Botqoqi tuproqlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Histisol profile.jpg

Botqoqi tuproqlar — oʻta nam sharoitda hosil boʻladigan tuproqlar; bunday tuproqda namsevar oʻsimliklar rivojlanadi. Botqoqi tuproqlar da torf gorizonti, chirimagan va chala chirigan holdagi organik moddalar juda koʻp, oʻsimlik oziq moddalarida esa kul moddalari kam boʻladi. Shuningdek Botqoqi tuproqlar koʻllar, sekin oqadigan daryolarning har xil suvoʻtlar, qamish, qiyoqlar bosishi jarayonida ham rivojlanadi. Botqoqi tuproqlar ni tasniflashda ulardagi torf hosil boʻlish jarayoni hamda shoʻrlanish darajasi hisobga olinadi. Botqoqi tuproqlar torfbotqrqli, allyuvial, soz, allyuvialloyqabotqoqli tuproqlarga, ular esa oʻz navbatida shoʻrlanmagan va shoʻrlangan turlarga boʻlinadi. Quritish hamda boshqa agromeliorativ tadbiriy choralar qoʻllagandan soʻng bunday tuproqlarga qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish mumkin. Asosan Shim. yarim sharda — Rossiya, Kanada, AQSH, shuningdek Braziliya, Argentina, Indoneziyada tarqalgan. Oʻrta Osiyoda yerlarni quritish melioratsiyasi tadbirlari va suvdan toʻgʻri foydalanishni izga solish tufayli Botqoqi tuproqlar maydoni juda kamaygan. Oʻzbekistonda Botqoqi tuproqlar ni faqat Markaziy Fargʻona, Chirchiq daryosi vohasi va Amudaryoning quyi oqimida uchratish mumkin.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil