Gavharshod begim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gavharshod begim (Gavharshod ogʻa) (1379—1457) — Gavharshod begim Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li Shohruh Mirzoning suyukli katta xotini edi. U Chig‘atoy zodagonlaridan G‘iyosiddin Tarxonning qizi edi. Rivoyat qilishlaricha, G‘iyosiddin Tarxonning bobokaloni — Qushlik bir vaqtlar Chingizxon mulozimatida bo‘lib, bir jang asnosida uni o‘limdan saqlab qolgan ekan. Shundan buyon Chig‘atoy ulusida bu avlod yuksak e’tibor va hurmatga sazovar bo‘lgan. Gavhar Shod begim 1379 yilda tug‘ilib, 1393 yilda Shohruh Mirzo nikohiga kirgan. Undan uch o‘g‘ilu ikki qiz ko‘rgan. To‘ng‘ich o‘g‘li —Ulug‘bek Mirzo ko‘ragon (Muhammad Tarag‘ay, 1394— 1449), o‘rtancha o‘g‘li — Boysung‘ur Mirzo (1397—1433) va kichik o‘g‘li — Muhammad Jo‘ki Mirzo (1401 —1445) lardir.Shohrux davlatni idora qilishdan koʻra koʻproq toat-ibodat, diniy kitoblar mutolaasi bilan mashgʻul boʻlmoqni afzal koʻrganidan, avval unga devon ishlarini boshqarishni, soʻng viloyat hokimlari va qoʻshin sarkardalarini tayinlash, hatto kimga qanday inʼomu, kimga qanday jazo berish huquqini ham topshirib qoʻygan. Masalan, 1440-yil mashhur tarixchi — Fasih Ahmad Xavofiy Gavharshod begimning buyrugʻi bilan ikki marta zindonga tashlangan. Gavharshod begim saltanat taxtiga valiahd tayinlash borasida ham oʻz ixtiyori boʻyicha ish tutib, Shohruxning Muhammad Joʻqini taxt vorisi qilib tayinlash niyatida ekanligiga qaramay, nabirasi Alouddavlani valiahdlikka munosib koʻradi. Chunonchi, u 1444-yil, Shohrux ogʻir betob boʻlib qolganda maxfiy farmon bilan Alouddavlani valiahdlikka tayinlaydi. Ammo, Shohrux tez kunda shifo topib, uning bu rejasi amalga oshmay qoladi. Gavharshod begim Qazvin, Ray, Qum viloyatlari hokimi — nabirasi Sulton Muhammad Hamadon va Isfahonni egallab, Sherozni qamal qilganda (1446) Shohrux bilan birgalikda unga qarshi qoʻshin tortadida, Sulton Muhammadni isyonga undagan amaldorlar qatorida bir necha sayyidlarni ham qatl etmoqni Shoxruxdan qattiq talab qiladi. Shunda Shohrux uning soʻziga kirib, hatto Amir Temur ham qatl etmoqqa jurʼat qilmagan sayyidlarni oʻlimga buyuradi. Sayyidlar dor ostida turib Shohruxni duoi bad qiladilar. Keyin, Shohrux Sherozdan Hirotga qaytayotib yoʻlda toʻsatdan vafot etadi (1447-yil 12 mart). Davlatshoh Samarqandiy Shoxruxning oʻlimi va uning avlodlarining tez orada qirilib ketganini mazkur sayyidlarning qargʻishi bilan bogʻlaydi. Shundan soʻng Gavharshod begim qoʻshin qoʻmondonligini nabiralaridan biri — Abdullatifga topshirib, Alouddavla Mirzoga Hirot mudofaa inshootlarini mustahkamlash zarurligi haqida maxfiy maktub yoʻllaydi. Bundan ogoh boʻlgan Abdullatif buvisi Gavharshod begimni hibsga olib, otasi — Ulugʻbekka bobosi Shohruxning vafot etgani xususida xabar joʻnatadi. Natijada temuriylar oʻrtasida taxt uchun kurash boshlanib, 1458-yilda Sulton Abu Said Hirotni egallaydida, Gavharshod begimni qatl qiladi. Gavharshod begim Boysungʻur daxmasiga dafn qilingan (qarang Gavharshod begim memoriy majmuasi).

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Fayziyev T., Temuriylar shajarasi, T., 1995.