Shorahim Shoumarov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shorahim Shoumarov (1876 Toshkent — 1969.12.1) — hofiz, sozanda (dutor, tanbur, sato). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1944). Dastlab Toʻychi hofizdan xonandalik sanʼati, Abdusoat Vahobovshl dutor chalishni oʻrgangan. Keyinchalik Nazirxon hofiz, Madumar hofiz, Abduqahhor hofiz, Yodgorhoji tanburchilardan mumtoz kuy va ashula va Fargʻona—Toshkent makom yoʻllari, tanbur chertishni oʻzlashtirgan. Sh. milliy musiqa madaniyatini rivojlantirishda faol qatnashgan: 1910-yillar Toshkentda "usuli jadid" ("Rahimiya", "Urfon") maktablari qoshida musiqa toʻgaraklariga rahbarlik qilgan; Turkiston xalq konservatoriyasiii tashkil etilishida faol qatnashgan. Shu yerda (1919—22), Toshkent musiqa texnikumida (1923—40) oʻqituvchilik qilgan. 1927-yildan Oʻzbekiston radiosi xalq cholgʻulari ansambli (keyinchalik orkestri)da xonanda va sozanda.

SH. oʻzbek musiqali teatri shakllanishiga ham oʻz hissasini qoʻshgan: 1910—20 yillarda Toshkentda sahnalashtirilgan spektakllar ("Kichik askar", "Erk bolalari", "Zavolli Vatan", "Halima", "Yatim va Yatima" va boshqalar) uchun oʻzbek mumtoz va xalq kuylarini tanlab, sheʼrlar matniga bogʻlab moslashtirgan. Ayniqsa, Xurshid sahnalashtirgan "Farhod va Shirin" (1922) musiqali spektakliga Toʻychi hofiz bilan oʻzbek musiqa merosidan tanlagan kuylari asar taʼsirchanligini oshirgan; keyinchalik ushbu asar V.Uspenskiy yaratgan musiqali dramaga asos boʻlgan. Sh. oʻzbek mumtoz, ayniqsa, Fargona va Toshkent musiqa anʼanalari bilimdoni boʻlgan. Shu boisdan N.Mironov, Ye.Romanovskaya, V.Uspenskiy va boshqalar u ijro etgan koʻpgina ashulalarni notaga olib bir necha toʻplamlarga kiritgan. Sh. sozgar sifatida ham tanilgan: yasagan va nozik taʼb bilan sadaf qadab bezagan cholgʻulari Moskva (1923) va Parij (1925) koʻrgazmalarida namoyish etilgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil