Navroʻz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navroʻz
Navroʻz
Nishonlovchilar Eron, Afgʻoniston, Iroq, Suriya, Ozarbayjon, Bahrain, Livan, Pokiston, Hindiston, Tojikiston, Turkiya, Albaniya, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va boshqa yerdagi fors va turkiy millatlar.
Turi Xalqaro
Ahamiyati Yangi yilning birinchi kuni, bahor bayrami
Sana 21-mart (baʼzi xalqlarda 22-mart)

Navroʻz (forscha نوروز — „yangi kun“) — bahor bayrami, hamda fors va turkiy xalqlarida yangi yilning birinchi kuni. „Navroʻz“ soʻzi forschadan tarjima qilinganda, „yangi kun“ maʼnosini beradi. Eron, shuningdek, Markaziy Osiyo va Kavkazda navroʻz 21-mart kuni, Qozogʻistonda esa, 22-martda nishonlanadi.

Navroʻz Shimoliy yarimsharda bahorning boshlanishi sifatida, kecha-kunduz tenglashgan kunda (martning 20, 21 va yoki 22-da) boshlanadi. Baʼzi xalqlar bahor faslining kelishini tabiatning uygʻonishi bilan bogʻlaydilar, shu munosabat bilan bayramlar oʻtkazishadi, uni yangi yilning boshlanishidek bayram qiladilar. Qadim zamonlardan boshlab Ozarbayjon, Oʻzbekiston, Eron, Afgʻonıston, Tojikiston va yana koʻplab sharqiy oʻlkalarda bahorning — yangi yilning kelishini bayramlar bilan qarshi olishadi. Martning 21-sanasi Eron va Afgʻonistonda rasmiy taqvimning dastlabki birinchi kuni hisoblanadi.

2009-yil 30-sentyabda  Navroʻz UNESCO tarafidan nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan, 2010-yil 23-fevralda esa BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasida 21-mart „Xalqaro Navroʻz Kuni“ deb eʼlon qilindi. Hali ham bu bayram xalqlar oʻrtasida keng koʻlamda davom etib kelmoqda.

Bayramning umumiy tasviri[tahrir | manbasini tahrirlash]

Navroʻz qadimiyligi, keng geografik qamrovi va uni nishonlash vaqtidagi turli davrlari sababli, nomoddiy madaniy merosning xilma-xil hususiyatlarini oʻz ichiga oladi. U „Navroʻzi Jamshid“ini anglatgan Eronning afsonaviy shohi Jamshid va shu kabi afsonalarga asoslangan koʻpgina madaniy shakl va tasvirlardan tashkil topgan.

Shunga oʻxshash afsona hind mifologiyasida ham mavjuddir, bundan tashqari „Boʻzqurt“ nomli turk afsonasida, „Ammo Navroʻz“ Eron afsonasida, Afgʻoniston va Oʻrta Osiyo mamlakatlari afsonalarida Nanex Novrouz Amoo Novrouzni kutadi, lekin yangi yil kirib kelganida uxlab qoladi. Amoo Novrouz u uxlab ѐtganida kelib ketadi. Bu voqea har yili takrorlanaveradi. Bu afsonalar eskirgandek tuyulsa ham, ular bugungi kunda madaniyatimizda uchrab turadi. Ertaklar, epik sheʼrlar, „Navroʻz sheʼrlari“ deb nomlanadigan mumtoz sheʼrlar bilan birga, bugungi kunda Navroʻz marosimidan oldin va keyin kitob, jurnal, internetda chop etilgan shoirlar va radio, televidenieda yangraydigan musiqa: qadimgi va mumtoz Eron musiqasida maxsus kuylar va qoʻshiqlar mavjud boʻlib, ular „Naz-e Novrouz“, „Yaad-e Novrouz“, „Novrouz-e Xordak“, „Novrouz-e Xara“ i „Novrouz-e Saba“ deb nomlanadi. Usmonli turk imperiyasida ham shunga oʻxshash kuy va musiqalar yang- ragan. Boshqa Navroʻzlarda bu marosimga aloqador koʻpgina kuy va musiqalar mavjud. „Navroʻz“, „Muborakbod“, „Shohmoylar“, „Sumalak“, „Boychechak“, „Binafsha“ kabi folʼklor ashulalalari Oʻzbekistonda bugungi kunda ham mashhur. Hozirda mahalliy, milliy va hatto millatlararo konsertlarda kuylanadigan Navroʻz kuy-qoʻshiqlari mavjud. Bundan tashqari, „Mulla Mamajon“ afgʻon qoʻshigʻi juda mashhur boʻlib, Mozori Sharifda, Eron, Tojikistonda ham kuylanadi.

Barcha Navroʻzlarda mahalliy va anʼanaviy raqslar mavjud boʻlib, ular etnik guruhlar tomonidan ijro etiladi, Ozarbayjon va oʻzbek raqslari kerakli maromda ijro etiladi va madaniy hamda lingvistik koʻrinish — maxsus folklor koʻrinishlarida uygʻunlashgan. Bular orasida „Xan Bazi“ va „Kusex Galin“ Eronda, „Kusa Kusa Xani“ Ozarbayjon va Turkiyada hamda „Bahor Xonim“, „Navroʻz bobo“, „Dehqon bobo“, „Nasriddin“ Oʻzbekistonda, „Aspak bozi“ (masxaraboz), „Laklak bozi“ Qirgʻizistonda, uloq, otchopar, koʻpkari, kurash, qoʻchqorlar, xoʻrozlar jangi va boshqalar. Tajriba, bilim va hunar, shuningdek, uy jihozlarini yangilash, bolalar uchun oʻyinchoqlar yasash, qimmatli tosh va metallardan yasalgan zargarlik buyumlari, ayniqsa yosh kelinlar uchun bezaklar,zeb-ziynat mahsulotlari bayram nishonlanishning turli bosqichlarida qoʻllaniladi. Umuman olganda, bayram marosimlarida ushbu odatlar umumiy qiymatga va boy madaniy xilma- xillik koʻrinishidagi oʻziga xoslikka ega.

Sanalarni belgilash asosan qadimiy astronomik taʼlimot asosida hisoblanadi. Oʻrta asrlarda yilnoma asosan Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshgʻariy va Umar Xayyom kabi mashhur olimlar tomonidan tasdiqlangan va toʻgʻrilangan.

Har bir oila va jamiyatda nishonlanadigan koʻpgina marosim, anʼana va madaniy hodisalar mavjud. Bayramning eng muhim vazifalaridan biri bu ommaviy yigʻinlar boʻlib, u yerda madaniy almashinuv va tadbirlar marosimlarga qoʻshib oʻtkaziladi. Suv va olov bilan bogʻliq maxsus ommaviy marosimlar bunga misol boʻla oladi.

Masalan, Eronda aholi „Charshanbeh Suri“ yoki „Charshanbeh-e Otash“ deb nomlanadigan yilning soʻnggi chorshanba kuni, buloq yoki olov ustidan sakrashadi. Ozarbayjonda ketma-ket keladigan yilning soʻnggi toʻrt chorshanbasi mashhur boʻlib, ular „Charshanbeh Ob (suv)“, „Charshanbeh Bod (shamol)“, „Charshanbeh Xok (er)“ va „Charshanbeh Otash (olov)“ deb nomlanadi, bu paytda odamlar olov atrofida yurib, anʼanaviy qoʻshiqlar aytadilar va yoxud olov yoki suv atrofida raqsga tushadilar.

Kurd va zardoʻshtlar, Turkiya va Oʻrta Osiѐ mamlakatlari xalqlari orasida Navroʻz arafasida olov bilan bogʻliq marosimlar mavjud. Masalan, Qirgʻiziston Respublikasida odamlar qarzlarini toʻlaydilar, uylarini yigʻishtiradilar, qoʻshnilari bilan urishib qolgan boʻlsa yarashib, ularni kechiradilar. Toʻkin-sochinlik, hosildorlik va yomgʻir timsoli sifatida barcha idishlarni sut, qatiq, bugʻdoy va bahorgi suv bilan toʻldiradilar. Qariyalarning aytishlaricha, bu insonlardan turli xil kasalliklar va omadsizliklarni ketkazadi.

Koʻpgina qishloq va qabilalarda yilning soʻnggi chorshanbasi va Navroʻz arafasida uy bekalari va qizlar uylari yaqindagi chashma, buloq yoki quduqdan suv keltirishadi.

Bayramning birinchi soatlari oila-oila boʻlib keksalarni, qoʻshnilarni, yordamga muhtoj oilalarni va nogironlarni yoʻqlash bilan boshlanadi. Mehmondorchilik chogʻida odamlar bir- biriga sovgʻalar ulashadi, ayniqsa, yosh bolalar va kelin-kuyovlar- ga sovgʻa ulashish odat boʻlgan. Bayram oʻyin va tomoshalar bilan davom etadi, Eronda mahalliy kurash, poyga, „Bandbozi“ (dorda yurish), Afgʻoniston va Oʻrta Osiyo mamlakatlarida chavandoz buzoq boshini eslatadigan buyumni tutishga harakat qiladigan „Buz kashi“ oʻyini keng tarqalgan va bu oʻyinlar bir necha kun davom etadi. Qirgʻiziston Respublikasida oʻtkaziladigan oʻyinlar haqida alohida toʻxtalish kerak: Ot Charbish (poyga), Qiz Kumay (otda qiz ortidan quvish), Kok Noru yoki Uloq Tortish (echki tutish), Enish (ot ustida kurash), Kurash (anʼanaviy kurash) va Jambu Atuu (otda kumush boʻlakka oʻq otish) va oʻsmirlar va bolalar uchun oʻtkaziladigan maxsus oʻyin „Ak Cholmok“. Oʻtganlar haqiga noz-neʼmatlar keltirib, ularning qabrlarida sham qoʻyishadi. Ozarbayjonda Navroʻz nishonlashning ikkinchi kuni erkaklar oʻtganlarning haqiga duo oʻqiydi va bu „Otalar kuni“ deb nomlanadi. Qozogʻistonda bayram arafasida odamlar eshik oldiga ikkita yoqilgan sham olib keladi.

Ikkita asosiy va muqaddas taom mavjud boʻlib, birinchisi Navroʻzda yoki uning arafasida tushlik, ikkinchisi Navroʻzda peshin taomi. Taom qaynatilgan guruch va sabzavot, tovuq goʻshti, bugʻdoy ugrasi va baliq kabi masalliqlardan iborat boʻlib, ular odamlar yashayotgan hududga qarab qoʻshiladi.

Qirgʻizistonda bayram tushligidan soʻng odamlar koʻchaga saylga chiqib bayramni nishonlaydilar. Kichik shahar va qishloqlarda qurbonlikka keltirilgan buqadan Nooruz Kedji yoki Chon Kedji (shoʻrva) tayyorlash uchun maxsus joylar tanlanadi. Bu qadimiy taom goʻsht, yogʻ, guruch, noʻxot, arpa, bugʻdoy, joʻxori, soʻli uni, tariq, kartoshka va ziravorlardan tayyorlanadi.

Shuni taʼkidlash joizki, Qirgʻiziston Respublikasida yarim muqaddas taomlar oilaviy bayram tushliklarida tortilib, jamoaviy marosimlarda tortilmaydi.

Bayramning eng muhim nishonalaridan biri bu dasturxon boʻlib, unga ramziy buyumlarga mos taomlar qoʻyiladi. Buyumlar tozalik, nur, tinchlik va boylikni anglatadi. „Sofrex“ yoki Eronda „Sofrex-ye haft Sin“ deb nomlanadigan stol, poklik belgisi suv, yorugʻlik belgisi sifatida sham yoki fonus, oʻsimliklar belgisi sifatida „Sabzex“ yoki „koʻkatlardan tayyorlangan taom“, Eronda „Samanu“, Qirgʻizistonda va Oʻzbekistonda „Sumalak“, Turkmanistonda „Samani“, Tojikistonda „Somoluk“lardan tuziladi.

Qirgʻiziston Respublikasida Navroʻz bayramini nishonlashning asosiy anʼanalaridan biri bu uylarini, odamlarni va mol-mulkini tozalash uchun uylarga qora archa hidini taratish (Alastau) yoki „Adirashman“ (ignabargli daraxt bilan), Eronda esa yovvoyi ruta bilan taratish odat boʻlgan.

Bayramning asosiy elementlari musiqa, raqs, ogʻzaki nutq hamda adabiyot, hunarmandchilik va rassomchilik (asosan miniatyura sanʼati)dan tashkil topadi. Turli xil hunarmandlar oʻz qoʻllari bilan bezaklar, bolalar uchun oʻyinchoqlar yasab berishadi. Bu oʻyinchoqlardagi bezaklar, sheʼriyatdagi asosiy mazmun, musiqa va raqslardagi badiiy maʼno, rasmlardagi asosiy mazmun Navroʻz bayramida bahorni kelishi va tabiatning yangilanishini aks ettirgan. Misol uchun, Qirgʻiziston Respublikasida Akayn — koʻcha sanʼatkorlarining chiqishlarida Yangi yilni olqishlash maʼnosi koʻtarilgan. Bundan tashqari akaynlar afsonaviy voqealarni koʻrsatib namoyishlar qoʻyishgan. Shuningdek, Oʻzbekstonda ham Navroʻzni sharaflash qoʻshiqlari folʼklor sanʼatkorlar baxshi, shoir va dostonchilar repertuaridan ham joy olgan. Navroʻzga bagʻishlangan ayrim epik afsonalar shu kungacha saqlanib qolgan (Xorazm, Surxondarѐ, Qashqadarѐ, Samarqand). Anʼanaviy musiqaning rivojlanishiga diniy marosim ohangi ham oʻziga xos hissa qoʻshgan, bular Buxoroning „Shashmaqom“, „Xorazm maqomlari“ va „Fargʻona — Toshkent maqomlari“ kabi cholgʻu va yakkaxon maqom siklini yaratishga asos boʻlgan.[1]

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tarixiy manbalarda keltirilishicha va olimlarimiz fikriga koʻra, Navroʻzning shakllanish davri — eng qadimgi zamonlardan „zardushtiylik“ning paydo boʻlishigacha davom etgan asrlarni oʻz ichiga oladi.

Oʻzbek xalqining allomalaridan biri Abu Rayhon Beruniy „Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar“ kitobida Quyosh yili hisobida yilning birinchi oyi deb sanalgan Farvardin oyi toʻgʻrisida soʻzlab: "Bu oyning birinchi kuni Navroʻzdir, — deydi. — Navroʻz yilning birinchi kuni boʻlib, uning forscha nomi ham shu maʼnoni anglatarkan. Navroʻz eronliklar „zij“lari boʻyicha oʻtmish zamonlarda, ular yillarini kabisali qilgan vaqtlarida Quyoshning Saraton burjiga kirish paytiga toʻgʻri kelar edi. Soʻngra u orqaga surilgach, bahorga keladigan boʻldi. Endi u butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, yaʼni bahor yomgʻirining birinchi tomchisi tushishidan, gullar ochilgan, daraxtlar gullashidan mevalari yetilguncha, oʻsimlik unib chiqa boshlashdan takomillashguncha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun Navroʻz olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan" deya izohlaydi.

Qadim-qadimdan Navroʻz xolis niyatli kishilarning sevimli ayyomi boʻlib kelgan. Oʻsha kunlarda hatto urush-janjallar ham toʻxtalgan, gina-qudratlar kechirib yuborilgan. Shohlar el ichidan eng munosib kishilarni taqdirlashgan, ayrim mahbuslarning gunohidan oʻtishgan.

Bahor va yangi ayyom har bir yurakdan muhim joy olgan quvonchli damlarda koʻpchilikning „Navroʻz qaerda va qachon paydo boʻlgan ekan?“ — degan savoliga „Saodat“ jurnalida eʼlon qilingan „Onaqutining saxovati“ maqolasida bunga asosli javob berilgan. Unda jumladan: "Dunyoga ilk alifboni bergan buyuk allomalarning vatani boʻlgan, dunyoviy fanlarga asos solgan Xorazm yurti qadimda, hatto eramizdan avvalgi minginchi yillarda Xvayrazam deb atalgan. Keyingi yillarda olib borilgan arxeologik va etnografik izlanishlar Navroʻz bayrami ilk bor xuddi shu zaminda Niso (yaʼni, ayol shahri poytaxti boʻlmish Parfiyona) grek va Ovrupa faylasuflari asarlarida Parfiyada nishonlanganini ashyoviy topilmalar tasdiqladi. Bunga Burgut qalʻa, Jomboq qalʻa va Niso qoʻrgʻonlarida bunyod qilingan va shu kunlargacha saqlanib qolgan „olov uy“lari yaqqol misol boʻla oladi. Burgut qalʻa markazida moviy gumbazli maqbara boʻlgan. Maqbara mehrobida Onaqutining koʻtarilgan qoʻlida Zumrad tosh boʻlgan. Bahorgi teng kunlikda-shamsiy hisob bilan hamal oyining birinchi kuni, hozirgi taqvimimiz boʻyicha 22-martda maqbara gumbazidagi tuynukdan quyosh nuri Onaquti qoʻlidagi Zumrad toshiga tushib, sumalak pishirish uchun tayyor turgan qozonning oʻtxonasiga oʻt yoqqan", deyilgan.

Boshqa afsonalarga qaraganda, Odam Ato Momo Havo bilan uchrashgan kun Navroʻz deb tan olingan emish.

Firdavsiyniig „Shohnoma“sida yangi yil bayrami shoh Jamshid nomi bilan bogʻlanadi. Jumladan, Jamshid yurtga yaxshilik qilish maqsadida odamlarga kasb oʻrgatadi, temir eritib qurol yasatadi, ip yigirtirib kiyim toʻqitadi, imoratlar barpo qiladi, tabiblik sirlarini ochadi, kema yasaydi, bogʻ bunyod qiladi. Nihoyat, „ishlari gurkirab berganda meva“ bir kuni taxt yasatib, unda osmonga koʻtariladi. Ushbu afsonaga koʻra xuddi shu kuni Navroʻz nishonlangan.

Alisher Navoiy „Tarixi mulki ajam“ („Ajam shohlari tarixi“) asarida Jamshidning buyuk kashfiyotlari soʻngida ulugʻ Navroʻz ixtiro qilinganligini bayon qiladi. Navoiy yozishicha: "Jamshid „Chihil minor“ nomli odamzod koʻrmagan va aql bovar qilmaydigan baland bino qurib… „bu imorat tugandi, olam salomin va ashrov va ahbarin yigʻib, anda azim jashn qildi. Ul vaqtkim, quyosh nuqta eʼtiqodli rabiygʻa taqvil qilib erdi ul binoda taxt ustiga oʻltirib, adolat sayt va sadosin olamgʻa muntashir qildi va ul kunining otin navroʻz qoʻydi“.

Darhaqiqat, Navroʻzning qachon va qanday vujudga kelganligini aniq koʻrsatish qiyin boʻlsa-da, shuni aytish mumkinki, bu bayram dono kishilar tomonidan kashf qilingan. Chunki Navroʻzning dunyoga kelishi chuqur ilmiy asoslangan koinot va tabiat qonuniyatlari, yaʼni Quyoshning hamal burjiga kirishi, tun va kunning tenglashuvi, kunduzning uzaya boshlashi, tabiatda jonlanishning boshlanishi bilan bogʻliq boʻlgan. Bu esa (har qanday jamiyatda) yil boshi qachon kelishidan qatʼi nazar navroʻzni uygʻonish bayrami sifatida nishonlash uchun asos boʻlgan. Bundan tashqari, Navroʻzning chuqur ildizlariga murojaat qilsak, u eng qadimiy davrlarda — ibtidoiy odamlarning dehkonchilikka oʻtganidan soʻng dalalarda yangi ish mavsumi boshlanishidan oldin oʻtkazilgan bahor bayramlariga borib taqaladi.

Bugun mana yana elimizga Navroʻzi olam uz sepini yoymokda. Maʼlumki, xalqimiz istak-xohishlarini eʼtiborga olgan holda Yurtboshimiz tomonidan, 21-martni dam olish kuni deb eʼlon qilingan.

Navroʻz barcha viloyatlarning shaharu qishloqlarida, korxonalarida, ilm-fan dargohlarida oʻziga xos tarzda koʻtarinki kayfiyat va tashabbus ila oʻtkaziladi. Bayram kuni turli xil musobaqalar, qariyalar bilan muloqotlar boʻladi. Bahor koʻkatlaridan tayyorlangan nozu neʼmatlar tortiq etiladi. Barcha viloyatlarning eng isteʼdodli va yosh xonandalari xizmatda boʻladilar.

Elimizning murodu maqsadini kuylagan, yurtimizning oromu osoyishini oʻylagan, butun borliq muruvvat aylagan, bagʻriga benihoya ezgu muhabbat joylagan, yomonliklar yoʻlin boylagan, yaxshilikdan doston soʻylagan, barchani birday siylagan bayramdir bu.

"Bu bayramni bahori barobar kelguvchi, bir xil yigʻlab, bir xilda kulguvchi, muchal yilini bilguvchi, urfini hurmat qilguvchi talay elu elatlar, mazhablaru millatlar yangi yil deb nishonlaydilar. „Toʻqson“ning baxayr oʻtganini, yaʼni „koʻk“ka ogʻizlari etganini aytib, bir-biri bilan omon-omonlashadi".

Xavashyaliklarning aytishicha, Sulaymon podshohning uzugi yoʻqolgan kun podshohligi ham qoʻlidan ketgan. Qirq kundan keyin uzugi topilgach, podshohligi ham, ravnaqi ham qaytib kelgan. Podshohlar uning huzuriga toʻplanadilar. SHunda eronliklar „Navroʻz omad“, yangi kun keldi" deganlar. Natijada shu kun Navroʻz deb ataladi.

Hozir 21-martdan to 3-maygacha barcha kunlarni Navroʻz oyi deb bayram qilinadi. Bu kunlarda turli urf-odatlarni eslab, atrof-muhit tozalanadi, koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari avj oladi, har xil mevali va mevasiz ixota kuchatlari utkaziladi, gullar ekiladi, turli koʻkatlarni terib, vitaminli taomlar, bugʻdoy undirib, sumalaklar pishiriladi. Qarindosh-urugʻlarni yod olib ular holidan xabar olishga boriladi, ota-bobolarni, oʻtgan avlodlarni xotirlab, qabrlarini ziyorat qiladilar. Bemorlarni Navroʻz taomlari bilan yoʻqlab, koʻngil koʻtaradilar va shundan keyingi kunlardan dala, ishlariga kirishib ketadilar.

Musulmon davlatlari, jumladan, Markaziy Osiyo xalqlari Miloddan avvalgi III asrdayoq Navroʻz bayramini Yangi yil tariqasida keng nishonlaganlar.

Yangi yil — yilning birinchi kuni boʻlib, dunyodagi koʻpgina xalqlarning eng muhim bayramidir. Yangi yilni kutib olish va nishonlash turli davrlarga toʻgʻri kelgan. Masalan, bizda Navroʻz 21-mart kuni. Ovrupaliklar Yangi yilni 1-yanvarda, moʻgʻul va xitoyliklar Yangi yil-sagalganni fevralda nishonlar ekanlar.

Mutaxassislarning asoslangan fikrlariga koʻra, Quyosh ayni shu kuni hayotbaxsh nurlarini tik, yaʼni 90 daraja burchak hosil qilib, sayyoramizning qoq beliga — ekvatorga yoʻnaltiradi. Shu daqiqalarda bahorgi kecha-kunduz tenglashadi va 22-martdan boshlab Quyoshning tik yoʻnalgan nuri shimoliy tropik chizigʻi tomon harakatlanadi. Bu Navroʻzning ilk va qutlugʻ qadami boʻlib, tabiatning jonlanishi bilan kishilarning xoʻjalik faoliyati oʻrtasida uygʻunlik namoyon boʻladi. Jumladan, bobo dehqon ona erga mehr ishlov berishga kirishadi; tabiat oʻt-oʻlanlar, qir-adirlarni gilam singari yashil libosga boʻyaydi…

Navroʻz musulmon xalqlarining taqvimida mustahkam oʻrin olgan eng sara bayramlaridan biridir. U inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlikni anglatadigan noyob va ijtimoiy hamda tabiiy hodisadir. Lekin ayni paytda biz kutib olayotgan, yangi yilning birinchi kuni 1-yanvar toʻgʻrisida bunday fikrni aytish mumkin emas, chunki bu marosim taqvimda turgʻunsiz boʻlgan sunʼiy, yaʼni kishilarning xohish-irodasiga bogʻliq holda belgilangan sanadir.

Qadim-qadimdan xalqimiz Navroʻz arafasidan boshlaboq, rizq-roʻzimiz manbai ona erga alohida mehr bilan ishlov berib, urugʻ qadagan, mevali va mevasiz daraxtlar oʻtkazish marosimlari tashkil etilgan, xilma-xil tansiq taomlar, pishiriqlar tayyorlangan, turli musobaqalar, oʻyin-kulgular, sayillar va hokazolar boʻlib oʻtgan. Darhaqiqat, oʻz xalqiga qaytarilgan yangi yil — Navroʻz barchaga olam-olam quvonch keltirib, maʼnaviy oziq beradigan taqvimdagi muhrlangan qadimiy anʼanamizdir.

Yaqin tarix[tahrir | manbasini tahrirlash]

Navroʻz Sovet davrida Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa qismlarida ochiq nishonlanmagan. Bir necha ming yillik tarixga ega bu bayram Oʻzbekistonda ayniqsa 1980-yillarga kelib rasman taqiqlangani haqida maʼlumotlar bor. Bu davrga kelib, deydi yaqin tarixni sharhlayotgan ayrim mutaxassislar, Oʻzbekistonda milliylik tuygʻusi kuchaya boshlagan. Mustaqillikdan keyin esa Navroʻz davlat miqyosida keng nishonlanadigan bayramga aylandi. Dastlab madaniy ayyom sifatida koʻrilib, xalq sayli sifatida tantana qilingan Nazroʻz bugunga kelib ancha siyosiy-rasmiy tus olgan. Sovet davrida Navroʻzning taqiqlanishi ikki bosqichda kuzatilgan. "Avval 1920-yillarda „xudosizlar jamiyati“ni tuzish davrida, odamlarni dindan voz kechasan, deb majburlash paytida, Navroʻz ham taqiqlangan bayramlar qatoriga kirgan", — deydi tarixchi olim Fayzulla Isʼhoqov. 1985-86 yillarda esa Navroʻz asosan Oʻzbekistonda „xavfli anʼana“ sifatida koʻrilgan. Qayta qurish davrida kechgan bu taʼqiblar milliy uygʻonish davrini boshdan kechirayotgan oʻzbek ziyolilari oʻrtasida keng muhokama qilingan. Xalq hofizi Dadaxon Hasanning eslashicha, shu yillarda Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov Navroʻzni „Baxt va Bahor“ bayrami deb oʻzgartirish tashabbusi bilan chiqqan. "Oʻzbekiston Markaziy qoʻmitasining ideologiya boʻyicha kotibasi Raʼno Abdullayeva edi. U qoʻmita plenumida Navroʻzni diniy bayram deb tanqid qilgan. Abdulla Oripov esa bu baxt va bahor bayrami degan. Keyin men „Marhabo Navroʻzi olam“ degan qoshigʻimni aytib chiqqan edim", — deydi Dadaxon Hasan. 1980-90 yillardagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar ishtirokchisi boʻlgan oʻzbek ziyolilaridan biri Hayitboy Abdullayev fikricha, Navroʻzni taqiqlash oʻzbek kommunistlari tashabbusi edi. „Bu faqat Oʻzbekiston kompartiyasining qarori bilan taqiqlangan. Chunki qoʻshni Tojikiston va Qozogʻistonda Navroʻz bayram qilinayotgan edi“, — deydi u. Fayzulla Isʼhoqov fikricha esa Navroʻzni cheklash asosan Moskva buyrugʻi bilan amalga oshirilgan. „1986-yili shunday qaror qabul qilingan. Hozir koʻplar buning uchun Raʼno Abdullayevani ayblashadi. Lekin aslida bu Moskva tomonidan boshqarilgan. Bu ayolning aybi shuki, u bu tazyiqlarga qarshilik qila olmagan“, — deydi tarixchi olim.

"Ikkinchi Jahon Urushidan keyingi yillarda Navroʻzni „Qozon toʻldi“ deb ham atashgan. Oʻtroq turkiylar bu bayramda yetti xil ovqat qilishgan. Uni yangi yil sifatida kutishgan. Keyingi yilgacha qozonimiz toʻlib tursin degan maʼnoda. Ayrim joylarda lola bayrami sifatida nishonlangan", — deydi Hayitboy Abdullayev.

Navroʻz mustaqillikdan keyingi yillarda

1991-yildan keyin Navroʻz umumxalq bayrami darajasiga koʻtarildi.

Bayram bugun katta tayyorgarlik bilan qarshilanadi. Oʻzbekiston prezidenti har yili xalqni Navroʻz bilan rasman tabriklaydi.

Biroq, deydi sharhlovchilar, Navroʻz haligacha ham, tom maʼnoda xalq bayramiga aylanmagan. „Sovet davrida asosan 9-may, 1-may bayram qilinar edi. Milliy bayramlar yoʻq edi. Xalqimiz oʻsha qolipga tushib qolgan. Navroʻz kelganini ham konsert berilganiga qarab sezadi. Chunki sovetlar xalqimizni Navroʻz ruhidan uzib qoʻygan. Xalqimiz hamon shu izimdan chiqolmayapti“, — deydi hofiz Dadaxon Hasan.

Hayitboy Abdullayev fikricha esa Navroʻz toʻqchilik, toʻkin-sochinlik bayramidir. Xalq moliyaviy yetishmovchilikdan qiynalar ekan, Navroʻzga nisbatan munosabat ham shunga yarasha.

„Hozir bayramni milliy ruhga singdirish uchun harakat boʻlayapti. Masalan, avval kuzatilgan shanbaliklar tiklanayapti. Bu ham ehtimol pokizalikni saqlash uchun foydalidir. Lekin 4-5 ming kishiga osh berish bilan ish bitmaydi. Toʻqlik zamon boʻlsa, har bir kishi Navroʻzni oʻz xonadonida bayram qiladi“, — deydi Hayitboy Abdullayev.

Adabiyotshunos olim Naim Karimov nazarida tarix chigʻiriqlaridan qatʼiy nazar Navroʻz ruhi xalqni tark etmagan.

„Navroz bayrami tiklangach bildikki, u bilan bogʻliq qancha udumlarimiz bor ekan. Qancha qoʻshiqlar, qancha taomlar bor ekan. Hatto birgalikda joʻr boʻlib, aytiladigan qoʻshiqlarimiz bor ekan. Qabristonga borish, oʻtganlarni xotirlash kabi udumlari bor ekan“, — deydi u.

Navroʻz, ayrim dindorlar nazarida, islomga xos bayram emas. Shariatga toʻgʻri kelmaydi, deydi ular.

Bu munozaralar Oʻzbekistonda ochiq muhokama qilinmasa-da, ijtimoiy tarixdan xabarbor insonlar yuqoridagi talqinni tamonan rad etadi.

„Qadim zamonlarda Navroʻz ehtimol boshqa bir diniy tarixga ega boʻlgandir. Lekin vaqt oʻtishi bilan Navroʻz milliy anʼanaga aylandi. Navroz kuni quyosh bir kundan ikkinchi kunga oʻtadi. Burj tahlil qilinadi. Islom dunyosi bu haqiqatni tan oladi. Shariatda bunga qarshilik yoʻq. Aksincha hamisha hurmat qilib kelingan. Afsuski, mutaassib, fikr doirasi tor diniy oqimlar nafaqat Navroʻzni, balki boshqa anʼanalarni ham inkor etishi etishi mumkin“, — deydi islomshunos olimlardan biri.

Adabiyotsunos Naim Karimov deydiki Navroʻz xalq hayotida, qolaversa oʻzbek madaniyati va adabiyotida yangilanish timsoli sifatida oʻrin egallab boʻlgan.

Ozarbayjonda nishonlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ozarbayjonning pochta markası. Ozarbayjonlik ayol bayramona kiyimda

Ozarbayjonda  odatga koʻra Navroʻz bayramida qoʻyiladigan taomlar bahorning kelishidan, tabiatning jonlanishidan, uygʻonishidan darak beruvchi taomlardir. Ozarbayjon qishloq aholisi yil davomida moʻl-koʻlchilikni orzu qiladilar, bayramga toʻrt hafta qolganda har chorshanba oqshomi va bayram kuni olov yoqib, qoʻshiq („kun chiq!“ nagʻmasi va boshq.) aytish bilan olovga, quyoshga eʼtiqod va imon keltirishadi. Butun bu marosimlar Islomdan ancha avval mavjud boʻlgan qadimgi sharq anʼanalarining davomidir.

Chorshanbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

SSSR-ning pochta markası. Ozarbayjonda Navroʻz

Baʼzi qadimgi manbalarda aytilishicha, koinot 4 unsur-suv, havo, tuproq, olovdan iboratdir. Har yil 4 chorshanba Navroʻzdan, kun va tunning tenglashishidan avval nishonlanadi.Yaʼni inson suv, olov, havo, tuproq bilan bogʻliqdir.

  • Birinchi suv chorshanbasi deyiladi. Yaʼni bahorda daryolar daryoga tushib, muzli yerlar buloqqa aylanadi. Tuproq asta-sekin iliqlasha boshlaydi. Qızlar buloqlardan  shirin suv keltiradilar, uyning atrofiga sepadilar, yuzlarini yuvadilar.
  • İkkinchisi olov chorshanbasi deyiladi. Unga koʻra, bahorda quyosh asta-sekin tuproqni qizdiradi, insonni yaratmoq uchun tayyorlaydi. Olov chorshanbasida gulxanlar yoqiladi. Har bir oila aʼzosi uchun sham yoqiladi.
  • Uchinchisi  havo chorshanbasidir. Yaʼni shamol yerdagi daraxtlarni, gullarni silkitadi.
  • Toʻrtinchisi  tuproq chorshanbasidir. Tuproqni ona tabiat suv bilan ishlatdi, quyosh-la isitdi, insonni yaratmoq uchun hozirladi. Unga koʻra ilk bahor ekinini tuproq chorshanbasi kuni ekishni boshlagan. Keksa ayollar „bugʻdoyni, meni asra“ deb duo qiladilar.

Odatlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Odatga kora, dasturxonga „s“ harfi bilan boshlanadigan 7 yangi narsa qoʻyiladi

Navroʻz bayramida quyidagi odatlar bajariladi:

  • Shlyapa otmoq. Eshikka tashlangan shlyapani boʻsh qaytarmaslik.
  • Quloq tutishga chiqish. Agar yashirin tinglanayotgan uydan xush suhbatlar eshitilsa, bu orzularning amalga oshishiga ishoradir.
  • Olovda toblanmoq. Olovda toblanayotganda quyidagicha aytiladi: „Ogʻirligim oʻtda yonsin“.
  • Uzuk foliga qarash. Qizlar uzukni tutqichga bogʻlab suv toʻla stakanga soladilar.Uzuk stakanga necha marta tegsa qiz shu yoshida turmushga chiqadi.
  • Bugʻdoy yetishtirish. Bu bahorning kelishiga ishoradir.
  • Tuxum chaqishtirish. Oʻyinning natijasida taraflardan biri yutgan tarafning talablarini bajaradi.
  • Mehmonga bormoq. Navroʻzda qarindosh va tanishlarning uyiga mehmonga ketadilar, ularga Navroʻz sovgʻalari oboradilar.
  • Sham yondirmoq. Navroʻzda oilaning soni qadar sham yondiradilar.
  • Urishganlarning yarashishi. Navroʻzda hech kim arazlashib qolmasligi kerak. Butun urishganlar yarashadilar.
  • Yalla. Ozarbayjon xalqining qadim davrlaridan beri mavjud boʻlgan raqsidir. Buning maʼnosi insonlarning birligidir.
  • Xoʻroz urishtirmoq. Buning uchun maxsus xoʻrozlar boqiladi.
  • Navroʻz oʻyinları oʻynamoq. Masalan, enzeli.

Qadriyatlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Navroʻzda tinchlik va birdamlik, totuvlik va qoʻshnichilik kabi ulugʻ qadriyatlar ilgari surilgan. Misol uchun, oqsoqollar urishgan oilalarni yarashtirib oilalarni saqlab qolishgan. Tojikistonda munosabatlari buzilgan insonlar oqsoqollarning nasihatlarisiz oʻzlari yarashib ketishgan. Bu madaniy marosimlarda madaniy xilma-xillik va insonparvarlik, sogʻlom turmush tarzi va yashash sharoitini yanglish kabi odatlar avloddan-avlodga oʻtib kelmoqda. Bolalar ham Sofreh, yaʼni tuxumlarini boʻyash va bezash kabi udumlarda faol qatnashib kelishgan. Bu tuxumlar sovgʻa sifatida bolalarga tarqatilgan. Taqdim qilingan filʼmda ham, bu shuni bildiradiki, tuxumlarni boʻyash asosan bolalar tomonidan bajariladigan Navroʻz bayramining goʻzal bir udumidir. Sovgʻalar (koʻpincha yangi kiyimlar) asosan bolalarga beriladi. Bu tantanalar bolalarning xotirasida muhrlanib qoladi va ular ham keyinchalik bu anʼanalarni davom ettirib, oʻzlaridan key- ingi yosh avlodga oʻtkazadilar.

Navroʻz bayramida tabrik xatlarini joʻnatish ham doʻstlikni mustahkamlaydi. Bir-biridan uzoq oʻlkalarda yashovchi insonlar tabrik maktublarini joʻnatib oʻrtalaridagi aloqalarini yaqinlashtiradilar va bu bir-birinikiga mehmonga, sayohatga chiqishga undaydi. Navroʻz bayramlari vaqtida pochta idoralarida ish boshqa kunlarga nisbatan juda ham faollashadi.[1]

Ayollarning tutgan oʻrni[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ayollar marosimlarni boshqarib, yoshlarga anʼana va udumlar boʻyicha bilimlarini oʻrgatib, ushbu madaniy marosimda asosiy rolni oʻynaydilar.

Ular marosimlarda muhim ahamiyat kasb etib, ayrim hollarda marosimni boshqaradigan: Samanini muqaddas taom sifatida tayyorlaydigan yagona inson boʻlib qoladilar. Qirgʻiziston Respublikasida ayollar Somoloka taomini Navroʻzdan oʻn toʻrt kun avval tayyorlashga tushadilar, lekin Afgʻonistonda bu taomni Navroʻz arafasida tayyorlashadi. Bundan tashqari, ular „Sabzeh“ (loviyaning yashil novdalari), Sofreh, shirinliklar ni muqaddas belgi sifatida tayyorlaydilar.[1]

Madaniy birdamlik[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu bayram madaniyatning bir qismi boʻlib, madaniy birdamlikni kuchaytiradi. Bayram nishonlash chogʻida hunarmandlar ushbu madaniyatning keng yoʻnalishlarini va mahalliy, milliy va hududiy madaniyatni oʻzida aks ettiruvchi va tarqatuvchi boʻgʻin hisoblanadi.

Navroʻz marosimi va ayniqsa, mahalliy anʼanaviy marosimlar turli davlatlarda xalq uchun milliy va mahalliy birdamlik kasb etadi. Misol uchun, Navroʻz bayrami kunlari tugʻilgan ayrim bolalarning ismini Navroʻz yoki unga boshqa ism qoʻshib „Navroʻz+Ali“ (Navroʻzali) deb qoʻyishadi. Bunga isbot sifatida Tehrondagi asoschisi va egasi nomiga qoʻyilgan mashhur „Novrouz Xan Bazar“ bozorini misol qilib keltirish mumkin.[1]

Musiqada[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Uzeyir Hajiboyev — Bahor nagʻmasi
  • Mehmed Quliyev (bastakor) — „Aldangan yulduzlar“ (1977) operasini yozgan va asarni Navroʻz bayrami  bilan bogʻliq boʻlgan xalq sahnalari asosida sahnalashtirgan.
  • Vosif Adıgoʻzelov — Rafiq Zeka Xendaning  muallifligidagi toʻrt qismdan iborat „Navroʻzim“ kantatası (1993)
  • Fikret Emirov — "Kulgi " qoʻshigʻi
  • Ramiz Mirishli — „Bayram oqshomida“
  • Oqtay Zulfiqorov — "Bola qoʻshigʻi jamoalari "
  • Elnora Dadashova — Husayn Javidin soʻzi „İlk bahor“, Abdulla Şaiqin soʻzi „Semeni“ („Bola albomi“ qoʻshiqlar turkumidan), Samad Vurguning soʻzi „Bahar kuyii“ va „Qoʻlimga  navroʻz keladi“
  • Rohila Hasanova — „Kos-kosa“ balet-pantomima
  • Sardor Feresov — simli kvartet uchun 5 qismli  (1984): rangsiz, deyişmə, məzə, qulaq falı, rəqs.
  • Jalol Abbosov — „Bahor marosimi“ kantatası (1986), rus tilida „Şen bahor“ bolalar operası
  • Azar Dadashov — 2 soprano va orkestr uchun „Bahor kuyi“ ariyası, Vohid Azizning soʻzi „Bahor ovozi“ va M. E. Sabrin soʻzi „Kel, kel, ey, bahor kunlari“ bolalar qoʻshiqlari
  • Shafiqa Oxundova — „Xush kelibsiz“ qoʻshigʻi
  • Efser Javanshirov — „Xush keldi bahor bayrami“

Filmlarda[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Navroʻz gulchambari (film, 1989)
  2. Navroʻz (film, 1995)
  3. Navroʻz Bayrami (film, 2006)
  4. Oʻchoq (film, 1987)

Galereya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonda Navrõz Nishonlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonda navroʻz 21-mart kuni nishonlanadi va dam olish kuni hisoblanadi.

Navroʻz — yashnash, yasharish bayrami, tabiatning uygʻonishi bilan bogʻliq yangi kunning boshlanishidir. 21-mart kecha va kunduz tenglashgan kun — Yangi yil, yani Navroʻz bayrami sifatida Sharq xalqlari tomonidan keng nishonlanadi. U dehqon uchun ekin-tikin ishlarining boshlanish pallasi hisoblanadi.

Ota-bobolarimiz, buvi-momolarimiz bu bayramni nishonlab, turli-tuman, rang-barang udum va marosimlar oʻtkazishgan. Qadimda ajdodlarimiz Navroʻz kunlari qishki manzillari — qishloqlardan yozgi mehnat va hordiq maskanlari - yozloqlarga koʻchib oʻtishgan. Dalalarda bahorgi ekin-tikin ishlari boshlanib ketgan. Dehqonlar erga qoʻsh solishgan. Jamoa-jamoa boʻlib, hasharlar uyushtirishgan. Oʻtgan ajdodlar ruhi yod qilingan. Ommaviy ravishda meʼvali, manzarali daraxtlar oʻtqazilgan. Dalalarda, yozloqlarda Navroʻz — yangi yil, yangi hayot qaynagan. Ajdodlarimiz Navroʻz bayramiga atab maxsus kiyimlar tikishgan va ularni kiyib, bayram qilishgan. Navroʻz taomlari ham oʻziga xos boʻlgan. Ular orasida, ayniqsa, sumalak, halim tayerlash ananaviy tusga kirgan. Bu bayramda bolalarning ishtiroki juda faol boʻlgan. Ular Navroʻz bayramida turli ommaviy bayram oʻyinlari oʻynaganlar. Ot oʻyin, chillak, qoʻgʻirchoq, toshoʻyin, lapar aytish va hokazolar shular jumlasidandir. Bolalar, oʻsmirlar, oʻspirinlar, boʻy qizlar sumalak pishirish marosimida faol ishtirok etish uchun ancha ilgariroq tayyorgarlik koʻrishgan.

Bu jarayonlarda turli-tuman xalq oʻyinlari, bahor qoʻshiqlari ijro etilgan. Kitobxonliklar, turli jismoniy tarbiyaga oid sovrinli oʻyinlar, musobaqalar tashkil etilgan. Koʻpkari-uloq, kurash oʻyinlari, hayvon va parrandalar (xoʻroz, it, qoʻchqor)ni urishtirish, masxarabozlik, askiyabozlik, dor oʻyinlari, turli xil xalq tomoshalari oʻtkazilgan. Navroʻz — mehnat, mehr-oqibat, insonparvarlik bayramidir. Bu kun marhumlarning qabrlari ziyorat qilinadi. Keksa, nogiron, yolgʻiz qariyalar, ota-onalar yoʻqlanadi. Kishilar bir-birlariga sovgʻa-salomlar ulashib, shirinliklar hadya etishadi. Navroʻz — muhabbat, sevgi, sadoqat bayrami. Navroʻz munosabati bilan nikoh toʻylari oʻtkazilgan. Yigit-qizlar bir-birlari bilan ahdu paymon qilishgan. Yangi tushgan kelin qoʻlidan choy ichish maqsadida „kelin koʻrdi“ga borilgan. Navroʻz — doʻstlik, birodarlik bayramidir. Ushbu kunni nafaqat Sharq xalqlari, balki millati, dini, eʼtiqodidan qati nazar, barcha bayram qiladi. Navroʻz bayrami Oʻzbekistonda dam olish kuni, rasmiy bayram kuni deb qabl qilingan. Uni hozirgacha ham yoshlardan tortib yoshi keksa kishilar ham tantali tarzda kutib olishadi.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu maqola vikilashtirilishi kerak.

nothumb

Iltimos, bu maqolani Vikipediya qoida va koʻrsatmalariga muvofiq tartibga keltiring.