Moturidiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Stamps of Uzbekistan, 2007-44.jpg

Moturidiy, Abu Mansur alMoturidiy (toʻliq nomi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-hanafiy al-Moturidiy asSamarqandiy) (870 — Samarqand — 944) — imom, fiqh olimi, kalom ilmining moturidiylik oqimi asoschisi. "Imom al-hudo", "Imom al-mutakallimin" ("Hidoyat yoʻli imomi", "Mutakallimlar imomi") nomlari bilan ulugʻlangan. Moturid qishlogʻi (hozirgi Jomboy tumani)da tavallud topib, to umrining oxirigacha shu yerda yashagan, bu yerda katta bogʻ ham barpo etgan. M. Samarqanddagi al-Ayoziy madrasasida oʻqidi, mahalliy hanafiy faqihlardan taʼlim oldi, Abu Bakr Ahmad al-Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad ibn al-Husayn al-Iyodiy, Nusayr ibn Yahyo al-Balxiy, Muhammad ibn Muqotil ar-Roziy unga ustozlik qilishdi. Keyin oʻzi fiqh va kalom ilmlaridan dars berdi. Abu Ahmad al-Iyodiy, Abul Hasan Ali ibn Sayyid ar-Rustugʻfaniy, Abu Bakr as-Samarqandiy, Makhul an-Nasafiy, Abul Mu'in an-Nasafiy, Abulyusr alPazdaviy kabi shogirdlar yetishtirdi. Vasiyatiga koʻra, Samarqanddagi Chokardiza qabristoniga dafn etildi.

M.ning asosiy asarlari "Kitob attavhid" ("YakkaXUDOlik haqidagi kitob"), "Taʼvilat ahl assunna" ("Sunniylik anʼanalari sharhi")dir. "Kitob at Tavhid" bilish nazariyasi bayon qilingan musulmon ilohiyotshunosligining birinchi asari hisoblanadi. Kitobning kalom ilmi taʼrifi berilgan muqaddimasida bilimning 3 manbai: hissiy (sezgi) aʼzolari vositasida, nakl — rivoyatlar vositasida va akl-idrok vositasida axborotlar olish mumkinligi haqida gapiriladi. M. sof din doirasidan chiqmagan holda aql-idrokni ulugʻlaydi va mantiqan asoslangan bilimning ahamiyatini taʼkidlaydi. Kitobda oʻsha davrdagi adashgan firqalar qarashlarining haqiqatdan yiroq ekanligi taxlil etilgan. M. "Din yoʻlidagi barcha adashuvlarning sababi — riyokor kimsalarga koʻr-koʻrona ergashishdadir.", deb taʼkidlagan edi.

M. ilohiyotchi olim sifatida muhim aqidaviy masalalar — juzʼiy ixtiyor, eʼtiqod, oxirat hayoti kabilarni qamrab oluvchi risolalar bitdi. "Maʼ-xaz ash Shariʼa" ("Shariat asoslari sarasi"), "Kitob al-usul" ("Diniy taʼlimot asoslari kitobi"), "Kitob aljadal" ("Dialektika haqidagi kitob") kabi asarlari shular jumlasidandir. M. Abu Hanifa qarashlarini tushuntirib berib, uni rivojlantirdi. Abul Hasan al-Ashʼariy (873—935) ishlab chiqqan Islom aqidasi asoslarini takomillashtirib, uni sunniylik eʼtiqodiga kirib qolgan notoʻgʻri, gʻayri sahih aqidalardan tozaladi. M. qarashlari oʻz davrida mintaqaning madaniy va ilmiy ravnaqita sabab boʻlgan. Chunki M. din asoslarini mantiqan tushuntirgan, tanlov huquqi va ijtimoiy hamjihatlikni qaror topdirish gʻoyalarini rivojlantirgan. M. jami 15 ga yaqin asar taklif etgan. Uning kalomga oid 7 ta va fiqhga oid 2 ta asari boʻlib, ular saqlanib qolmagan. M.ning bizgacha yetib kelgan asarlari qisman tadqiq qilingan. Uning Qurʼon tafsiriga bagʻishlangan "Taʼvilot alQurʼon" asari va uning uzviy davomi hisoblanmish "Irshad al-mubtadiyin fiy tajvidi Kalami Robbil 'alamin" ("Qurʼon oʻqishga kirishganlar uchun qoʻllanma") kitobi Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

Mamlakatimizda M. merosini oʻrganishga faqat mustaqillikdan keyingina kirishildi. OʻzR Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan 2000 yilda M. tavalludining 1130 yilligi Oʻzbekistonda keng nishonlandi. Prezident I. Karimov tashabbusi bilan Samarqandda alloma xotirasiga yodgorlik majmui bunyod etildi (q. Moturidiy yodgorlik majmui). Toshkent va Samarqandda M. taʼlimoti va uning islom olamida tutgan mavqeiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy anjumanlar oʻtkazildi. M. hayotining turli qirralarini yorituvchi maqolalar, risolalar va tadqiqotlar chop etildi. M. merosini oʻrgangan xorijlik olimlar bilan samarali hamkorlik aloqalari oʻrnatildi. 2001 yilda Gyottin-gen (GFR) untining prof. Ulrix Rudolf qalamiga mansub "Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti" kitobi oʻzbek tilida nashr etildi.

2002 yilda mazkur kitobning keng ommaga, jumladan, oliy oʻquv yurtlarining talabalari va oʻrta maktablarning yuqori sinf oʻquvchilariga moʻljallangan nashri amalga oshirildi. Endilikda xalqimiz M. merosi bilan oʻz ona tilida tanishish imkoniga ega boʻldi.

Ad:. Karimov I. A., Vatan ravnaqi uchun har birimiz masʼulmiz [Imom Moturidiy tavalludining IZO yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻzlangan nutq], 9-j, T., 2001; AlMoturidiy taʼlimoti va uning Sharq xalqlari madaniyatidagi oʻrni 1Maʼruzalar toʻplami], T., 2000; Uvatov U., Imom al-Moturidiy va uning taʼlimoti, T., 2000; Katta yev K, Imom al-Moturidiy va Chokardiza, Samarqand, 2000; Abdulaziz Mansur, Al-Moturidiy taʼlimoti, T.,2003 ; Ziyodov Sh., Al-Moturidiy hayoti va merosi, T., 2000.

Abdulaziz Mansur.[1]

  Manbalar 
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil