Umar Xayyom

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Umar Xayyom
Asl ismi forscha: امر خیام
Tavalludi 18-may 1048-yil
Vafoti 4-dekabr 1131-yil(1131-12-04)
(83 yoshda)
Nishopur, Eron
Kasbi shoir, olim, matematik, faylasuf,fizik
Ijod qilgan tillari Fors tili[1]
Fuqaroligi Saljuqiylar imperiyasi

Umar Xayyom (taxallusi; asl ism-sharifi Gʻiyosiddin Abulfath Umar ibn Ibrohim Xayyom Nishopuriy) (1048.18.5, Nishopur — 1131.4.12) — matematik, astronom, faylasuf, hakim,fizik va mutafakkir shoir.

Nishopurda boshlangich maʼlumotni olgach, Balx, Buxoro va Samarqandda tahsil koʻrgan. Malikshoh va Nizomulmulk (1019—92) daʼvati bilan 1074-yilda Isfahonda rasadxona qurdirgan va unga rahbarlik qilgan. Yulduzlar jadvali (zij), 1079-yilda yangi isloh qilingan taqvim (kalendar) tuzgan. Bu taqvim Yevropada undan 500 yil keyin joriy qilingan Grigoriy kalendaridan ham aniqroq boʻlgan.

Umar Xayyom ilmda ham, ijodda ham oʻzini shayx urrais Abu Ali ibn Sinoning hassos va sadoqatli shogirdi hisoblagan. Ibn Sino asarlarini tushunmagan kishilar ularni izohlash va sharhlashni undan soʻraganlar. U ustozining bir qator asarlarini arabchadan forschaga tarjima qilib, sharhlab bergan, uning gʻoya va qarashlarini davom ettirgan hamda targʻib qilgan. „Risolat ul-kavn vat-taklif“ („Koinot va uning vazifalari haqida risola“), „Risola fil vujud“ („Borliq haqida risola“), „Risola fi kulliyoti vujud“ („Borliqning umumiyligi haqida risola“) kabi falsafiy asarlarida Ibn Sinoning vorisi va izdoshi sifatida namoyon boʻlgan. 1077-yilda u yunon olimi Yevklid kitobidagi bir necha geometrik shakllarni sharhlab yozgan „Risola fi sharhi mo ashkala min musodarat kitob ul-Iklidis“ („Yevklid kitobi muqaddimalaridagi mushkulotlar sharhi haqida risola“) asarida butun sonlarning ildizini topish yoʻllarini koʻrsatib bergan. „Risola fil barohiyn ala masoyil al-jabr val-muqobala“ ["Algebra va muqobala (qarshilik nazariyasi) isbotlari haqida risola"], „Mushkulot ul-hisob“ („Arifmetika mushkulotlari“) asarlarida u yunon olimlarining aniq fanlarga oid fikrlarini arab tilida keng sharhlash bilan birga, ularning qarashlarini rivojlantirgan, matematik, fizik tenglamalarning modellarini topgan. XII asr fors nasrining nodir namunasi hisoblangan „Navroʻznoma“ asarida Navroʻzning kelib chiqish tarixi, Sharq xalqlarining bu bayram bilan bogʻliq anʼana va marosimlari keng yoritilgan, koʻplab hikoyat va rivoyatlar keltirilgan.

Xayyom ruboiylari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ruboiy:

اسرار ازل را نه تو دانی و نه من
وین حرف معما نه تو خوانی ونه من
هست از پس پرده گفتگوی من و تو
چون پرده برافتد نه تو مانی و نه من

* * *

Asrori azalro na tu donivu na man,
V-in harfi muammo na tu xonivu na man.
Hast az pasi parda guftugūi manu tu,
Gar parda daraftad, na tu monivu na man….

* * *

Asrori azalni sanu man bilmasmiz,
Bu harfi chigalni sanu man bilmasmiz.
Har nechaki soʻzladik, dedik parda osha,
Chu pardaki tushdi, sanu man bilmasmiz…

Umar Xayyomga uning ruboiylari jahonshumul shuhrat keltirgan. Ularda shoir dunyo, odam haqida, hayot mazmuni haqida fikr yuritadi. Ruboiylarida u materiyaning bir holatdan ikkinchi holatga oʻtishi, eskining yemirilib, yangining paydo boʻlishini (kulol, koʻza, tuproq haqidagi ruboiylar va h.k.) ifodalaydi. Umuman, ishq va hayot, inson tafakkurining qudrati, umrning maʼnosi, insoniy fazilat va qusurlar, maʼrifat va jaholat kabi mavzular shoir ruboiylarining asosini tashkil etadi. Tez-tez uchrab turadigan may obrazi esa ilohiy muhabbat, hayot lazzatlarini ulugʻlash vositasidir. Firdavsiy masnaviyni, Hofiz gʻazalni qanchalik takomilga yetkazgan boʻlsalar, Xayyom ham ruboiyni shunchalik yuksak mavqega koʻtardi. Xayyom ruboiylari dunyoning deyarli barcha asosiy tillariga tarjima qilingan. Bu ruboiylar oʻzidan keyingi Sharq adabiyotiga kuchli taʼsir koʻrsatgan. XIX asrdan Gʻarbda ham mashhur boʻlgan. Aynan u tufayli ruboiy jahon soʻz sanʼatining mashhur janrlaridan biriga aylangan. U oʻzining falsafiy jihatdan teran va sermazmun ruboiylari bilan Sharq sheʼriyatida falsafiylikning chuqurlashuviga katta hissa qoʻshgan.

Amerikada Umar Xayyom asarlari asosida teatrlashtirilgan sahna asari, Londonda maxsus xayyomxonlar saroyi mavjud. Ularda shoir ruboiylari ham aslida, ham tarjimada badiiy soʻz ustalari, mohir notiqlar tomonidan oʻqiladi. Sharqda bunday sahna asari — „Oʻz-oʻzim bilan suhbat“ Tojikiston xalq artisti Mahmudjon Vohidov tomonidan yaratilgan. Sherali Joʻrayev, Farrux Zokirovlar ham Xayyom ruboiylari asosida qoʻshiqlar yaratganlar.

Xayyom ruboiylarini XX asr boshlaridan oʻzbek tiliga tarjima qilishga kirishilgan. 1914-yil „Shoʻro“ jurnalining bir necha sonlarida shoirning ruboiylari ilmiy sharhi bilan nasriy tarjimada eʼlon qilingan. Fitrat „Fors shoiri Umar Xayyom“ nomli risolasida (1929) uning 35 ta ruboiysini nasriy tarjimada keltirgan. Keyinchalik F.Abdullayev uning 14 ta ruboiysini sheʼriy tarjima qilgan. Xayyom ruboiylari tarjimasi asosan Sh. Shomuhamedov nomi bilan bogʻliq: shoir ruboiylari uning tarjimasida bir necha marta bosilib chiqqan. Soʻnggi yillarda Umar Xayyom ruboiylarining J.Kamol, E.Ochilovlar tomonidan aruzda qilingan yangi tarjimalari paydo boʻldi. 2001-2004-yillarda Nabi Jaloliddin Umar Xayyom hayotiga bagʻishlangan roman yozdi. Bu ajoyib roman Xayyom ruhiyatining barcha qirralarini toʻla namoyon etgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]