Sheʼr

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sheʼr (arabcha: shuur – sezgi) – fikrning his-tuygʻuga qorishiq ifodasi sifatida vujudga kelgan, hayajonli sheʼriy nutq bilan ifoda etilgan, maʼlum ichki ohangga ega badiiy asar. „Sheʼr“ atamasi oʻrniga baʼzan „nazm“ soʻzi ham qoʻllanadi. U badiiy adabiyotning qadimiy turi boʻlib, insoniyat eng birinchi badiiy asarlarni shahrida yaratgan. Rivoyat qilishlaricha, birinchi shahrini bevaqt oʻldirilgan oʻgʻli Hobilning dardida kuygan Odam alayhissalom yaratgan ekan. Shuning uchun ham unda, deyarli hamisha, muallifning oniy kayfiyati, lahzalik porloq kechinmalari ustuvorlik qiladi. Shahrida fikrning kutilmagan va sezimlarga kuchli taʼsir koʻrsatadigan yoʻsinda ifodalanishiga eʼtibor qilinadi. Shu bois ham har bir shahridan oʻta muhim ijtimoiy gʻoya ifodasini kutish maqsadga muvofiq emas. Ularda tuygʻular poʻrtanasi qudratli, sezimlar miqyosi keng va taʼsirchanlik, yuqumlilik darajasi yuqori boʻlishi muhimdir. Shahrining uzoq yashashini taʼminlaydigan asosiy omillar: tuygʻular samimiyati va ifoda tabiiyligidir.

Zamonaviy oʻzbek adabiyotida „Sheʼr“ atamasi maʼnosini erkinroq tushunish, oldingi shakliy qoliplarni oʻzgartirgan holda yangi poetik kashfiyotlar qilishga intilish tamoyili kuchli. Shuning uchun ham oʻzbek nazmida „oq sheʼr“, „sochma sheʼr“, „nasriy sheʼr“, „tasbih“, „uchchanoq“ singari sheʼr shakllari paydo boʻlmoqda. shahrining qofiya, tinish belgilari va grammatik qoidalar iskanjasida qolishini istamayotgan bir qator shoirlar qofiyasiz, grammatik qoidalar va tinish belgilariga rioya etilmay yozilgan sheʼrlar yaratmoqdalar. Sheʼrning eng kichik koʻrinishi mumtoz adabiyotda 1 baytdangina iborat boʻlsa (fard), oʻzbek folklorida 4 qatorni tashkil etadi (toʻrtlik). Bir misradan iborat sheʼr yaratishga ham urinishlar boʻlgan (rus sheʼriyatida „monostix“ – bir sheʼr deb nomlangan).

Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodida sheʼrlar asosan, kuylash uchun yaratilganligi uchun „qoʻshiq“ deb atalgan. Ogʻzaki sheʼr qatʼiy shakliy-mundarijaviy qoliplarga tushmaydi va yoʻnalishiga koʻra mavsum, marosim, sevgi qoʻshiqlari kabi turlarga ajratiladi. Mumtoz sheʼrlar qofiyalanish va banddagi misralarning miqdoriga koʻra maxsus janrlarga boʻlingan. Agar Sh. bandi 2 misradan iborat boʻlsa – masnaviy, 3 misradan iborat boʻlsa – musallas, har bir band 4 misradan tashkil topsa – murabbaʼ, 5 qatorli bandlardan tashkil etilsa – muxammas, bandlari 6 satrdan tashkil topsa – musaddas, 7 misrali bandlardan iborat boʻlsa – musabbaʼ, 8 misrali bandlardan tashkil topsa – musamman, 9 qatorli bandlardan iborati – tasneʼ (mustasneʼ), 10 qatorli bandlardan iborat poetik asarlar muashshar (mashruʼ) deyilgan.

Hozirgi oʻzbek shoirlari turlicha bandlardan tashkil topadigan anʼanaviy barmoq vaznining turli poetik kombinatsiyalaridan tashqari, jahon sheʼriyati tajribasidan oʻzlashtirilgan sonet, romans, xoyku, tanka, elegiya, barokko, rondel va boshqalar janrlarda sheʼrlar yaratishmoqda va ularda oʻzbeklarga xos milliy tuygʻularni taʼsirli ifodalashga erishmoqdalar.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Toʻychiyev U., Oʻzbek sovet poeziyasida barmoq vazni, T., 1966;
  • Kojinov V., Kak pishut stixi, M., 1970;
  • Teoriya stixa, L., 1975;
  • Teoriya metaform, M., 1980;
  • Lapasov J., Badiiy matn va lisoniy tahdil, T., 1995;
  • Fitrat, Adabiyot qoidalari, T., 1996;
  • Boboyev T., Sheʼr ilmi taʼlimi, T., 1996;
  • Hojiahmedov A., Sheʼriy sanʼat va mumtoz qofiya, T., 1998;
  • Quronov D., Adabiyotshunoslikka kirish, Andijon, 2002.
  • Qozoqboy Yoʻldoshev. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000.