Davan

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Davan
Parkana[1]

Mil.avv. III asr — Milodiy V asr




Davan (Fargʻona vodiysida) va qoʻshni xalqlarning joylashishi
Poytaxti Ershi
Til(lar)i Fargʻona tili[2], soʻgʻd tili
Maydoni 80 ming kv.km
Aholisi 300-500 ming kishi

Davan (xitoycha Dayuandan olingan) — Fargʻona vodiysidagi qadimgi davlat[3].

Miloddan avvalgi lll-asrlardagi manbalarida keng, obod, boy mamlakat — Davan haqidagi maʼlumotlar keltirilgan. Davan shahar va voha hokimlarining erkin ittifoqidan iborat davlat edi. Ulugʻ hukmdor qarorgohi Gushan (hozirgi Oʻzgan shahri deb taxmin etiladi)da boʻlgan. Podsho qokimiyati qabila zodagonlaridan iborat oqsoqollar kengashi tomonidan cheklab qoʻyilgan. Oliy kengash qukmdorni podsholikdan tushirishi, hatto oʻlim jazosiga hukm qilishi mumkin boʻlgan. Davan atamasi tarixiy adabiyotlarda mil. lll asrgacha uchraydi. Soʻngra Davan oʻrniga „Boxan“ va „Polona“ (mil. V asr) atamalari uchrab muarrixlar ushbu atamalar qad. Davanga moye keladi deb qayd etib oʻtganlar. Xitoyliklar Davan deb nomi toharlar (Taxwar) bilan bogʻliq boʻlgan mamlakatni atashgan degan fikr bor.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Davan miloddan avvalgi 130-yildan boshlab Xitoy bilan koʻplab aloqalar va almashinuvlar olib borgan. Miloddan avvalgi 130-yillarda, Chjan Syan Oʻrta Osiyoga elchi boʻlib borgan vaqtda Davan xalqi Xitoy imperiyasining gʻarbida joylashgan Fargʻonaga toʻgʻri keladigan hudud aholisi sifatida tasvirlangan.

Ularning janubi-gʻarbiy tomonida Yuechjilar hududlari, yana janubda, Oks daryosining narigi tomonida yunon-baqtriyaliklar joylashgan edi.

Fargʻona hududini saklarga boy bergan shoh Yevkratid I ​​ning kumush tetradraxmasi.

Miloddan avvalgi ll asr oxiridagi maʼlumotlarga koʻra, Davan aholisi 300 ming kishini tashkil qilgan, Davanliklar koʻzlari kirtaygan, qalin soqolli xalq boʻlib, savdo-sotiq ishlarida mohirliklari bilan nom chiqarishgan. Davanda xotin-qizlar izzat-ikrom qilingan[4]. Davanliklar ishlab chiqaruvchilar va sharobni yaxshi koʻradiganlar sifatida tasvirlangan[5]. Davanda yetishtirilgan „osmon tulporlari“ — argʻumoqlar Sharqda mashhur boʻlgan. Miloddan avvalgi 104101 yillarda Xitoy askarlari Davanga ikki bor hujum qilganlar. 1-hujum Xitoy askarlarining magʻlubiyati bilan tamom boʻlgan, chunki ular istehkomga aylantirilgan qishloqlarning qarshiligini sindirish uchun ojizlik qilganlar. Xitoyliklar 60 ming kishilik katta qoʻshin bilan ikkinchi marta hujum qilib, 101 yilda Ershi shahrini qamal etishgan (qarangErshi mudofaasi)[6].

Davanda saklar hukmronligi miloddan avvalgi 160-yilda boshlangan. Xitoy tadqiqotchisi Chjan Syan miloddan avvalgi 128-yillarda Davanni tasvirlaganida, u gullab-yashnagan urbanizatsiya sivilizatsiyasidan tashqari, „otda oʻq otuvchi jangchilar“ borligini eslatib oʻtgan[7].

Chjan Syan Xan imperiyasini tark etib, eramizdan avvalgi 138—126-yillarda Oʻrta Osiyoga ekspeditsiya uchun yoʻlga chiqqan. Mogao gʻorlari devori

Shuningdek, miloddan avvalgi 106—101-yillarda Xitoy bilan toʻqnashuvi paytida Davan mamlakati qoʻshni Qangʻyuy qabilalari bilan ittifoqchi boʻlganligi aytiladi. Xitoyliklar Davan shohining ismini ham „Mu-Kua“ deb qayd etishgan, bu nom yunoncha Mauakes yoki Maues deb tarjima qilingan. Maues ismli yana bir skif hukmdori keyinchalik eramizdan avvalgi 1-asrda Shimoliy Hindistondagi Hind-skif podsholigining hukmdori boʻlgan.

Xan—Davan urushi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xan sulolasining terakotadan yasalgan ot haykalining parchasi (milodiy I—II asrlar)

Xitoy imperatori Vudi Chjan Syanning (aslida Xunlarga qarshi ittifoq tuzish uchun yuborilgani behuda) xabarlaridan soʻng, Fargʻona, Baqtriya va Parfiyaning rivojlangan shahar sivilizatsiyalari bilan savdo aloqalarini rivojlantirishga qiziqib qoladi. Imperator Farg‘ona (Davan), Baqtriya va Parfiya mulklari nodir narsalarga to‘la, aholisi maʼlum manzillarda yashaydigan va Xitoy xalqi bilan bir oz o‘xshash hunarlarga ega yirik davlat deb oʻylaydi. Keyinchalik xitoylar bu mamlakatlarga va Salavkiylar Suriyasigacha har yili oʻnga yaqin koʻplab elchilarini yuborganlar.

