Shayboniylar davlati
Shayboniylar davlati xozirgi Oʻzbekiston, Tojikiston, janubiy Qozogʻiston, shimoliy Afgʻoniston va janubiy-sharqiy Turkmaniston hududlarida mavjud boʻlgan davlat.
Shayboniyxon va Ubaydullaxon davrlari[tahrir]
Davlat asoschisi Shayboniyxon boʻlgan. Davlat poytaxti dastavval Samarqand boʻldi. Shayboniyxon Usmonli imperiyasi va Xitoy bilan aloqalarni davom ettirdi. 1503 yilda uning elchilari Xitoy imperatori saroyiga kelishdi[1]. Usmonli Sultoni bilan ittifoqda Bayazid II (1481-1512) Shayboniyxon Safaviy shohi Ismoil I ga qarshi chiqdi [2]. Ubaydullaxon (1533-1539 yy.) hukmdorligi davrida murakkab harbiy-siyosiy vaziyatga qaramasdan fan va madaniyat rivojiga katta eʼtibor berilgan. Ubaydullaxon oʻta savodli inson boʻlgan, u Qur'oni Karimni mohirona qiroat qilib, turkiy tildagi sharhlar bilan taʼminlagan, shuningdek, usta sozanda va iqtidorli xonanda boʻlgan.
Abdullaxon II davri[tahrir]
Abdullaxon II (1557-1598yy.) nomi bilan yagona kuchli davlat barpo etish harakati bogʻlangan. U 1557 yil Buxoroni zabt etadi, 1561 yil bu yerga poytaxt koʻchiriladi va davlat Buxoro xonligi nomi bilan yurita boshlanadi. Abdullaxon II hukmdorligi davrida bunyodkorlik ishlari quloch otadi- Karmanada Zarafsxon daryosi ustiga koʻprik quriladi, Balx va Buxoroda koʻp sonli madrasalar qad rostlaydi. Xon imom Abubakr Saadiy maqbarasi atrofida masjid, madrasa, turar joy binosi va boshqa imoratlardan tashkil topgan majmuani bunyod etadi. 1598 yilda Abdullaxon vafot etgach yagona oʻzbek davlatini yaratish umidi ham soʻnadi. Shayboniylar sulolasining soʻnggi vakili Pirmuhammad oʻrtamiyona shaxs boʻlib, joylardagi hukmdorlar oʻrtasida siyosiy taʼsir kuchiga ega emas edi. Natijada yuzaga kelgan boshboshdoqlikka barham bera olmay, u tez orada oʻzaro janjallarda qurbon boʻladi. Buxoro xonligining ichki va tashqi dushmanlari markaziy hokimiyat inqirozi va mamlakatdagi porakandalikdan zudlik bilan foydalanib qolishdi. Janubda Eron shohi Abbos Sabzavor, Mashhad va Hirotni egallab oldi, Balx hokimligiga oʻz gumashtasi Muhammad Ibrohimni tayinladi. Qozoq sultonlari yirik hududlardan biri Toshkentni zabt etishdi. Xorazm yana mustaqillikka ega boʻldi. "Butun davlatda tartibsizlik va boshboshdoqlik yuzaga keldi, hech kim boshqa birovga bo`ysinishni istamasdi",- deb yozgan edi oʻsha yillar haqida Muhammad Yusuf Munshiy. Oʻzaro nizolar va urushlar oqibatida Buxoro, Xiva va Qoʻqon xonliklari tashkil topdi.
Manbalar[tahrir]
- ↑ Kitayskiye dokumenty i materialy po istorii Vostochnogo Turkestana, Sredney Azii i Kazakhstana XIV—XIX vv. Almaty, 1994,s.52
- ↑ Peter B. Golden 2011.
Adabiyotlar[tahrir]
- Semenov A. A. K voprosu o proiskhozhdenii i sostave uzbekov Sheybani-khana // Trudy akademii nauk Tadzhikskoy SSR. Tom XII. 1953. — C.3-37
- Semonov A. A. Sheybani-khan i zavoyevaniye im imperii Timuridov //Materialy po istorii tadzhikov i uzbekov Sredney Azii. Trudy AN Tad SSR, XII, vyp. I.- Stalinabad, 1954.