Zebunniso begim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Zebunniso begim
Zeb-un-Nisa Begum.jpg
Tavallud sanasi: 1643
Vafot sanasi:1721
Kasb: shoir
Yoʻnalish:Nazm
Janr:Gʻazal

Zebunniso begim (1643 Dehli — 1721) — shoira, maʼrifatparvar. Boburiylar sulolasidan Avrangzebning qizi. Onasi Dilrasobonu Gulbadan begimning avlodlaridan. Bareliy ("Tazkirai shoiroti urdu" — "Urdu shoirlarining tazkirasi"), Sherxoni Ludiy ("Mirot ul-xayol" — "Xayol oynasi"), Hakimxon Toʻra ("Muntaxab ut-tavorix" — "Tanlangan tarixlar"), Fazliy ("Majmuai shoiron" — "Shoirlar majmuasi") va b. tarixchi va tazkiranavis olimlar asarlarida Z.b. hayoti va ijodi haqida maʼlumotlar uchraydi. Otasi Avrangzeb qizida sheʼr va shoirlikka mayl sezgach, oʻsha davrning mashhur olimi Mullo Muhammad Sayd Ashraf Isfaxoniyni unga muallim qilib tayinladi. Z.b. bu olimning tarbiyasida zabardast shoira, olima, sozanda va xattot boʻlib voyaga yetdi. Soʻngra ilohiyotga oid bir asar yozib, uni shu ustoziga bagʻishladi. Z.b. oʻzbek, fors, arab tillarining sarfu nahvi (morfologiya va sintaksis)ni oʻzlashtirgan. Xusrav Dehlaviy, Navoiy, Bobur asarlarini sinchiklab oʻrgangan. Hindiston olimlari, shoirlari va sanʼat ahllariga koʻp gʻamxoʻrliklar qilib, oʻz zamonida ilm va sanʼatning rivojlanishiga zoʻr taʼsir qilgan. Oʻsha zamonning koʻp olimlari shaxsan Z.b.dan maosh olar edilar. Shuning uchun ham tarixchilar unga kjsak baxr berib, Z.b. otasi hukmdorlik bilan qozona olmagan shuhratni ilm va odob bilan krzongan deb taʼkidlaydilar.

Shoira ijodining shakllanishi va kamolga yetishida adabiy muhitning taʼsiri kuchli boʻlgan. Akasi Aʼzamshohning adabiyotga qiziqishi, uyida boʻlib turadigan mushoiralar unda sheʼriyatga havas uygʻotadi. Yetuk shoir va olimlar bilan tanishadi. Ayniqsa, Z.b.ning Bedil bilan mushoiralar qilishi ikki buyuk talant mehnatiga barhayotlik bagʻishladi.

Shoira murakkab, ziddiyatli bir davrda yashab, ijod etdi. 19 yoshidayoq kup ayanchli voqealarning shohidi boʻldi. Avrangzeb saltanat uchun kurashda akasi Doroshukuh, ukalari Murodbaxsh va Shohshujoʼlarni yengib, taxtni egallaydi (1658), kasalmand otasi Shohjahonni 16 yil uy qamogʻida asraydi. Oʻz oʻgʻli Akbarni taxt uchun kurashda ayblaydi. Qizi — Z.b.ni ham bu ishda hamfikr hisoblab, Dehlidagi Salimgarhi qoʻrgʻonidan chiqarmaydi. Mamlakatdagi notinch hayot, saltanat uchun kurashning avj olishi shoira dunyoqarashini tubdan oʻzgartirdi. Z.b. ijodida ijtimoiyfalsafiy fikrlar chuqurroq ildiz ota boshladi. Dastlabki sheʼrlaridayoq tabiat tasviri orqali insonning orzuumidlarini, adolat va haqiqatni kuyladi. Rostlikni, haqqoniylikni targʻib qildi, aldamchi, firibgarlardan nafratlandi ("Agar jannatni vaʼda qilsada, u odam soʻziga aldanma..."). Z.b. ijodining baʼzi tomonlari Bedil falsafasiga hamohang . Shoira insonning goʻzalligi keltirgan foydali ishida, mehnatida, qadrqimmati uning maqsadida deb biladi.

Z.b.ning asosiy mashgʻuloti sheʼriyat, musiqa, ilm boʻlgan. U butun huzurhalovatni, takdir va baxtni, kishilar orzu qilgan jannatni ham kitobda — ilmda, deb bilgan. Lirik sheʼrlar bilan birga odob va axloqqa oid "Zeb uttafosir" ("Goʻzal tafsirlar"), "Zeb unnashot" ("Nashʼalar ziynati") va tasavvuf falsafasiga doyr "Munis ularvoh" ("Ruhlarning sodiq doʻsti") kabi risolalar ham yozgan. Sheʼrlari ajdodlarining yurti Markaziy Osiyoda, Hindiston, Afgʻoniston, Eron, Pokiston va b. Sharq mamlakatlarida keng tarqalgan. Gʻazallari oʻzbek xalqining sevimli qoʻshiklariga aylangan. Hoziq, Xiromiy, Nodir, Sobir Abdulla va boshqalar Z.b. gʻazallariga muhammaslar bogʻlaganlar.

Shoiraning sheʼriy merosi bizgacha toʻliq yetib kelmagan. 8000 misrali bir devoni (gʻazallari), 7 qasidasi, 5 tarjeʼband va bir muhammasigina saqlanib qolgan. Baʼzi manbalarda shoiraning "Maxfiy" taxallusi bilan ijod qilgani aytiladi. 19-asr 2yarmi — 20-asr boshlarida koʻchirilgan "Devoni Maxfiy" Z.b.ga nisbat beriladi. Z.b. asarlari qoʻlyozmasi dunyodagi koʻpgina kutubxonalarda, shu jumladan, Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik intida saqlanadi (inv. № 2590, 1269, 1936). Dehlidagi "Zarzari" qabristoniga Nizomiddin Avliyo, Amir Xusrav Dehlaviy yonida dafn etilgan.

Adabiyot[tahrir]

  • Jalolov T., Oʻzbek shoiralari, T., 1980.

Begali Qosimov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil