Shashmaqom

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shashmaqom Tojikistonda

Shoshmaqom (ruscha: Шашмаком; tojikcha: шашмақом; forscha: شش‌مقام) — Markaziy Osiyo (asosan, oʻzbek va tojik) xalqlari musiqiy merosida markaziy oʻrin tutgan maqomlar turkumi; parda, ohang, usul, shakl, uslub kabi vositalar bilan oʻzaro uzviy bogʻlangan mumtoz kuy va ashulalar majmui. U muayyan shartsharoitlarda musiqiy folklor hamda kasbiy musiqa yoʻnalishlarida orttirilgan koʻp asrlik ilmiyijodiy tajriba hamda izlanishlar natijasida yuzaga kelgan. Shashmaqom milliy hamda mintaqaviy mumtoz musiqa anʼanalarining tarixan uzun taraqqiyot jarayoni natijasida bir qator bastakorlar avlodi sanʼatining qomusiy mahsulidir.

Oʻrta asr Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlari musiqa ilmida maqom, asosan, parda tuzilmalari tushunchasini hamda ularga mos holda yaratilgan quy va ashulalarni ifodaladi. Maqomlar dastlabki davrda tarqoq shakllarda rivojlandi, 13-asrda esa Safiuddin al-Urmaviy ularni oʻn ikki asosiy maqomdan iborat nazariy tizim shakliga keltirdi. 17-asrdan soʻng Oʻn ikki maqom tizimi inqirozga uchrab, uning negizida Sharq xalqlari orasida maqomlarning yangicha milliy va mahalliy shakllari vujudga kela boshladi. Xususan, 18-asrning oʻrtalarida Oʻrta Osiyoning yirik madaniy markazlaridan biri Buxoro shahrida saroy sozanda, xonanda va bastakorlari ijodiyijrochilik faoliyatida shashmaqom uzil-kesil shakllanib, Buxoro maqomlari, Buxoro Shashmaqomi nomlarida ham yuritildi. Oʻzbek maqom turlaridan Xorazm maqomlari, Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllari, shuningdek, yovvoyi (erkin koʻrinishdagi) maqomlar, surnay, dutor yoʻllari va boshqalar shashmaqom taʼsirida rivojlandi. Oʻtgan zamon bastakorligida keng qoʻllanilgan amal, kor, naqsh, peshrav, savt, tarona, qavl kabi janrlarning noyob namunalari shashmaqom tarkibida bizgacha yetib keldi.

Shashmaqom Buzruk, Rost, Navo, Dugoh, Segoh va Iroq maqomlaridan tashkil topgan boʻlib, jami 250 dan ortiq har xil shakldagi kuy va ashula namunalaridan iborat. Shu qunga qadar sozanda, hofiz va bastakorlar maqom yoʻllarining qoʻplab ijroviy talqinlarini kashf etdilar, ovoz, tanbur, surnay, dutor va boshqalar maqom yoʻllarida bir qismli va turkumli asarlar ijod qildilar, ular asosida yangi kuy va ashulalar yaratdilar.

Maqomlar sozanda va xonandalar tomonidan yakka tarzda, shuningdek, joʻrovozlik va joʻrnavozlikda ijro etib kelingan. Xususan, Buxoro amirlari saroyida eng soʻnggi davrda joʻrnavozlik asosan, 2 tanbur, 2 doira (doirachilar xonanda ham boʻlgan), afgʻon rubobi, sato yoki qoʻbiz, imkonga koʻra boʻlamon cholgʻularidan iborat boʻlgan. Maqom ijrochiligida tanbur yetakchi soz hisoblanadi. Chunki u torlarini maqom pardalariga moslab sozlashda va maqom yoʻllarini mukammal yangratishda birmuncha qulayliklarga ega. Doira esa sozanda va xonandalarning shashmaqom qismlarini belgilangan usul negizida ijro etishlari uchun zarur vosita boʻlib xizmat qiladi.

Har bir maqomning bosh tovushqatori oʻziga xos va nisbatan barqaror boʻlib, turkumning toʻliq musiqiy ijro jarayonida uning pardalarida ayrim oʻzgarishlar ham sodir boʻlib turadi. Chunki shashmaqom shakllanishida maqomlar tarkibiga 12 maqomdan mazkur maqom pardalariga yaqin, kuy mavzui tabiatiga ohangdosh oʻzga shoʻba va maqom yoʻllari ham kiritilgan. Ularning ladtonalligi asosiy maqom yoʻllariga baʼzan mos kelmasligi ham mumkin.

shashmaqomni tashkil etgan maqomlarning har biri ikki — cholgʻu (mushkilot) va ashula (nasr) yirik boʻlimlaridan iborat. Cholgʻu boʻlimlarida bir xil nom bilan ataluvchi cholgʻu qismlari mavjud boʻlib, ohanglari oʻzlari mansub boʻlgan maqom kuyiga xos, doira usullari esa bir xildir. Ulardan asosiylari Tasnif, Tarje, Gardun, Muxammas va Saqil deb ataladi. Bu kismlar maqom nomlariga qoʻshib (mas, Tasnifi Buzruk, Tarjei Dugoh, Garduni Segoh kabi), ayrimlari esa bastakorlar nomi bilan birga (mas, Muxammasi Nasrulloyi, Saqili Islimxon) ataladi. Baʼzi cholgʻu qismlari alohida nomga ega (mas, Nagʻmai Orazi Navo), Dugoh va Segoxda esa maqom nomi bilan qoʻshib aytiladi (mas, Peshravi Dugoh, Samoi Dugoh, Xafifi Segoh). Shashmaqomning cholgʻu qismlari xona va bozgoʻy kuy tuzilmalaridan tashkil topadi. Bunda muntazam ravishda oʻzgaruvchi xonalarning rivojlanishi uchun qoʻllanadigan peshrav uslubi alohida ahamiyat kasb etadi. Tasnif, Tarje, Nagʻmai Oraz, Samoi, Xafif kabi cholgʻu qismlari bir-biriga oʻxshash, kichik hajmli; Gardun va Peshrav birmuncha rivojlangan; Muxammas va Saqil yoʻllari uzun va murakkab doira usullari negizida ijod etilgan. Shashmaqom cholgʻu yoʻllarining ichki tuzilishi murakkab boʻlsada, oʻzining ravon ohangdorligi va rangbarangligi bilan shu maqom quy mavzulari bilan bevosita bogʻlikdir. Bu asarlar teran falsafiy va turfa lirik kayfiyatlarni ifodalaydi, tinglovchilardan esa eshitish koʻnikmalariga ega boʻlishni talab etadi.

Odatda, shashmaqom cholgʻu qismlari birinketin yaxlit tarzda ijro etilgandan soʻng uning „Nasr“ boʻlimiga oʻtiladi. Ashula qismlari ancha murakkab shakldagi shoʻbalar, ularning tarona yoki shoxobchalaridan iborat. Bular ham yaxlit turkum tarzida ijro etiladi. Shashmaqom ashula boʻlimlari tuzilish jihatidan bir-biridan farqlanadigan ikki toifa shoʻbalar guruhidan tashkil topgan; birinchisiga Saraxbor, Talqin, Nasr deb nomlanuvchi shoʻbalar va yakuniy Ufar qismi, ikkinchisiga esa, asosan, Savt va Moʻgʻulcha nomli shoʻbalar va ularning shoxobchalari kiradi. Shashmaqomdagi nomdosh shoʻbalar (Saraxbori Buzruk, Saraxbori Navo va boshqalar)ning kuyohanglari turlicha boʻlsada, doira usuli va kuylariga bogʻlab aytiladigan sheʼr vaznlari bir xildir. Shoʻbalarning ikkinchi guruhida Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma va Ufar deb nomlanadigan shoxobchalar mavjud va ular shu nomdagi oʻziga xos doira usullarida yangraydi. Shashmaqom shoʻbalarining rivojlanishida avj va namudlar alohida ahamiyat kasb etadi. Ular ashulaning yirik shakl olishi va mazmunan chuqurlashishida hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi. Namudlar maqom yoʻllarida yakka avj yoki guruh tartibida erkin ishlatiladi. Oʻtmishda hofizlarning xohish va imkoniyatiga qarab namudlar soni (bir shoʻbada 4 tagacha) oʻzgarib turgan.

shashmaqom ashula boʻlimi shoʻbalari shaklan barkamol boʻlib, ichki tuzilmalar tarkibi turlicha boʻlishi mumkin. Mas, har bir shoʻba yoʻli cholgʻu muqaddimasi bilan boshlanadi. Keyin daromad nomli bosh xat ijro etiladi va oʻrta pardalarda bayon etiluvchi miyonxat jumlalariga oʻtiladi. Urniga qarab dunasr tuzilmasida yuqori pardalar zabt etiladi. Soʻngra shoʻbalarga xos avjda namudlar aytilib, ashula yoʻli miyonxat orqali yoki usiz ulanib ketadigan furovard (tushirim) tuzilmasi bilan yakunlanadi. Baʼzi shoʻbalar tuzilishi boshqacharoq boʻlishi ham mumkin.

shashmaqom ashula boʻlimining birinchi guruh shoʻbalari turkumli tarzda yaxlit ijro etilganida, Saraxbor bilan boshlanib, soʻng uning taronalari (6 tagacha) oʻqiladi. Taronalarning oxirgisi talqin doira usulida aytiladigan suporish qismi vositasi bilan Talqin shoʻbasiga silliq ulanib boradi. Talqin taronasi ijro etilib, nasr doira usulidagi suporish orqali Nasr shoʻbasi va uning taronalariga oʻtiladi (Nasr shoʻba namunalari bitta maqomda 2—3 tagacha yetadi). Oxirgi Nasr shoʻbasi, odatda, taronasiz oʻqilib, bevosita Ufar ashula yoʻllariga qoʻshiladi va oxirgi suporish bilan turkum yakunlanadi.

shashmaqom ashula boʻlimining ikkinchi guruhidagi shoʻbalar oʻzaro bogʻlanmagan tarzda mustaqil ashula yoʻllari hisoblanib, ularning har biri, asosan, 5 qismli turkumni tashkil etadi. Masalan, asosiy Savt yoki Moʻgʻulcha ashula yoʻlidan keyin unga ushbu kuy mavzuining yangicha vaznusulli (Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma va Ufar) namunalari navbatmanavbat ulanadi.

Maqomlarning tarixiy, nazariy, estetik masalalari uzoq oʻtmishdan shu kunga qadar musiqashunoslar tomonidan har tomonlama oʻrganilmoqda. Xususan, Urta asrlar musiqa risolalarida Sharq mumtoz musiqasiga xos pardalad tuzilmalari keltirilib, maqomot hamda xalq musiqasiga xos tovushqator va usullar tuzilishi haqida mulohazalar yuritilgan. 19-asr boshi va oʻrtalarida shashmaqomga oid maxsus yozma sheʼriy toʻplam — bayozlar yuzaga keldi. Ularda maqomlarga aytilgan gʻazal matnlari keltirilgan, maqom va shoʻbalar nomlari hamda ijro etiladigan ashulalar turkumining tartibi koʻrsatilgan. Komil Xorazmiy va uning oʻgʻli Muhammad Rasul tanbur chizigʻi yordamida yozib olgan Xorazm maqomlari ham shashmaqomning 19-asr namunalari haqida qimmatli maʼlumot beradi.

shashmaqom ashula yoʻllarida oʻzbek hamda fors mumtoz shoirlaridan Rudakiy, Jomiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Fuzuliy, Hofiz, Amiriy, Nodira, Zebunniso, Ogahiy va boshqalarning ishqiylirik, falsafiy, nasihatomuz, diniy mazmundagi gʻazallari, shuningdek, xalq toʻrtliklari jalb etilgan.

shashmaqom, asosan, ogʻzaki tarzda avloddanavlodga ustozshogird anʼanasida oʻtib keldi. 1920-yillarda Buxoro, Samarqand, Toshkent shahrilarida maxsus musiqa maktablari, bilim yurtlari tashkil qilinib, ularda maqom va xalq musiqa namunalarini oʻzlashtirishga eʼtibor qaratildi; Ota Jalol, Otagʻiyos Abdugʻaniyev, Domla Halim Ibodov, Shorahim Shoumarov, Abdusoat Vahobov, Usto Shodi Azizov kabi maqomdon sozanda va hofizlar yoshlarga saboq berish uchun jalb etildilar.

shashmaqomni ilk bor V.A.Uspenskiy Ota Jalol va Ota Gʻiyos ijrolaridan hozirgi nota yozuviga olib nashr ettirdi („Shashmakom, Shest muzmkalnix poem“, M. — Buxoro, 1924). Mulla Bekjon Rahmon oʻgʻli va Muhammad Yusuf Devonzodaning „Xorazm musiqiy tarixchasi“ (M., 1925), Fitratning „Oʻzbek klassik musiqasi va uning tarixi“ (Samarqand — T., 1927) risolalari 20-asr maqomshunosligining dastlabki namunalari boʻlib, qimmatli maʼlumotlarga ega. Shashmaqomni oʻrganishga, ayniqsa, 1950-yillardan koʻproq ahamiyat berila boshlandi. I.Rajabov qalamiga mansub „Maqomlar masalasiga doir“ (T., 1963) tadqiqoti oʻzbek maqomshunosligi rivojlanishini yangi bosqichga koʻtardi. Tojikistonda B. Fayzullayev, shashmaqomSohibov va F. Shahobovlar oʻz ijrolarida notaga olib, V.M.Belyayev tahriri ostida shashmaqomning 5 jildini nashr ettirdilar („Shashmaqom“, M., 1950—67). Oʻzbekistonda shashmaqom ni Yunus Rajabiy oʻzi va boshqalar sozanda va xonandalar ijrosidan yozib olib, ikki marta — „Oʻzbek xalq musiqasi“ (V j., T., 1959) va „Shashmaqom“ (I—VI j. lar, T., 1966—75) nomi bilan nashr ettirdi. Toshkent konservatoriyasida „Sharq musiqasi“ kafedrasi (1972 yil), u asosda „Musiqiy sharqshunoslik“ va „Anʼanaviy ijrochilik“ (1992 yildan) kafedralari orqali shashmaqomni ilmiy oʻrganish va amaliy oʻzlashtirish oliy, oʻrta maxsus hamda boshlangʻich taʼlim bosqichlarida yoʻlga qoʻyildi. 1983 yildan boshlab maqom ijrochilarining respublika tanlovi (1991 yildan Yu.Rajabiy nomida) muntazam oʻtkazib kelinmoqda.

Oʻzbek xalqi musiqa boyliklari asosida yuzaga kelgan shashmaqom, oʻz navbatida, zamonaviy musiqa sanʼati rivojlanishiga samarali taʼsir koʻrsatdi. Oʻzbekiston bastakorlari va kompozitorlari oʻz ijodida shashmaqomdan keng koʻlamda foydalanishni davom ettirmoqdalar. Bulardan M.Ashrafiy, M.Burhonov, K.Jabborov, T.Jalilov, D.Zokirov, S.Kalonov, Y.Rajabiy, T.Sodiqov, Fahr.Sodiqov, M.Tojiyev, O.Hotamov va boshqalar yaratgan ashula, romans, xor, simfoniya va opera asarlarida maqomlar salohiyatini oshirishda salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritishgan. „Oʻzbektelefilm“ studiyasi tomonidan „Shashmaqom“ filmi suratga olingan (1972, rejissor T.Akromov).

Hozirgi davrda Oʻzbekiston boʻylab shashmaqomni ijro etishga ixtisoslashgan Maqom ansambli kabi professional ansambllar, havaskor badiiy jamoalar maqomlarni ijodiy oʻzlashtirish hamda targʻib etish borasida samarali faoliyat koʻrsatmoqda.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Rajabov I., Maqomlar masalasiga doir, Toshkent, 1963.
  • Ibrohimov O., Maqom va makon, Toshkent, 1996.
  • Matyoqubov O., Maqomot, Toshkent, 2004.
  • Rajabov, Ishoq; Yunusov, Ravshan; Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasi. 2004.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]