Abulqosim Lohutiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abulqosim Lohutiy
Asl ismi forscha: ابوالقاسم لاهوتی
Tavalludi 12-oktyabr 1887-yil
Vafoti 16-mart 1957-yil(1957-03-16)
(69 yoshda)
Moskva, SSSR
Kasbi 1907 - 1957
Ijod qilgan tillari Fors tili
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Mukofotlari Tojikiston Qahramoni
Lenin ordeni

Abulqosim Lohutiy (1887.12.10., Kirmonshoh, Gʻarbiy Eron — 1957.16.3, Moskva) — fors-tojik shoiri, yangi tojik sheʼriyatining asoschilaridan biri. 1905—11 yillardagi Eron inqilobining ishtirokchisi. "Bisotun" gazetasi (1916, Kirmonshoh shahri), "Fors" jurnali (1921, Istanbul shahri)ni nashr ettirgan. 1922 - yil ikkinchi Tabriz qoʻzgʻoloniga ("Lohutiyxon qoʻzgʻoloni") rahbarlik qilgan. Bu qoʻzgʻolon bostirilgach, Erondan chiqib ketishga majbur boʻladi. Avval Moskvada, soʻng Dushanbe shahrida yashay boshlaydi. "Uch qatra" (1932), "Farangiston safari" (1934) dostonlari, "Shevchenko vasiyatnomasiga javob" (1934), "Oqin Jambulga" (1937) va boshqa sheʼrlari xalqlar doʻstligi mavzusida. Ikkinchi jahon urushi yillari yozilgan sheʼr va dostonlari fashizm ustidan gʻalabaga ishonch ruhi bilan sugʻorilgan. "Temirchi Kova" (1939) librettosi tojik adabiyotida bu janrda yozilgan ilk asardir. Urushdan keyingi yillarda yaratilgan asarlarida tinchlik tarannum etilgan ("Tinchliksevarlar qoʻshigʻi", "Miting" va boshqalar). "Eron naʼrasi" (1950), "Koreya xalqiga" (1952) sheʼrlarida esa Sharq xalqlari ozodlik va mustaqillik uchun kurashga daʼvat etiladi. A. S. Pushkin, A. S. Griboyedov, V. V. Mayakovskiy, U. Shekspir, Karpo Vega va boshqa yozuvchilarning asarlarini tojik tiliga tarjima qilgan. Lohutiy bir necha yil Toshkentda yashadi. Oʻzbekistonga bagʻishlangan bir turkum sheʼrlar yaratdi ("Oʻrta Osiyo", 1934; "Oʻzbekiston", 1939; "Oʻzbek onasining topshirigʻi", "Doʻst keldi", 1941 va boshqalar). Asarlari oʻzbek tilida nashr etilgan (Devon, 8 • 1 1958; "Tanlangan asarlar", 1968).[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil