Faxriddin Roziy
Faxriddin Roziy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | faylasuv, voiz |
Faxriddin Roziy (arabcha: فخر الدين الرازي; toʻliq ismi: Faxriddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Husayn; 1149-yil, Ray — 1209-yil, Hirot) — mufassir, kalomshunos, faylasuf va voiz.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Faxriddin Roziy Ray va Marogʻada tahsil olgan. Shofiiy va ashʼariy olim sifatida faoliyat koʻrsatgan. Xorazm, Buxoro va Samarqanda yashagan. Gʻaznada (1185-yilgacha) va Hindistonning Panjob viloyatlarida faoliyat olib borgan, keyinchalik Hirotda yashagan. Hirotda uning uchun maxsus Madrasa taʼsis etilgan, shayxulislom laqabi bilan mashhur boʻlgan, qizgʻin mudarrislik faoliyatini olib borgan. Shu bilan birga uning koʻplab muxoliflari ham boʻlgan. Ular Faxriddin Roziyni diniy falsafa, eʼtiqod va aqida borasidagi qarashlari uchun islom asoslariga putur yetkazganlik, dinni buzganlikda ayblaganlar. 1209-yilda karromiylar tashviqi bilan zaharlab oʻldirilgan.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Faxriddin Roziy ijodini 2 bosqichga boʻlish mumkin. Ibn Sinoning „Alishorat va ttanbehot“ („Ishoralar va tanbehlar“) asariga sharh boʻlgan „Sharh ilishorat“ asari ijodining ilk davriga oiddir. Uning „Munozarot ulalloma Faxriddin“ („Alloma Faxriddin munozaralari“) asaridan Movarounnahr olimlari bilan turli masalalar boʻyicha qilgan munozara va mubohasalari oʻrin olgan. Metafizikaga oid „Kitobi Muhassal afkor almutaqaddimin val mutaaxxirin“ („Oldingi va zamondosh olimlar fikrlaridan namunalar“, Qohira, 1938) va Qurʼon tafsiri boʻlgan „Mafotih ulgʻayb“ („Gʻayb sirlarini ochuvchi“, Qohira, 1932) ijodining keyingi davriga oid asarlaridir. Mazhab masalalariga bagʻishlangan „Manoqib alimom ashShofiiy“ („Imom Shofiiy manoqibi“), fiqh masalalariga bagʻishlangan „Kitob almahsul“ nomli, adabiyotshunoslikka doir „Chahordah risola“ („Oʻn toʻrt risola“, Tehron, 1340) va nujum ilmiga doir qator asarlari uning qomusiy olim boʻlganligidan dalolat beradi. Faxriddin Roziyning mashhur ensiklopedik asarlaridan biri „Jomeʼ ululum“ („Ilmlar toʻplami“, T., 1915; Tehron, 1331) boʻlib, xorazmshoh Alouddin Takash iltimosiga binoan yozilgan. Ushbu asar oʻsha davr musulmon sharqidagi 60 fan haqida dastlabki maʼlumotlarni beradi. Muallif fanlarni naqliy (kalom, fiqh, mazxab, tafsir va hokazo) va akliy (tarix, grammatika, aruz, mantiq, fizika, algebra, musiqa, astronomiya, siyosat, davlat boshqaruvi va hokazo), furuʼiy (boshqa fanlardan hosil boʻluvchi) va asliy (asosiy) singari qismlarga boʻladi. Har bir fan asoslari 3 ga boʻlinib oddiydan murakkabga tamoyili asosida tushuntiriladi: oddiy asoslar (alusul alzohirot), murakkab asoslar (alusul almushkilot), takrorlash uchun savollar (alimtihonot). Bundan mazkur asarning boʻlajak podshoxdar uchun qoʻllanma sifatida yozilganligi koʻrinib turibdi. Asarlarining qoʻlyozmalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Qohira, Parij, Drezden shaharlaridagi kutubxonalar fondida saqlanadi. Faxriddin Roziy ham islom dunyosining ko‘zga ko‘ringan favqulodda shaxslaridan biri va o‘ta murakkab mutafakkir, O‘ta qizg‘in bahs-mujodalachi, ayniqsa moʻtazila, shia-ismoiliylar bilan keskin mujodala qilgan, qaytmagan, notiq, voiz, faylasuf bo‘lgan. Falsafada Forobiy, Ibn Miskavayh, Shayxu-r-rais yo‘lini davom ettirgan. Faxriddin Roziy islom, shariat, kalom, falsafa, b. mazhab taʼlimotlarini kelishtirish, murosayi-madora (consensus) yo‘li — „yangi kalom yo‘li“ (S. H. Nasr) ishlab chiqqan ana shldagi arab musulmon jamiyati davlati siyosatini amalga oshtirishga uringan; Xorazmda Faxriddin Roziy turba-maqbarasi bizgacha yetib kelgan.[1]
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Naymov N., Faxriddin Razi — Iz filosofskogo naslediya narodov Blijnego i Srednego Vostoka, T., 1972;
- Kulmatov N., Faxriddin Razi, Dushanbe, 1980.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 507.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Vikiiqtibosda Faxriddin Roziyga tegishli iqtiboslar mavjud. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |