Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston — Yunoniston munosabatlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻzbekiston — Yunoniston munosabatlari1992-yil 16-martda ikkala mamlakat oʻrtasida diplomatiya munosabatlari oʻrnatilgan paytdan boshlab oʻzaro iqtisodiy, madaniy aloqalar va savdo-sotiq rivojlana boshladi. 1994-yil 29-sentyabr — 3-oktyabrda Yunoniston delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va ikki tomonlama munosabatlarning yuridik asoslarini yaratish masalalari kelishib olindi. Yunoniston va Oʻzbekiston ishbilarmon doiralari oʻrtasida bevosita aloqa oʻrnatish maqsadida, 1994-yil 6—8 oktyabrda „Rusvar Xoldings B. V.“ kompaniyasining hamraisi boshchiligida oliy menejerlar guruhi respublikamizga keldi. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida, „Oʻzbekneftgaz“ korporatsiyasida, Aloqa vazirligida, „Oʻzeltexsanoat“ uyushmasida, Toshkent aviatsiya zavoddida oʻtkazilgan muzokaralarda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishda Yunon kompaniyasining ishtiroki masalalari muhokama qilindi. 1996-yil 27—29 noyabrda Yunoniston tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi vaqtida oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi va Konsullik muassasalarini ochish hamda havo qatnovini yoʻlga qoʻyish haqida bitimlar imzolandi. Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimovning 1997-yil 31-mart — 2-aprelda Yunonistonga qilgan rasmiy tashrifi natijasida „Doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma“, „Ikki yoqlama soliq solinishiga yoʻl qoʻymaslik haqida konvensiya“, „Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoyalash“, „Iqtisodiy va texnologik hamkorlik“, „Maorif, fan va madaniyat sohalarida hamkorlik qilish“, „Turizm sohasidagi hamkorlik“ toʻgʻrisida bitimlar, „Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan Yunoniston eksportga koʻmaklashish tashkiloti oʻrtasida hamjihatlik va hamkorlik toʻgʻrisida memorandum“ imzolandi. Ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy negizi „Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim“ qoidalariga ham asoslanadi. 2000-yilda Oʻzbekistonning Yunoniston bilan tovar aylanmasi: eksport 13,7 mln., import 3,8 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Oʻzbekistondan Yunonistonga rangli metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, tabiiy va sunʼiy moʻyna hamda undan tayyorlangan mahsulotlar eksport qilingan boʻlsa, importning asosiy turlari oʻsimlik yogʻi, sariyogʻ, sovun, yuvish vositalari va surkov moylari, tamaki, asbob-uskuna, efir yogʻi va pardoz vositalari, qayta ishlangan meva, sabzavot, yongʻoq, oziq-ovqat mahsulotlari, doridarmon, plastmassa, alkogolli va alkogolsiz ichimliklar va boshqadan iborat boʻldi. 1995-yili yanvardan „Oʻzbekiston havo yoʻllari“ milliy aviakompaniyasining samolyotlari oyiga 2 marta Afinaga borib kelmoqda. „Oʻzeltexsanoat“ uyushmasi bilan yunon kompaniyasi oʻrtasidagi bitimga binoan Foton aksiyadorlik jamiyatida „Sileks“ nazorat-kassa apparatlarini birgalikda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Mayda va oʻrta biznes sohasida ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish imkoniyati bor. 2001-yil holatiga Oʻzbekiston Respublikasida yunon sarmoyasi ishtirokidagi 33 qoʻshma korxona mavjud. Ular orasida „Omegasitora“, „Olimpik-Toshkent Furs“, „Agrofur“, „Oʻz-Ellas“, „Buyuk Turon“, „Turon-Trast“ kabilar bor. Yunon sarmoyasi yuz foiz boʻlgan 6 korxona faoliyat koʻrsatayotir. Yunon sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar faoliyatining asosiy sohalari kiyim-kechak, charm va moʻyna buyumlar, binokorlik materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, savdo-sotiq, lotereya oʻyinlarini tashkil etish va boshqalardan iborat.