Oʻzbekiston — Germaniya munosabatlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Oʻzbekiston — Germaniya munosabatlari — Germaniya bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida rasmiy munosabatlar 1992-yildan boshlangan boʻlsa ham, ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar uzoq davrga borib takaladi. 20-asr boshlarida oʻzbek chevarlari orasida nemislarning „Zinger“ tikuv mashinasi nihoyatda mashhur boʻlgan. Oʻzbekiston mustaqillikka eryshgach, ikki mamlakat oʻrtasida teng huquqli munosabat oʻrnatildi. Oʻzbekistonning Gʻarbiy Yevropadagi birinchi elchixonasi 1993-yil Bonn shahrida ochildi. Oʻsha paytdanoq oʻzaro aloqalar, delegatsiyalarning tashriflari yoʻlga qoʻyildi. Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik vazirining 1992-yil avgustdagi rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun asos yaratdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 1993-yil aprelda Germaniyaga qilgan tashrifi oʻzaro savdo-iqtisodiy munosabatlarga muhim omil baxsh etgan burilish voqeasi boʻldi. Ushbu tashrif yakunida imzolangan „Kapital qoʻyilmalarni amalga oshirishga koʻmaklashish va ularni oʻzaro himoyalash toʻgʻrisida“ shartnoma, „Ilmiy tadqiqot va mutaxassislar jamgʻarmasini vujudga keltirish“ hamda „Madaniy hamkorlik“ toʻgʻrisida bitimlar ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini belgilab berdi.

Hamkorlik dasturlarini muvofiqlashtirish va tezroq amalga oshirish maqsadida 1993-yil avgustda idoralararo komissiya hamda 1995-yil may oyida Oʻzbekiston — Germaniya doimiy ishchi guruhi tuzildi. Mazkur komissiya va guruh muntazam ravishda yigʻilishlar oʻtkazib, investitsiyalarni kafolatlash va sugʻurtalash, loyihalarni moliyalash, xususiylashtirishga koʻmaklashish, qimmatli qogʻozlar bozorini vujudga keltirish kabi muhim masalalarni hal qilib kelayotir. 1993-yil Toshkentda Germaniya texnikaviy hamkorlik jamiyatining vakolatxonasi ochildi. Jamiyat faoliyati tufayli bozor iqtisodiyotiga oid seminar va oʻquv kurslari oʻtkazish yoʻli bilan mutaxassislar tayyorlash, iqtisodiy qonunchilik, xususiylashtirish, kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirish, atrof muhitni muhofaza qilish, shahar yoʻlovchi transportiga doir qonun va nizomlar ishlab chiqish, „Onalik va bolalikni himoya qilish“ tadbirlari boʻyicha maslahatlar berish dasturi amalga oshirila boshladi. 1994-yilda Germaniya savdo-sanoat palatalari birlashmasi Toshkentda Germaniya iqtisodiyoti vakili byurosini ochdi. Uning asosiy vazifasi oʻzbek va nemis ishbilarmonlarini axborot bilan taʼminlashdan iborat. Oʻsha yilning iyunida Toshkentda K. Adenauer jamgʻarmasining vakolatxonasi ochildi. Gannover xalqaro yarmarkasi ishlab turgan davrda (1994-yil aprel) oʻtkazilgan „Oʻzbekistan iqtisodiyoti kunlari“ OFR jamoatchiligi va ishbilarmonlarini gʻoyat qiziqtirdi. OFR prezidentining 1995-yil 11—13 aprelda Toshkentga qilgan tashrifi davomida ikkala mamlakatning ishbilarmonlari ishtirokida qoʻshma biznes-seminar oʻtkazildi. Keyingi yillarda Oʻzbekiston banklari, Fanlar akademiyasi va turli vazirliklari hamda muassasalari xodimlari uchun amaliy mashgʻulotlar, konferensiyalar va foydali uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. 1995-yilda Shtutgart shahridagi Linden-muzeyda „Oʻzbekistan. Buyuk Ipak yoʻli merosi“ mavzusida ochilgan koʻrgazma Oʻzbekiston — Germaniya hamkorligini rivojlantirishda sezilarli voqea boʻldi. 1996-yil 18-19 iyunda „Germaniya markaziy Osiyo“ jamiyati, „Doyche Bank“, Frankfurtmayn shahri magistrata va Oʻzbekiston Respublikasining OFRdagi elchixonasi tashabbusi bilan Frankfurt shahrida „Germaniyada Oʻzbekiston iktisodiyoti kunlari“ xalqaro anjumani oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Germaniyaning „AKA“, „KfV“, „Berliner Bank“ va „Doyche Bank“ kabi banklari bilan bazis bitimlari tuzgan. Shu bitimlar asosida kamida 778,7 mln. nemis markasi miqdorida turli loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlash boshlandi.

OʻzR Prezidenta Islom Karimovning Germaniyaga 2001-yil 2—5 aprel kunlari qilgan tashrifi ikki mamlakatning oʻzaro munosabatlarida sifat jihatkdan yangi davr boshlanganini bildirdi. Tashrif davomida moliya, sayyoxlik, fan-texnika, narkotiklar kontrabandasiga qarshi kurash kabi sohalar boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirishni nazarda tutuvchi oʻn toʻrtta hujjat imzolandi. Oʻzbekiston Respublikasi Makro iqtisodiyot va statistika vazirligining maʼlumotlariga koʻra, 1997-yildada mamlakatimizning dunyo mamlakatlari bilan tashqi savdo hajmlari boʻyicha Germaniya 4-oʻrinni (Rossiya, Koreya Respublikasi, Shveysariyadan keyin), Yevropa mamlakatlari orasida esa 2-oʻrinni (Shveysariyadan keyin) egalladi. 2000-yilda oʻzaro savdo hajmi 291,9 mln. AQSh dollarini tashkil etdi.

Oʻzbekistondan Germaniyaga paxta tolasi, mis va undan yasalgan buyumlar, boshqa rangli metallar yetkazib beriladi va turli xizmatlar koʻrsatiladi. Germaniyadan Oʻzbekiston Respublikasiga asbobuskuna, baliq mahsulotlari, qand-shakar va qandolat mahsulotlari, bugʻdoy uni, kimyoviy mahsulotlar, qora metall va undan tayyorlangan buyumlar, transport vositalari, saryogʻ va oʻsimlik yogʻi, optik asbob va apparat lar, sut mahsulotlari, qogʻoz va karton, plastmassa va undan yasalgan buyumlar, uchish apparatlari va boshqalar yetkazib beriladi va turli xizmatlar koʻrsatiladi. Yengil sanoat, paxta va uning chiqitlarini qayta ishlash, tibbiyot va farmatsevtika preparatlari ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, yuk va yoʻlovchi tashish, avtoservis, ilmiy ishlanmalar, savdo-sotiq va boshqa sohalarda bir nechta qoʻshma korxona faoliyat yuritayotir. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi huzurida Germaniyaning 40 ta firma va kompaniyasi vakolatxonalari rasmiylashtirilgan. Ular qatorida „Daymler Bens“, „Simens“, „Alkatel“, „Tissen“, „Lyuftganza“, „BASF“, „Salamander“ kabi jahonga mashhur firmalar bor.

„Landtexnik-Tashkent“, „Chirkom“, „UzVinkler“, „Grasso“, „TashVirt“, „Intermed Ekosan“, „Nambum“ va boshqa qoʻshma korxonalar qishloq xoʻjaligi uskunalari tayyorlash, qishloq xoʻjaligi mashinalari va yoʻl texnikalari, telefon tarmoqlariga xizmat koʻrsatish, novvoychilik uskunalarini olib kelish va ularni montaj qilish, tibbiy dorilarni yetkazib berish, goʻsht-yogʻ mahsulotlari va qogʻoz ishlab chiqarish bilan mashgʻul.

Oʻzbekiston — Germaniya munosabatlarida Toshkent va Berlin shaharlari oʻrtasidagi hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Ikki davlat poytaxtlarining hamkorligi faqat iqtisodiy sohani emas, ijtimoiy-madaniy sohalarni ham keng qamrab olgan. Germaniya poytaxti Bonndan Berlinga koʻchirilgach, 2001-yil 3-aprelda Berlinda Oʻzbekiston elchixonasining yangi binosi ochiddi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov qatnashdi.

Ikki tomonlama munosabatlarda madaniyat, sanʼat, fan, xalq taʼlimi, ommaviy axborot vositalari, sogʻliqni saqlash va sport sohalaridagi hamkorlik ham katta ahamiyatga ega. Germaniyada Oʻzbekistan madaniyati kunlari doirasida Berlin, Potsdam, Dortmund, Bonn, Shtutgart, Gamburg, Myunxen, Gannover, Visbaden shaharlarida Oʻzbekistonning musiqa, tasviriy va teatr sanʼati keng namoyish etilganligi buning yorqin misolidir. Mamlakatimiz teatr va kino ustalari Tyubing, Berlin, Kotbus, Manxaym, Myulxaymda oʻtkazilgan festivallarda ham faol ishtirok etishdi. Oʻz navbatida respublikamizda ham Germaniya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtdi. Ikki tomonlama hamkorlikning rivojiga K. Adenauer, F. Ebert jamgʻarmalari, Gyote nomidagi institut, G. oliy oʻquv yurtlari, universitetlari rektorlari konferensiyasi, „Doyche Velle“ telekompaniyasi. „Germaniya-Oʻzbekiston“ doʻstlik jamiyati, „EPOG“ Berlin jamoat madaniy birlashmasi katta hissa qoʻshmoqdalar.

Adenauer jamgʻarmasi koʻmagida Sant Augustin shahrida „Amir Temur va uning jahon tarixida tutgan oʻrni“ mavzuida ilmiy konferensiya, „Orol ekologik fojiasinnng milliy va xalqaro aspektlari“ simpoziumlari oʻtkazildi. Jurnalistlar guruhi va nemis ijodiy ziyolilari vakillari tashabbusi bilan Orol haqida hujjatli film olishga kirishildi. Qoraqalpogʻiston bolalar kasalxonalariga doridarmonlar va tibbiyot uskunalari uchun mablagʻ yigʻish tashkil qilindi va bu hududda suv tozalash inshootlarini yaratish uchun mablagʻ toʻplandi.

Oʻzbekistan Milliy universiteti va Samarqand universitetining Gumboldt nomidagi hamda Bamberg va Gyottingen shaharlaridagi universitetlar bilan hamkorligi samarali rivojlanayotir. Oʻzbekiston Respublikasida nemis millatiga mansub 25 mingga yaqin kishi yashaydi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil