Andronovo madaniyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish

Andronovo madaniyati – miloddan avvalgi ikkinchi ming yillikning ikkinchi yarmi va birinchi ming yillikning boshida yashagan chorvachilik va dehqonlar qabilalarining arxeologik madaniyat. Andronovo madaniyati yodgorliklari Minusinsk, Shimoli-sharqiy va Markaziy Qozogʻiston, Ob daryosining yuqori oqimi, Chelyabinsk viloyatining oʻrmon va dashtlarida, qisman Oʻzbekiston, Kirgʻiziston yerlarida tarqalgan. Bu madaniyatga oid yodgorlikni birinchi bor 1914-yilda Ya. A. Tugarinov Achinsk stansiyasi yaqinidagi Andronovo qishlogʻida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida topgan va 1920–23 yillarda S. A. Teplouxov uni Andronovo madaniyati nomi bilan fanga kiritgan. Andronovo madaniyati ga doir yodgorliklar dastlab S. P. Tolstov tomonidan 1938-yilda qadimgi Xorazmning Koʻkcha daryo sohillaridan topib oʻrganildi va unga tozabogʻyop mada-niyati nomi berilgan. Keyinchalik Ya. F. Gʻulomov va A. Asqarovlar bu madaniyatga doir yodgorliklarni Zarafshonning quyi oqimi rayonlaridan topib oʻrgandilar. Bu davr mozor va manzilgohlari Toshkent atrofida, Moʻminobod (mozor qoʻrgʻoni)da (Samarqand viloyati), Fargʻona vodiysida (Karamkoʻl, Vodil mozorlari), Qayroqqumda koʻplab oʻrganilgan. Andronovo madaniyati aholisi yarim yertoʻla shaklidagi kulbalarda yashagan; mozorlari yorma goʻr boʻlib, murdalar oyoq-qoʻllari bukilgan, chapga yonboshlatilgan, boshi janubiy-gʻarbga qaratilgan holda, koʻpincha kiyim-kechagi, jezdan yasalgan bezak buyumlari bilan dafn etilgan. U davr qabilalari daryo boʻylarida dehqonchilik, adirlarda chorvachilik bilan shugʻullangan. 1997-yil Tojikistondagi Kizilsuv daryo havzasidan Andronovo madaniyatiga doir yodgorlik – jamoa boʻlib dafn qilingan bolalar qabri topildi. 10–11 yoshli bolaning oyoqlari yonidan chiqqan koʻplab jez munchoqlar, ilgaksimon kumush taqinchoqlar, sopol idishlar muhim ilmiy ahamiyatga ega.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil