Farididdin Attor

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Farididdin Attor
Tavalludi 1148
Vafoti 1221
Nishopur, Eron
Kasbi shoir, faylasuf
Ijod qilgan tillari Fors tili[1]
Fuqaroligi Eron

Farididdin Attor (taxallusi; asl ism sharifi Muhammad Abu Bakr ibn Ibrohim; taxminan 1148/51, Nishopur — 1219/21) — mutasavvif fors shoiri. Asarlarida tasavvufni targʻib qilgan. Mansur Halloj, Boyazid Bistomiy taʼlimotidagi gʻoyalarni davom ettirgan. Attor falsafasining asosini tavhid (Allohning yagonaligini tan olish) ilmi tashkil etadi. Unga koʻra, tavhid faqat Allohning yagonaligini tan olish emas, balki u bilan qoʻshilishga intilish, yaʼni insonning mutlaq Ruh tomon intilishini anglatadigan jarayondir. Attorning „Bulbulnoma“, „Mantiq ut-tayr“, „Ushturnoma“ asarlari ramziy-allegorik timsollar asosida yozilgan. „Javhar uz-zot“, „Xayloj“, „Asrornoma“, „Sharh ul-qalb“, „Musibatnoma“ kabi dostonlari bevosita muhokama-mushohada, fikriy-shuuriy bayonlar tarzida bitilgan. Bundan tashqari, „Xusravnoma“-ga oʻxshab majoziy ishqni kuylagan romantik-sarguzasht asari ham bor. Attorning 2 qismdan iborat „Javhar uz-zot“ asarida butun ruhiy va moddiy olamlar yagonaligi taʼriflangan. Iloh har bir zarrada mavjud, ammo uni oddiy koʻz bilan koʻrish mumkin emas. Alloh oʻz borligʻida ham pinhonu ham paydo, barcha ashyolar yolgʻiz javhardan kelib chiqqan. „Asrornoma“da bu fikr yanada aniqroq ifodalangan. Attor asarlarida xalq ogʻzaki ijodidan unumli foydalangan. „Mantiq ut-tayr“ (1175, bu asar „Maqomoti tuyur“ deb ham nomlangan) asari mashhur. Alisher Navoiy bolalik chogʻida bu dostonni yod olib, uning taʼsirida „Lison ut-tayr“ („Qush tili“) dostonini yozgan. Ushbu asar tasavvufning eng yirik adabiy yodgorligi hisoblanadi. Bundan tashqari, Attor „Pandnoma“, „Besarnoma“, „Devon“, "Vuslatnoma, " „Tazkirat ul-avliyo“ kabi asarlar muallifi. Uning „Ilohiynoma“ asari ham masnaviy yoʻlida bitilgan ishqiy-maʼrifiy, falsafiy-axloqiy dostondir. Masnaviyda 282 ta rivoyat, hikoyat va qissalar bayon etilgan. Attor Haq va haqiqat tushunchalarini hamma vaqt inson mohiyatiga bogʻlab tushuntirgan. Zero, tavhid mohiyati ham, haqiqat ham oxir oqibat inson mohiyati va haqiqati bilan izoxlangan. Shoirning 96 bobdan iborat „Tazkirat ul-avliyo“ asari nasrda bitilgan yagona va mashhur asar boʻlib, unda tasavvuf shayxlari, avliyoulloxlarning hayoti, kashfu karomatlari bayon etilgan. Asarning Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik institutida 10 dan ziyod qoʻlyozma nusxalari, Bombay va Lohurda 1877, 1887, 1895, 1900, 1903-yillarda nashr qilingan bosma nusxalari hamda Xojashoh ibn Sayyid Axmad Xorazmiy oʻzbek tiliga tarjima qilgan 4 qoʻlyozma nusxasi mavjud. Ushbu asarning Mirzo Kenjabek tomonidan oʻzbekchaga qilingan tarjimasi „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ davlat ilmiy nashriyotida chop etilgan (1997).


Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Ilohiynoma, T., 1994.

Habib Abdunazar.




  1. (unspecified title)