Mulk surasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qalam    67–sura   Tahrim
Mulk surasi — سورة الملك
Qurʼon nusxalaridan biridagi Mulk surasi sarlavhasi. Yuqorida oʻngdan: 1. Oyati 30, 2. Markazda qizil rangda sura tartib raqami 67, qora rangda - Mulk surasi va Makkiy, qizil rangda nozil boʻlgan tartibi - 77, 3. Rukuʼsi soni - 2; Pastda oʻngdan: 1. Sura:Makkiy, 2. Tilovat tartibi:67, 3. Nozil boʻlish tartibi:77, 4. Rukuʼsi:2, 5. Oyati:30, 6. Porasi (Juzi):29 deb koʻrsatilgan.

Suraning arabcha matni
Nomining maʼnosi Boylik[1][2]
Tasnifi Makkiy sura[3]
Statistika
Sahifasi 562–564[4]
Juz 29
Sura raqami 67
Oyatlar soni 30
Sajda oyati yoʻq
Rukuʼlar soni 2[5]
Muqattaot harflari yoʻq[6]
Nozil boʻlish tartibi 77[7]

Arabcha matni ar.wikisource.orgda
tanzil.netda
Tarjimalari QuranAcademy.org
quran.uzda
Tilovat tartibi
Qalam surasi  Keyingisi 67 Oldingisi  Tahrim surasi
Nozil boʻlish tartibi
Haaqqah surasi   Keyingisi 77 Oldingisi  Tur surasi
                                   

Mulk surasi (arabcha: سورة الملك, nomining maʼnosi — Boylik[8][9]) — Qurʼonning 67-surasi. Makkiy suralardan biri, 30 oyatdan iborat. Bu sura Qurʼonning 562–564[10]-sahifasida va 29-juzida joylashgan. 77-boʻlib nozil boʻlgan. Mulk — podshohlik, hukmronlik. Oʻzbek tilida mulk soʻzi bu maʼnoda kam ishlatiladi. Koʻproq u boylik, ashyo, xususiy yoki davlat mulki kabi mazmunlarda ishlatiladi. Surada Yeru osmon va boshqa mavjudotlarni yaratishdagi Allohning hikmat va qudratlari, bu dunyodan imonsiz oʻtganlarning oxiratdagi nadomatlari, rizq-roʻziy talab qilish, tabiiy ofatlar xavfi, hidoyat va zalolat kabi mavzular aks ettirilgan. Hadisi sharifda: "Qurʼoni karimda 30 oyatli bir sura borki, u uni oʻqiganni shafoat qiluvchidir, hatto qiyomat kuni doʻzaxdan xalos etib jannatga kirishga sabab boʻlur. U „Taborak“ surasidir" deb bashorat berilgan (Imom Termiziy rivoyati).

Tarjimasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Mutlaq) hukmronlik „qoʻli“da boʻlgan zot — Alloh barakotli (buyuk)dir va U har narsaga qodirdir.

2. (U) sizlarning qaysilaringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun oʻlim va hayotni yaratgan zotdir. U qudratli va magʻfiratlidir

3. (U) yetti osmonni qatma-qat qilib yaratgan zotdirki, siz Rahmonning yaratishida biror tafovut (nuqson)ni koʻrmaysiz. Bas, koʻzingizni yana (samoga) qaytaringchi, (unda) biror yoriqni koʻrarmikansiz?

4. Soʻngra koʻzingizni qayta-qayta (samoga) qarating, koʻzingiz sizga xor va toliqqan holda qaytur.

5. Haqiqatan, Biz quyi osmonni chiroqlar (yulduzlar) bilan bezadik va ularni shaytonlarga otiladigan toshlar qilib qoʻydik. Yana ular (shaytonlar) uchun (oxiratda) doʻzax azobini ham tayyorlab qoʻygandirmiz.

6. Parvardigorlariga kofir boʻlgan kimsalar uchun jahannam azobi bordir. Naqadar yomon oqibat bu!

7. Qachonki, ular (jahannamga) tashlanganlarida, qaynab turgan (jahannamning) oʻkirik (faryodi)ni eshiturlar.

8. U gʻazabdan parchalanib ketgudek boʻlur. Har gal unga bir toʻda (kofir) tashlanganida, uning qoʻriqchilari ulardan: „Sizlarga (dunyoda biror) ogohlantiruvchi (paygʻambar) kelmaganmidi?“ — deb soʻraydilar.

9. (Ular) derlar: "Ha, haqiqatan, bizlarga ogohlantiruvchi kelgan edi, (lekin bizlar uni) yolgʻonchiga chiqarganmiz va: „Alloh (hech kimga) hech narsa nozil qilgan emas, sizlar faqat katta zalolat (gumrohlik)dadirsizlar“, — deganmiz.

10. Ular (kofirlar) yana: „Agar bizlar (paygʻambar soʻzlarini) tinglab, aql yurgizuvchi boʻlganimizda, doʻzax ahlidan boʻlmas edik“,- derlar.

11. Bas, ular oʻz gunohlarini (shu tarzda) eʼtirof etadilar. Endi, doʻzax ahliga halokat boʻlgay!

12. Parvardigorlaridan gʻoyibona qoʻrqadigan zotlar uchun magʻfirat va katta mukofot bordir.

13.(Ey, insonlar,) sizlar soʻzlaringizni yashiringlar yoki oshkora qilinglar, (baribir,) U dillardagi sirlarni ham biluvchidir.

14. (Axir) yaratgan zot (Oʻzi yaratgan narsalarini) bilmaydimi?! U lutfli va xabardor zotdir.

15. U (Alloh) sizlarga yerni xoksor (boʻysunuvchi) qilib qoʻygan zotdir. Bas, u (Yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuraveringlar va (Allohning bergan) rizqidan yenglar. Tirilib chiqish Uning huzurigadir.

16. (Ey, Makka kofirlari,) yo sizlar osmondagi zot sizlarni yerga yuttirib yuborishidan, bas, birdaniga (yer) larzaga kelishidan (sizlarni halok qilishidan) xotirjammisizlar (qoʻrqmaysizlarmi)?!

17. Yoki sizlar „osmondagi“ zot ustingizga tosh yogʻdirishidan xotirjammisizlar?! Hali (azob kelganda), Mening ogohlantirishim qanday ekanligini bilib olajaksizlar!

18. Darvoqe, ulardan avvalgi kimsalar ham (oʻz paygʻambarlarini) yolgʻonchiga chiqargandilar. Bas, Mening inkorim (azobim) qanday boʻldi?!

19. Ular ustilarida (qanotlarini) yoyuvchi va yiqqan holda (uchib yurgan) qushlarni koʻrmadilarmi?! U (qush)larni yolgʻiz Rahmongina (samoda) tutib turar. Albatta, U barcha narsani koʻrib turuvchidir.

20. (Ey, mushriklar,) Rahmondan oʻzga sizlarga yordam beradigan qoʻshiningiz kim ekan oʻzi?! Kofirlar faqat magʻrurlikdadirlar.

21. Yoki (Rahmon) Oʻz rizqini toʻxtatib qoʻysa, sizlarga rizq beradigan oʻsha zot kim oʻzi?! Yoʻq, ular (kofirlar) qaysarlikda va (haqdan) yiroqlashishda davom etdilar.

22. Axir, yuz tuban (yerga qarab) yuradigan kimsa Haq yoʻlni topuvchiroqmi yoki tik holda toʻgʻri yoʻlda yuradigan kishimi?!

23. (Ey, Muhammad, u (kofirlarga) ayting: „U (Alloh) sizlarni paydo qilgan va sizlar uchun quloq, koʻzlar va dillarni (ato) qilgan zotdir. (Sizlar esa) kamdan-kam shukr qilursizlar“.

24. Ayting: „U sizlarni Yer (yuzi)da yaratib qoʻygan zotdir. Sizlar (Qiyomatda) Uning huzuriga toʻplanursizlar“.

25. Ular: „Agar rostgoʻy boʻlsangizlar, (aytinglarchi) ushbu vaʼda (Qiyomat kuni) qachon boʻladi?“ - derlar.

26. (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "(Qiyomat haqidagi) bilim, albatta, Allohning huzuridadir. Men faqat aniq ogohlantiruvchidirman.

27. Bas, qachonki, ular (Qiyomatda azobni) yaqin holda koʻrishgach, u kofirlarning yuzlari shuvit boʻlur va (ularga): „Mana shu sizlar soʻragan narsadir“, — deyilur.

28. (Kofirlarga) ayting: "Xabar beringiz-chi, agar Alloh meni va men bilan birga boʻlgan kishilarni halok qilsa yoki (halok qilmay) bizlarga shafqat qilsa (Oʻzining ixtiyoridadir). Ammo, kofirlarni (sizlarni) alamli azobdan kim himoya qilur?!

29. Ayting: „U Rahmon (mehribon)dir. Bizlar Unga imon keltirdik va Ungagina tavakkul qildik. Hali sizlar kim aniq zalolatda ekanini bilib olajaksizlar“.

30. Ayting: „Xabar beringiz-chi, agar suvingiz (yer qariga) singib ketsa, bas, kim sizlarga oqin suvni keltira olur?!“[11]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Qurʼoni Karim tarjimasi va sharhi. Abdulaziz Mansur
  2. Qurʼoni Karim maʼnolari tarjimasi. Alouddin Mansur
  3. Qurʼonda koʻrsatilgan tasnif.
  4. 604 sahifali Qurʼonda.
  5. Yuqoridagi sura sarlavhasining tasviridan olingan.
  6. Qurʼondan koʻrilgan.
  7. Yuqoridagi sura sarlavhasining tasviridan olingan.
  8. Qurʼoni Karim tarjimasi va sharhi. Abdulaziz Mansur
  9. Qurʼoni Karim maʼnolari tarjimasi. Alouddin Mansur
  10. 604 sahifali Qurʼonda.
  11. ziyouz.comda (PDF), 2016-02-05da asl nusxadan (PDF) arxivlandi, qaraldi: 2016-02-05
Keyingisi: Qalam surasi 67-sura — arabcha matni Oldingisi: Tahrim surasi