Skiflar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

SkiflarQora dengizdan shimoliy-gʻarbda, Dunay va Don, Dnepr va Dnestr daryolari quyi havzalaridan to Volgaga qadar boʻlgan hududlarda yashagan chorvador aholi (miloddan avval 7—milodiy 3-asr). Skiflar shimoliy eron tillarining turli lahjalarida soʻzlovchi qabilalar hisoblanadi. Bu hududlarda skiflarga qadar yashagan kimmeriylar ham eron zabon boʻlgan. Gerodotning yozishicha, bu hududlarga skiflar Osiyodan koʻchib kelganlar va tub aholining til muhiti taʼsirida eronlashganlar. Asl vatani Volgadan sharqda, yaʼni Osiyoning Qozogʻiston dashtlari, Janubiy Ural va Oltoy hamda Janubiy Sibir hududlari boʻlib, skif qabilalari aslida eroniy tillarning turli lahjalarida soʻzlashuvchi oriylar edi. Chunki, shu mintaqalar aholisining moddiy madaniyati va antropologik tipi jez davridan boshlab birbiridan farq qilmaydi. Skiflar Yevrosiyo choʻllari aholisiga ellinlar tomonidan berilgan umumiy nom boʻlib, eron manbalarida ularni saklar deb yuritilgan. Gerodot "forslar skiflarni saklar" deb ataydi deb yozadi. Dengiz sohillariga yaqin istiqomat qilgan aholisiga skif atamasi ishlatilsa, Oʻrta Osiyo, Yettisuv va Qozogʻiston dashtlari hamda Togʻli Oltoy aholisiga nisbatan koʻproq sak atamasi ishlatilib kelinadi. Gerodotning yozishiga qaraganda, osiyolik skiflar dastlab shimoliy va sharqiy Qora dengiz sohillarini egallab, tub aholi — kimmeriylar ustidan oʻz hukmronligini oʻrnatgach, kimmeriy suvoriylarini Kichik Osiyoga quvadilar, soʻng Midiya, Suriya va Falastin hududlarini, Shimoliy Mesopotamiyani egallaydilar.

Miloddan avval 7-asr boshlarida Midiya davlati kuchayib, skiflarni u yerdan haydab chiqaradi. Skiflar Qora dengizdan shimol va sharqda, Dneprdan Dongacha boʻlgan choʻllarda oʻrnashib, endi mahalliy kimmeriy qabilalari bilan ittifoqlikda yashay boshlaydilar. Ellinlar esa bu joylarni Skifiya deb ataydilar. Miloddan avval 7-asrda Skifiya juda katta siyosiy-harbiy qudrat edi. Gerodotning yozishicha, Doro boshliq qudratli Fors davlati miloddan avval 513-yilda skiflar ustiga yurish qilib, oʻz maqsadiga erisha olmagan. Aksincha skiflar axomaniylarga tobe yerlarga javob hujumlari uyushtirib, ularni dahshatga soladilar. Skiflarning tili barcha manbalarda eroniy ekanligi taʼkidlanadi.

Skiflar davlati miloddan avval 5—4-asrlarda Azov dengizidan Dunay daryosigacha hududlarni birlashtirgan kuchli harbiy-demokratik davlat boʻlsada, miloddan avval 3-asrning oxirlarida Don ortidan kelgan sarmatlarning hujumi natijasida bir qism hududidan ajrab, ancha zaiflashadi. Mildoiy 1-asrning 2-yarmida skiflar bir necha bor Bospor podsholigi bilan urushlar olib borib, oʻzining avvalgi jangovarlik ruhini yoʻqotadi va nihoyat milodiy 3-asrda Skifiya gotlar tomonidan tugatildi. Xalqlarning buyuk koʻchishi davrida skiflar boshqa qabilalar tarkibiga singib, nafaqat mustaqillik, balki etnik xususiyatlarini ham yoʻqotadilar.

Tarix[tahrir | manbasini tahrirlash]

VI asr oxiridagi Vizantiyaning harbiy taktika haqidagi "Strategikon of Mavrikiy" (Strategikon) risolasi:". Arriani Tactica & Mauricii " ning 1664-yilgi tarjimasi jamoat kutubxonalarida mavjud. Bu kitobda shunday deyilgan: “Skif qabilalari bir tizim va bir tartibdan foydalanadilar. Lekin ularning intizomi ancha xunuk. Ular orasida faqat turklar va avarlar eng kuchli bo‘lishga intiladi”. Bu yerda muallif turk va avarlarni skif qabilalari deb ham ataydi.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Gerodot, Istoriya v devyati knigax, per. s grecheskogo, t. 1, kn. 1—4, L., 1972;
  • Grakov B. N., Skifi, M., 1971;
  • Grigoryev V. V., O skifskom narode sakax, SPB, 1871.

Ahmadali Asqarov.