Saljuqiylar davlati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Saljuqiylar davlati
1037 — 1194


Seljuqs Eagle.svg
Bayroq
Seljuk Empire Border 1092 - Sultan Tughrul bey period.png
Saljuqiylar davlati
Poytaxti Nishopur(1037-1043), Ray(1043-1051), Isfahon(1051-1118), Hamadon(1118-1194), Marv(1118-1153)
Til(lar)i Oʻgʻuz Turkchasi
Fors
Dini Islom
Maydoni 3 900 000 km² (1092)
Boshqaruv shakli monarxiya
Sulola Saljuqiylar sulolasi
Sulton
 - 1037—1063 Toʻgʻrulbek
 - 1063—1072 Alp Arslon
 - 1072—1092 Malikshoh

Saljuqiylar davlati — Yaqin va Oʻrta Sharq, qisman Movarounnahrda saljuqiylar sulolasi boshqargan davlat (1038—1308). Saljuqiylar davlatiga Saljuqnnj nevarasi Sulton Toʻgʻrulbek asos solgan. Saljuq turklari 11-a.ning 20y.larida harbiy xizmatlari evaziga Xurosonda Mahmud Gʻaznaviydan koʻplab mulklar olganlar. Biroq keyinchalik gʻaznaviylar ularga qarshi lashkar joʻnatib, Arslon Isroil ibn Saljuqni asir olishgan va Hindistondagi harbiy qalʼada tutqunlikda saqlashgan (1032 y. u xibsda oʻlgan). Saljuqiylar gʻaznaviilarga qarshi olib borgan koʻplab muvaffaqiyatli janglaridan soʻng Nishopurni egallab, oʻz rahbarlari Toʻgʻrulbekni sulton deb zlon qiddilar (1038). Dandanakon jangidagi gʻalabadan soʻng , u Xuroson hukmdori deb eʼlon qilindi. Astasekin saljuqiylar Xuroson, Xorazm, Gʻarbiy Eron, Ozarbayjon, Iroq (Bagʻdod bilan birga)ni oʻzlariga boʻysundirdilar. Bagʻdodda Toʻgʻrulbek nomiga xutba oʻqitilgan. Abbosiylar xalifasi alQoim (hukmronlik davri: 1031—75) hokimiyatni Toʻgʻrulbekka topshirib, uni sulton hamda "Sharq va Gʻarb podshohi" deb tan olishga majbur boʻlgan va qizini unga xotinlikka bergan. Toʻgʻrulbek Rayni, uning ukasi Chagʻribek Dovud (990—1060) Marvni oʻzlariga poytaxt qildilar. 1050 yilda Toʻgʻrulbek poytaxtni Raydan Isfahonga koʻchirgan.

Alp Arslon va Malikshoh xukmronliklari davrida saljuqiylar Kichik Osiyo va Yaqin Sharqda mustahkam oʻrnashib olishgan. Ular Vizantiya imperatori Roman IV Diogenning 200 ming kishilik qoʻshinini yengib (1071), butun Kichik Osiyoni (1071—81), keyinchalik Suriya va Falastinni zabt etishgan. Armaniston, Gruziya, Shirvon ham boʻysundirilgan. Shu davrda Balx, Termiz (1044), Buxoro, Samarqand (1089), keyinchalik Fargʻona vodiysi saljuqiylar qoʻl ostida birlashgan.

Hatto Sharqiy Turkistondagi qoraxoniylar ham ularning ustunligini tan olishgan. Alp Arslon poytaxtni Isfahondan Marvga koʻchirgan. Saljuqiylar qoʻshinlari Arabiston ya.o.dagi Yaman va Bahrayn yerlarini ham oʻz tasarruflariga olishgan. Malikshoh hukmronligi davrida Saljuqiylar davlati harbiy-siyosiy jihatdan juda kuchli boʻlgan. Bu vaqtda poytaxt yana Isfahonga koʻchirilgan. 11-a. oxirlarida Saljuqiylar davlati Sharqiy Turkistondan Oʻrta yer va Marmar dengizlarigacha boʻlgan katga hududni oʻz ichiga olgan. Bu davlat Xitoy bilan Vizantiya oʻrtasida joylashgan. Salibchilarning Sharqqa qilgan yurishlarini toʻxtatishda saljuqiylarning xizmati katta boʻlgan.

11-a. oxirlaridan boshlab, Saljuqiylar davlati parchalana boshlaydi. Chunki 1salib yurishi natijasida Saljuqiylar davlati Gruziya, Shirvon hamda Kichik Osiyoning sohil boʻyi hududlaridan, Suriya va Falastinning bir qismidan ajralgan (1096—99). Saljuqiylar davlatidan bir necha mustaqil sultonliklar ajralib chiqqan. Mas, Kermon sultonligi (1041 — 1187), Shom (Suriya) sultonligi (1074—1117), Koʻniya sultonligi va boshqa saljuqiy sultonlar oʻgʻuz va boshqa turkiy urugʻlar boshliqlari, jasur jangchilarga iqto inʼom qilganlar. Mac, Malikshoh saltanatni 12 ta viloyat — mulkka ajratib, ularni amirlar va lashkarboshilarga iqto tariqasida bergan. Kattakatta mulklarga ega boʻlgan iqtodorlar esa mustaqil boʻlishga harakat qilganlar. Malikshoh vafoti (1092)dan soʻng , uning oʻgʻillari oʻrtasida taxt uchun kurash avj oldi. Akauka sultonlar Mahmud (hukmronlik davri: 1092—94), Barqiyoruq, Malikshoh II (hukmronlik davri: 1104— 25), Gʻiyosiddin Muhammad (hukmronlik davri: 1105—18) ayrim hokimlarning isyonlarini bostirish bilan birga ismoiliylar harakati, xususan, hashshoshiylarta qarshi kurash olib borishga majbur boʻlganlar.

Buyuk Saljuqiylar davlati taxt uchun kurashlar oqibatida sharqiy va gʻarbiy qismlarga boʻlingan. Gʻarbiy qismga kirgan Gʻarbiy Eron, Iroq va Ozarbayjonni Iroq sultonligi (1118—94) nomi bilan sulton Gʻiyosiddin Muhammadning oʻgʻli sulton Mahmud (hukmronlik davri: 1118—31) boshqarishni boshlagan. U Hamadonni oʻziga poytaxt qilgan. Sharqiy qism, asosan, Xuroson, Seyiston, Xorazm va Movarounnahrdan iborat boʻlib, unga sulton Malikshohning kenja oʻgʻli sulton Sanjar hukmronlik qilgan va poytaxti Marv boʻlgan. Sanjarning qudrati avjga chiqqan davrlarda gʻarbiy saljuqiylar ham uning siyosiy taʼsiri ostida boʻlishgan, Gʻaznaviylar davlati esa unga 1117 yildan tobe boʻlgan. Biroq Sharqsan qoraxitoylarning Movarounnaxrga bostirib kirishi, Samarqand yaqinida boʻlgan mashhur Qatvon jangi (1141 y. 9 sent.) da ular qarluqpar bilan birgalikda saljuqiylar va qoraxoniylarning birlashgan qoʻshinini tormor qilishi natijasida Sanjarning kuchqudrati zaiflasha boshlab, u Movarounnahr, keyinchalik Xurosonning asosiy qismidan ajraladi. Anushteginiylartn Qutbiddin Muhammad, xususan, Otsiz davrlarida Xorazm ham Saljuqiylar davlatidan ajralib chiqib, oʻz mustaqilligini tiklagan. Otsiz, haggo saljuqiylar poytaxti Marvni egallab, Nishopurni qamal qilgan (1141—42). Sanjarning vafoti (1157) dan soʻng saljuqiylarning Xurosondagi hokimligi tugagan. Xuroson gʻuzlar (oʻgʻuzlar) tasarrufiga kirgan. 1117 y. saljuqiylarning Shom (Suriya) sultonligi, 1187 y. Kermon sultonligi ham tugatilgan. Xorazmshoxdar 12-a. 2-yarmidan boshlab gʻarbiy saljuqiylarning Iroq sultonligiga kuchli zarbalar berishgan. Xorazmshoh Takash Iroq sultonligini ham tormor qilib, oʻz davlatiga qoʻshib olgan (1194). Faqat Kichik Osiyodagi Koʻniya (Anadolu yoxud Rum) sultonligi 14-a. boshlarigacha hukm surgan.

