Gʻaznaviylar davlati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Gʻaznaviylar imperiyasi
Gʻaznaviylar

Imperiya

 

 

 

 

 

977 — 1186



 



Gʻaznaviylar imperiyasi eng katta chegaralari 1030-yil, Mahmud Gʻaznaviy davrida.
Poytaxti Gʻazna (977–1163), Lahor (1163–1186)
Til(lar)i Fors(davlat, saroy), Turk(sulola, qoʻshin)
Dini Sunni islom
Sulton
 - 977–997 Sabuktegin (birinchi)
 - 1160–1186 Xusrav Malik (oxirgi)

Gʻaznaviylar davlatiXuroson, Shimoliy Hindiston hamda qisman Movarounnahrda (X-XII asrlarda) yashagan turkiy davlat.

Gʻaznaviylar davlatiga Alpteginning gʻulomi va kuyovi Sabuktegin asos solgan. Davlat nomi saltanatning poytaxti Gʻazna shahri nomidan olingan. Turkiy gʻulomlar xizmatlari evaziga somoniylardan Xuroson va Afgʻonistonning turli viloyatlari (Gʻazna, Kobul va boshqalar) ni boshqarish huquqini olganlar. Sabuktegin Gʻazna viloyatining noibi va qoʻshin amiri qilib tayinlangach (977), u bu mulklarni mustaqil boshqarishga kirishgan. 994–995 yillarda Xurosonda boʻlib oʻtgan 2 jangda somoniylar amiri Nuh ibn Mansur va noib Sabuktegin boshchiligidagi birlashgan qoʻshin isyon koʻtargan turk sarkardalari Abu Ali Simjuriy (Abulhasan Simjuriyning oʻgʻli) va Foyiq qoʻshinlarini tor-mor keltirish jarayonida Sabukteginning siyosiy nufuzi yanada ortadi.

Gʻ.d ning eng kuchaygan davri amir Sabuktegin, ayniqsa, sulton Mahmud Gʻaznaviy hukmronligi yillariga toʻgʻri keladi. 11-asr boshlariga kelganda Musulmon Sharqining eng qudratli davlatlaridan biriga aylangan Gʻaznaviylar davlatining chegaralari gʻarbda Ray va Isfahon shaharlari, Kaspiy dengizi hamda shim.-gʻarbda Xorazm va Orol dengizigacha choʻzilgan, sharqda esa Shimoliy Hindistonning kattagina qismini oʻz ichiga olgan va jan.da Balujistongacha yetgan edi. Mahmud Gʻaznaviy somoniylar sulolasi barham topgach, ularning Xurosondagi butun hududini, keyinchalik Xorazm davlatini (1017) ham oʻz saltanati tarkibiga qoʻshib olgan. Biroq Janubiy Toxariston (hozirgi Shimoliy Afgʻoniston)dan tashqari Shimoliy Toxariston (hozirgi Surxondaryo viloyati va Janubiy Tojikiston) hududini ham egallash uchun gʻaznaviylar kurash boshlaganlarida qoraxoniylar bilan ularning manfaatlari oʻzaro toʻqnashdi. Keskin kurashlar natijasida Chagʻoniyon va Termiz gʻaznaviylarga boʻysundirilgan. Gʻaznaviylar bilan qoraxoniylar davlati oʻrtasidagi chegara Amudaryo deb eʼtirof qilingan. 1024–1025-yillarda Mahmud Gʻaznaviy Termiz yaqinida Amudaryoni kechib oʻtib, temir darvoza (Temir qopqa) orqali Sugʻdga hujum qilgan va Samarqandgacha borgan. Bu harbiy yurishlar natijasida Omul (Chorjo'y)gacha boʻlgan viloyatlar qoraxoniylar hukmronligidan chiqib, gʻaznaviylar taʼsiriga oʻtgan. Bu davrda Gʻaznaviylar davlati Sharqdagi yirik musulmon davlatiga aylangan edi. Biroq, Mahmud Gʻaznaviyning oʻgʻli va valiahdi Masʼud Gʻaznaviy hukmronligi davrida (1030–1041) Gʻaznaviylar davlati oʻz qoʻl ostidagi hududlarni birin-ketin qoʻldan chiqarib, asta-sekin tanazzulga yuz tuta boshladi.

11-asr oʻrtalaridan boshlab gʻaznaviylarning asosiy raqibi saljuqiylar boʻldi.

Gʻaznaviylar davlati tarkibidan 1-boʻlib Xorazm ajralib chiqdi. Gʻaznaviylarning xorazmdagi noibi Oltintosh vafot etgach (1032), uning oʻgʻli Horun gʻaznaviylarga qarshi isyon koʻtardi (1034). U saljuqiylar va qoraxoniylar bilan doʻstona aloqa oʻrnatib, Xorazmni gʻaznaviylardan mustaqil deb eʼlon qilgan. Bu paytda qoraxoniylar va gʻaznaviylar oʻrtasida Chagʻoniyon, Xuttalon, Termizni egallash uchun yana keskin kurash boshlangan.

Marv yaqinidagi Dandanakon jangi (1040-yil may)da Masʼud Gʻaznaviy qoʻshini saljuqiylardan yengilgach, gʻaznaviylar Xurosonni butunlay qoʻldan chiqarishdi. Magʻlubiyatga uchragan sulton Masʼud Gʻaznaviy Gʻaznaga qochgan va keyinchalik fitnachilar tomonidan oʻldirilgan (1041). Taxtga Masʼudning ukasi Muhammad oʻtirgan. Lekin Masʼudning oʻgʻli Mavdud (hukmronlik davri: 1041–1048) amakisi muhammadning qoʻshinini yengib, uni oʻldirgan va taxtga oʻtirgan. Sulton Mavdudning Amudaryo yuqori qismidagi viloyatlarni qaytarib olishdagi saʼy-harakatlari natijasiz tugagan. Sulton Farruxzod (hukmronlik davri: 1053–1059)ning harakatlari bir muncha samarali boʻlib, u ketma-ket ikki jangda saljuqiylar qoʻshinini magʻlubiyatga uchratdi. Lekin keyinchalik Alp Arslon gʻaznaviylarni yengishga muvaffaq boʻldi. Ikki oʻrtada tuzilgan bitim (1059)ga muvofiq, gʻaznaviylar Movarounnahr va Toxaristonga boʻlgan har qanday huquqlarini yoʻqotdilar. Ularning hududi Gʻazna viloyati va Shimoliy Hindistonning bir qismi (Panjob va boshqalar) bilan cheklanib qoldi. Bu hudud ham 12-asr boshlaridan boshlab asta-sekin qisqarib bordi. 12-asrning 60-yillarida Gʻuriylar davlati gʻaznaviylarni Shimoliy Hindistonga butunlay siqib chiqardilar, poytaxt Gʻaznadan Lohurga koʻchirildi (1161). Gʻuriylar davlati hukmdori Gʻiyosiddin Muhammad qoʻshini Lahorni bosib olgach, Gʻaznaviylar davlati butunlay tugatildi (1186).

Davlatni boshqarish. Gʻaznaviylar davlatida boshqaruv tizimi oʻzining murakkabligi bilan diqqatni jalb etadi. boshqaruv tizimining markazida dargoh va devonlar (vazirliklar) turgan. Dargohga oliy hukmdor faoliyati bilan bogʻliq xizmatlar va amallar kirgan. Gʻaznaviylar davrida hojiblik xizmatining oʻrni alohida eʼtiborga loyiq. Dargoh faoliyatida sipohdor (saroy xizmatchisi), davotdor (oliy hukmdorning hujjatlarini yurituvchi), pardador (mahram; xufiya ishlarni bajaruvchi), martabador (saroydagi oʻrta amaldor), xazinachi, joma xona va farrosh kabi mansab va xizmatlarning oʻrni katta boʻlgan.

Devonlar ijroiya idoralari boʻlib, oʻsha davr manbalarida 5 ta devon nomi uchraydi. Ular vazir devoni (bosh vazir devoni); harbiy ishlar devoni; elchilik va boshqa rasmiy tadbirlarni yuritish devoni; moliya devoni; pochta-xabar devoni.

Viloyat boshligʻini voliy deganlar va uni oliy hukmdor tayinlagan. viloyatlardagi boshqaruv ishlarni amid olib borgan. Shahar boshligʻini rais deb ataganlar. Shahar miqyosida shih-na, kutvol (qalʼa komendanti), sohibi devon (maʼmuriy boshqaruvchi) kabi amaldorlar ham faoliyat koʻrsatganlar.

Gʻaznaviylar davlati qudratli harbiy qoʻshinga ega edi. Oliy qoʻmondonlik hukmdorning ixtiyorida boʻlgan. Bosh qoʻmondon – sipohsolor esa sulolaning eng ishonchli vakili yoxud shu xonadon aʼzosi hisoblangan. Mas, Mahmud Gʻaznaviy sipohsolor mansabiga ukasi Muhammad Yusufni loyiq topgan. Yuqori darajadagi harbiy lashkar-boshilar salor, oʻrta darajadagilari sarhang deyilgan. Harbiylar oʻz pochta-xabar va qozilik xizmatlariga ega boʻlgan. Gʻaznaviylar qoʻshinida harbiy kemalar (daryo va dengiz floti) ham mavjud edi.

Madaniyati. Gʻaznaviylar davlatida ilm-fan va madaniyat, xususan, adabiyot rivojlangan. Mahmud Gʻaznaviy ona tilisi turkiydan tashqari fors, arab, hatto pahlaviy tillarini ham mukammal bilgan va oʻzi sheʼrlar bitgan. Uning saroyida 400 dan ortiq olim, shoir va sanʼatkorlar toʻplanib, faol ijod bilan shugʻullanishgan. Abu Rayhon Beruniy, shuningdek, Farruxiy, Unsuriy, Manuchehriy kabi shoirlar, Nosir Xusrav, Utbiy, Gardiziy, Bayhaqiy shular jumlasidan boʻlib, Gʻaznada yashashgan. Beruniy oʻzining "Qonuni Masʼudiy" va Bayhaqiy oʻzining "Taʼrixi Masʼudiy" asarlarini Masʼud Gʻaznaviyga bagʻishlashgan. Firdavsiy mashhur "Shohnoma" dostonini Mahmud Gʻaznaviyga taqdim etgan. Biroq buyuk tabib Abu Ali ibn Sino Gʻaznaga – sulton saroyiga borishdan bosh tortgan. Shimoliy Hindistonni islomlashtirish va turklashtirish jarayoni aynan Gʻaznaviylar davridan boshlangan.

Gʻaznaviylar davlatida qurilish va meʼmorchilikka ham katta eʼtibor qaratilgan. Gʻazna, Balx, Nishopur, Lohur va boshqa shaharlarda koʻplab madrasalar, masjidlar, xonaqolar, saroylar va bogʻlar qurilgan, kutubxonalar faoliyat koʻrsatgan. Xususan, poytaxt Gʻazna shahri gullab-yashnagan.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Abu-l-fazl Bayxaki, istoriya Masʼuda (1039–1041), T., 1962; 2-nashri, T., 1969;
  • Beruniy, Hindiston (Tanlangan asarlar, 2-j.), T., 1965;
  • Beruniy, Qonuni Masʼudiy (Tanlangan asarlar, 1–2-kitoblar, T., 1973; 1976;
  • Adabiyotlar: Oʻzbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari, T., 2001;
  • Erol Gungur, Tarixda turkiy davlatlar, T., 2003.
  • Qahramon Rajabov.