Toshkent davlat sharqshunoslik instituti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti
(TDSHI, ToshDSHI)
TDSHI logo.jpg
Xalqaro nomi Tashkent state institute of oriental studies
Asos solingan 1918
Oʻquv yurti turi institut
Tipi davlat
Sohasi sharqshunoslik
Rektori Rixsiyeva Gulchehra Shavkatovna
Fakultetlar 5
Bakalavriat bor
Magistratura bor
Doktorantura bor
Kampusi 4
Manzili Toshkent shahri Mirobod tumani Toshkent, Shahrisabz koʻchasi, 25 Oʻzbekiston
Vebsayti tashgiv.uz

Toshkent davlat sharqshunoslik instituti (ruscha: Ташкентский государственный институт востоковедения[1], inglizcha: Tashkent state institute of oriental studies) — O'zbekiston Respublikasi poytaxti Toshkent[2] shahrida joylashgan oliy ta'lim muassasasi. Markaziy Osiyodagi[3] yagona sharqshunoslik oliy ta'lim muassasasi. 1918-yilda tashkil topgan Osiyoda birinchi va eng qadimgi sharqshunoslik oliy ta'lim muassasasi. Osiyo va sobiq Sovet ittifoqidagi eng katta sharqshunoslik institutlaridan biri.





Tarixi[tahrir]

1918 yil noyabr oyida Toshkentda Turkiston Sharqshunoslik instituti tashkil etildi. Bu institut o‘rta Osiyoda yagona ilk sharqshunoslik oliy o‘quv yurti bo‘lib, qo‘shni mamlakatlar uchun ham sharqshunoslik fanining turli sohalari bo‘yicha malakali mutaxassislar yetishtirib bera boshladi[4].

Mazkur bilim dargohida Turkiston va unga qo‘shni bo‘lgan xorijiy sharq mamlakatlarining tarixi, etnografiyasi, geografiyasi, o‘lkashunosligi, islom tarixi va musulmon qonunshunosligi kabi fanlar, sharq xalqlarining tillari va adabiyotlari o‘rgatilgan. O‘sha yili 1-kursga 234 ta talaba qabul qilingan edi. Institutda sharq tillaridan arab, fors, xitoy, pushtu, urdu, turk va mahalliy tillardan o‘zbek, tojik, qirg‘iz, turkman, tatar hamda siropa tillaridan ingliz, nemis va fransuz tillarini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Afg‘oniston, Hindiston, Eron, Sharqiy va G'arbiy Turkiston, Buxoro geografiyasi; o‘zbek, qirg‘iz, fors, tojik, qozoq, afg‘on, qoraqalpoq xalqlari etnografiyasi; O‘rta Osiyo, Eron, Afg‘oniston, Hindiston va qadimgi dunyo tarixi, islom tarixi, shariat qonunlari kabi fanlar o‘qitilgan.

3-kursdan boshlab talabalar ixtisoslikka bo‘linib o‘qitilgan. Ta'lim quyidagi ixtisosliklar bo‘yicha taqsimlangan; turkiy tillar, eron filologiyasi, arabshunoslik va islomshunoslik. Shu bilan birga, mahalliy maktablar uchun ona tili va tarix o‘qituvchilari ham tayyorlangan.

Rasmiy ma'lumotlarga qaraganda, 1922-1923 o‘quv yilida Turkiston Sharqshunoslik institutida 210 nafar talaba o‘qigan. Bundan 16 foizigina mahalliy xalq farzandlari bo'lgan. Institutda 5 nafar professor, 21 nafar o‘qituvchi va bir necha lektor va praktikantlar ta'lim va tarbiya ishlarini olib borgan.1922-yilga kelib, institut kutubxonasida 5300 jild kitob va 200 dan ortiq qo‘lyozma asarlar mavjud edi. Turkiston Sharqshunoslik instituti 1924-yilda alohida fakultet sifatida O‘rta Osiyo davlat universitetiga qo‘shib yuborildi. Uning birinchi dekani etib A.E.Shmidt tayinlandi.

Fakultet faoliyati uzoq davom etmadi. 1930 yilga kelib bu (fakultet pedagogika fakultetiga aylantirildi va 1931-yilda uning faoliyati batamom tugatildi.

Sharqshunoslik ta’limi uzoq davom etgan bo'lmasa-da, qisqa davr ichida mazkur ilm dargohidan A.K.Borovkov, V.V.Reshetov, K. Yudaxin, I.A.Kissen. R.L.Nemenova kabi taniqli tilshunos olimlar, R.R.Ivanov, M.R.Ivanova,

M.Masson, V.A.Shiglkin, O.A.Suxareva kabi mashhur tarixchi va etnograflar, Muxtor Avezov, Sotim Ulug‘zoda kabi atoqli yozuvchilar hamda D.G.Voronovskiy kabi bir qancha sharqshunos olimlar yetishib chiqdi.

1944-yilda O'rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O'zbekistan Milliy universiteti) qoshida qaytadan sharq fakulteta ta'sis etildi. Uning dekani etib tarixchi sharqshunos olim Abdurahmon Hamroev tayinlandi. Fakultetda, o‘quv rejasiga ko‘ra, Yaqin va O'rta Sharq xalqlari tarixi va iqtisodi, tili va adabiyoti o‘qitila boshlandi.

1947-yili fakultet qoshida aspirantura tashkil qilindi. Ko'pgina yosh mutaxassislar Moskva va Leningrad kabi markaziy shaharlarla aspiranturada o‘qib, fan nomzodi ilmiy darajasini olib qaytdilar. Ular o‘z yurtlariga jo‘nab ketgan rus sharqshunos olimlarining o‘rnini to‘ldirib, sharqshunoslikning turli sohalari bo‘yicha dars bera boshladilar.

1944-1947-yillarda fakultetda 4 ta kafedra mavjud bo‘lgan. Bular: Eron filologiyasi (1955 yildan eron-afg‘on filologiyasi) kafedrasi; Shimoliy hind (keyinchalik hind va hozirda Janubiy Osiyo tillari) filologiyasi kafedrasi; Sharqiy Turkiston filologiyasi kafedrasi; Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari tarixi kafedrasi.

1949-yilda fakultetning dastlabki talabalari o‘qishni bitirib, hayotga yo‘llanma oldilar. Birinchi qaldirg‘ochlar 41 nafardan iborat bo‘lib, bugungi kunda ularning ko‘pchiligi Respublikada elga tanilgan mashhur olimlar qatoridan joy olgan.

Fakultet kun sayin kengayib, takomillashib bordi. Arab, fors, pushtu, hind, urdu, xitoy, uyg‘ur, turk tillari bilan bir qatorda ingliz, rus va o‘zbek tillarini o‘rganishga ham katta ahamiyat berib kelindi. Sharq xalqlarining mumtoz va hozirgi zamon adabiyoti bo‘yicha talabalarga chuqur bilim berish maqsadida 1965-yilda maxsus Sharq mamlakatlari adabiyoti kafedrasi tashkil etildi. Bir oz vaqt o‘tgach, G‘arbiy Yevropa tillari kafedrasi tashkil qilinib, fakultet bo‘yicha yevropa tillarini o'qitish jarayoni ta'minlandi. Bu orada sharq tillarini o‘qishini takomillashtirib, talabalarning nutq malakalarini o‘stirish maqsadida fakultetga Eron, Afg‘onistan, Hindiston, arab mamlakatlaridan o‘qituvchilar taklif etila boshlandi. Ular 1-2 yil davomida talabalarga dars berib, ularning azaliy malaka hosil qilishlarida katta yordam ko‘rsatdilar. Bu hol talabalarning tilni ham nazariy, ham amaliy jihatdan puxta bilishlariga. imkon tug‘dirdi. Faqat 1960-1970-yillar davomida xorijiy Sharq mamlakatlaridan 10 nafar mutaxassis dars berish uchun taklif etilgan edi. O‘z navbatida, fakultet o‘qituvchi va talabalari ham chet mamlakatlarga borib, u yerdagi institut va universitetlarda o‘qib, o‘z malakalarini oshirib qaytdilar.


1990-yilda Sharq fakulteti negizida Toshkent Davlat universiteti qoshida Sharqshunoslik instituti tashkil qilindi.

1991-yil 15-iyulda esa bu institut O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning farmoni bilan Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga aylantirildi. Respublikamizning bugungi ehtiyojlarini inobatga olgan holda, institutda sharqshunoslik sohasidagi turli ixtisosliklar va yo‘nalishlarning doirasi yanada kengaytirildi. Institut fakultet bo'lgan davrda mutaxassislar faqat filologiya, tarix na iqtisod ixtisoslari bo‘yicha tayyorlangan bo‘lsa, bugungi kunda bu o'quv maskanida o‘n ikki mutaxassislik bo‘yicha ta’lim berilmoqda. Ilgari fakultetda 7 ta kafedra faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib Sharqshunoslik institutida 28 kafedra faoliyat ko‘rsatyapti. Institut tashkil etilgach, arab, fors, dariy, hind, urdu, xitoy, pushtu va uyg'ur tillari bilan bir qatorda yapon, koreys, turk tillari va adabiyoti ham o‘qitila boshlandi. Hozirgi kunda institutda 20 tadan ortiq til o‘qitilmoqda[5].

TDSHI asosiy binosi, Toshkent shahri, Shahrisabz ko'chasi 25-uy.

Fakultetlar[tahrir]

Toshkent davlat sharqshunoslik institutida 5 ta fakultet mavjud.

Sharq filologiyasi fakulteti[6][tahrir]

Fakultet tarixi

Fakultet Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Sharq filologiyasi va tarix fakulteti negizida institut rektorining 2000 yil 24 avgustdagi №K/05-36-sonli buyrug‘i bilan tashkil etilgan, 2011 yil 30 iyundagi №01-143-sonli buyruq bilan Sharq filologiyasi va falsafa fakulteti nomi bilan, 2014 yil 20 sentabrdagi №01-243-sonli buyrug‘i bilan Sharq fililogiyasi fakulteti deb nomlana boshladi. 1944 yildan to hozirgi kunga qadar faoliyat yuritib kelayotgan Sharq filologiyasi fakultetini bitirgan mutaxassislardan 50 nafari fan doktori va 300dan ziyodi fan nomzodi ilmiy darajalarini olishgan.

Sharq filologiyasi fakultetining bitiruvchilari orasidan A.Rustamov, U.Karimov, A.Qayumov kabi akademiklar, I.Abdullayev, S.G‘aniyeva, A.Hayitmetov, P.Qodirov singari davlat mukofoti sohiblari, Q.Mahmudov, Sh.Shomuhamedov, E.Rustamov kabi xalqaro mukofot sohiblari, S.Mirqosimov, F.Teshaboyev, A.Shayxov, S.Inog‘omov, I.Ergashev, A.Usmonov kabi favqulodda va muxtor elchilar yetishib chiqqan. Bugunga kelib fakultetda 9 ta kafedra faoliyat olib bormoqda.

Xitoyshunoslik fakulteti[7][tahrir]

Fakultet tarixi

Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan tan olgan, oxirgi o‘ttiz yil ichida barcha sohalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishi natijasida jahon hamjamiyatining qiziqishini o‘ziga tortayotgan davlatlardan biridir. Bu holat, o‘z navbatida, barchani Xitoyni har tamonlama chuqur o‘rganishga undamoqda.Xitoy kabi ulkan qo‘shni davlatni keng o‘rganish O‘zbekiston xitoyshunoslari oldidi turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.Shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-sentyabrdagi PQ-2228 sonli “Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Xitoyshunoslik fakultetini ochish to‘g‘risida”gi Qarori aynan O‘zbekistonda xitoyshunoslikni rivojlantirishga qaratilganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbarining ushbu qarorlari asosida institut rektorining 2014-yil 20-sentyabrdagi 01-243 sonli buyrug‘i bilan Xitoyshunoslik fakulteti tashkil etilgan. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yangidan ishlab chiqilgan davlat ta’lim standarti asosida fan dasturlari va o‘quv rejalari ishlab chiqildi va darslar tashkil etildi. Hozirda fakultet dekani vazifasini f.f.n., dots. S.A.Hashimova bajarib kelmoqda.

Bugungi kunda fakultetda to’rtta kafedra faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shulardan ikkitasi mutaxassis tayyorlovchi kafedralardir.

Koreyashunoslik fakulteti[8][tahrir]

Fakultet tarixi

Yuqori malakali koreyashunos mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida Toshkent davlat sharqshunoslik institutida 2018-2019-o'quv yildan Koreyashunoslik fakulteti tashkil etildi. Fakultet tarkibida 3 ta kafedra: “Koreys filologiyasi”, “Koreya iqtisodiyoti va siyosati” hamda “Koreya tarixi va madaniyati” kafedralari o‘z faoliyatini boshladi.

Tarix va falsafa fakulteti[9][tahrir]

Toshkent davlat sharqshunoslik institutining Tarix va falsafa fakultetida beshta kafedra faoliyat yuritib, shulardan uchtasi mutaxassis yetishtiruvchi va ikkitasi esa fakultetlararo xizmat ko‘rsatuvchi kafedralar hisoblanadi. Mazkur fakultetda 2018-2019 o‘quv yilida jami 64 nafar, jumladan, 9 nafar professor, 12 nafar fan doktori, 16 nafar fan nomzodi hamda 27 nafar katta o‘qituvchi va o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va siyosati fakulteti[10][tahrir]

Fakultet tarixi

2008-yilda “Xalqaro aloqalar va iqtisod” fakulteti asosida “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik” fakulteti tashkil etildi. 2018-yilda “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik” fakulteti asosida “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va siyosati” fakulteti tashkil etildi. Uning tashkil etilishidan maqsad yurtimizda iqtisodchi-sharqshunos, siyosatchi-sharqshunos kadrlarni tayyorlash, Osiyo-Tinch okeani, Yaqin va O’rta Sharq hamda MDH mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy, xavfsizlik, harbiy- texnikaviy rivojlanashining o’ziga xos jihatlarini o’rganadigan, bu boradagi muammolarni tahlil qilish salohiyatiga ega mutaxassislarni yetishtirishdan iborat. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yangidan ishlab chiqilgan davlat ta’lim standarti asosida fan dasturlari va o‘quv rejalari ishlab chiqildi. Hozirda fakultet dekani vazifasini i.f.n. Ch.Q. Xusanov bajarib kelmoqda.

Fakultet kafedralari[tahrir]

Sharq filologiyasi fakulteti kafedralari[tahrir]

Arab filologiyasi kafedrasi

Eron-afg'on filologiyasi kafedrasi

Xorijiy sharq mamalakatlari adabiyoti kafedrasi

Turkiy tillar kafedrasi

Yapon filologiyasi kafedrasi

Janubiy Osiyo tillari kafedrasi

Mumtoz filologiya kafedrasi

Tarjimashunoslik


Xitoyshunoslik fakulteti kafedralari[tahrir]

Xitoy tili va adabiyoti kafedrasi

Xitoy siyosati, tarixi va iqtisodiyoti kafedrasi

Ingliz tili kafedrasi

Pedagogika va psixologiya kafedrasi


Koreyashunoslik fakulteti kafedralari[tahrir]

Koreys filologiyasi kafedrasi

Koreya iqtisodiyoti va siyosati kafedrasi

Koreya tarixi va madaniyati kafedrasi


Tarix va falsafa fakulteti kafedralari[tahrir]

Sharq mamlakatlari tarixi va hozirgi zamon muammolari kafedrasi

Markaziy Osiyo xalqlari tarixi kafedrasi

Sharq falsafasi va madaniyati kafedrasi

Ijtimoiy fanlar kafedrasi

G'arbiy Yevropa tillari kafedrasi


Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va siyosati fakulteti kafedralari[tahrir]

Jahon siyosati va xalqaro munosabatlar kafedrasi

Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti kafedrasi

Xalqaro iqtisodiy munosabatlar kafedrasi

Matematika va axborot texnologiyalari kafedrasi

Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi


Eslatmalar[tahrir]

  1. https://ru.wikipedia.org/wiki/%D0%A2%D0%B0%D1%88%D0%BA%D0%B5%D0%BD%D1%82%D1%81%D0%BA%D0%B8%D0%B9_%D0%B3%D0%BE%D1%81%D1%83%D0%B4%D0%B0%D1%80%D1%81%D1%82%D0%B2%D0%B5%D0%BD%D0%BD%D1%8B%D0%B9_%D0%B8%D0%BD%D1%81%D1%82%D0%B8%D1%82%D1%83%D1%82_%D0%B2%D0%BE%D1%81%D1%82%D0%BE%D0%BA%D0%BE%D0%B2%D0%B5%D0%B4%D0%B5%D0%BD%D0%B8%D1%8F#cite_note-autogenerated1-3
  2. O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi. www.edu.uz. 2019-02-26.
  3. Знакомство с вузами Ташкента: Ташкентский государственный институт востоковедения (ТашГИВ) | Общество | ИП "УЗИНФОРМ". www.uzinform.com. 2019-02-26.
  4. Institut tarixi | Toshkent davlat sharqshunoslik instituti. 2019-02-26.
  5. tashgiv (2019-02-07). Toshkent davlat sharqshunoslik instituti. 2019-02-26.
  6. Sharq filologiyasi fakulteti | Toshkent davlat sharqshunoslik instituti. 2019-02-26.
  7. Xitoyshunoslik fakulteti | Toshkent davlat sharqshunoslik instituti. 2019-02-26.
  8. Koreyashunoslik fakulteti | Toshkent davlat sharqshunoslik instituti. 2019-02-26.
  9. Tarix va falsafa fakulteti | Toshkent davlat sharqshunoslik instituti. 2019-02-26.
  10. Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va siyosati fakulteti | Toshkent davlat sharqshunoslik instituti. 2019-02-26.