Yosin surasi
Yosin surasi — سورة يس | |||||||||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
Suraning arabcha matni | |||||||||||||
Nomining maʼnosi | Yo, sin (harf)[1][2] | ||||||||||||
Tasnifi | Makkiy sura[3] | ||||||||||||
Statistika | |||||||||||||
Sahifasi | 440–445[4] | ||||||||||||
Juz | 22-23 | ||||||||||||
Sura raqami | 36 | ||||||||||||
Oyatlar soni | 83 | ||||||||||||
Sajda oyati | yoʻq | ||||||||||||
Rukuʼlar soni | 5[5] | ||||||||||||
Muqattaot harflari | Yo, sin[6] | ||||||||||||
Soʻzlar soni | 733 | ||||||||||||
Harflar soni | 2988 | ||||||||||||
Nozil boʻlish tartibi | 41[7] | ||||||||||||
| |||||||||||||
Arabcha matni |
ar.wikisource.orgda tanzil.netda | ||||||||||||
Tarjimalari |
QuranAcademy.org quran.uzda | ||||||||||||
| |||||||||||||
Yosin surasi (arabcha: سورة يس, Yo Sin) — Qurʼonning 36-surasining nomi. 83 oyatdan iborat. Makkada nozil boʻlgan. Arabcha "yo" va "sin" harflaridan olingan. Ayrim mualliflar bu harflar arabcha "yo, inson" iborasining qisqartirilgan shakli deb hisoblaydilar. Bu surada Qurʼonning muqaddas kitob sifatida Alloh tomonidan yuborilgani, unda musulmonlar uchun toʻgʻri yoʻl koʻrsatilgani, Muhammadning paygʻambarligi, uning pandnasihatlariga amal qilgan dindorlar oxiratda Alloh huzuriga qaytib borishi kabi islom dinining asosiy aqidaviy gʻoyalari ifodalangan. Shuning uchun Yo. Qurʼonning eng koʻp oʻqiladigan suralaridan biri sanaladi [mas, kasal odam boshida (qarang Chilyosin), janozada, roʻza tutganda oʻqiladi. Bu sura yozilgan qogʻoz baʼzan tumor xizmatini bajaradi. Yosin surasi mazmuni Muhammad taʼlimotining mohiyatini tashkil etadi. Muhammad bu surani Qurʼonning "magʻzi" deb hisoblaganligi haqida rivoyat bor.[8]
Asosiy mavzusi[9]
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
1. Yo, Sin.
2. (Ey, Muhammad, ushbu) hikmatli Qurʼonga qasamki,
3. haqiqatan, Siz paygʻambarlardandirsiz!
4. (Siz) Toʻgʻri yoʻldadirsiz.
5. (Bu Qurʼon) qudratli va rahmli (Alloh)ning nozil qilgan (Kitob)idir,
6. toki ota-bobolari ogohlantirilmay, gʻofil boʻlib qolgan qavmni ogohlantirgaysiz.
7. Ularning koʻplariga Soʻz (azob haqidagi hukm) muqarrar boʻlgandir. Bas, ular imon keltirmaslar.
8. Darhaqiqat, Biz ularning to iyaklarigacha kishanlarni solib qoʻydik, bas, ular kekkayuvchilardir.
9. Yana ularning oldilaridan bir toʻsiq (parda), ortlaridan bir toʻsiq (parda) qilib, ularni oʻrab qoʻydik. Bas ular „koʻra“ olmaslar.
Izoh: Bu oyat Abu Jahl Maxzumiy haqida nozil boʻlgan. U Rasulullohni namoz oʻqiyotgan paytlarida boshlariga tosh bilan urib majruh qilishga qasam ichgan boʻlib, maqsadini amalga oshirmoqchi boʻlganida toshni koʻtarganicha qoʻllari toshga yopishib qoladi. Sharmanda boʻlib oʻz qavmiga qaytib kelgach, boshqa biri „Bu ishni men bajaraman“ — deb ravona boʻlganida, Alloh taolo amri bilan uning koʻzi koʻr boʻlib qoladi.
