Isfana
Isfana
| |
---|---|
shahar | |
39°50′0″N 69°32′0″E / 39.83333°N 69.53333°EKoordinatalari: 39°50′0″N 69°32′0″E / 39.83333°N 69.53333°E | |
Mamlakat | Qirgʻiziston |
Viloyat | Botken viloyati |
Tuman | Laylak tumani |
Hukumat | |
• mer | Abdivali Xamrayev |
Asos solingan | IX |
Qachondan beri shahar | 2001 |
Maydon | 2.52 km2 |
Markazi balandligi | 1320 m |
Rasmiy til(lar)i | Qirgʻiz tili |
Aholisi (2009) |
27 962[1] |
Zichligi | 11 000 kishi/km2 |
Milliy tarkib | oʻzbeklar, qirgʻizlar, ruslar, tatarlar, tojiklar |
Konfessiyaviy tarkib |
Musulmonlar xristianlar ateistlar |
Vaqt mintaqasi | UTC+6 |
Telefon kodi | +996 3656 |
Pochta indeks(lar)i | 720400[2] |
Isfana (qirgʻizcha: Исфана; ruscha: Исфана) — Qirgʻizistonning Botken viloyati gʻarbiy chekkasida joylashgan shahar. Isfana Fargʻona vodiysining gʻarbiy chekkasida, uch tomondan Tojikiston bilan chegaradosh hudud ichida joylashgan.
„Isfana“ soʻzi „asbanikat“, „asbanikent“ yoki „aspanakent“ degan qadimiy soʻzdan kelib chiqqan boʻlib, „otlar makoni“ degan maʼnoni anglatadi, deb ishoniladi. Isfanada 9-asrdan beri odamlar yashab keladi. Sovet davrida Isfana oʻz boshidan katta oʻzgarishlarni kechirdi. 1937-yil Isfana qishloq kengashiga asos solindi. 1996-yil kengash qishloq boshqarmasi qilib oʻzgartirildi. 2001-yil oʻsha paytdagi prezident Asqar Aqayevning buyrugʻi bilan Isfanaga shahar statusi berildi.
Isfana Laylak tumanining administrativ markazidir. Mirzapochcha, Samat, Chimgen, Oqbuloq, Taylon va Gʻoʻlva qishloqlari ham Isfana shahar boshqarmasiga qaraydi. Isfananing rasmiy veb-sahifasida berilgan maʼlumotga koʻra, Isfana va unga qarashli qishloqlarning umumiy aholisi 28 085 kishidir. Shaharning oʻzida boʻlsa taxminan 18 200 kishi istiqomat qiladi.
Tarixi[tahrir]
Shahar nomi[tahrir]
„Isfana“ soʻzi „asbanikat“, „asbanikent“ yoki „aspanakent“ degan qadimiy sugʻd soʻzdan kelib chiqqan boʻlib, „otlar makoni“ degan maʼnoni anglatadi, deb ishoniladi.[3][4] Tarixchi Noʻmon Negmatovga koʻra, 1-9-asrlarda Isfana Asbanikat oʻlaroq maʼlum boʻlgan. 10-12-asrlarda Aspanikent deb atalgan.[5] 12-yoki 13-asrdan boshlab shahar nomi Asbani, Aspana, Asvona, Isvona, nihoyat, Isfana boʻlib oʻzgargan.[3]
„Isfana“ soʻzi qirgʻizcha soʻz boʻlmagani uchun keyingi paytda qirgʻiz millatchilari shaharni Qirgʻiziston SSR Kommunist partiyasining birinchi kotibi boʻlib ishlagan Isʼhoq Razzoqov nomi bilan qayta nomlashga chaqirib keladi.[6][7]
Qadimgi tarixi[tahrir]
Isfana tarixi 9-16-asrlarga borib taqaladi.[8][9] 1957-yil arxeolog Yu. A. Zadneprovskiy shahar hududida 14-16-asrlardan qolgan jimslarni topdi.[8] Noʻmon Negmatov Isfana oʻrta asrlardagi Asbanikat shahridir, degan fikrni ilgari surgan.[8] Isfana dastlab Ustrushona tarkibida boʻlgan. Keyini uni somoniylar zabt etgan. 1221-yilda Isfanani Moʻgʻullar davlati qamalga olgan va zabt etgan. Isfananing moʻgʻullar bostirib kirgan shimoli-gʻarbiy qismi haliyam „Moʻgʻul bosgan“ deb ataladi.[10]
Isfana tarixiy shahri hozirgi shaharning markaziy qismida joylashgan boʻlgan. Shaharda 12-asrda qurilgan yirik qalʼa boʻlgan.[3] Isfana qalʼasi devorlarining saqlanib qolgan soʻnggi qismi 1970-yillarda buzib tashlangan.[11]
18-19-asrlar[tahrir]
Tarixda Isfana hozirgi Oʻzbekiston hududiga mos keluvchi yerlarni boshqargan davlatlar tarkibida boʻlgan. 1709-yildan 1876-yilgacha Isfana Qoʻqon xonligi tarkibida boʻlgan. 19-asrning oʻrtasiga kelib Rossiya imperiyasi hozirgi Oʻrta Osiyo hududini bosib ola boshlagan. 19-asrning oxiriga kelib Rossiya imperiyasi hozirgi Oʻzbekiston hududiga toʻgʻri keluvchi yerda hukm surgan barcha uch xonlikni qoʻlga kiritgan.[12] Xiva xonligi 1873-yil magʻlub boʻlgan. Buxoro xonligi 1866-yil bosib olingan. Qoʻqon xonligi boʻlsa 1876-yil Rossiya imperiyasi tarkibiga rasman qoʻshilgan.
Rossiyalik lingvist Mirsolih Bekchurin 1866-yilda Isfana aholisi 500 xoʻjalikdan iborat ekanligi haqida yozgan.[13] Ammo oʻzbek tarixchisi Temirboy Yoqubov isfanaliklar qadimdan 1 000 xonadon soligʻini toʻlaganini aytib, bu iddaogo eʼtiroz bildirgan.[14] Bekchurin Isfanani 200 nafar sarbozdan iborat garnizon qoʻriqlashi, ular „faqat nayza va qilichlar bilan qurollangani“ haqida yozgan.[13]
[tahrir]
Tarixda Isfana asosan oʻzbeklar istiqomat qilgan joy boʻlishiga qaramay, hozirgi Qirgʻiziston tarkibiga kiritilgan. Ruslar Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasini avtonom oblastlarga parchalayotganda Isfanani Qora-Qirgʻiz avtonom oblasti tarkibiga kiritgan. Bu oblast keyinchalik Qirgʻiz avtonom oblasti va soʻngra Qirgʻiz SSR etib qayta tuzilgan. SSRI parchalanganidan keyin Qirgʻiz SSR Qirgʻiziston boʻldi. Shu asnoda asosan oʻzbeklar yashagan Isfana Qirgʻiziston tarkibiga qoʻshildi.
Baʼzi manbalarga koʻra, sovetlar atayin chegaralarni milliy guruhlarning tarixiy yashash joyiga mos kelmaydigan qilib chizishgan. Bunday qilishdan maqsad ushbu hududlarning tarixiy egalarini butunlay Moskvaga tobe boʻlishlarini taʼminlash va shu yoʻl bilan ularni boshqarishni osonlashtirish boʻlgan.[15] Bu manbalarga koʻra, alohida mamlakatlar yaratishdan maqsad Oʻrta Osiyoda panturkistik va panislomistik oqimlarning oldini olish boʻlgan.[16] Bu strategiyani baʼzilar Iosif Stalinning „boʻl va boshqar“ siyosati deb nomlashadi.[15][16] Hozirda Qirgʻizistonda mahalliy aholisi asosan oʻzbeklardan iborat boʻlgan koʻplagan aholi punktlari bor. Oʻrta Osiyoda yashayotganlarning koʻpi aslida boshqa mamlakat tarkibida boʻlishlari kerakligiga ishonishadi.[15] Ayrim olimlarning fikriga koʻra, sovetlar Oʻrta Osiyo mamalakatlari chegaralarini belgilayotgan paytda bu yerlarda koʻp millat vakillari birga yashagani uchun milliy va hududiy chegaralarini aniq boʻlishning iloji boʻlmagan.[17]
Sovet davrida Isfana oʻz boshidan katta oʻzgarishlarni kechirdi. Bu davrda Isfana rivojlanmagan musulmon qishloqdan tipik sovet qishlogʻiga aylantirildi. 1937-yil Isfana qishloq kengashiga (selsovetiga) asos solindi. Ikkinchi jahon urushi yillarida qishloqning 571 turgʻuni safarbar qilingan, ularning 385 nafari halok boʻlgan.[18]
1996-yil Isfana kengashi qishloq boshqarmasi qilib oʻzgartirildi. 2001-yil oʻsha paytdagi prezident Asqar Aqayevning buyrugʻi bilan Isfanaga shahar statusi berildi.
Geografiyasi[tahrir]
Isfana Botken Viloyatining gʻarbiy qismida dengiz sathidan 1 320 metr balandlikda joylashgan. Shaharni uch tomondan togʻlar oʻrab turadi. Bu togʻlar Isfanadan bir necha kilometr masofada joylashgan. Bu togʻlar ichida eng balandlari Turkiston tizmasi togʻlari boʻlib, ular shaharning janubiy tarafida joylashgan. Turkiston tizmasi Hisor-Olay togʻ sistemasiga kiradi.
Hududi[tahrir]
Isfananing hududi 2.52 km² dir.[9] Isfana va unga qarashli qishloqlarning umumiy hududi boʻlsa 5.88 km² dir
Aholi punkti | Hudud (km²) |
---|---|
Isfana | 2.52 |
Mirzapochcha | 0.26 |
Samat | 1.16 |
Chimgen | 0.87 |
Taylon | 0.49 |
Oqbuloq | 0.3 |
Gʻoʻlva | 0.28 |
Iqlimi[tahrir]
Isfananing iqlimi keskin kontinental boʻlib, qishda havo ancha sovuq, yozda boʻlsa ancha issiqdir. Bahor va kuzda koʻp yomgʻir yogʻadi, ammo yozda yogʻingarchilik koʻp boʻlmaydi. Isfanada koʻplagan bugʻdoy va arpa dalalari boʻlib, ular uchun qishda yoqqan qor va bahorda yoqqan yomgʻir juda muhim.
Isfanada yozlar uzun boʻlib, odatda maydan sentabrgacha davom etadi. Yoz oylarida havo keskin isishi mumkin. Shaharda yoz oylarida juda oz yogʻingarchilik kuzatiladi, aynqisa iyundan sentabrgacha.
Isfana iqlimi | |||||||||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
Koʻrsatkich | Yan | Fev | Mart | Apr | May | Iyun | Iyul | Avg | Sen | Okt | Noy | Dek | Yil |
Oʻrtacha maksimal, °C | 4 | 5 | 9 | 17 | 22 | 27 | 29 | 27 | 25 | 17 | 11 | 7 | 16,7 |
Oʻrtacha minimal, °C | −4 | −3 | 2 | 8 | 11 | 15 | 17 | 16 | 11 | 6 | 2 | −2 | 6,6 |
Yogʻingarchilik meʼyori, mm | 24 | 27 | 51 | 45 | 30 | 9 | 3 | 0 | 6 | 18 | 21 | 27 | 261 |
Manba: [19] |
Demografiyasi[tahrir]
Isfana va unga qarashli qishloqlarning umumiy aholisi 28 085 kishidir.[20] Shaharning oʻzida boʻlsa taxminan 18 200 kishi istiqomat qiladi.[2] 2009-yilgi aholi sanogʻiga koʻra, Isfananing aholisi oʻsha yili 18 244 kishi, Isfana va unga qarashli qishloqlarning umumiy aholisi boʻlsa 27 962 kishi boʻlgan.[1] 1999-yilgi sanoqda oʻsha paytda qishloq boʻlgan Isfananing aholisi 15 910 kishi deyilgan edi.[1] 2009-yilgi aholi sanogʻiga koʻra Isfana va unga qarashli qishloqlarning aholsi quyidagichadir:[1]
Aholi punkti | Aholi soni |
---|---|
Isfana | 18 244 |
Mirzapochcha | 770 |
Samat | 2 076 |
Chimgen | 3 325 |
Taylon | 1 360 |
Oqbuloq | 681 |
Gʻoʻlva | 1 506 |
Isfana aholisining aksar qismi Rossiyada muhojir ishchidir. Chetda ishlayotgan Isfanaliklar soni haqida rasmiy maʼlumot yoʻq.
Isfanada koʻp millat vakillari yashaydi. Oʻzbeklar eng katta etnik guruhdir. Ammo Isfana va unga qarashli qishloqlar aholosi birga qaralsa, qirgʻizlar eng katta guruh boʻladi. 2005-yilgi maʼlumotga koʻra, Isfana va unga qarashli qishloqlarda aholining etnik tarkibi quyidagichadir: 50.2 % qirgʻiz, 45.86 % oʻzbek, 0.3 % tatar, 0.3 % tojik va qolgani boshqa millat vakillari.[9]
Isfana aholisi Islom diniga sigʻinadi. Dindorlar islom dinining sunna mazhabida. Shaharda besh masjid bor. Boshqa din vakillarining katta guruhlari mavjud emas.
Iqtisodi[tahrir]
Sovet davrida Isfanada bir necha ishlab chiqarish fabrikalari va zavodlar boʻlgan. Yana yirik kolxoz mavjud boʻlgan. 1991-yil Qirgʻiziston mustaqil boʻlganidan keyin deyarli barcha zavod-fabrikalar yopildi.
Shahar aholisining aksar qismi chetga ishlagani boradi. Eng koʻp Rossiyaga boriladi. Isfana aholisi yana qoʻshni Qozogʻiston, Tojikiston, Oʻzbekiston kabi mamlakatlarga borib ishlaydi. Chetda ishlaganlarning aniq soni haqida toʻliq va ishonarli maʼlumot yoʻq.
Isfanadagi qolgan aholi boʻlsa savdogarchilik va qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanadi. Chorvachilik ham keng tarqalgan. Dehqonchilik bilan shugʻullanganlar asosan donli oʻsimliklar, mevalar, sabzavotlar va moy chiqaruvchi oʻsimliklar yetishtiradi.
Isfanada ikki katta bozor mavjud. Bozorda ishlovchilar mahsulotlarini asosan Oʻsh, Qorasuv va Xoʻjanddan olib kelishadi. Isfanada yana payshanba va juma kunlari ochiladigan mol bozori bor.
Isfana iqtisodi boshqa Qirgʻiziston shaharchalari iqtisodi kabi doʻkon iqtisodidir. Savdoning katta qismi bozor va doʻkonlarda amalga oshadi. Savdo odatda qattiq nazorat qilinmaydi.
Hukumati[tahrir]
Isfanada mer va shahar kengashi shaharni boshqaradi. Merni Shahar kengashi aʼzolari saylashadi. Shahar kengashida 30 aʼzo bor. Mirzapochcha, Samat, Chimgen, Oqbuloq, Taylon va Gʻoʻlva qishloqlari ham Isfana shahar boshqarmasiga qaraydi. Isfananing hozirgi meri Muxtar Anarbotoyevdir.[21]
№ | Mer | Faoliyati boshlanishi | Faoliyati yakuni |
---|---|---|---|
1 | Saliha Muratova | 02.02.2001 | 10.04.2001 |
2 | Umarali Isabekov | 12.04.2001 | 18.12.2005 |
3 | Maʼrifjon Moʻminov | 20.12.2005 | 09.02.2009 |
4 | Isak Pazilov | 10.03.2009 | 16.07.2010 |
5 | Berdimurat Jalilov | 16.07.2010 | 27.08.2011 |
6 | Hamza Salyamov | 27.08.2011 | 31.01.2013 |
7 | Tashpolot Qozubayev | 31.01.2013 | 16.12.2014 |
8 | Muxtar Anarbotoyev | 15.01.2015 | 24.08.2018 |
9 | Abdivali Xamrayev | 18.09.2018 | Hozirgacha |
Isfana Laylak tumani qaramogʻidagi shahardir. Isfana shu tumanning administrativ markazidir. Laylak tumanining barcha mahkamalari Isfanada joylashgan.
Boshqa millat vakillarining yirik guruhlari mavjud boʻlgan boshqa Qirgʻiziston aholi punktlaridagidek Laylak tumanida ham deyarli barcha davlat ishlarida qirgʻiz millatiga mansub kishilar ishlaydi.[22][23] Qirgʻiziston mustaqil boʻlganidan beri Laylak tumanining barcha hokimlari qirgʻiz boʻlib kelmoqda. Hozirda Isfana meriyasida va Kengashida bir necha oʻzbek ishchi bor.
Taʼlimi[tahrir]
Maktablar[tahrir]
Isfanada bir qancha taʼlim mahkamalari bor. Shaharda ikkita gimnaziya bor: Usmon Matkarimov nomli gimnaziya-oʻrta maktab (qisqacha Oʻzbek gimnaziyasi deb ataladi) va 1-son gimnaziya (qisqacha Qirgʻiz gimnaziyasi deb ataladi). Bu ikki gimnaziya oʻqishga layoqati yuqori boʻlgan oʻquvchilarni qabul qiladi. Shaharda yana kam taʼminlangan oilalar bolalari uchun moʻljallangan maktab-internat ham bor. Bu „Oq chiyir“ bolalar taʼlim markazidir.
Isfanada oltita oʻrta maktab bor. Bu maktablarning aksarida oʻquvchilar oʻzbek tilida taʼlim oladi. Baʼzi maktablarda ham oʻzbek, ham qirgʻiz sinflar bor. Shahardagi eng katta oʻrta maktablar Alisher Navoiy, Isfana va Yuriy Gagarin oʻrta maktablaridir. Alisher Navoiy oʻrta maktabida darslar oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida olib boriladi. Gagarin maktabida darslar asosan rus tilida oʻtiladi. Bu maktabda qirgʻiz sinflar ham bor. Isfana oʻrta maktabida darslar faqat oʻzbek tilida olib boriladi. Amir Temur va Toʻqtogʻul oʻrta maktablarida ham faqat oʻzbek sinflar mavjud. Issiqkoʻl oʻrta maktabi Isfanadagi eng kichik maktab boʻlib, u yerda darslar oʻzbek va qirgʻiz tillarida olib boriladi.
Bu maktablarning barchasida ingliz tili chet tili sifatida oʻqitiladi. Ammo ingliz tili oʻqitish darajasining sifati yuqori emas. Oʻquvchilar yana qirgʻiz va rus tillarini oʻrganishadi. Bu ikki til Qirgʻizistonda rasmiy tildir. Umuman olganda Isfanada oʻzbek sinflardagi oʻquvchilar toʻrt, qirgʻiz sinflardagi oʻquvchilar uch tilni oʻrganishadi.
Kollej va litseylar[tahrir]
Isfanada Menejment, qonun, moliya va biznes xalqaro akademiyasining (ruscha: Международная Академия управления, права, финансов и бизнеса) filiali bor. Bu akademiyaning asosiy binosi Bishkekda joylashgan. Shaharda, shuningdek, 48-son kasb-hunar litseyi joylashgan. Litsey tikuvchilarni, duradgorlarni, elektr toki ishchilarini va haydovchilarni tayyorlaydi.
Madaniyati[tahrir]
Isfanada ikki kutubxona bor: umumiy kutubxona va bollar kutubxonasi. Bu kutubxonalarning ikkisi ham davlatga qarashlidir. Umumiy kutubxona shahar madaniyat uyi binosida joylashgan. Umumiy kutubxonada 42 515 ta, bollar kutubxonasida 27 206 ta nusxa bor.[9]
Shaharda uch muzey bor: Tarix muzeyi (1986-yil ochilgan), Isʼhoq Razzoqov muzeyi (1990-yil ochilgan) va Shon-shuhrat muzeyi (1990-yil ochilgan). Isfanada bollar musiqa maktabi ham bor. U yerda oʻquvchilar qoʻshiq kuylashni, raqsga tushishni va akkordeon, qoʻmuz va pianino kabi musiqa asboblarini chalishni oʻrganishadi. Maktabda 2014-yilgacha doira, dutor va rubob darslari ham boʻlgan. Shaharda yana bolalar hunar oʻrganish markazi mavjud. U yerda rasm chizish, raqsga tushish, haykaltaroshlik, toʻquvchilik, komputer va chet tillari boʻyicha toʻgaraklar uyushtiriladi.
Isfanada faqat bitta park bor, Samat Sodiqov parki. Park markazida futbol stadioni mavjud. 5 000 gacha odam sigʻadigan bu stadionda koʻp tadbirlar oʻtkaziladi. Isfananing asosiy kinoxonasi 1990-yillar boshida Qirgʻiziston mustaqil boʻlganidan beri ishlamaydi.
Isfanada oʻzbek milliy-madaniy markazi mavjud.[9] Ammo bu markazning faoliyati 2010-yil Qirgʻiziston janubida oʻzbeklar va qirgʻizlar toʻqnashgan milliy nizodan keyin cheklandi. 10-iyundan 14-iyungacha davom etgan bu toʻqnashuvlar paytida Isfanada vaziyat tahlikali boʻldi, ammo ikki millat vakillari orasida qonli toʻqnashuvlar yuz bermadi.[24]
Transporti[tahrir]
Isfana butunlay quruqlikda joylashgan. Eng yaqin temir yoʻl stansiyasi 45 km masofada Tojikistonning Proletarsk shaharchasida joylashgan. Isfana va Botken Viloyati markazi Botken shahri orasidagi masofa 150 km dir. Koʻmir qazib olinadigan Sulukta shahri Isfanadan 16 km masofada joylashgan.
Yer[tahrir]
Isfanada jamoat transporti yaxshi rivojlanmagan. Shahar boʻylab marshrutkalar yuradi. Asosiy yoʻllar boʻyida xususiy taksichilar turadi. Shaharda faqat bitta avtobus stansiyasi bor. Stansiyadan Qirgʻizistonning boshqa shahar-qishloqlariga avtobuslar, mikroavtobuslar va taksilar boradi.
Isfanada yoʻllarning juda oz qismi asfalt bilan qoplangan. Yoʻllar yaxshi taʼmirlanmaydi va katta remontga muhtoj. Isfanani boshqa Qirgʻiziston aholi punktlari bilan katta yoʻllar bogʻlab turadi. Isfana bilan Botken va Oʻsh shaharlarini bogʻlab turuvchi yoʻl Qirgʻiziston mustaqil boʻlganidan keyin yaxshi taʼmirlanmagan. Mamlakat bu yoʻlni qayta taʼmirlash uchun Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Osiyo taraqqiyot bankidan mablagʻ oldi.[25] Isfanadan Bishkekkacha boʻlgan masofa 960 km boʻlib, mashinada toʻxtamay borish uchun 20 soat atrofida vaqt ketadi.
Havo[tahrir]
Shaharda Sovet davrida qurilgan aeroport bor. Isfanadan hozirgi kunda faqat poytaxt Bishkekka reyslar bor. Isfana aeroporti oʻz ishini 1940-yillarda Isfana yaqinida qoʻnish liniyasi sifatida boshlagan. Sulukta shahri uchun xizmat koʻrsatgan Qalʼacha aeroporti yopilganidan soʻng Isfana aeroporti Sulukta aholisi uchun ham xizmat koʻrsata boshlagan. Hozirgi trassa va terminal 1974-yil qurib bitirilgan. 1980-yillar oxirida Isfana aeroporti texnik muammolar sabab oʻz ishini toʻxtatdi. Aeroport 20 yilcha yopiq turdi. 2007-yil terminal binosi va uchish yoʻli taʼmirlanib, aeroport qaytadan ochildi.[26]
Isfana aeroporti 3C sinfidagi hududiy aeroportdir. Trassa 22 tonna yuk koʻtara oladi va aeroportda asboblar yordamida qoʻnish mumkin emas. Aeroport faqat kunduzi faoliyat koʻrsatadi. Isfana aeroporti Tojikiston chegarasiga yaqin boʻlsa ham, unda chegara nazorati yoʻq va shuning uchun aeroportdan faqat mamlakat ichidagi punktlarga reyslar bor xolos.
Manbalar[tahrir]
- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 Qirgʻiz Respublikasining 2009-yilgi aholi hamda uy-joy fondi sanogʻi. Qirgʻiz Respublikasining Milliy statistika qoʻmitasi (ruscha) (2010). Asl nusxadan arxivlandi (2011-08-10). 16.05.2013.
- ↑ 2,0 2,1 Isfana. SPR (ruscha). Asl nusxadan arxivlandi (2016-06-09). 01.05.2013.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 Yoqubov 2001, p. 9.
- ↑ Интересные факты о городе Исфана. Limon (ruscha) (23.01.2015). 18.09.2019.
- ↑ Yoqubov 2001, p. 20.
- ↑ "2015-yil Isʼhoq Razzoqov yili boʻladi" (qirgʻizcha). Ata Jurt (22 (8418)): 2-bet. 13.12.2014.
- ↑ "Isfanaga Isʼhoq Razzoqov nomini berish kerak" (qirgʻizcha). SuLey Info (107-108): 2-bet. 13.12.2014.
- ↑ 8,0 8,1 8,2 B. Oruzbayeva, ed (1987). "Isfana" (ruscha). Oʻsh viloyati: Ensiklopediya. Frunze: Qirgʻiz sovet ensiklopediyasi bosh redaksiyasi. p. 247.
- ↑ 9,0 9,1 9,2 9,3 9,4 Isfana: Shahar profili. Qirgʻiz Respublikasi shaharlari birlashmasi (inglizcha). Asl nusxadan arxivlandi (2014-10-24). 28.04.2013.
- ↑ Yoqubov 2001, p. 14.
- ↑ Yoqubov 2001, p. 10.
- ↑ Fierman, William (2009). "Oʻzbekiston" (inglizcha). Microsoft Student. Redmond, WA: Microsoft Corporation.
- ↑ 13,0 13,1 Mir-Solih Bekchurin (1871). "Markaziy Osiyodagi 1886-yilgi istilolarimiz", Rossiya imperatorlik geografiya jamiyatining axborotlati (in ruscha), 228. 31.05.2016 da qaraldi.
- ↑ Yoqubov 2001, p. 31.
- ↑ 15,0 15,1 15,2 Mayhew, Bradley; Richard Plunkett, Simon Richmond (2000). Lonely Planet Markaziy Osiyo, 2 (in inglizcha), Lonely Planet Publications, 34, 159. ISBN 0-86442-673-9.
- ↑ 16,0 16,1 (1991) in William Fierman: Sovet Markaziy Osiyosi: Muvaffaqiyatsiz transformatsiya (in inglizcha). Boulder: Westview Press, 17. ISBN 0-8133-7907-5.
- ↑ Tishkov, Valeriy (1997). Sovet Ittifoqi davridagi va ittifoq parchalanganidan keyingi yillarda millat, millatchilik hamda konflikt (in inglizcha). London: Sage Publications, 30-31. ISBN 978-0761951858.
- ↑ Yoqubov 2001, p. 51-57.
- ↑ Isfana ob-havosi (inglizcha). World Weather Online. 26.04.2013.
- ↑ Shahar haqida. Isfana rasmiy sayti (ruscha). Asl nusxadan arxivlandi (2012-04-25). 19.04.2012.
- ↑ Podolskaya, Darya (08.01.2015) "Muxtar Anarbotoyev Isfana shahri meri etib tayinlandi" (ruscha) 24kg archived from the original on 2015-05-05 https://web.archive.org/web/20150505005024/http://www.24kg.org/obschestvo/4533_merom_isfanyi_izbran_muhtar_anarbotoev/. Qaraldi: 14.01.2015.
- ↑ Qirgʻiziston janubida milliy ajralish kuchayib bormoqda (hisobot). International Crisis Group (inglizcha) (29.04.2012). 15.11.2013.
- ↑ "Qirgʻizistonlik oʻzbeklar diskriminatsiya va poraxoʻrlik haqida arzlanmoqda" (ruscha). Eurasianet. 30.01.2006. http://www.centrasia.ru/newsA.php?st=1138598280. Qaraldi: 29.04.2013.
- ↑ Kowalchuk, Darren (29.11.2012). Froese, Ursula. ed. "Isfana, Qirgʻiziston: U yerdan bu yerga kelish" (inglizcha). OSCE Magazine (Vienna: OSCE) (4/2012): 27. http://www.osce.org/home/97663?download=true. Qaraldi: 13.05.2014.
- ↑ Sitenkova, Darya (16.09.2013) "Mustaqillik yillarida Qirgʻiziston yoʻllarni qayta taʼmirlash uchun 1 milliard dollardan oshiq qarz olgan" (ruscha) 24 archived from the original on 2013-09-21 https://web.archive.org/web/20130921054903/http://www.24kg.org/community/160746-za-gody-nezavisimosti-kyrgyzstan-poluchil-bolee-1.html. Qaraldi: 20.09.2013.
- ↑ "Qirgʻizistonda Isfana aeroporti yigirma yildan keyin qayta ochildi" (ruscha). Centrasia. 23.08.2007. http://www.centrasia.ru/newsA.php?st=1187850720. Qaraldi: 20.04.2013.
- Yoqubov, Temirboy (2001). in Nurullo Nishonov: Isfana (Aspanakent) tarixi.
Havolalar[tahrir]
![]() |
Vikiomborda Isfana haqida turkum mavjud |
- Isfananing rasmiy vebsayti[sayt ishlamaydi] (qirgʻ.)
- Isfana xaritasi, MSN (ingl.)
- Isfana profili Arxivlandi 2008-05-02Wayback Machine saytida., Qirgʻiziston shaharlari birlashmasi (rus.)
- Isfana, Spirit of Salam (ingl.)
- Isfana va Laylak tumani Arxivlandi 2016-06-09Wayback Machine saytida., SPR (rus.)
Galereya
|