Koʻchmanchi xunlar bilan kurashish uchun asosiy ahamiyatga ega boʻlgan Davan egaligidagi baland boʻyli va chopqir otlar („samoviy otlar“) xitoylarni oʻziga tortgan. Davanliklarning ularga ot sotishdan bosh tortishi, qator nizolar va oʻzaro hurmatsizlik Xitoy elchisining oʻlimiga va otlar uchun toʻlov sifatida yuborilgan oltinning musodara qilinishiga olib keldi.

Gʻazablangan va Davanni zaif deb hisoblagan Xitoy imperatori miloddan avvalgi 104-yilda oʻzining sevimli kanizagining ukasi Li Guanglini yubordi. Uning qoʻshiniga 6000 otliq va „viloyatlardan 30 000 nomdor yigitlar yigʻib olinadi“. General Li mahalliy hukmdorlar bilan mayda janglarda yo‘lda ko‘p odamlarini yo‘qotadi. Yucheng deb nomlangan joyda qattiq magʻlubiyatga uchraganidan soʻng, qoʻmondon dushman poytaxtini egallash uchun yetarli kuchga ega emasligini anglab yetadi va Dunxuanga qaytdi (miloddan avvalgi 102-yil)[8].

Imperator Vudi bunga javoban Li Guangliga ancha kattaroq armiya hamda qoʻshinni oziq-ovqat bilan taʼminlash uchun koʻp sonli hoʻkizlar, eshaklar va tuyalardan iborat katta karvonni hozirlaydi[8][9]. Bu kuch bilan qoʻmondon Li Davan poytaxti Ershi shahriga yetib borishga qiynalmadi. 40 kunlik qamaldan keyin xitoylar tashqi devorni yorib oʻtib, suv taʼminotini toʻxtatdilar. Ershi zodagonlari o‘z podshohlarini o‘ldirib, boshini Li Guangliga jo‘natib, xitoyliklarga istaganicha samoviy otlarni olishga undadilar. Li taklifni qabul qilib, zodagonlardan birini yangi podsho qilib tayinladi va otlar bilan birga yurtiga qaytdi. Uning qaytish safarida barcha mayda davlatlar Xan hokimiyatiga boʻysundirildi. Miloddan avvalgi 100-yillarda u 10 000 kishi va 1 000 ot bilan Jade darvozasiga yetib bordi.

Yuan bilan tuzilgan tinchlik shartnomasidan so‘ng G‘arb bilan aloqalar tiklandi. Gʻarbga yana elchilar yuborildi, Baqtriyaga karvonlar joʻnatildi.

Sharq va Gʻarb oʻrtasida savdo va madaniy almashinuv[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ipak yoʻli mohiyatan miloddan avvalgi I asrda Xitoyning Tarim havzasi (hozirgi Shinjon) hududidagi aholi punktlari hamda gʻarbdagi Davan, Parfiya va baqtriyaliklar bilan diplomatik aloqalar orqali Gʻarb dunyosiga yoʻlni mustahkamlash harakatlari natijasida vujudga kelgan.

Tez orada savdo qizgʻin pallaga kirdi. Miloddan avvalgi I asrdan boshlab Rimning Xitoy ipak matosiga (parfiyalar tomonidan yetkazib berilgan) boʻlgan qiziqishi ortdi, shu sababli Senat iqtisodiy va maʼnaviy sabablarga koʻra behuda ipak kiyishni taqiqlash toʻgʻrisida bir necha farmonlar chiqargan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Лившиц В. А. Согдийский посол в Чаче / / Советская этнография. 1960. Вып. 2. стр. 103.
  2. Аюбов А.Р. Некоторые вопросы этногенеза, этнокультурных процессов и сложения топонимов древней и раннесредневековой Ферганы. Вестник ТГУПБП №4. 2017.
  3. Schuessler, Axel. (2009) Minimal Old Chinese and Later Han Chinese.. University of Hawai’i Press. p. 233, 268
  4. Watson, Burton(1993). Records of the Grand Historian by Sima Qian. Translated by Burton Watson. Han Dynasty II (Revised Edition), pp. 245. Columbia University Press. ISBN 0-231-08166-9; ISBN 0-231-08167-7 (pbk)
  5. Watson, Burton(1993). Records of the Grand Historian by Sima Qian. Translated by Burton Watson. Han Dynasty II (Revised Edition), pp. 244-245. Columbia University Press. ISBN 0-231-08166-9; ISBN 0-231-08167-7 (pbk)
  6. "Davan" OʻzME. D-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  7. Watson, Burton(1993). Records of the Grand Historian by Sima Qian. Translated by Burton Watson. Han Dynasty II (Revised Edition), p. 233. Columbia University Press. ISBN 0-231-08166-9; ISBN 0-231-08167-7 (pbk)
  8. 8,0 8,1 Peers 1995.
  9. Whiting 2002.