Soqiynoma

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Soqiynoma (soqiy va noma) — 1) Sharq mumtoz adabiyotida masnaviy shaklidagi lirik janr. Odatda, har bir bandi bevosita soqiyga murojaat sifatida boshlanib, keyin shoirning kechinmalari tasvirlangan. S. rasman marhumlar xotirasiga bagʻishlansada, unda shoirning falsafiy, ijtimoiy va axloqiy qarashlari ham oʻziga xos lirik tarzda aks etgan. Fors tilidagi dastlabki S.lar Nizomiy ("Layli va Majnun" debochasida), Salmon, Hofiz qalamiga mansub. Oʻzbek adabiyoti tarixida bu janrni Alisher Navoiy asoslagan. Navoiyning "Xazoyin ul-maoniy" asaridagi 32 band (458 bayt)dan iborat S.si qoʻyilgan masalalarning kengligi, aniq tarixiy sharoit va voqealar bilan bevosita bogʻlanganligi jihatidan ajralib turadi. Bu asar oʻziga xos izchil uslubga ega. Unda Navoiyning shaxsiy turmushi bilan bogʻliq detallar hamda shoirning oʻz davri va zamondoshlariga bergan bahosi poetik ifodasini topgan. Navoiydan keyin fors, tojik va turkiy tillarda (Fuzuliy, Surush va boshqa tomonidan) bir necha S. yaratilgan; 2) yengil va jonli surʼatdagi mashhur doira usuli (bakabakabumbum); mazkur usulda aytiladigan ashula yoʻllari nomi. Shashmaqomning Savt va Moʻgʻulchalar shoʻbalari tarkibida boʻlib, ular nomi bilan qoʻshib ataladi. Mas, Si Savti Sarvinoz (Buzruk maqomida), S.i Savti Kalon, Si Savti Sabo (Rostda). Dastlab S. janridagi sheʼrlar bilan, keyinchalik vazn jihatdan mos keladigan boshqa gʻazallar bilan ham ijro etilgan. S. yoʻllari raqsga joʻrnavoz sifatida ham aytilgan.