Nosir Xisrav
Abu Muʼiniddin Nosir Xisrav al - Qubodiyoniy | |
---|---|
Asl ismi | Nosir Xisrav |
Tavalludi | 1004 |
Vafoti | 1088 |
Ijod qilgan tillari | Fors tili |
Fuqaroligi | Gʻaznaviylar va Saljuqiylar imperiyasi |
Yoʻnalish | Nazm |
Janr | Gʻazal, ruboiy, qasida, madhiya, marsiya |
Vikiiqtibosda [[]] mavzusida sahifa mavjud. |
Nosir Xisrav (toʻliq ismi: Abu Muʼiniddin Nosir Xisrav al - Qubodiyoniy) (1004, Qubodiyon — 1088, Badaxshon) — fors-tojik shoiri, mutafakkiri. Boshlangʻich maʼlumotni oʻz qishlogʻida olgan, keyin Marv va Balx madrasalarida tahsilni davom ettirgan. Mahmud Gʻaznaviy va uning oʻgʻli Masʼud saroyida mirzalik qilgan, soliq mahkamasini boshqargan. U 7 yil (1045—52) davomida Eron, Ozarbayjon, Armaniston, Suriya, Misr, Arabiston, Iroq mamlakatlarini kezib chiqadi. Uning "Safarnoma" asari shu sayohat natijasida yaratilgan. Adolatli hukmdorlar tufayli osoyishta va farovon shaharlarni koʻrgan Nosir Xisrav keyinchalik oʻz asarlari orqali odil podshoh g'oyasini ilgari suradi.
Misrda 3 yil yashab, fotimiylar tariqatiga kiradi va ismoiliylar maslagini qabul qiladi. Fotimiylar butun dunyoni egallashni maqsad qilib, uni 12 jazira (orol)ga boʻlgan edilar. Nosir Xisrav Xuroson boʻyicha jazira boshligʻi — Hujjat etib tayinlanadi (baʼzi sheʼrlarida "Hujjat" taxallusini ham qoʻllagan). Keyinchalik, 1052 - yilda Balxga qaytgan Nosir Xisrav bu yerda ismoiliylik gʻoyalarini qizgʻin targʻib-tashviq qila boshlaydi. Bu harakati uchun shoir shialik va kofirlikda ayblanib, oʻlimga hukm qilinadi. Shundan soʻng u qolgan 25 yillik umrini Badaxshonda — Hazrati Sayyid qishlogʻidagi Yumgʻon darasida oʻtkazadi. Uning daʼvatlari natijasida bu yerda ismoiliylar jamoasi vujudga keladi. Maqbarasi asrlar davomida ziyoratgohlardan biri boʻlib, mahalliy aholi tomonidan "Mozori Shoh Nosir" deb atalgan.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nosir Xisrav
- "Safarnoma",
- "Zod ul-musofirin",
- "Vajhi din",
- "Saodatnoma",
- "Roʻshnoinoma",
- "Xon ul-ixvon",
- "Boʻston ul-uqul",
- "Dalil ut-mutahayyirin",
- "Jomeʼ ul-hikmatayn",
- "Risola dar javobi 99 savoli falsafi",
- "Kushoyish va rahoyish" kabi koʻplab sheʼriy va nasriy asarlar yaratgan.
U fors-tojik va arab tillarida ikki devon ham tuzgan, lekin arab tilidagi devonining tafsiri hozirgacha nomaʼlum. Shoirning qasida, gʻazal, qitʼa va ruboiylarini oʻz ichiga olgan, 12 ming misradan iborat forsiy devoni esa Eronda bir necha marta chop etilgan.
Dunyoviy ilmlarni chuqur oʻzlashtirgan Nosir Xisrav hur fikrli kishi boʻlgan. Olam va Odam mohiyati toʻgʻrisida aql vositasida falsafiy fikr yuritgan. Dunyoning nomukammalligi, inson tabiatining noqisligi xususida "Xudo bilan munozara" degan sheʼr ham yozgan. Ijodi orqali adolatsiz zamon, johil va manfaatparast kishilarni tanqid qilib, mehnatkash dehqonni, kosibu hunarmandni, ilm sohiblarini ulugʻlagan, insoniy kamolotga daʼvat qilgan. Uning hur fikrlari oʻzidan keyingi ijodkorlar, jumladan, Umar Xayyomga kuchli taʼsir koʻrsatgan.
Nosir Xisrav asarlari dunyoning koʻplab tillariga tarjima qilingan. Bir nechta sheʼrlari, "Saodatnoma" masnaviysidan parchalar va "Safarnoma" asari M. Muinzoda, Sh. Shomuhamedov, Gʻ. Karimlar tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Safarnoma, T., 2003.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Bertels A.Ye. Nasir-i Xosrav i ismailizm, M., 1959;
- Samarqandiy D., Shoirlar boʻstoni, T., 1981.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |