Lazgi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

LazgiXorazm xalq kuyi va raqsi. Kuy kichik muqaddima va 3 qismdan iborat. 6/8 oʻlchovli gul ufori usulida ijro etiladi. Raqs sekin va oddiy harakatlar bilan boshlanadi — oldin barmoqlar, bilaklar, yelka va keyin butun tana jonlana boshlaydi. Soʻngra birdaniga qoʻl, oyoq, tana ishtirok etadigan murakkab harakatlar ulanib ketadi. Kuyning bir qismi takrorlangan holda raqs harakatlari almashib boradi. Kuy harakteri oʻzgarishi va surʼat tezlashishi bilan raqs tobora qizgʻinlasha borib, keskin holda tamom boʻladi. Erkaklar (jangovar va qahramonlik ruhida) va ayollar (lirik, hazilomuz) raqslari farqlanadi. Hozirgi davrda Xorazmda lazgi raqsining 9 turi mavjud boʻlib, ular "Qayroq lazgisi", "Dutor lazgisi", "Surnay lazgisi" va h.k. Bulardan tashqari, XX asr oʻrtalaridan boshlab soʻz bilan ijro etiladigan, turli ijrochilar tomonidan yallali lazgilar yaratilgan: "Kimni sevar yorisan" (K. Otaniyozov), "Loyiq" (A. Otajonov va M. Rahimov), "Sani oʻzing bir yona" (O. Hayitova, B. Jumaniyozov), "Gal-gal" (B. Hamdamov), "Parang roʻmol" (O. Xudoyshukurov), "Xorazmning lazgisi" (O. Otajonov), "Oʻyna-oʻyna" (K. Rahmonov), "Ajoyib" (T. Shomurodov) va boshqalar. lazgining kuy va usulidan Sh. Ramazonov "Xorazmcha syuita"sida, M. Yusupov "Xorazm qoʻshigʻi" operasi va "Gulsanam" baletida, B. Giyenko "Xorazm mavzulariga syuita"sida, S. Yudakov "Xorazmcha bayramona yurish"ida, M. Bafoyev "Xorazmcha kaprichchio"sida unumli foydalanishgan.[1]

Shuningdek qarang[tahrir]

Manbalar[tahrir]

  1. Botir Matyoqubov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil