Gulbadan begim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gulbadan begim (1522, Kobul -1603, Dexli) — Amir Temur avlodidan, Markaziy Osiyoda oʻrta asrlardagi yagona ayol-tarixchi.

Zahiriddin Muhammad Boburning qizi. Onasi Dildor begim. Gulbadan begim otasi Bobur podshohning farmoniga ko‘ra katta onasi ya'ni Humoyun Mirzoning onasi - Mohim begim qoʻlida tarbiyalangan. U 1529-yilda Agraga borgan. Yoshligidan adabiyot va tarixga qiziqqan. Zamonasining barcha bilimlaridan boxabar boʻlgan, fors tilini mukammal oʻzlashtirgan, "Boburnoma"ni mutolaa qilgan. Umrining oxirigacha asosan Hindistonda yashagan, Makkada boʻlgan (1575—82). Akbar buyrugʻiga koʻra Bobur va akasi Humoyun haqida "Humoyunnoma" asarini yaratgan. Asarda 15-asrning oxiri — 16-asrning oʻrtalarida Movarounnahr, Afgʻoniston va Hindiston hududlarida roʻy bergan voqealar bayon qilinadi.Gulbadan begim o‘z asarida saroy ahlining hayot tarzi, shuningdek, tarixiy asarlarda uchramaydigan Bobur podshoh xonadonining nozik xususiyatlari, oilaviy sharoitlari, to‘y va aza bilan bog‘liq udumlar, uy-ro‘zg‘or asboblari, kiyim-kechak turlari kabi jihozlar haqida mufassal hikoya qiladi. Unda "Boburnoma"da tasvirlangan voqealarning davomi qalamga olingan, shuningdek, "Boburnoma"ga kirmagan baʼzi voqea-hodisalar aks etgan. Asar forsiyda yozilgan. G.b. Boburning tarixnavislik sohasidagi anʼanalarini davom ettirib, kitobida tarixiy voqealar bilan birga madaniyat, adabiyot, tilshunoslik, geogr., etnografiya va b. sohalarga oid maʼlumotlarni ham keltirgan. Bobur hukmronligi davri voqealarini qisqa bayon qilib, Humoyun davrini batafsil yoritgan. Asarning 83 varoqdan iborat yagona qoʻlyozma nusxasi Angliyaning Britaniya muzeyida saqlanadi. Unda voqea tugallanmagan, ingliz sharqshunosi Charlz Ryo oʻz katalogida uning qisqa tavsifini bergan. Ingliz olimasi A.S. Beverij ingliz tiliga (London, 1902), S. Azimjonova oʻzbekchaga (Toshkent, 1959) tarjima qilib, forscha asl nusxasi va izohlari bilan nashr ettirganlar. Tarixchi olim Abulfazl Allomiy "Akbarnoma" asarini yaratishda "Humoyunnoma"dan keng foydalangan.

Ac: Humoyunnoma, T., 1959.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil