Maʼrifjon Moʻminov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Maʼrifjon Moʻminovich Moʻminov
Tavalludi 22-avgust 1952-yil
Vafoti 3-dekabr 2014-yil(2014-12-03)
(62 yoshda)
Isfana, Qirgʻiziston

Maʼrifjon Moʻminov (22.08.1952—03.12.2014) — Qirgʻizistonda joylashgan Isfana shahrining uchinchi meri. Moʻminov koʻp yillar davomida Isfanadagi kolxozning raisi boʻlib ishlagan. Faoliyati davomida Isfana shahrining va Laylak tumanining iqtisodiy rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshgan.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Maʼrifjon Moʻminovich Moʻminov 1952-yil 22-avgustda Qirgʻiziston SSRning oʻsha paytdagi Isfana qishlogʻida tugʻilgan. 1968-yil Isfanadagi Toʻqtogʻul nomli oʻrta maktabni yakunlagan. 1974-yil Skryabin nomidagi qishloq xoʻjaligi institutini (hozirgi Skryabin nomidagi qirgʻiz milliy agrar universiteti) injener-mexanik mutaxassisligini olib tugatgan. Moʻminov 2014-yil 3-dekabrda 62 yoshda vafot etgan. U toʻrt farzandning otasi boʻlgan.

Mehnat faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Laylak tumanining Dargʻaz qishlogʻida Moʻminov qurdirgan bino. Hozirgi kunda bu binodan Gapar Usenov boshlangʻich makbati joylashgan.

Moʻminov mehnat faoliyatini 1974-yilda Isfanadagi Samat kolxozida mexaniklikdan boshlagan. 1980-82-yillarda Laylak tumanining qishloq xoʻjaligi boshqarmasida bosh muhandis boʻlib ishlagan. 1982-86-yillarda Laylak tumanining Mexanizatsiyalashtirilgan chorvachilik stansiyasida direktor boʻlib faoliyat yuritgan. 1986-87-yillarda Komintern sovxozining direktori lavozimida ishlagan.

Moʻminov 1987-yildan 1996-yilgacha Isfanadagi Samat kolxoziga raislik qilgan. 1996-99-yillarda Isfana qishloq xoʻjaligi kooperativiga boshchilik qilgan. 1999-yildan 2001-yilgacha Isfana shahar boshqarmasi boshchisining oʻrin bosari sifatida faoliyat koʻrsatgan. 2001-yildan 2004-yilgacha Laylak tumanining qishloq xoʻjaligi boʻlimining bosh direktori boʻlib ishlagan.

2004-2005-yillarda Botken viloyati gubernatorining maslahatchisi boʻlib ishlagan. 2005-yil 20-dekabrdan 2009-yil 9-sentabrgacha Isfana shahrining meri lavozimida ishlagan. 2010-yildan boshlab Laylak tuman agrar rivojlanish boʻlimida ishlagan.

Moʻminov faoliyati davomida Isfana shahrining va Laylak tumanining iqtisodiy rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshgan.[1]

Mukofotlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Moʻminov hayoti davomida bir necha mukofot olgan.[2] 1991-yil Qirgʻiziston prezidentining faxriy yorligʻi bilan taqdirlangan. 1998-yil Qirgʻiz Respublikasining „Shuhrat“ medali bilan taqdirlangan.[3] Bundan tashqari, „Xalq taʼlimi aʼlochisi“ unvoni hamda Qishloq xoʻjaligi ministrligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Moʻminov Maʼrifjon Moʻminovich (qirgʻizcha). Ata Jurt (13-dekabr, 2014), s. 7.
  2. Xalq yodida qoladi (qirgʻizcha). SuLey Info (13-dekabr, 2014), s. 15.
  3. Yoqubov, Temirboy. Isfana (Aspanakent) tarixi, Isfana, 2001 — 46 bet.