Kadrlar tayyorlash milliy dasturida oʻz aksini topdi. Oʻzbekistonda Oʻ.lar universitetlar, ped. oʻquv yurtlarida tayyorlanadi. Oʻ. oʻz pedagogik faoliyati jarayonida ilmiy bilimlarni egallab, pedagogik qobiliyatini shakllantirib boradi. Mamlakatda oʻqituvchilar malakasini oshirish tizimi joriy etilgan, har bir Oʻ. ga oʻqituvchilar malakasini oshirish intlarida bepul pedagogik va metodik yordam olish imkoniyati berilgan. Mamlakatda har yili 1-oktabrda „Oʻqituvchilar va murabbiylar“ kuni umumxalq bayrami sifatida nishonlanadi. Respublikada „Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi“, „Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi“, „Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi“ singari faxriy unvonlar mavjud. Oʻ.larga maksimal darajada qisqa ish kuni va haq toʻlanadigan eng uzun mehnat taʼtili belgilangan. Shuningdek, Oʻ.lar uchun xalq taʼlimi va ped. gazeta va jur.lari, jumladan, oʻzbek tilida „Maʼrifat“, rus tilida „Uchitelskaya gazeta“ („Oʻqituvchilar gazetasi“) gaz.lari, „Xalq taʼlimi“, „Boshlangʻich taʼlim“, „Uzluksiz taʼlim“, „Taʼlim taraqqiyoti“, „Taʼlim va tarbiya“, „Til va adabiyot taʼlimi“ jur.lari, pedagogik va metodik adabiyotlar nashr etiladi.

2002/03 oʻquv yili boshida Oʻzbekistondagi kunduzgi umumiy taʼlim maktablarida 461,1 ming oʻqituvchi ishladi. Ulardan 5 kishi (M.Ismatova, M. Madaliyeva, M.Zokirov, V. Pak, A. Mahmudova) Oʻzbekiston Qahramonidir (2005).

Shuni aytish kerakki, Oʻ. alohida ijtimoiy hodisa boʻlib, jamiyat aʼzolarining shakllanishiga taʼsir koʻrsatgani uchun ham uning shaxslik sifatlari kasbiy fazilatlaridan muhimroq hisoblanadi. Chunki u jamiyatning buguni va ertangi kuni qiyofasini shakllantiradi. Shuning uchun ham Oʻ.ning professional jihatdangina yetuk boʻlishi kifoya qilmaydi. Uning maʼnaviy olami oʻquvchilarga singdirilishi koʻzda tutilgan ezgu insoniy sifatlarga toʻyingan boʻlishi kerak. Oʻ.lar tayyorlanadigan oʻquv yurtlarida ayni shu jihatga alohida eʼtibor qaratiladi.

Hozirgi pedagogika fani Oʻ.ning amaliyotchilik, tadqiqotchilik, tashkilotchilik, vositachilik, ijrochilik singari vazifalari borligini qayd etadi. Ana shu vazifalarni toʻla uddalaydigan Oʻ.gina bugungi yosh avlodning barkamol shaxslar sifatida shakllanishiga taʼsir koʻrsata oladi. Istiqlol davri Oʻ.larida ana shunday xususiyatlarni qaror toptirish mamlakat taraqqiyotini taʼminlash omilidir.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Barkamol avlod orzusi, T., 1998; Oʻzbek pedagogikasi antologiyasi [tuzuvchilar K. Hoshimov, S.Ochil), 1—2j.lar, T., 1995, 1999; Pedagogik izlanish, T., 1990; Yoʻldoshev Q., Oʻqituvchi kitobi, T., 1997. Qozoqboy Yoʻldoshev.