Xumbuztepa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Xumbuztepa — yodgorligi Xazorasp shahridan 17 km sharqda Amudaryoning soʻl sohilida joylashgan. Dastlab bu yodgorlik OʻzR FA Qoraqalpoq filialining tarix, til va adabiyot instituti arxeologiya boʻlimining M.Mambetullaev boshchiligidagi arxeologik otryadi tomonidan 1973 yilda Xorazm viloyatining arxeologik xaritasini tuzish asnosida tadqiq qilindi.[1] 1974 va 1978 yillarda aynan M.Mambetullaev boshchiligida yodgorlikda arxeologik tadqiqotlar davom ettirildi.[2] M.Mambetullaev tadqiqotlariga koʻra Xumbuztepa yodgorligi 4,6 ga ni tashkil etadi. Lekin hozirgi kunga kelib bu hudud ekin maydonlari va turar-joylar hisobiga qisqargan. Shuningdek yodgorlikning katta qismini Amudaryo suvlari yuvib ketgan. Daryo tomondan jarlikda 1,5 – 2 m qalinlikdagi madaniy qatlamlar izlari aniq bilinib turibdi. Qurilish konstruksiyalari ichida koʻplab kulolchilik xumbuzlarining aks etishi yodgorlikda kulolchilik ishlab chiqarishining uzoq davom etganligini va Xumbuztepa nomining yodgorlikka bejiz berilmaganini koʻrsatadi .[3] V.A.Livshits xulosasiga koʻra „Xum“ soʻzi qadimgi Eron tilida yirik sopol idish (Avesto tilida „xumba“, qadimgi hind tilida „kumbha“, fors va tojik tillarida „xumb, xum“), shuningdek pishirishga tayyorlangan har qanday loy idish, bundan tashqari — idishni pishirishga moʻljallangan maydoncha maʼnolarini anglatadi.[4] Xumbuztepa manzilgohi dastlabki tadqiqotlar davrida janubi-sharqqa tomon 520 m ga choʻzilgan, eni 65–82 m ni tashkil etgan. Yodgorlik hududi asosan tekislikdan iborat boʻlib, uning yuzasi juda koʻplab sopol buyumlarning qoldiqlari bilan qoplangan. Kulolchilik xumbuzlarining yongan qizil dogʻ holatidagi izlari va kuchli pishirilgan sopol qoldiqlari asosan yodgorlikning oʻrta qismida uchraydi. Manzilgohning yoshini va hayot bosqichlarini aniqlash maqsadida, uning oʻrta qismida stratigrafik shurf solindi. Shurf materikkacha etkazildi va madaniy qatlam qalinligi 2,1 m ni tashkil etdi. Yodgorlikning sharqiy qismida jarlik tomondan yaqqol koʻrinib turgan madaniy qatlamni tozalash orqali ham stratigrafik maʼlumotlar olindi. Olib borilgan qidiruv ishlari natijasida juda boy sopol majmualari qoʻlga kiritildi. Eng quyi madaniy qatlamlardan (V — IV yaruslar) qovurgʻasimon jussali va manjetsimon gardishli idish devorlari topildi. Tashqi yuzasi oq yorugʻ angob bilan boʻyalgan. Shuningdek manjetsimon gardishli togʻora va jom ham topildi. Bu topilmalarning oʻxshash jihatdan topilmalari Dingilja qoʻrgʻoni[5] va Koʻzaliqir[6] yodgorliklarida topilgan boʻlib mil.av. VI — V asrlar bilan belgilangan. Xumbuztepada topilgan sopol buyumlar ham aynan shu davrga toʻgʻri keladi. IV — III yaruslardan topilgan sopol boʻlaklari ichida asosan xumlar, xumchalarning koʻpligi eʼtiborlidir. Bu xumlar va xumchalarning gardishlari oval shaklda boʻlib, yuzasi asosan yorugʻ rangli angob bilan qoplangan, jingalaksimon yoki vertikal shakldagi qizil boʻyoqlar bilan naqshlangan. Bunday tipdagi idishlar Xorazmda mil.av. IV — III asrlarda keng tarqalgan boʻlib, Qoʻyqirilganqalʼa, Jonbosqalʼa, Bozorqalʼa, Qalʼaliqir — 1 va 2 yodgorliklarida ham aniqlangan.[7] II — I yaruslardan topilgan sopol buyumlar boʻlaklarining baʼzi detallarida oʻzgarishlar yuz bergan. Yirik idishlar gardishi choʻzinchoq, ancha shishirilgan boʻlib, yuzasi oq yorugʻ va qizil angob bilan qoplangan. Xorazmda bunday shakldagi idishlar mil. I — III asrlarda keng tarqalgan.[8] M.Mambetullaev tadqiqotlari asosan, arxeologik qidiruv doirasida boʻlgani uchun yodgorlikning paydo boʻlishi va hayot bosqichlarini aniqlash lozim edi. Shunga koʻra, yodgorlikda hayot mil.av.VI asrdan to mil. IV asrgacha davom etgan, degan xulosaga kelingan.[3] 1992 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Ya.Gʻulomov nomidagi Arxeologiya instituti ilmiy xodimlari Yu.Manilov boshchiligida Xumbuztepa manzilgohida navbatdagi tadqiqotlarni olib bordilar.[9] Bu davrga kelib yodgorlik hududi ancha qisqardi. Bunga sabab sobiq Shoʻrolar davrida yangi ekin maydonlarining kengayishi, turar-joylarning barpo etilishidir. Manzilgoh hududi uzunligi 520 m dan 225–235 m gacha, eni esa 65–82 m dan 20–40 m gacha qisqardi. Yodgorlikda 3 ta joyda transheya qazildi. Transheya № 2 va № 3 larda madaniy qatlamlar aniqlanmadi. Ekin tomorqalarini barpo etish jarayonida madaniy qatlamlar buzilib Amudaryo sohiliga surib chiqarilgan va turli davrlarga oid sopol idishlar aralashmasidan iborat ahlat yuzaga kelgan. Faqat transheya № 1 da arxaik davrga oid madaniy qatlamlar qayd qilingan. 1996 — 1997 yillarda Xumbuztepada keyingi tadqiqotlarni OʻzR FA Arxeologiya institutining Xorazm mintaqaviy boʻlimi va Rossiya FA N.N.Mikluxo-Maklay nomidagi etnologiya va antropologiya institutining ilmiy xodimlari olib bordilar.[10] Yodgorlikning shimolida 2 ta joyda qazishma va 1 ta joyda stratigrafik shurf qazildi. Arxeologik tadqiqotlar manzilgohda hayot bosqichlarining ketma-ket davom qilgan bir necha davrini aniqladi. S. Bolelov yodgorlikda hayot mil.av. VII asrdan to mil.av. IV asr oxirigacha davom etgan degan xulosaga keldi. Madaniy qatlamlardan aniqlangan boy kulolchilik materiallari asosida 3 ta kulolchilik majmuasini ishlab chiqdi. Bular: Xumbuztepa — I (mil.av. VII asr oxiri — mil.av. VI asrning 1-yarmi); Xumbuztepa — II (mil.av. VI asr oxiri — mil.av. V asr boshi); Xumbuztepa — III (mil.av. V asr oxiri — mil.av. IV asr boshi) majmualaridir. 2002 yilda Xumbuztepada arxeologik tadqiqotlarni OʻzR FA qoshidagi Arxeologiya instituti hamda shu institutning Xorazm mintaqaviy boʻlimi va OʻzR FA sining Qoraqalpoq filialining arxeologiya boʻlimi ilmiy xodimlari davom etdirdilar.[11] Tadqiqotlar davomida 4 ta joyda qazishma qilindi (Qazishma № 3, № 4, № 5, № 6). Biroq shulardan faqat 2 tasida madaniy qatlamlar saqlanib qolgan (Qazishma № 4, № 6). Bu qazishmalarda madaniy qatlamlar qalinligi 2 m dan ziyodni tashkil etdi va ishlar materikkacha olib borildi. Stratigrafik tahlillar asosida yodgorlik hayoti 4 ta xronologik davrga ajratildi va quyidagi 4 ta kulolchilik majmuasi ajratib koʻrsatiladi: Xumbuztepa — I (mil.av. VII — VI asrlar); Xumbuztepa — II (mil.av. VI — V asrlar); Xumbuztepa — III (mil.av. V — IV asrlar); Xumbuztepa — IV (mil.av. IV — III asrlar) majmualaridir. Olingan maʼlumotlar asosida S.Baratov yodgorlikda hayot mil.av. VII — III asrlarda mavjud boʻlganligini taʼkidladi. Tadqiqotchilar Xumbuztepadagi sopol buyumlar davrini aniqlashda nafaqat shakli, balki ishlanish texnikasi bilan ham oʻziga yaqin boʻlgan Yoz II, III xronologik jadvali asosida xulosaga kelishgan. Xumbuztepa Janubiy Xorazm kulolchilik ishlab chiqarish markazi sifatida arxaik va antik davrning ilk bosqichlarida Xorazmning katta hududini sopol buyumlar bilan taʼminlab turgan. Arxaik va antik davrga oid bunday yirik ishlab chiqarish markazlari Oʻrta Osiyoda koʻp uchramaydi. Hozirgacha Xumbuztepa bilan birgalikda Afrosiyob yaqinida shunday kulolchilik ishlab chiqarish markazi aniqlangan. Kulolchilik ishlab chiqarishining uyushgan tarzda tashkil etilishi bu markazlarga davlat darajasida eʼtibor berilganligini koʻrsatadi. Yodgorlik hali toʻlaligicha tadqiq qilib boʻlingan emas. Kulolchilik sohasini oʻrganishdagi ahamiyatini eʼtiborga oladigan boʻlsak yodgorlikda keng statsionar tadqiqotlar olib borish zarur. Xumbuztepani arxeologik jihatdan toʻliq oʻrganish orqali Xorazm vohasida oʻzbek davlatchiligining shakllanishi, shaharsozlik madaniyatining vujudga kelishi va arxaik davr kulolchilik ishlab chiqarishining taraqqiyotiga dahldor yangi manbalarni qoʻlga kiritish imkoniyatlari mavjuddir.

Manbalar[tahrir]

  1. Mambetullaev M., Yusupov N. Arxeologicheskie raboti v Xorezmskoy oblasti. — Arxeologicheskie otkritiya. — 1973., M., 1974. 483-bet.
  2. Mambetullaev M., Yusupov N. Arxeologicheskie raboti v Xorezmskoy oblasti. — Arxeologicheskie otkritiya. — 1974., M., 1975; Mambetullaev M., Yusupov N., Saypanov B., Kdirniyazov M.-Sh., Xodjaniyazov G. Issledovaniya v Xorezmskoy oblasti. — Arxeologicheskie otkritiya. — 1978., M., 1979. 557-bet.
  3. 3,0 3,1 Mambetullaev M. Xumbuztepe — keramicheskiy sentr yujnogo Xorezma. Arxeologiya Priaralya, 1982, 2-qism, 22-38 betlar.
  4. Andreev M.S., Peщerova Ye.M. Yagnobskie teksti s prilojeniem yagnobsko-russkogo slovarya, sostavlennogo Andreevim M.S., Livshitsem V.A. i Pisarchik A.K. M.-L., 1957, 362-bet.
  5. Vorobeva M.G. Dingildje. Usadba seredini I tisyachiletiya do n.e. v drevnem Xorezme. — MXE, 9-qism, M.,1973. 122-bet, 35-rasm, 1-5,16.
  6. Vorobeva M.G. Keramika s gorodiщa Kyuzeligir. — TXAEE, T.2, M., 1958, 133-bet, 1-rasm; 338-bet, 4-rasm, 8,9.
  7. Vorobeva M.G. Keramika Xorezma antichnogo perioda. — TXAEE, T.4, M., 1959, 101, 103-betlar.
  8. Vorobeva M.G. Keramika Xorezma antichnogo perioda. — TXAEE, T.4, M., 1959, 174-bet.
  9. Manilov Yu. Otchet ob arxeologicheskix issledovaniyax na poselenii Xumbuztepe Xazaraspskogo rayona Xorezmskoy oblasti v 1992 g. Samarakand — 1992, MYoIICh Bosh boshqarmasi arxivi, A 9331/M-23
  10. Matrasulov Sh., Bolelov S. Otchet ob arxeologicheskix rabotax na Xumbuztepe v 1996 g. Moskva-Xiva 1997. OʻzR FA Arxeologiya instituti arxivi, F 1/D 88; Matrasulov Sh., Bolelov S. Otchet o arxeologicheskix issledovaniyax na Xumbuztepe (Xorezmskaya oblast) v 1997 g. Moskva 1997. OʻzR FA Arxeologiya instituti arxivi, F 1/O 1/D 89; Bolelov S. Nekotorie itogi arxeologicheskix rabot na Xumbuztepa. ONU, 1999,№ 10, 85-90 betlar.
  11. Baratov S.R. Otchyot. Arxeologicheskie raboti v Yujnom Xorezme v 2002 godu. Samarkand — 2003. MYoIICh Bosh boshqarmasi arxivi, A 9405/B-24; Baratov S., Matrasulov Sh. Arxeologicheskie raboti v Yujnom Xorezme. Toʻplam. Oʻzbekistonda arxeologik tadqiqotlar. 2002 yil. Toshkent — 2003, 38-43 betlar.


Bu maqola vikilashtirilishi kerak.

nothumb

Iltimos, bu maqolani Vikipediya qoida va yoʻllanmalariga muvofiq tartibga keltiring.