Aziziddin Nasafiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Aziziddin Nasafiy forscha: عزيزالدين نسفى
Tavalludi taxm. 1220-yil, Nasaf
Vafoti taxm. 1305-yil, Eron
Fuqaroligi Oʻzbekiston
Koʻrsatgan taʼsirlari Alisher Navoiy va boshqalar…
Olgan taʼsirlari Arastu, Galen, Muhammad, Umar Xayyom, Najmiddin Kubro

Aziziddin Nasafiy (taxallusi; ‏ ‎forscha: ‎‏ عزيزالدين نسفى; toʻliq nomi -‏ ‏Aziziddin ibn Muhammad an — Nasafiy) (1220, Nasaf — Qashqadaryo — 1305, Yazd, Abarkoʻh) — buyuk qomusiy olim, tabib, tasavvuf falsafasining yirik vakili. Shayx Najmiddin Kubro va Muhyiddin ibn al-Arabiy taʼlimotlarini oʻzaro bogʻlagan kubroviya mashoyixlaridan biri.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aziziddin Nasafiy dastlab Nasaf, soʻng Buxoro madrasalarida taʼlim olgan. Falsafa va tasavvufni oʻrganish bilan birga kalom va tibb ilmidan ham yuksak mahoratga ega boʻlgan. Bir muddat Buxoro madrasalarida talabalarga tasavvufdan darslar oʻtgan. Nasafiy 1243—52 — yillarda Xurosonda yetuk oriflardan boʻlmish Saʼdiddin Hamaviy (Hamuya, 1191 —1252) bilan tanishadi va uni oʻzining piri deb biladi. 1273 — yili Buxorodan Bahrobod (Xuroson)ga ketgan, Isfahon va Sheroz safaridan soʻng Yazdning Abarkoʻh shahridan maskan tutgan. Umrining oxirigacha shu yerda yashab, shu yerda vafot etgan. Olimning yuz yil umr koʻrgani haqida rivoyatlar ham bor[1].

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nasafiy hamma asarlarini fors tilida yozgan. Nasafiyni komil inson tadqiqotchisi desak mubolagʻa boʻlmaydi. „Al — inson al — komil“ („Komil inson“) asari olim yozgan risolalarning eng mashhuri boʻlib, uni fransiyalik olim Marijan Mole fransuz tiliga tarjima qilgan. Kitob bir muqaddima va turli mavzularga bagʻishlangan 22 risoladan iborat. Undagi risolalarning koʻpi „Manozil us — soyirin“ („Yoʻlovchilar qoʻnalgʻasi“)ning baʼzi nusxalarida uchraydi. Ushbu asar 556 sahifa boʻlib, irfon va hikmatlarga oid nozik tushunchalardan bahs yuritadi. Irfon va hikmat masalalari va asosi haqida yana „Bayot ut — tanzil“ nomli kichik va muxtasar kitobi ham bor. Nasafiyning bildirishicha, uning fikr va aqidalari faqat „Maqsad ul — aqso“ („Soʻnggi maqsad“) asarida ifodalangan. Asar 8 fasl, 8 bob va 1 xotimadan iborat. Shuningdek, olimning „Kashf ul — haqoiq“ („Haqiqatlarning yaralishi“), „Zubdat ul — haqoyiq“ („Haqiqatlar qaymogʻi“), „Usul va furu'“ („Ildizlar va butoqlar“), „Mabdaʼ va maʼod“ („Chiqish va qaytish“), „Miftoh ul — asror“ („Sirlar kaliti“), „Nafsi insoniy“, „Vahdati vujud“ va boshqa kitoblari chet ellarda chop etilgan. Olam va odam birligi taʼlimoti Nasafiy asarlarining mohiyatini tashkil etadi. Uning ijodi arab, ingliz, nemis, fransuz, turk, hind, rus olimlari tomonidan tadqiq etilgan. Qoʻlyozma nusxalari Vena, Leyden, London, Kalkutta, Dushanbe, Istanbul, Sankt-Peterburg, Tehron shaharlari kutubxonalarida, Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida saqlanadi. „Zubdat ul — haqoyiq“ asari Najmiddin Komilov tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Bundan tashqari uning asarlarini A. Masse, A. E. Bertels, Ahmad Mahdavi Domgʻoniy, F. Maier, A. Muller, E. H. Palmer, A. M. Schimmel, F. A. G. Tholuck, R. Shukurov va N. K. Choriev‏ ‏ kabi tadqiqotchilar oʻrganib, oʻz ona tillariga tarjima qilishgan. Taniqli olim Lloyd Ridgeon Nasafiy haqida „Aziz Nasafi“ nomli kitob yozgan.

Navoiy „Holoti Sayid Hasan Ardasher“da Sayid Hasanning sevimli kitoblari qatorida Aziziddin Nasafiyning risolalarini ham qayd etgan. Shuningdek, „Tarixi anbiyo va hukamo“da nabiy bilan rasul oʻrtasidagi tafovut haqidagi jumlalar Aziziddin Nasafiyning „Komil inson“ kitobidagi matn bilan oʻxshash ekanligi Azoziddin Nasafiyning risolalari Navoiy uchun ham asosiy ilhom va ijod manbai boʻlganligidan dalolat beradi.


A. Navoiy „Holoti Sayid Hasan Ardasher“da Sayid Hasanning sevimli kitoblari qatorida Aziziddin Nasafiyning risolalarini ham qayd etgan. Shuningdek, „Tarixi anbiyo va hukamo“da nabiy bilan rasul oʻrtasidagi tafovut haqidagi jumlalar Aziziddin Nasafiyning „Komil inson“ kitobidagi matn bilan oʻxshash ekanligi Aziziddin Nasafiyning risolalari Navoiy uchun ham asosiy ilhom va ijod manbai boʻlganligidan dalolat beradi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat".