Yomgʻir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Yomgʻir — Braziliya.
Meksikada yomg'ir

Yomgʻir — bulutlardan diametri 0,5 mm dan 6–7 mm gacha boʻlgan suv tomchilari holida yogʻadigan yogʻin. Qoplama bulutli Yomgʻir hamda jala Yomgʻirga boʻlinadi (qarang Atmosfera yogʻinlari, Jala). Oʻrta Osiyoning tekislik va togʻ oldi hududlarida Yomgʻir yil davomida kuzatiladi; yomgʻirli kunlar soni qorli kunlar soniga karaganda 2–3 marta ortiq. Yomgʻir mart—aprel oylarida eng koʻp, iyul—avgustda esa eng kam yogʻadi. Oʻrta Osiyoda Yomgʻirli kunlar soni oʻrta hisobda bir yilda 30–40 kunni tashkil qiladi. Joyning balandlik ortib borishi bilan (toqqa yaqinlashgan sari) Yomgʻirli kunlar soni 50–60 kunga yetadi. Choʻl hududlarida, Fargʻona vodiysi (soyligi)ning gʻarbiy va markaziy qismida yillik Yomgʻir miqdori eng kam. Mas, Orol dengizining janubidagi baʼzi joylarda oʻrtacha yillik yogʻin miqdori 80–90 mm. Nam havo oqimi yoʻnalishiga qulay joylashgan togʻ oldi va vodiylar (2000 m bal. gacha bulgan zona)da, ayniqsa, jan.gʻarbga qaragan vodiylarda Yomgʻir katta jadallik bilan yogʻadi. Aprel va may oylarida moʻʼtadil yogʻib turadigan bulutli Yomgʻir tuprokda nam zaxirasining koʻpayishiga yordam beradi, ekinlarning yalpi koʻkarishiga qulay sharoit tugʻdiradi. Tuproq va havo temperaturasi pasaygan sharoitlarda qoplama bulutli Yomgʻir unib chiqqan ayrim ekinlar, mas, gʻoʻzada iyadiz chirishi, gommoz kasalliklarining avj olishiga sabab boʻladi. Qisqa muddatli momaqaldiroq bilan aprel–may oylarida yogʻadigan Yomgʻirlar (sutkalik yogʻin miqdori 10 mm dan ortiq) tuproq yuza qatlamini tigʻizlab, qatqaloq hosil qiladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Abdullayev, Hamidulla. "Yomgʻir" OʻzME. Yo-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil