Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston — Armaniston munosabatlari

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Armaniston–Oʻzbekiston munosabatlari

Armaniston

Oʻzbekiston
Buxoro — Oʻzbekistondagi diniy markazlardan biri
Vagharshapat — Armanistondagi diniy markazlardan biri

Oʻzbekiston — Armaniston munosabatlari — Oʻzbekiston Respublikasi va Armaniston Respublikasi oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar va diplomatik munosabatlarni anglatadi. Har ikki davlat bir-birini mustaqil davlat va BMTning toʻlaqonli aʼzosi sifatida tan oladi. Oʻzbekiston va Armaniston oʻrtasida diplomatik munosabatlar 1995-yil 27-oktabrda Moskva shahrida imzolangan qoʻshma protokol asosida oʻrnatilgan[1]. Har ikki davlat Sovet Ittifoqi tarkibidagi sobiq ittifoq respublikalari hisoblanadi. Shuningdek, ular Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlik qiladi.

2019-yil iyun holatiga koʻra, ikki davlatning bir-biri hududida doimiy elchixonalari yoki boshqa diplomatik vakolatxonalari mavjud emas edi. Armaniston Oʻzbekistonning Moskvadagi elchixonasining konsullik okrugiga kirgan[2].

Ikki davlat oʻrtasida vizasiz rejim mavjud. Oʻzbekiston fuqarolari Armanistonda vizasiz 180 kungacha, Armaniston fuqarolari esa Oʻzbekistonda vizasiz 90 kungacha boʻlishlari mumkin. 2018-yilda Oʻzbekistonga Armanistondan 1 529 nafar fuqaro tashrif buyurgan[3].

Oʻzbekiston Respublikasi davlat gerbi Oʻzbekiston Armaniston Respublikasi davlat gerbi Armaniston
Aholisi (2024), kishi 37 535 605 3 076 200
Hududi, km² 448 800 29 743
Aholi zichligi (2024), kishi/km² 83,6 103,4
Poytaxti Toshkent Yerevan
Yirik shaharlari Toshkent, Samarqand, Namangan, Buxoro, Fargʻona Yerevan, Gyumri, Vanadzor, Vagharshapat, Abovyan
Boshqaruv shakli Koʻppartiyaviy prezidentlik respublikasi Koʻppartiyaviy parlamentar respublika
Davlat tili oʻzbek tili arman tili
Asosiy dini Islom (sunniylik) Xristianlik (Arman apostol cherkovi)
YaIM (PPP) (2023) 395,989 mlrd AQSh dollari 63,833 mlrd AQSh dollari
YaIM (nominal) (2023) 101,591 mlrd AQSh dollari 24,085 mlrd AQSh dollari
Valyuta soʻm dram
Inson taraqqiyoti indeksi (2023) 0,740 0,811

SSSR davrida ikki respublika iqtisodiyoti boshqa ittifoq respublikalari kabi oʻzaro chambarchas bogʻlangan edi. Respublikalarning madaniy va gumanitar aloqalari ham rivojlangan. Ushbu davrda Toshkent va Yerevan oʻrtasida muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilgan. Sovet davrida oʻn minglab etnik armanlar Oʻzbekiston SSRga turli sohalarda ishlash uchun koʻchib kelgan yoki yuborilgan. 2009-yil holatiga koʻra, Oʻzbekistonda taxminan 70 ming nafar etnik arman yashagan[4]. Shu sababli Oʻzbekistonda yirik arman diasporasi shakllangan. Oʻzbekistondagi armanlar asosan Toshkent, Samarqand va Buxoro, shuningdek, boshqa yirik shaharlarda istiqomat qiladi. Toshkentda Avliyo Filipp cherkovi, Samarqandda esa Avliyo Bogoroditsa cherkovi faoliyat yuritadi. Armaniston asosan bir millatli davlat boʻlgani sababli mamlakatda oʻzbek diasporasi juda kam.

Ikki davlat prezidentlari yoki bosh vazirlarining oʻzaro davlat yoki rasmiy tashriflari uzoq vaqt davomida amalga oshirilmagan. Ikki mamlakatning yuqori lavozimli vakillari, prezidentlari, bosh vazirlari va vazirlari asosan turli xalqaro sammitlar doirasida uchrashgan. 2015-yil fevral holatiga koʻra, Oʻzbekiston va Armaniston oʻrtasida beshta bitim va ikkita protokol imzolangan edi[5]. 2014-yilda Oʻzbekiston va Armaniston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3,6 million AQSh dollarini tashkil etgan[5]. 2016-yilda esa ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3,1 million AQSh dollariga teng boʻlgan[6]. Armaniston Oʻzbekistonning Janubiy Kavkazdagi Gruziya va Ozarbayjondan keyingi uchinchi yirik savdo hamkorlaridan biri hisoblangan.