10. (Ey, Muhammad,) Siz ularni ogohlantirdingizmi yoki ogohlantirmadingizmi — ularga barobardir - imon keltirmaslar.
11. Siz faqat Zikr (Qurʼon)ga ergashgan va Rahmondan gʻoyibona qoʻrqqan kishilarnigina ogohlantira olursiz. Bas, oʻshalarga magʻfirat va ulugʻ mukofot (jannat) xushxabarini bering!
12. Albatta, Biz oʻliklarni tiriltirurmiz va ularning qilgan amallarini hamda (qoldirgan) izlarini yozib qoʻyurmiz. Barcha narsani Biz aniqlab beruvchi Imom (Lavhul-Mahfuz)da hisobga olganmiz.
13. (Ey, Muhammad,) Siz ularga qishloq (ahli)ni — u joyga elchilar kelgan paytini misol keltiring!
Izoh: Qishloqning nomi Antokiya boʻlib, u Rum (hozirgi Italiya) ning qadimiy qishloqlaridan biridir.
14. Oʻshanda Biz ularga ikkita (elchi)ni yuborganimizda (ular) ikkisini yolgʻonchiga chiqarishgach, uchinchi (elchi) bilan quvvatlantirdik. Bas, (uchchala elchi Antokiya ahliga): „Haqiqatan, biz sizlarga (yuborilgan) elchilarmiz“, degan edilar.
15. Ular: „Sizlar ham xuddi bizga oʻxshagan odamlarsiz. Rahmon (Alloh) biror narsa (vahiy) nozil qilgani yoʻq. Sizlar faqat yolgʻon soʻzlamoqdasizlar“, — dedilar.
16. (Elchilar) aytdilar: „Rabbimiz bilurki, bizlar, albatta, sizlarga (yuborilgan) elchilardirmiz!
17. Bizlarning zimmamizda faqat (Allohning vahiysini sizlarga) aniq yetkazishgina bordir“.
18. (Ular) dedilar: „Bizlar sizlardan shumlanmoqdamiz. Qasamki, agar (daʼvatlaringizni) toʻxtatmasangizlar, sizlarni, albatta, toshboʻron qilurmiz va sizlarga biz tomondan alamli azob yetar“.
19. (Elchilar) aytdilar: „Shumlanishingiz oʻzlaringiz bilandir. Sizlarga nasihat qilinsa (shumlanasizlarmi)?! Yoʻq, sizlar haddan oshgan qavmdirsiz!“
20. (Shu payt) bir kishi shaharning ichkarisidan shoshgancha kelib, dedi: „Ey, qavmim, (bu) elchilarga ergashinglar!
21. Oʻzlari hidoyatda boʻlgan va sizlardan haq soʻramaydigan zotlarga ergashinglar!“
Izoh: Bu taklifni xaloyiqqa aytgan kishi Habib ismli bir xudojuy duradgor boʻlib, u shahar chetida yashar edi.
22. (U yana aytdi): "Nega men oʻzimni yaratgan Zotga ibodat qilmayin? (Sizlar ham) Ungagina qaytarilursizlar.
23. Men Undan Oʻzgalarni iloh qilib olaymi?! (Holbuki), agar Rahmon menga biror zarar yetkazishni istasa, u („iloh“)larning shafoatlari menga biror foyda bera olmas va ular meni (azobdan) qutqara olmaslar.
24. U holda men, albatta, aniq zalolatda boʻlurman-ku!
25. Haqiqatan, men Rabbingizga imon keltirganman, meni eshitib qoʻyingiz!"
26. (Soʻzlariga boqmay uni qatl qilishgach, unga) „Jannatga kir“,- deyildi. (U joydagi noz-neʼmat va izzat-ikromni koʻrgach), u aytdi: „Qani edi qavmim bilsalar
27. Rabbimning meni magʻfirat etganini va meni mukarram kishilardan qilganini“.
28. Biz undan (Habib an-Najjor qatlidan) keyin uning qavmi ustiga osmondan biror qoʻshin (azob farishtalarini) tushirmadik. Biz (shoshilinch) tushiruvchi emasmiz.
29. Faqat birgina dahshatli qichqiriq boʻldi-yu, birdaniga ular „oʻchib“ qoldilar.
30. Bandalarga hasrat (nadomat) boʻlgayki, ularga paygʻambar kelishi bilan uni masxara qiluvchi boʻldilar.
31. Axir, ular oʻzlaridan oldin ham qancha avlodlarni halok qilganimizni — oʻshalar ularning oldiga (dunyoga) qaytib kelmayotganini koʻrmadilarmi?!
32. Albatta, barchalari (qiyomatda) Bizning dargohimizda hozir qilinuvchidirlar.
33. Oʻlik (qoʻriq) yer ular uchun (qayta tirilishga) bir alomatdir, Biz uni (suv bilan) tiriltirdik va undan (turli) donlarni undirib chiqardik. Bas, ular undan yerlar.
34. Yana Biz u (yer)da xurmozor va uzumzor bogʻlarni (paydo) qildik va u yerda buloqlarni oqizib qoʻydik.
35. Toki (odamlar) mevasidan yesinlar. Holbuki, u (mevalar)ni oʻz qoʻllari (bilan) qilmagan edilar. Axir shukr qilmaydilarmi?!
36. Yer undiradigan narsalardan, (odamlarning) oʻzlaridan va yana ular bilmaydigan narsalardan iborat barcha juftlarni yaratgan (Alloh)ga tasbeh aytilur.
37. Tun ham ular uchun (qudratimizdan) bir alomatdir. Biz undan kunduzni sugʻurib olishimiz bilan birdaniga ular zulmatda qolurlar.
38. Quyosh (tinmay) oʻz qarorgohi sari joriy boʻlur. Bu qudratli va bilimli zotning oʻlchovidir.
39. Biz oyni ham, toki u eski xurmo butogʻidek boʻlib (egilib) qolgunicha, manzillarga (botadigan qilib) oʻlchab qoʻygandirmiz.
Izoh: Madorik tafsirida yozilishicha, oy agar qisqa boʻlsa, u hilollik kunidan boshlab 28 joyda koʻrinadi. Soʻng bir yoki ikki kecha koʻrinmasdan, yana boshidan boshlab takrorlanaveradi. Shu manzillarga qarab oyning nuri ham ozayib-koʻpayib turadi.
40. Na quyosh oyga yetishi mumkin va na kecha-kunduzdan oʻzuvchidir. (Quyosh, oy va yulduzlarning) har biri (bir) falakda suzadilar.
41. Biz ularning zurriyotlarini (Nuh paygʻambar yasagan) toʻla kemada koʻtarganimiz (va toʻfondan qutqarganimiz) ular uchun (qudratimizdan yana bir) alomatdir.
42. Yana Biz ularga xuddi oʻsha (kemaga) oʻxshash (ot, tuya kabi) minadigan narsalarni ham yaratdik.
43. Agar Biz xohlasak, ularni gʻarq qilurmiz-da, soʻng ular uchun biror yordamchi boʻlmas va ular qutqarilmaslar ham.
44. Faqat Biz tomondan boʻlgan marhamat sababli va (maʼlum) bir vaqtgacha (hayotdan) bahramand boʻlishlari uchun (muhlat berilur).
45. Qachonki, ularga: „Rahmatga erishishlaringiz uchun oldilaringizdagi (oxirat)dan va ortingizdagi (dunyo)dan qoʻrqinglar“,- deyilsa, (quloq solmaslar).
46. Ularga Parvardigorlarining oyatlaridan biror oyat kelsa, albatta, ular (oʻsha oyatdan) yuz oʻgiruvchi boʻlurlar.
47. Qachonki, ularga: „Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalardan ehson qilinglar“, — deyilsa, kofir boʻlgan kimsalar imon keltirgan zotlarga (istehzo bilan): „Agar Alloh xohlasa, Oʻzi oziqlantiradigan kishilarga bizlar taom berurmizmi? Sizlar, shubhasiz, aniq zalolatdadirsizlar“, — derlar.
48. Yana ular: „Agar rostgoʻy boʻlsangizlar (aytinglar-chi), mana shu vaʼda (azob) qachon boʻladi?“ - derlar.
49. Ular janjallashib turganlarida, ularni tutuvchi birgina qichqiriqni kutmoqdalar, xolos.
50. Bas, ular na biror vasiyat qilishga va na (oila) ahliga qaytishga qodir boʻlurlar.
51. (Qiyomat kuni) sur chalinishi bilan birdaniga ular qabrlaridan Parvardigorlari sari sugʻurilib chiqurlar.
52. Ular: „Holimizga voy! Kim bizlarni uxlayotgan joyimizdan oʻygʻotdi?“ — deganlarida, (ularga aytilur): „Mana shu Rahmon vaʼda qilgan va paygʻambarlar soʻzlagan rost narsa (qiyomat)dir“.
53. Faqatgina bir qichqiriq, bas, darhol ularning barchalari Bizning dargohimizda hozir qilinuvchidirlar.
54. Mana bugun hech bir jonga zulm qilinmas va sizlar faqat oʻzlaringiz qilib oʻtgan amallaringizga qarab taqdirlanursizlar.
55. Albatta, jannat ahli bu Kunda (rohat va farogʻat) ish(lari) bilan shoddirlar.
56. Ular oʻz juftlari bilan birga soyalarda, soʻrilarda suyanib oʻtirurlar.
57. Ularga u joyda (turli) mevalar va ular uchun istagan narsalari mavjuddir.
58. (Ularga) rahmli Parvardigor (tomoni)dan salom (aytilur).
59. Ey, jinoyatchilar, bu Kunda, endi (moʻminlardan) ajralinglar!
60. Men sizlarga tavsiya qilib: „Ey, Odam bolalari, shaytonga ibodat (itoat) qilmangiz, chunki, u sizlarga ochiq dushmandir.
61. Mengagina ibodat qilinglar! Mana shu Toʻgʻri yoʻldir“,- demaganmidim?!
62. (Shayton) sizlarning ichingizdan koʻp avlodni yoʻldan ozdirdi. Axir, aql yurituvchi boʻlmadingizlarmi?
63. Sizlarga vaʼda qilingan jahannam mana shudir!
64. (Dunyoda) kofir boʻlib oʻtganlaringiz sababli bu Kunda unda toblaningiz!
65. Bu Kunda Biz ularning ogʻizlarini muhrlab qoʻyurmiz. Bizga ularning qilib oʻtgan ishlari haqida qoʻllari soʻzlab, oyoqlari guvohlik berur.
66. Agar Biz xohlasak, ularning koʻzlarini yoʻq qilgan boʻlur edik. Ana u holda ular yoʻlga shoshardilaru, (lekin) qayoqdan (yoʻlni) koʻra olsinlar?!
67. Agar Biz xohlasak, ularni turgan joylarida (maymun, toʻngʻiz yo tosh kabi) narsalarga aylantirib qoʻygan boʻlur edik. Soʻng ular (oldinga) yurishga ham qodir emaslar va (orqalariga ham) qayta olmaslar.
68. Biz kimga uzoq umr bersak, uning vujudini xam (egik, zaif) qilib qoʻyurmiz. Axir, aql yurgizmaydilarmi?!
69. (Muhammadga) sheʼrni taʼlim bermadik va unga (shoirlik) mumkin ham emas. U (vahiy) faqat zikr (eslatma) va aniq Qurʼondir.
70. (U) tirik (aqlli) kishilarni ogohlantirish va kofirlarga Soʻz (azob) muqarrar boʻlishi uchun (nozil qilingan)dir.
71. Axir, ular uchun Oʻz „qoʻlimiz“ ishi bilan chorva hayvonlarini yaratib qoʻyganimizni koʻrmadilarmi?! Mana ular oʻsha (hayvon)larga egadirlar.
72. Biz oʻsha (hayvon)larni ularga boʻyin sundirib qoʻyganmiz. Ana ularning minadigan narsalari ham oʻsha (hayvon)lardan va oʻshalardan yegaylar.
73. Yana ular uchun oʻsha (hayvon)larda (turli) foydalar va ichimlik (sut-qaymoq)lar bordir. Axir, shukr qilmaydilarmi?!
74. Allohni qoʻyib yordam olish umidida „iloh“larni tutdilar.
75. Ular hozirlangan qoʻshin boʻla turib, ularga yordam berishga qodir boʻlmaslar.
76. Bas, (ey, Muhammad,) Sizni ularning soʻzlari gʻamgin qilmasin! Zotan, Biz ularning yashiradigan narsalarini ham, oshkor qiladigan narsalarini ham bilurmiz.
77. Inson, Biz uni nutfadan (bir tomchi shahvat suvidan) yaratganimizni, endi esa, u birdaniga (Oʻzimizga) oshkora xusumat qiluvchi boʻlib qolganini koʻrmadimi?!
78. U Bizga: „Chirib ketgan suyaklarni kim ham tiriltira olur?“- deb, masal keltirdi-yu, (ammo) oʻzining (qanday) yaralganini unutib qoʻydi.
79. (Ey, Muhammad,) ayting: „U (chirigan suyak)larni dastlab paydo qilgan zotning Oʻzi qayta tiriltirur. U turli xil yaratish(lar)ni biluvchidir“.
80. U sizlar uchun yashil daraxtdan olov paydo qilgan zotdir. Bas, sizlar oʻshandan olov yoqursizlar.
81. Osmonlar va Yerni yaratgan zot yana ularning xuddi oʻzidek yaratishga qodir emasmi?! Yoʻq, (albatta, qodirdir). U yaratuvchi va biluvchidir!
82. Biror narsa (yaratish)ni iroda qilganda, Uning ishi faqatgina: „Boʻl!“- deyishdir. U (narsa) esa boʻlur (vujudga kelur).
83. Bas, barcha narsaning egaligi Oʻz „qoʻli“da boʻlgan (Alloh)ga tasbeh (aytilur). Unga (huzuriga)gina qaytarilursizlar!
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Qurʼoni Karim tarjimasi va sharhi. Abdulaziz Mansur
- ↑ Qurʼoni Karim maʼnolari tarjimasi. Alouddin Mansur
- ↑ Qurʼonda koʻrsatilgan tasnif.
- ↑ 604 sahifali Qurʼonda.
- ↑ Yuqoridagi sura sarlavhasining tasviridan olingan.
- ↑ Qurʼondan koʻrilgan.
- ↑ Yuqoridagi sura sarlavhasining tasviridan olingan.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ tarjimasi (PDF), 2016-02-05da asl nusxadan (PDF) arxivlandi, qaraldi: 2016-02-05
Keyingisi: Saffot surasi | 36-sura — arabcha matni | Oldingisi: Fotir surasi |
- Makkiy suralar
- Sajda oyati yoʻq suralar
- Muqattaot harflari bor suralar
- 22-juz suralari
- 23-juz suralari
- 80 oyatdan koʻp oyatli suralar
- 70 oyatdan koʻp oyatli suralar
- 60 oyatdan koʻp oyatli suralar
- 50 oyatdan koʻp oyatli suralar
- 40 oyatdan koʻp oyatli suralar
- 30 oyatdan koʻp oyatli suralar
- 200 oyatdan kam oyatli suralar
- 150 oyatdan kam oyatli suralar
- 100 oyatdan kam oyatli suralar
- 90 oyatdan kam oyatli suralar
- 5 rukuʼli suralar
- 10 rukuʼdan kam rukuʼli suralar
- 15 rukuʼdan kam rukuʼli suralar
- 20 rukuʼdan kam rukuʼli suralar
- Suralar
- Suralar haqidagi chala maqolalar