Denov
Ushbu maqolani Denov shahri bilan birlashtirish taklif etiladi. |
Denov | |
---|---|
Shahar | |
![]() | |
38°16′01″N 67°54′10″E / 38.26694°N 67.90278°E G OKoordinatalari: 38°16′01″N 67°54′10″E / 38.26694°N 67.90278°E G O | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
viloyat | Surxondaryo viloyati |
region | Denov tumani |
Hukumat | |
• Hokimiyat | Hokim |
Asos solingan | 1958 |
Avvalgi nomlari | Dehinav |
Rasmiy til(lar)i | oʻzbek |
Aholisi (2023-yil 1-yanvar) |
409 500 |
Vaqt mintaqasi | UTCUTC+5 |
Pochta indeks(lar)i | 733500 |
Avtomobil kodi | 75 |
|
Denov — Oʻzbekistonning Surxondaryo viloyatidagi shahar (1958-yildan). Denov tumanining maʼmuriy-iqtisodiy markazi. Kattaligi va aholisining soni jihatidan Termizdan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Dengiz sathidan qariyb 600 m balandlikda Surxondaryo va Sangardak daryolari oraligʻida joylashgan. Temir yoʻl stansiyasi mavjud. Denovdan Termizgacha boʻlgan masofa 156 km. Aholisi — 409 500 kishidan ziyod (2023-yil 1-yanvar). Yiliga 360 mm yogʻin tushadi. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 2,4°, iyulniki 28,2°. Denov tarixiy qadimiy shahar. Yozma manbalarda XIV asr oxirlaridan „Dehinav“ shaklida, yaʼni „Yangi qishloq“ mazmunida tilga olingan. Mahmud ibn Vali (XVII asr) ning yozishicha, Dehinav ajoyib bozori, katta masjidi va xonaqosi boʻlgan mustahkam qalʼashahar hisoblangan. Baʼzi tadqiqotchilar Chagʻoniyon shahri hozirgi Denov oʻrnida boʻlgan, deb hisoblab kelishgandi. Arxeologlar topgan maʼlumotlarga qaraganda, Chagʻoniyon shahri aslida hozirgi Denov markazidan 6 km janubi-sharqda joylashgan Budroch manzilgohi oʻrniga toʻgʻri keladi (qarang Budrochtepa). Denovning hozirgi oʻrnida mil. avv. 2-ming yillik oxirlarida manzilgoh boʻlgan. Moʻgʻullar istilosidan keyin Chagʻoniyon shahri mavqei pasayib ketgach, temuriylar davriga kelib yana Dehinav asosiy markazlardan biriga aylandi. Arxeologik topilmalar Denov qalʼasi XV-asrga oidligini, uni mustahkam qoʻrgʻon boʻlganligini tasdiqlaydi. Denov qalʼasi murakkab meʼmoriy obida boʻlib, chor atrofida xandaqlar joylashgan. Qalʼaning diametri 110 m boʻlib, qalin devor bilan oʻralgan.
Denov 17—18-asrlarda Buxoro Xonligi tarkibidagi Alohida beklik boʻlib karvon savdosi markazlaridan biri boʻlgan. Shaharda hunarmandchilikning yuzdan ziyod turi, asosan, koʻn-charm tayyorlash, etikdoʻzlik, toʻquvchilik, zardoʻzlik, qandolatchilik, oʻyinchoqsozlik va shunga oʻxshash turlari rivojlangan. 1907-yil Denovda amirning soliq siyosatiga qarshi yirik xalq harakati boʻlib oʻtgan. 1920-yil Denovda shoʻrolar hokimiyati oʻrnatilgach koʻpchillik hunarmandchilik ustaxonalari yopilib, shaharga savdo mollari kelishi toʻxtab qoldi. 1925-yil Denov orqali oʻtuvchi Termiz—Dushanbe yoʻli qurildi. Denov oʻzining sanoat korxonalari bilan nafaqat viloyatda balki respublikada munosib oʻrin tutadi. Sanoat korxonalari, asosan, viloyatda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan. „Denovsut“, „Surxonoziqovqat“ aksanerlik jamyati korxonalari, paxta tozalash, mexanika, araq-vino, konserva zavodlari, paxta tozalash fabrikasi bor. Denovda ishbilarmonlik va tadbirkorlikka keng yoʻl ochilgan. Kichik korxona, firma, shirkatlar faoliyat koʻrsatmoqda. Ularda 20 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Mustaqillik yillarida shaharda hunarmandchilikning ravnaqiga katta eʼtibor berilgan. Beshiksozlik, sandiqsozlik, temirchilik, duradgorlik va shunga oʻxshash sohalar keng rivojlandi. Hunarmandlar ayniqsa sandiqsozlikni sanʼat darajasiga koʻtarganlar. 8 ta umumiy taʼlim maktablari, gimnaziya maktabi, xorijiy tillar, kimyo, fizika-matematika litseylari, tibbiyot bilim yurti, shahar biznes maktabi, bolalar sanʼat maktabi, poliklinikalar, 13 ta kutubxona (200 ming nusxa kitob), madaniyat va istirohat bogʻlari, yirik stadion, dehqon bozori mavjud. Denovdan Oʻzbekiston poytaxti Toshkentga va yana bir qancha viloyat markazlari va shaharlarga muntazam avtotransport vositalari qatnaydi. Shahar hududida meʼmoriy yodgorliklardan Said Otaliq madrasasi (XVI-asr) saqlangan (hozirda madrasani asl holiga qaytarish ishlari olib borilmoqda). Uning old qismidagi hudud obodonlashtirilgan. 1992-yilda Denov televideniyesi ish boshladi.[1]
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
|