Issiqkoʻl oʻrta maktabi (Isfana)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
„Issiqkoʻl“ oʻrta maktabi
Joylashgan yeri
Isfana, Qirgʻiziston
Koordinatalar 39°50′45″N 69°32′41″E / 39.8457°N 69.5446°E / 39.8457; 69.5446
Maʼlumot
Maktab turi boshlangʻich va oʻrta maktab
Asos solingan sanasi 1999 (19 years ago) (1999)
Sinflar 1-4 (oʻzbek sinflar)
1-11 (qirgʻiz sinflar)
Til oʻzbek, qirgʻiz
Issyk Kul Secondary School (1).jpg
„Issiqkoʻl“ oʻrta maktabi darvozasi

„Issiqkoʻl“ oʻrta maktabi (qirgʻ. «Ысыккөл» орто мектеби) — Qirgʻizistonning Isfana shahrida joylashgan oʻrta maktab[1]. Oʻrta maktab deb nomlanishiga qaramasdan, maktabda 1-dan 11-gacha sinflar bor. Maktabda darslar oʻzbek va qirgʻiz tillarida oʻtiladi[2].

Maktabning hozirgi binosi 1982-yil qurib bitirilgan. Maktab 1990-yillarda Alisher Navoiy nomli oʻrta maktab filiali oʻlaroq ochilgan. 1999-yil alohida maktab boʻlib ajralib chiqqan. „Issiqkoʻl“ oʻrta maktabida 1- sinfdan 11-sinfgacha qirgʻiz sinflar bor. Oʻzbek sinflar 1-dan 4-gacha xolos. Oʻzbek oʻquvchilar boshlangʻich taʼlimni yakunlagach, oʻqishni shahardagi boshqa maktablarda — asosan Alisher Navoiy nomli oʻrta maktabda hamda Oʻzbek gimnaziyasida davom ettiradilar.

Dars programmasi[tahrir]

Oʻquvchilar birinchi sinfga bolaning individual rivojlanishiga qarab 6 yoki 7 yoshda olinadi. 11 yillik oʻqish boshlangʻich (1-4-sinflar), oʻrta (5-9-sinflar) va yuqori (10-11-sinflar) oʻlaroq uchga boʻlinadi. 9 yillik umumiy programmaga qatnashish majburiydir. 10-11-sinfda oʻqish majburiy emas. „Issiqkoʻl“ oʻrta maktabida oʻzbek oʻquvchilar 5-sinfgacha tahsil oladi xolos. Ular keyingi sinflarni shahardagi boshqa maktablarda davom ettiradilar. Qirgʻiz oʻquvchilar esa barcha 11 sinfni tamomlay oladi.

Mamlakatdagi boshqa maktablardagi kabi „Issiqkoʻl“ oʻrta maktabida boshlangʻich sinf oʻquvchilari alohida etajda oʻqishadi. Ularga odatda 1-dan 4-sinfgacha bitta oʻqituvchi barcha fanlarni oʻtadi (jismoniy tarbiya va chet tillaridan tashqari).

5-sinfdan boshlab har bir darsni alohida oʻqituvchi oʻqitadi. Katta sinf oʻquvchilariga matematika, informatika, fizika, kimyo, jugʻrofiya, biologiya, sanʼat, musiqa, jismoniy tarbiya, tarix, falsafa, astronomiya kabi darslar oʻtiladi.

Qirgʻizistondagi boshqa maktablardagi kabi „Issiqkoʻl“ oʻrta maktabida ham ikki smenada (ertalabki va tushki) darslar oʻtiladi. Bunga sabab oʻquvchi soni koʻpligidir.

Oʻquv yili sentabr boshidan mayning oxirigacha choʻziladi va toʻrt chorakka boʻlingan. Oʻqish programmasi oʻzgarmas, doimiy. Baʼzi gʻarb mamlakatlaridan farqli oʻlaroq, oʻquvchilar yoki ularning ota-onalari qaysi darslar oʻtilishini tanlay olishmaydi. Oʻquvchilar 5 qadamli shkalada baholanadi. Amalda 2 („qoniqarsiz“) dan 5 („aʼlo“) gacha qoʻyiladi. 1 kamdan-kam ishlatiladigan keskin oʻzlashtirmaganlik belgisi. Kundalik baho berishda bu baholarni oʻqituvchilar yana guruhlarga boʻlishadi (masalan +4, -5), ammo chorak baholar faqat 2, 3, 4 yoki 5 boʻlishi mumkin.

Dars oʻtish tili[tahrir]

„Issiqkoʻl“ oʻrta maktabida darslar oʻzbek va qirgʻiz tillarida olib boriladi. Qirgʻizistondagi boshqa koʻp millatli maktablardagidek, maktabda oʻzbek tilida oʻqitishning kelajagi nomaʼlum boʻlib qolmoqda.[3]

2010-yil Qirgʻiziston janubidagi sodir boʻlgan tartibsizliklar ortidan qirgʻiz rasmiylari oʻzbek tilini cheklashga va oʻzbek maktablarni majburan qirgʻizlashtirishga harakat qila boshladi.[4][5][6][7][8] Shu harakatlar doirasida 2010-yillar boshida oʻzbek tili va adabiyoti fanlariga ajratilgan dars soati ozaytirilib, oʻrniga qirgʻiz tili va adabiyoti fanlariga koʻp soat berildi.[9]

Hozirda oʻzbek tilidagi darsliklar yetishmaydi va Qirgʻiziston hukumati maktablarni mablagʻ yoʻqligini bahona qilib, oʻzbekcha kitoblar bilan taʼminlashni istamaydi. Qirgʻiz rasmiylari oʻzbek oʻquvchilarining Oʻzbekistonda chiqqan kitoblardan foydalanishga keskin qarshi boʻlgani uchun hozirda koʻp maktablarda, shu jumladan, „Issiqkoʻl“ oʻrta maktabida ham aksar darslar oʻzbek tilida ammo qirgʻiz tilidagi darsliklardan foydalanib oʻtilmoqda.

Manbalar[tahrir]

  1. Isfana: Shahar profili. Qirgʻiziston shaharlari birlashmasi (ruscha). 03.10.2012.
  2. „Issiqkoʻl“ oʻrta maktabi. Isfana shahring rasmiy vebsayti: (ruscha). 23.10.2012.
  3. Usmon, Sarvar (11.10.2011). "Qirgʻizistondagi oʻzbek maktablari taqdiri savol ostida". Ozodlik radiosi. http://www.ozodlik.org/content/article/24356551.html. Qaraldi: 30.10.2012. 
  4. Sherzod (19.11.2011). "Maqsad nima? Savodsizlarni koʻpaytirishmi?". Ozodlik radiosi. http://www.ozodlik.org/content/article/24395783.html. Qaraldi: 30.10.2012. 
  5. Baqit Ibraimov; Temir Aqmatov (8.12.2011). "Oʻsh oʻzbek maktablarni man qilish haqida oʻylamoqda" (inglizcha). Transitions Online. http://www.tol.org/client/article/22884-kyrgyzstan-education.html. Qaraldi: 22.02.2012. 
  6. Baqit Ibraimov; Temir Aqmatov (08.12.2011). "Qirgʻizcha maktablar haqidagi keskin gaplar" (inglizcha). TOR Chalkboard. http://www.tol.org/client/article/22884-kyrgyzstan-education.html. Qaraldi: 22.02.2012. 
  7. Qosim, Elmurod (26.09.2012). "Ommaviy hayotdan oʻzbek tilini yoʻq qilish" (inglizcha). Registan. http://registan.net/2012/09/26/removing-uzbek-from-public-life/. Qaraldi: 09.10.2012. 
  8. Wisniewski, Dan (01.10.2012). "Qirgʻizistonda oʻzbek tili yoʻq boʻlib bormoqda" (inglizcha). Ozodlik radiosi. http://www.rferl.org/content/uzbek-minority-language-under-threat-in-kyrgyzstan/24725665.html. Qaraldi: 09.10.2012. 
  9. Ivashenko, Yekaterina (13.02.2013). "Kimga kerak bu oʻzbekcha taʼlim?" (ruscha). Fergana News. http://www.fergananews.com/articles/7622. Qaraldi: 15.04.2014. 

Havolalar[tahrir]