Oʻzbekiston — Bangladesh munosabatlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Bangladesh–Oʻzbekiston munosabatlari

Bangladesh

Oʻzbekiston

Oʻzbekiston — Bangladesh munosabatlari — Oʻzbekiston va Bangladesh oʻrtasidagi ikki tomonlama diplomatik munosabatlardir. Bangladeshning Toshkentda elchixonasi, Oʻzbekistonning Dakkada elchixonasi bor.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1991-yil 30-dekabrda Bangladesh O‘zbekiston mustaqilligini tan oldi.

1992-yil 15-oktabrda Toshkentda ikki davlat oʻrtasida elchixonalar darajasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisida protokol imzolandi.

1996-yil mart oyida Oʻzbekistonda Bangladesh elchixonasi ochildi[1].

Tashriflar[tahrir | manbasini tahrirlash]

2018-yilning 11-aprel kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Bangladesh Davlat tashqi ishlar vaziri Shahriyar Alam bilan uchrashuvi

1998-yil fevral oyida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Bangladeshga birinchi rasmiy tashrifi bo‘ldi. 2000-yil iyul oyida Bangladesh tashqi ishlar vaziri Abdus Samad Azad Oʻzbekistonga javob tashrifi bilan keldi.

2012-yilning 5-7-may kunlari Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Bangladesh hukumatlararo komissiyasining 1-majlisi boʻlib oʻtdi.

2014-yilning 18-aprel kuni Tashqi ishlar vazirligida Bangladeshning Favqulodda va Muxtor Elchisi Masud Mannan[2] bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

2014-yilning 24-25-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev boshchiligidagi delegatsiya Dakka shahriga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Bangladesh hukumatlararo komissiyasining ikkinchi majlisi boʻlib oʻtdi.

2015-yilning 10-sentabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Bangladeshning Favqulodda va Muxtor Elchisi Masud Mannan[3] bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

2018-yilning 23-28-yanvar kunlari Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Bangladeshga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Bangladeshning toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish tajribasi oʻrganildi.

2018-yilning 8-12-aprel kunlari Bangladesh Davlat tashqi ishlar vaziri Shahriyar Alam O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

2019-yilning 28-yanvar kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Neʼmatov Bangladesh Elchisi Masud Mannan bilan uchrashdi[4].

2019-yilning 7-mart kuni Dakka shahrida O‘zbekistonning qarorgohi Dehli shahrida bo‘lgan elchisi Farhod Arziyev Bangladesh Prezidenti Abdul Hamidga ishonch yorliqlarini topshirdi[5].

2020-yilning 9-oktabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Bangladesh elchisi Masud Mannanni qabul qildi[6].

Savdo[tahrir | manbasini tahrirlash]

2018-yilda Bangladesh va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 53 million dollarni tashkil etdi.

UN Comtrade maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilda Oʻzbekistonning Bangladeshdan tovar importi 16,17 million dollar[7]ni, Bangladeshga oʻzbek eksporti esa 21.79 million dollarni tashkil etgan[8].

O‘zbekiston Respublikasida Bangladesh kapitali ishtirokida 6 ta korxona, shu jumladan, 100 foiz xorijiy kapital ishtirokida 1 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]