Abdulkarim al-Qushayriy
Abu-l-Qosim Abdulkarim ibn Havozin ibn Abdulmalik al-Qushayriy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 986-yil (hijriy 376-yil) |
Vafoti |
milodiy 1072-yil (hijriy 465-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | xurosonlik ilohiyotchi, so‘fiy |
Abdulkarim al-Qushayriy (arabcha: عبد الكريم القشيري — Abu-l-Qosim Abdulkarim ibn Havozin ibn Abdulmalik al-Qushayriy) — xurosonlik ilohiyotchi, so‘fiy[1].
Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]
Abdulkarim al-Qushayriy 986-yil (hijriy 376-yil)da Ustuvo shahrida dehqon oilasida tug‘ilgan. Zayn al-Islom nomi bilan tanilgan. So‘fiylik bo‘yicha eng mashhur, Sharq va Gʻarbda keng o‘qiladigan kitoblardan biri — "Ar-Risāla al-Qushayriyya"ning muallifi.
Abdulkarim al-Qushayriy — ota tomonidan arablarning Eronni istilo qilgan vaqtida Xurosonga kelib yerlashgan Qushayr qabilasi, ona tomonidan Bani Sulaym qabilasiga mansub. Yoshlik chog‘larida otasidan ajrab, qarindoshi Abu-l-Qosim al-Yamaniyning qaramog‘ida qoladi. Undan harbiy sanʼat, chavandozlik, arab tili va adabiyotidan taʼlim oladi.
Abdulkarim al-Qushayriy otasidan meros qolgan qishlog‘ini og‘ir ahvoldan qutqarish va hisob ilmini o‘rganib moliya maʼmuri bo‘lish maqsadida o‘smirlik chog‘ida Nishopurga safar qilgan. Bu yerda mashhur so‘fiylardan Abu Ali ad-Daqqoqning suhbatiga qo‘shiladi va tez orada uning sevimli shogirdi, so‘ng kuyovi bo‘ladi. Ustozining maslahatiga ko‘ra, Abdulkarim al-Qushayriy Abu Bakr at-Tusiydan shofeʼiy mazhabi fiqhini, so‘ng o‘sha davrning yirik allomalari Ibn Furak va Abu Ishoq al-Isfaroiniylardan ash’ariya kalomini o‘rgangan. Al-Isfaroyiniy unga darslariga davom etmasligini, kitoblarini o‘qishning o‘zi yetarli ekanini aytgani Abdulkarim al-Qushayriyning bu vaqtda kalom ilmida yetarli saviyaga yetganini ko‘rsatadi. Abdulkarim al-Qushayriy bu davrda Abu Bakr al-Boqilloniyning asarlarini diqqat bilan o‘qib, ash’ariyya kalom ilmini o‘rganadi. Ilm bilan mashg‘ul bo‘lgan bu yillarda, murshidi ad-Daqqoqning ilmiy suhbatlarida bo‘lib, tasavvufiy bilimlarga ega bo‘ladi. Keyinchalik, ad-Daqqoq uni qizi Fotimaga nikohlaydi va madrasasida dars berishiga izn beradi. Hadis ilmi bilan ham shug‘ullangan Abdulkarim al-Qushayriy "Al-Mustadrak" muallifi Hokim an-Naysoburiy, Abu-l-Husayn al-Xaffof, Abu Nuaym al-Isfaroyiniy, Abu Bakr Abdus al-Muzakkiy, Abu-l-Hasan al-Ahvoziy kabi muhaddislarning darslariga qatnashadi. Xatib al-Bag‘dodiy kabi ko‘plab taniqli muhaddislar undan hadis rivoyat qilganlar.
Murshidi ad-Daqqoqning vafotidan so‘ng (405/1015-yil) Abu Muhammad ibn al-Husayn as-Sulamiyga shogird tushib, tasavvufiy bilimi va tajribalarini orttirgan Abdulkarim al-Qushayriy ustozining madrasasida so‘fiylar majlisiga (majlis at-tazkir) rahbarlik qilgan. Ali ibn al-Hasan al-Boxarziy Abdulkarim al-Qushayriyning go‘zal nutqi va taʼsirli vaʼzlaridan so‘z ochib, agar u toshga xitob qilsa uni ham eritib yuborishini, majlisiga shayton olib kelinsa, tavba qilishini aytgan.
Abdulkarim al-Qushayriy saljuqiylar davlatining asoschisi Tug‘rulbek (990-1063-yillar)ning Eronni zabt qilishi asnosida Xuroson mintaqasining ilm va madaniyat markazi bo‘lgan Nishopurda bo‘lib, mintaqada katta obro‘ga ega bo‘lgan. 437-438/1045-1046-yillarda tasavvuf adabiyotining asosiy kitoblari orasidan o‘rin olgan "Ar-Risāla" nomli asarini yozadi. 446/1054-yilda "Shikāya ahl as-sunna" nomli maktub (asar)ni yozadi. Abdulkarim al-Qushayriy maʼlum sabablarga ko‘ra Xurosonni tark etib, Bag‘dodga safar qiladi. U yerda xalifa Qoimbiamrillah tomonidan yaxshi kutib olinadi. Abdulkarim al-Qushayriy keyinchalik Nishopurga qaytadi. As-Subkiy uning Bag‘doddan hajga safar qilgani, u yerda 400 ga yaqin hanafiy va shofeʼiy qozilari bilan ko‘rishib, ular bilan suhbatlashganini aytadi.
Abdulkarim al-Qushayriy 465-yil 16-rabi’ul-oxir/1072-yil 30-dekabrda Nishopurda vafot etadi. Murshidi va qaynotasi Abu Ali ad-Daqqoq madrasasiga dafn qilingan.
Abdulkarim al-Qushayriyning Fotima ismli xotinidan ilmli, zohid olti o‘g‘li va bir qizi bo‘lgan. Qizi „As-Siyāq li-tarӣx Naysābӯr“ nomli asar muallifi Abdulg‘ofur al-Forisiyning onasi Amaturrahiymdir. Feruzanfar Abdulkarim al-Qushayriyni yana Ahmad ibn Muhammad Charxiy al-Baladiyning qizi bilan oila qurgani va ikki ayolidan olti o‘g‘il va besh qiz farzand ko‘rganini aytadi.
Abdulkarim al-Qushayriyning tasavvufdagi silsilasi Abu Ali ad-Daqqoq, an-Nasrobodiy, Abu Bakr ash-Shibliy, Junayd al-Bag‘dodiy, Sariy as-Saqatiy, Maʼruf al-Karxiy vositasida Dovud at-Toiyga bog‘lanadi. Tasavvuf tarixiga oid manbalarda unga al-Qushayriyya nomli tariqat nisbat beriladi[2].
Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Abdulkarim al-Qushayriy islomiy ilmlarga doir o‘ttizga yaqin asar, jumladan, ikkita tafsir yozgani zikr qilinadi.
Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]
- „Ar-Risāla fӣ ’ilm at-tasavvuf“;
- „At-Taxbӣr fi-t-tazkr“;
- „Tartӣb as-sulӯk fӣ tarӣqillāh“;
- „At-Tafsӣr al-kabӣr“;
- „Latāif al-ishārāt“;
- „Nahv al-qulӯb“;
- „Shikāya ahl as-sunna bi-hikāya mā nālahum min almihna“;
- „Al-Fusӯl fi-l-usӯl“;
- „Kitāb al-mi’rāj“ va boshqalar[3].
Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]
- Al-Xatib. Tarӣx Bag‘dād. XI, 83;
- Ali ibn Hasan al-Boxarziy. Dumya al-qasr. — Quvayt: 1405/1985. II, 246-248;
- Abdulg‘ofur al-Forisiy. As-Siyāq li-tarӣx Naysābӯr. — London: 1965. 49a-51a;
- Ibn Fazlulloh al-Umariy. Masālik. VIII, 89-92;
- As-Sam’oniy. Al-Ansāb. X, 156;
- Az-Zahabiy. Al-Ibar. — Quvayt: 1960. III, 259;
- As-Subkiy. At-Tabaqāt. III, 374-423; VII, 153-162;
- Brockelmann. GAL. I, 432-433, 556; Suppl., I, 770-772;
- Ibrohim Basyuniy. Al-Imām al-Qushayrӣ sӣratuh, āsāruh, mazhabuh fi-t-tasavvuf. — Qohira: 1972;
- Kasım Kufralı. "Kuşeyrî". TDED. I (1946). 18-25;
- H. Ritter. "Arabische Handschriften in Anatolien un Istanbul". Oriens. III (1950). 36-41, 43-51;
- T. Ivanyı. "Towards a Grammar of the Heart: Al-Qušayrī’s Naḥw al-qulūb". The Arabist Budapest Studies in Arabic. XVII. — Budapest: 1996. 41-54;
- H. Halm. "al-Ḳushayrī". EI2 (İng.). V, 526;
- Süleyman Uludağ. "Kuşeyrî, Abdülkerîm b. Hevâzin". TDV İA. — Ankara: 2002. XXVI, 473-475;
- A. A. Ali-zade. Kushayri Abd al-Karim // Islamskiy ensiklopedicheskiy slovar. -M.: „Ansar“, 2007;
- A. D. Knish. al-Kushayri. Islam: ensiklopedicheskiy slovar. Otv.red. S. M. Prozorov. — M.: „Nauka“, 1991. 146.
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
- ↑ „Қушайрий“.
- ↑ „“Имом Абдулкарим Қушайрий”“.
- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
![]() | Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() |