Oʻzbekiston va Togʻli Qorabogʻ

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Togʻli Qorabogʻ masalasida uning Ozarbayjon hududiy yaxlitligi doirasida hal etilishi tarafdori boʻlgan. 2010-yil sentabr oyida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning Toshkentga tashrifi chogʻida Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimov Oʻzbekistonning Togʻli Qorabogʻ masalasidagi pozitsiyasi oʻzgarmaganini taʼkidlagan. U muammoni tinch va siyosiy yoʻl bilan hal etish, bunda davlat chegaralari daxlsizligi, suverenitet va Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi tamoyillariga rioya qilish zarurligini bildirgan[7].

Oʻzbekistonning sobiq Prezidenti — Islom Karimov

2013-yil 1-fevralda arman xakerlari Oʻzbekiston Respublikasining Bokudagi elchixonasi rasmiy veb-saytini buzib kirib, saytda Oʻzbekiston Togʻli Qorabogʻ Respublikasi mustaqilligini tan olgani haqidagi bayonotni joylashtirgan. Bir muncha vaqt oʻtgach, sayt ishlamay qolgan va keyinchalik odatdagi rejimda qayta ishga tushgan. Oʻzbekiston elchixonasi Oʻzbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tan olishini hamda „Toshkentning Togʻli Qorabogʻ masalasidagi pozitsiyasi oʻzgarmaganini“ maʼlum qilgan[8][9][10].

2015-yil avgust oyida Oʻzbekistonning Bokudagi diplomati ushbu masaladagi Oʻzbekiston pozitsiyasi oʻzgarmaganini taʼkidlab, nizoni „Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini saqlash doirasida“ hal etish mumkinligini bildirgan. Shuningdek, u mojaro „siyosiy muloqot yoʻli bilan“ hal qilinishi kerakligini qayd etgan[11].

2018-yil iyun oyida Ozarbayjonning Oʻzbekistondagi elchisi Islom Karimov prezidentligi davrida Oʻzbekiston Qorabogʻ mojarosi yakuniy hal etilmaguncha Armaniston bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatishdan bosh tortgani va xalqaro maydonda Ozarbayjonning pozitsiyasini izchil qoʻllab-quvvatlaganini maʼlum qilgan. Elchining soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Togʻli Qorabogʻ mojarosi masalasida rasmiy Toshkentning pozitsiyasi oʻzgarmaganini bir necha bor taʼkidlagan. Oʻzbekiston mojaroni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini soʻzsiz bajarish asosida hal etish tarafdori ekanini bildirgan[12].

  1. ↑ „Страны, с которыми Узбекистан установил дипломатические отношения“. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi. 2019-yil 18-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 27-iyun.
  2. ↑ „О консульских округах дипломатических представительств и консульских учреждений Республики Узбекистан за рубежом“. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi. Qaraldi: 2019-yil 27-iyun.
  3. ↑ „Распределение по странам числа иностранных лиц, въехавших в Республику Узбекистан в 2018 году“. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi. 2020-yil 14-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 27-iyun.
  4. ↑ Gagik Harutyunyan. Հայկական տեղեկատվական համայնքային ռեսուրսները հետխորհրդային երկրներում. Noravank, 2009 — 148-bet. ISBN 978-9939-9000-7-0 (2019-yil 18-avgustda asl nusxadan arxivlangan). 
  5. 1 2 „Двусторонние отношения: Узбекистан“. Armaniston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi. 2019-yil 27-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 27-iyun.
  6. ↑ „Сотрудничество Республики Узбекистан со странами СНГ и Грузией“. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi. 2019-yil 23-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 27-iyun.
  7. ↑ „Ислам Каримов: «Позиция Узбекистана по Нагорному Карабаху не меняется, она неизменна»“. The First News. 2018-yil 23-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 27-iyun.
  8. ↑ „Армянские хакеры взломали сайт посольства Узбекистана в Азербайджане“. APA.az. 2019-yil 27-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 27-iyun.
  9. ↑ „Благодаря армянским хакерам, Узбекистан «признал» Нагорный Карабах“. TSN.ua. 2019-yil 2-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 27-iyun.
  10. ↑ „Армянские хакеры «заставили» Узбекистан признать Карабах“. Lenta.ru. 2017-yil 2-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 27-iyun.
  11. ↑ „Узбекистан обозначил позицию по Нагорному Карабаху“. Sputnik Oʻzbekiston. 2019-yil 28-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 27-iyun.
  12. ↑ „Узбекистан поддерживает справедливую позицию Азербайджана в нагорно-карабахском конфликте - посол (Эксклюзив)“. Trend News Agency. 2020-yil 4-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 27-iyun.