Habib Yusufiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Habib Yusufiy
Fayl:Xabib Yusufi.jpg
Tavalludi 15-fevral 1916-yil
Vafoti 4-fevral 1945-yil(1945-02-04)
(28 yoshda)
Varshava
Fuqaroligi SSSR

Habib Yusufiy (taxallusi; asl ismi - Habibullo Yusufov, 1916 -yil, 14 - fevral, Samarqand, O'zbekiston - 1945 -yil, 4 - fevral, Varshava, Polsha) — mashhur vatanparvar tojik shoiri, tarjimoni va adabiyotshunosi. 1916 — yil 15 — fevral kuni Samarqanddagi mudarris oilasida dunyoga kelgan. Yetti yoshidan maktabga borib, yetti yillik maktabni bitirgach Samarqand erkaklar pedagogik texnikumiga oʻqishga kirdi. U adabiy toʻgaraklarning doimiy aʼzosi edi. Toʻgarakda tekshirilgan va ommaga manzur boʻlgan sheʼrlari devoriy gazetaga chop etilardi. 1935 — yil texnikumni bitirib, oʻrta maktablarda tojik tili va adabiyoti fanidan dars berar, shu bilan bir qatorda 1936 — yildan O'zbekiston davlat universitetining filologiya fakultetida kechki payt taʼlim olardi. Kechki taʼlimdan voz kechib, 1937 — yil sentabridan kunduzgi taʼlimda oʻqidi. U yerda yaxshi tahsil olgani va jamoat ishlarida faolligi uchun koʻp mukotlar bilan taqdirlashgan. Talabalik yillarida uning ilk sheʼriy toʻplami „Vatan taronasi“ (1939) nomi bilan nashrdan chiqdi va unga katta shuhrat keltirdi. Shu yili u Tojikiston Yozuvchilar uyushmasiga a'zo bo'ldi. Universitetni bitirgandan soʻng, 1940 — yil Dushanbega borib Tojikiston fanlar akademiyasining adabiyot va tarix filialida ilmiy xodim etib tayinlandi. Yusufiy qisqa muddat ichida bir necha klassik rus adiblari — Pushkin, Lermontov va boshqalarning asarlarini mohirlik bilan tojik tiliga oʻgirgan. Shoir 1942 — yil Armiyaga chaqiriladi. U Ona Vatani uchun fashistlarga qarshi soʻnggi nafasgacha kurashadi va 1945 — yil 15 — fevralda dushman oʻqidan yaralanib halok boʻladi. Ro'dakiy nomidagi Til va adabiyot institutida saqlanayotgan Habib Yusufiy arxivida Harbiy komissariat tomonidan shoirning oila a'zolariga yuborilgan maktubida shunday yozilgan: "Leytenant Yusufov Habibullo frontda qattiq yarador bo'lib, 1945 -yilning 4 - fevralida Polshada vafot etdi va rus harbiylari qabristonidagi 9 - qabrda, Varshava guberniyasining Veshtun mavzechasida dafn etilgan." Yusufiy Lermontov, Usmon Nosir, Federiko Garsia Lorka kabi juda qisqa yashadi. Undan faqatgina bitta sheʼriy toʻplam qolgan boʻlsa-da, sheʼrlarining Vatanga muhabbat va fashistlarga nafrat hissi bilan bitilganligi tojik xalqining yuragida chuqur iz qoldirdi.