Davlatni boshqarish. Saljuqiylar davlati tepasida oliy hukmdor — sulton (sulton ulaʼzam) turgan. Uning nomidan xutba oʻqilib, tanga zarb etilgan. Taxt otadan bolaga meros sifatida oʻtgan. Mulk, yersuv taqsimlash, muhim davlat va boshqaruv mansablariga tayinlash, amaldorlar ishini nazorat qilish va boshqa sultonning vakolatlari doirasiga kirgan. Saljuqiylarning boshqaruv tizimi somoniylar, qoraxoniylar, gʻaznaviylarniki singari ikkiga: dargoh va devonlarga boʻlingan. Ulugʻ hojib, horis amiri (amiri horis), saloxdor, xos vakil, alamdor, jondor, tashtdor, sarhang , miroxur dargoxdagi asosiy lavozimlar sanalgan. Bosh vazir devoni aʼlo — markaziy boshqaruv tepasida turgan. Devoni tugʻro, devoni istifo(moliya devoni), devoni ishraf (nazorat devoni), devoni arz (harbiy vazirlik) kabi rasmiy devonlar boʻlgan. Viloyat boshliklari (voliylar) ham oʻz devonlariga ega boʻlishgan. Voliylar sulton tomonidan tayinlangan boʻlib, ular viloyat hayoti bilan bogʻliq barcha sohalar: moliya, soliq, sud, harbiy ishlar, jazo idoralariga rahbarlik qilgan. Tuman va shahar miqyosidagi boshqaruv tizimi ham deyarli shunday boʻlgan.

Saljuqiylar davlatida, ayniqsa, Buyuk saljuqiylardan Toʻgʻrulbek, Alp Arslon, Malikshoh, Sanjar davrlarida iqtisodiy va madaniy hayotda katta koʻtarilish yuz bergan. Hunarmandchilik taraqqiy qilgan: toʻqimachilik, kulollik, zargarlik, oynasozlik, temirchilik, koʻnchilik va gilam toʻqish rivojlangan. Buyuk ipak puli ulkan saltanatning markaziy shaharlari orqali oʻtgan. Sharqiy Yevropa, Vizantiya, Hindiston, Xitoy mamlakatlari bilan savdo aloqalari gurkirab rivojlangan. Malikshoh Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi savdoni jonlantirish uchun Xuroson va Iroq savdogarlarini boj toʻlovidan ozod qilgan. Kaspiy dengizi orqali Turkistonga neft mahsulotlari keltirilgan. Ichki savdo ham rivojlangan. Mamlakatda sof oltindan zarb etilgan dinor (kizil dinor) joriy etilgan. Bundan tashqari, mahalliy dinor (rukniy) va mis dirhamlar ham boʻlgan.

Madaniyati. Saljuqiylar davlatidailm-fan vamadaniyat rivojlangan. Ayniqsa, Eron, Iroq va Movarounnahrda madaniy yuksalish yuqori boʻlgan. Nishopur, Isfahon, Basra, Hirot, Marv, Buxoro, Samarqandda madrasalar bunyod qilingan. Xususan, buyuk vazir Nizomulmulk qurdirgan Bagʻdoddagi Nizomiya madrasasi (1067) butun jahonga mashhur boʻlgan. Nizomulmulk davlatni boshqarish asoslari haqida "Siyosatnoma" asarini yaratgan. Munajjim va riyoziyotchi olim Umar Xayyom loyihasiga koʻra, Isfahonda rasadxona kurilgan. U Malikshoh topshirigʻiga koʻra, rasadxonada kuzatuv ishlarini olib borgan va sosoniylarning shamsiy taqvimini isloh etib, Yangi taqvim ("Malikshoh taqvimi" yoxud "Jalol erasi") ni tuzgan (1079). Nizomiy Ganjaviy, Jaloliddin Rumiy, Saʼdiy Sheroziy, Umar Xayyom fors sheʼriyatining soʻnmas durdonalarini yaratishgan. Muhammad Gʻazoliy, Farididdin Attor, Xoja Yusuf Hamadoniy kabi islom ulamolari va soʻfiylar ijod kilishgan.

Saljuqiylar davlatida riyoziyot va ilmi nujum (Bahovuddin Abubakr Marvaziy, Sharafiddin Tusiy, Abulhasan Ali Marvaziy, Abulhotam Muzaffar Isfizoriy, Zahiriddin Gʻaznaviy), tibbiyot va kimyo (Ismoil Jurjoniy, Faxriddin Roziy), tarix (Zahriddin Nishopuriy, Sadriddin Husayniy, Anushirvon Koshoniy, Abu Bakr Ravondiy), adabiyot (adib Sobir Termiziy, Nosir Xusrav, Anvariy, Asiriddin Axsikatiy, Rafʼiy Marvaziy va boshqalar) sohalariga oid koʻplab bebaho asarlar yaratilgan. Bu davrda Nishopur, Marv, Isfahon, Ray, Hamadon kabi poytaxt shaharlar, shuningdek, Buxoro, Samarqand, Termizda koʻplab meʼmoriy yodgorliklar qurilgan. Marv gullab yashnagan, u "Marvi Shohijahon" — "Shaharlar shohi" deb ulugʻlangan. Tarixchi va sayyoh Yoqut Hamaviy Marvda boʻlganida bu yerda 10 ta yirik kutubxona borligini koʻrgan va ulardan foydalangan. Termiz yaqinidagi Paygʻambarorolda Zulkifl majmuasi (11—12-a.lar), Sulton Saodat meʼmoriy majmui (11 — 18-a.lar), Jarqoʻrgʻon minorasi (1109), Marvda Sulton Sanjar maqbarasi (12a.) va boshqa meʼmoriy obidalar qurilgan. Saljuqiylarning Koʻniya sultonligida ham madaniyat taraqqiy etgan. Kichik Osiyoning islomlashish jarayoni kuchayib, tasavvufning mavlaviylik, bektoshiya kabi tariqatlari shakllangan, axiylik (javonmardlik) va qalandarlik kuchaygan. Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro (1240—1320), Xoja Bektosh Vali (1248—1338), Sadriddin Koʻnyoviy, Shahobiddin Suhravardiy singari mashhur mutasavviflar yetishib chiqqan. Koʻniya (Ikoniy), Sivas, Qaysariya, Nikeya sh.lari yirik madaniy markazlar hisoblangan. Bu paytda "Oʻgʻuznoma" dostonining yozma varianti shakllangan, latifaaa Xoʻja Nasriddin (Afandi) obrazi (Turkiston va Anadoluda) yaratilgan.

Manbalar: Sadriddin Ali alXusayni, Axbar addaulat asseldjukiyya (Zubdat attavarix), M., 1980; AbulFazl Beyhaqi, Istoriya Masʼuda (10301041), T., 1962, 2nashri, M„ 1969; Rashidaddin, Sbornik letopisey, t.1, kn. 1, M.L., 1952; Fazlallax Rashid ad-Din, Oguzname, Baku, 1987; Nizomulmulk, Siyosatnoma yoki siyar ulmuluk, T., 1997.

Ad:. Gordlevski y V. A., Izbrannie sochineniya, t. [(Gosudarstvo Seldjukidov Maloy Azii), M., 1960; Agadjanov S. G., Gosudarstvo seldjukidov v Sredney Azii v XI—XII vv., M., 1991; Azamat Ziyo, Oʻzbek davlatchiligi tarixi, T., 2000; Termiz — buyuk chorrahadagi koʻhna va yangi shahar, T., 2001; Raxmanaliyev R., Imperiya tyurkov, M„ 2002.

Qahramon Rajabov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil