Miniatyura

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Miniatyura (frans. miniature; lot. minium — qizil boʻyoq) — badiiy usullari oʻta nafis boʻlgan kichik hajmli (moʻʼjaz) tasviriy sanat asarlari. Oʻrta asr qoʻlyozmalarini ziynatlash uchun yaratilgan nafis moʻʼjaz rasmlar, shuningdek, suyak, pergament, magʻzi soxta (toshqogʻoz), metall, chinni, baʼzan maishiy buyumlar (tamakidon, soat, uzuk va boshqalar)ga ishlangan kichik hajmdagi rangtasvirga ham M. atamasi qoʻllanadi (q. Lokli miniatyura).

Badiiy M.ning kitob va portret M.si kabi sohalari keng tarqalgan. Kitob M.sida rasmlar rangli qilib tempera, guash, yelim, akvarel va boshqa boʻyoqdar bilan qoʻlda bevosita qoʻlyozma kitoblar varakdariga ishlanib, undagi naqshlar (sarlavqa, unvon, lavha va boshqalar) shu kitoblarning bezaklari bilan uygʻunlashgan. M. qad.dan maʼlum boʻlgan. Qad. Misr papiruslariga xira boʻyoklar bilan peroda rasmlar tekis yuzali qilib rangtasvir usulida ishlangan. Soʻnggi antik M.lar (4—6-asrlar) shakllar va nurhavo holati toʻgʻri berilganligi bilan diqqatga sazovor. Bu usul Vizantiya M.si (asosan, diniy qoʻlyozmalar)da 10-asrgacha hukm surgan. M.gaxalq ijodiyoti xususiyatlari kirib bordi. 13— 15-asrlar gotika M.sida naturani haqqoniy ifodalashga intilish kuchaydi, rasmlar matn bilan izoxlandi, shakllar jonlandi, manzara, interyer, meʼmoriy hoshiyalarga keng oʻrin berildi. Fransiyada yirik M. ustalaridan A. Bonevyo, Jakmar d’Eden va boshqa samarali ijod qildi. Oʻrta asrlar gʻarb M.si mahalliy maktablarning kupliga bilan ajralib turadi. Armaniston (6— 7-asrlar), Gruziya (9—10-asrlar), Rossiya (P-asr)da M. rivojlandi.

Oʻrta asrlarda Sharkda M.ning oʻziga xos maktablari shakllangan (q. Kitobat sanʼati). Arab M.sida bir qator maktablar ajralib turadi: Misr, Suriya, Iroq; Afgʻoniston, Oʻrta Osiyo, Ozarbayjon, Eron, Hindiston qoʻlyozma kitoblarining barcha bezaklari oʻzaro uygʻunlikda bogʻlangan; chiziqli ritm, manzara, ranglarning nozik uygʻunligi ularning bezak tuzilishini belgiladi.

M. qoʻlyozma kitoblarning moʻʼjaz rasmlari va alohida ishlangan rasmlar sifatida 12—19-asrlarda Sharkda keng tarqalgan. Avval ilmiy qoʻlyozmalar (mas, tabobatga oid Dioskoridning "Dorilar" risolasining arab tiliga tarjimasi, Abu Rayhon Beruniyning "Osar ulboqiya" — "Oʻtmishdan qolgan yodgorliklar", Qazviniyning "Nujum" — "Yulduzlar" va boshqalar), keyinchalik badiiy asarlar (Haririyning "Maqomot", "Kalila va Dimna", "Tarixi Tabariy" kabi asarlar)ga rasmlar ishlangan. Badiiy adabiyot, asosan, epik sheʼriyat — masnaviy, dostonlar (jumladan, Firdavsiyning "Shohnoma". Nizomiy, Xusrav Dexdaviy, Alisher Navoiylarning "Hamsa"lari, Jomiy, Saʼdiy, Hofiz Sheroziy va boshqalarning asarlari) qoʻlyozmalarini ziynatlash uchun yaratilgan M.lar alohida turkumni tashkil qiladi. Buyuk musavvir sifatida Sharkda Moniydan soʻng Juna-id Bagʻdodiy, Xoja Abdulhay, Mahmud Siyohqalam, Gʻiyosiddin Naqqosh, Mirak Naqqosh, Kamoliddin Behzod, Qosim Ali, Mahmud Muzahhib, Abdulla Musavvir, Basavan, Rizoyi Abbosiy va boshqalarning nomlari mashhur. Temuriylar davrida alohida varaqlarga M. ishlash va ulardan muraqqa tuzish anʼ-anaga aylangan, alohida shaxslar tasviri (portreti)ni ishlash taraqqiy etgan, xususan, Hindistonda Boburiylar davrida yuksak darajaga koʻtarilgan.

14-asr oxirida Samarqandda Samarqand miniatyura maktabi shakllangan, keyinchalik u Hirot miniatyura maktabinmng shakllanishiga taʼsir koʻrsatgan; Amir Temur qurgan bogʻlardagi koʻshklar ham devoriy rasmlar bilan bezatilgan. Temuriylar saroylarida alohida kltobxonalar tashkil etilib, u yerda mohir xattot va kitobat axdi, jumladan, musavvirlar ham fa-oliyat koʻrsatgan (mas, Mirzo Boysun-gʻur kutubxonasida qirkdan ziyod xattot, yetmishdan ortiq musavvirlar ijod qilgani maʼlum). Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy davrida ham kitobat sanʼati va M. taraqqiyotiga katta eʼtibor berilgan. Temuriylar, Shayboniylar, Boburiylar davri M. asarlari jahonning eng nufuzli muzey, kutubxona va shaxsiy toʻplamlarida saqlanadi.

Portret M.si rassomlik sanʼatining alohida turi sifatida Uygʻonish davrida shakllangan, usul va uslub jihatidan kitob M.si bilan, shuningdek, realistik sanʼatning umumiy taraqqiyoti bilan uzviy bogʻlangan.

Germaniya, Angliyada M. asarlari portret va ruhiy holatning aniqligi va boyitilganligi bilan ajralib turadi (Kichik X. Xolbeyn va uning shogirdlari). 16-asrda Fransiyada emal usulidagi M. rivojlangan. 18-asrdan Rossiyaga keng tarqaldi, italyan R. Karryera fil suyagiga rangli zaminda guash bilan rangtasvir ishlash usulini kiritdi, akvarel M.si yuksak choʻqqiga koʻtarilgan. Yevropada 17—18-asrlarga kelib M. oʻrnini gravyura egalladi, litografiya rivojlandi. 19-asrdan fotografiyaning tarqalishi tufayli portret M.si yaratish susaydi.

Oʻzbekiston hududida 20-asr boshlariga kelib M. sanʼatining rivoji toʻxtab qoldi. Us t a Moʻmin, A. Siddiqiy, G. Nikitin, Ch. Ahmarov, T. Muhamedov kabi rassomlar ijodida M. anʼanalari kuzatiladi. 70—80-yillarda M. anʼanalarini tiklashga urinishlar boʻldi. M.ning haqiqiy taraqqiyoti Oʻzbekiston mustaqilligidan soʻng amalga oshdi. Ch. Ahmarov M. sanʼati anʼanalarini oʻz ijodida davom ettirdi, uni yangicha mazmun, gʻoyalar bilan boyitdi. Uning shogirdlari ustozining ishlarini davom ettirib, M.ni yangi bosqichga koʻtardilar; M. lokli M., qogʻoz, mato, teri, charmdagi M.ni va devoriy ish> larni qamrab olib keng koʻlamli badiiy uslubiy yoʻnalishga aylandi. Hozirgi kunda M. rivoji 3 yoʻnalishda — aynan qoʻlyozma (kitob) rasmlari (T. Muhamedov, Sh. Muhamadjonov, M. Salimov va boshqalar), lokli M. (N. Xolmatov, A. Yoʻldoshev, Sh. Shoahmedov va boshqalar) hamda M. uslubida devoriy rasmlar yaratish (T. Boltaboyev, H. Nazirov, Gʻ. Kamolov — Kamoliddin Behzod nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofotining birinchi sovrindorlari va boshqalar) boʻyicha ijodiy izlanishlar olib borilmoqda. Miniatyurachi rassomlar "Us to" va "Musavvir" ijodiy uyushmalarida fa-oliyat koʻrsatmoqdalar. Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutida, Respublika rassomlik kollejida miniatyurachi rassomlar tayyorlanadi.

Temuriylar tarixi davlat muzeyi zallari, Angren ishlab chikarish birlashmasi klubi binosi devorlari ("Ulugʻbek akademiyasi" nomli) va boshqa M. uslubidagi rasmlar bilan bezatilgan.

Adabiyot[tahrir]

  • Norqulov N., Nizomiddinov N., Miniatyura tarixidan lavhalar, T., 1970; Alisher Navoiy asarlariga ishlangan rasmlar, T., 1982; Sharq miniatyura maktablari, T., 1989; Oriental miniatures 14th—17th centuries, Tashkent, 2001.

Abdumajid Madrahimov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil