Usmon ibn Affon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Usmon ibn Affon fil voqeasidan yoki Paygʻambarimiz alayhissalom tugʻilganlaridan olti yil oʻtib tavallud topdi. Hazrati Usmon boy va oʻziga toʻq oilada oʻsib-ulgʻaydi. Qabilaning boy kishilari joʻnatgan karvon bilan Shom va Yamanga tijorat uchun safarga chiqdi. Hazrati Usmonning toʻliq ismi Usmon ibn Affon ibn Abul Os ibn Umayya ibn Abdu Shams ibn Abdumannof Ummaviy Qurashiydir. U kishi oʻrta boʻyli, koʻrkam, chiroyli yuzli, nozik jussali, yuzi qizil va soqoli qalin kishi boʻlgan.

* *

Usmon johiliyat davrida ham kechirimli, saxiy, aqlli, ma'rifatli va vazmin boʻlib, hayosi bilan mashhur edi. Kunlardan birida Usmon Ka'ba yonidan oʻtayotganida unga Muhammadning qizi Ruqiya Utba ibn Abu Lahabga nikohlanganini aytishdi. Ruqiya juda chiroyli va koʻrkam qiz edi. Usmon bu xabarni eshitib, qaygʻuga botdi va oʻz nafsiga aytdiki:

- Sen tufayli uni qoʻldan chiqardim. (Izoh: Usmon (r.a.)ning hayolari shu darajada kuchli boʻlganidan Rasulullohdan qizlari qoʻlini soʻrashga botinolmagan.)

Usmon ibn Affon Abu Bakr Siddiq da'vati bilan islomga kirgan. Hazrati Usmon iymon keltirganlardan beshinchi oʻrinda boʻlsa, Islom uchun xizmat qilgan kishilar ichida avvalgisi boʻldi.

Usmon ibn Affonning Islom dinini qabul qilgani amakisiga oʻz-oʻzidan yoqmadi. Amakisi unga:

- Sen ota-bobolaring dinini tark qilib, yangi dinga oʻtdingmi? Allohga qasamki, agar bu dindan voz kechmaganingcha men seni kechirmayman, - dedi.

Usmon ibn Affon unga javoban:

- Allohga qasamki, bu dindan voz kecholmayman va undan ajralmayman, - dedi.

Amakisi Hakim uning niyati qat'iy ekanini koʻrib, bu urinishlar befoyda ekan, degandek uyini tark qildi.


* *

Abu Lahab bilan xotini Ummu Jamil koʻz oldilarida oʻsib-ulgʻaygan bir kishining paygʻambar boʻlishini tasavvur qilolmasdi, shuni deb gʻazab oʻtida yonardi. Abu Lahabning qalbini esa hasad kemirardi. Eru xotinning fikri-zikrini xotamul anbiyoga sallallohu alayhi vasallamga aziyat berish egalladi. Shunda Alloh taolo quyidagi oyatlarni nozil qildi: "Abu Lahabning qoʻllari qurigay -halok boʻlgay! (Aniqki) u quridi - halok boʻldi! Mol-mulki va kasb qilib topgan narsalari unga asqotgani yoʻq! Yaqinda uning oʻzi ham, uning oʻtin orqalagan, boʻynida pishiq toladan (eshilgan) arqon boʻlgan xotini ham (lovullab turgan) alangali doʻzaxga kirajak!" (Masad, 1-5). Odamlar Abu Lahab bilan uning xotini Ummu Jamil xususida Alloh taolo nozil qilgan oyatlarni oʻqib ikkovini masxara qila boshladilar. Bundan gʻazab otiga mingan Abu Lahab:

- Muhammad mening qoʻllarimdan bir balo-kulfatga duchor boʻladi, - dedi. Soʻng Rasulullohning (s.a.v.) qizlari Ruqiya va Ummu Gulsumlarga uylangan oʻgʻillari Utba va Utaybalarni oldiga chaqirib shunday dedi:

- Muhammadning qizlarini taloq qilmasanglar, koʻzimdan daf boʻlinglar.

Noiloj Utba Ruqiyadan, Utayba esa Ummu Gulsumdan ajraldi. Buni eshitgan Usmon ibn Affon Rasulullohdan qizlaridan biri - Ruqiyani oʻz nikohiga olishini soʻradi. Paygʻambar (a.s.) rozi boʻldilar. Usmonga qizini uzatdilar. Ruqiya va Usmonni koʻrgan kishi eng yaxshi juft deb oʻylardi.

Usoma ibn Zayd ikkalasi xususidagi bir voqeani shunday eslaydi:

- Rasululloh (s.a.v.) menga goʻshtdan tayyorlangan bir tovoq ovqat berib, Usmonning uyiga yubordilar. Uyga kirganimda Rasululloh (s.a.v.)ning qizlari va kuyovining oʻtirganini koʻrdim. Bir Ruqiyaning yuziga, bir Usmonning yuziga qaradim. Qaytib kelganimdan keyin Rasululloh alayhissalom mendan soʻradilar: "Ikkovi oldiga kirdingmi?". Ha deb javob qilganimdan soʻng Paygʻambarimiz (a.s.):

"Ikkisidan ham yaxshiroq er-xotinni koʻrganmisan?" dedilar. "Yoʻq, koʻrmaganman" ey Allohning rasuli", dedim.


* *

Usmon ibn Affon qavmi orasida obroʻ-e'tiborli va nufuzli boʻlishiga qaramasdan mushriklar tomonidan juda koʻp azob-uqubatlar chekdi. U bilan sahobalar yuz-koʻzlari koʻkarib, xafa boʻlar, kofirlarga qarshi kurashish yoki boʻlmasa hijrat qilish uchun izn soʻrab kelganlarida, "Sabr qilinglar", deya paygʻambarimiz ularga tasalli berar edilar.

Ammo bunday nohaqlik va xoʻrlikka chiday olmagan Paygʻambar alayhissalomning ayrim izdoshlarining sabr kosasi toʻldi. Abdurahmon ibn Avf, Usmon ibn Maz'un, Usmon ibn Affonlar u kishining huzurlariga kelib shunday arzu hol kilishdi:

- Ey Allohning rasuli, mushrik holimizda izzat-ikromda edik, iymon keltirgandan keyin, tahqirga uchrab, azobga qoldik. Mushriklar bilan jang qilishga ruxsat bering.

Havodan olib gapirmaydigan Paygʻambar (s.a.v.) aytdilarki:

- Ularga indamang.

Biroq Rasululloh ashoblariga qurayshliklarning adovati kundan kunga kuchayib, avj olardi. Ular qattiq qiynoqlar girdobida qoldi. Shunday bir holatda Usmon ibn Affon zavjasi Ruqiya roziyallohu anho bilan paygʻambar alayhissalomning huzurlariga kelib:

- Ey Allohning rasuli, qavmimiz ta'qibi, aziyatlari, ta'na-dashnomlari va bizga yogʻdirayotgan haqoratlaridan qiynalib ketdik, - dedilar.

Rasululloh alayhissalom: "Kim dinini deb bir joydan boshqa bir joyga qochib oʻtsa, agar u joy bir qarich boʻlsa ham unga jannat vojibdir. Allohning doʻsti Ibrohim, paygʻambari Muhammad ularga hamroh boʻladi", dedilar.

Usmon ibn Maz'un aytdi:

- Ey Allohning rasuli, qaerga boramiz? Rasululloh bunday javob qildilar:

- Har joyga tarqalinglar. Alloh sizlarni tezda toʻplaydi. Usmon ibn Affon savolni qaytardi:

- Qaerga boramiz, ey Allohning Rasuli? Olamlarga rahmat qilib yuborilgan zot dedilar:

- Xabashistonga boringlar. Uning podshosi huzurida hech kimga zulm qilinmaydi. Xabashiston ishonchli joy. Zubayr ibn Avvom soʻradi:

- Ey Allohning Rasuli Makkaga qachon qaytamiz? Olamlarga rahmat qilib yuborilgan zot (s.a.v.) aytdilar:

- Alloh najot berganda.

Rajab oyida Usmon ibn Affon ayollari Ruqiya bilan yana oʻn bir erkak va toʻrt nafar ayol Xabashistonga hijrat qiladi.

Nabiy sallallohu alayhi vasallamga Usmon ibn Affon va qizlari Ruqiyaning xabari kechikib turgan vaqtda qurayshlik bir ayol kelib:

- Ey Muhammad, qizingiz bilan kuyovingizni koʻrdim, -dedi.

Rasululloh (s.a.v.) betoqat boʻlib soʻradilar:

- Ularni qay ahvolda koʻrding?

- Usmon ayolini xachirga mindirib, oʻzi haydab ketayotgan holda koʻrdim.

- Alloh ularga yor boʻlsin! Usmon Lut alayhissalomdan keyin ahli bilan hijrat qilganlarning birinchisidir, - dedilar.

Xabashiston yurtiga borgan muhojirlar risolatning beshinchi yili, hijrat diyorida uch oy (rajab, sha'bon, ramazon) yashaganlaridan soʻng Umar ibn Xattobning islomga kirgani va Rasulullohning ashoblari Masjidul Haromda xotirjam holda namoz oʻqiy boshlaganini bilganlaridan keyingina oʻz yurtlariga qaytishdi. Afsuski, uyini qattiq sogʻingan muhojirlar Makkaga kirgan vaqtdagina qaytishga shoshilganlarini anglab yetdilar. Himoyachisi yoʻqlarni kurayshliklar qaytadan qiynoqqa soldi. Bunday boʻlishini kutmagan sahobalar aziyatlardan shikoyat qildilar va Habashistonga hijrat qilishga ruxsat soʻradilar. Hijrat uchun izn berilganda Usmon ibn Affon shunday dedi:

- Ey Allohning rasuli, avvalgi hijratimizda ham, bunisida ham biz bilan birga emassiz.

Xotamul anbiyo (s.a.v.) dedilar:

- Sizlar Allohni va meni deb muhojir boʻldingiz. Bu ikki hijrat ham sizlarnikidir.

Bu safar Xabash diyoriga Usmon ibn Affon va zavjasi Ruqiya, shuningdek, yetmishlar atrofidagi sahobalar Habashistonga yoʻl oldilar. U yerda tinch va xotirjam holda Rabbilariga ibodat qilinardi. Hazrati Usmonga Alloh farzand ato etdi. Farzandiga Abdulloh deb ism qoʻydi. Usmon ibn Affon shu oʻgʻlining ismi bilan kunyalanar edi. Abdulloh ikki yoshga yetganida yuzini xoʻroz choʻqishi tufayli vafot etdi. Ruqiya (r.a.) shundan keyin boshqa farzand koʻrmadi.

Usmon ibn Affon Ruqiya roziyallohu anho bilan Makkaga qaytdilar. Oradan hech qancha oʻtmasdan ansorlar Rasululloh (s.a.v.)ga bay'at berishgach, Usmon jufti haloli bilan Yasribga hijrat qilishdi.


* *

Usmon ibn Affon Xotamul anbiyoga butun vujudi, hayoti-yu rohatini bagʻishlagan haqiqiy va ixlosli moʻminlardan biri edi. U kishi Rasululloh (s.a.v.)bilan juda koʻp gʻazot va safarlarda birga boʻlgan.

Paygʻambar alayhissalom Badr jangiga chiqqan kunlarida Ruqiya roziyallahu anho qizamiq bilan ogʻrib qoldi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Usmon ibn Affonga qizlari oldida qolishga izn berdilar. Ruqiya roziyallahu anho Paygʻambar alayhissalom sahobalar bilan Badr jangidan gʻalaba bilan qaytib kelayotganlarida olamdan oʻtdi. Qabr qazish uchun Usmon ibn Affonning oʻzlari qabrga tushdi. Qabrga tuproq tortilganda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Badrdan yetib keldilar. Qizlarining qabri ustida bir oz toʻxtab qoldilar.

Rasululloh Usmon ibn Affonga ham Badrda qatnashgan sahobalar qatori ulush berdilar.


* *

Hazrati Usmon Rasululloh alayhissalomga qarindosh boʻlgani uchun behad xursand boʻlgan edi. Lekin paygʻambar alayhissalom qizlari Ruqiya vafot etganidan keyin mazkur aloqa uzilgani uchun qaygʻuga botdi. Shundan keyin pokiza jufti halolidan ajralgani hamda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bilan qarindoshlik aloqasini uzilganidan koʻngliga qil sigʻmay yurdi. Paygʻambar alayhissalom bir kuni uni xafa holda koʻrib soʻradilar:

- Nega bunchalik gʻamgin boʻlib yuribsan? Usmon ibn Affon:

- Mening boshimga tushgan narsa biror kishining boshiga tushganmikan, ey Allohning Rasuli? Jufti halolim Rasulullohning qizlari vafot etdi. Siz bilan oʻrtamizdagi ham kuyovlik, ham qarindoshlik aloqasi uzildi.

Rasululloh sallallohu alayhisalom keyingi qizlari Ummu Gulsumni Usmon roziyallahu anhuga nikohlab berdi. Shu bilan Usmon ibn Affon sahobalar ichida Paygʻambar alayhissalomning ikki qizlariga uylangan yolgʻiz sahobiy boʻlib qoldi. Rasulullohning ikki qizlariga uylangani tufayli "Zunnurayn" - ikki nur egasi, degan nomga sazovor boʻldi.

Ba'zilar u toʻgʻrisida Rasulullohning: "Usmon osmon axdining nuri, yer ahlining chirogʻi", deganlari uchun mazkur nomga sazovor boʻlganini ham aytishadi. Ayrimlar esa: "Tunda Qur'oni karimni namozda oʻqib xatm qilganlari uchun", deydilar. Chunki Qur'on bir nur, kechasi ibodatda qoim boʻlish yana bir nurdir.


* *

Muhojirlar Rasulullohga sallallohu alayhi vasallam Madinai munavvaraning suvini oʻzgarganidan shikoyat qilishdi. Suvi ichishga yaraydigan faqat bitta quduq bor edi. U ham boʻlsa Rovma degan yahudiyniki boʻlib, suv oladiganlarga narxini qimmat qilib qoʻydi. Yahudiy bir mesh suvni bir mudd (xurmo, arpaning oʻlchov birligi)ga sotayotgan edi.

Rasululloh alayhissalom:

- Kim Rovmaning qudugʻini sotib olib, musulmonlarga sadaqa (hadya) qilsa, Alloh uni qiyomat tashnaligidan qutqarsin, - dedilar.

Hazrati Usmon Paygʻambarning alayhisalom bu soʻzlarini eshitib, darhol quduqni sotib olish niyatida yahudiy oldiga savdolashgani bordi. Lekin yahudiy:

- Meni shundan boshqa narsam yoʻq, uni sotmayman, -dedi.

Usmon (r.a.) aytdi:

- Hammasini sotmaysan. Yahudiy soʻradi:

- Yarmini sotib olmoqchimisan?

Zunnurayn: "Ha", dedi. Yahudiy oʻn besh ming dirham berishini soʻradi. Usmon ibn Affon oʻn ming dirhamga savdolashib, yahudiy bilan bir kun quduq unga, bir kun oʻziga boʻlishini kelishib oldi. Hazrati Usmon oʻzining navbati kelgan kun musulmonlar suv olishiga ruxsat berib, bunga hech qanday pul soʻramadi. Musulmonlar keyingi kun uchun ham yetadigan suvni hazrati Usmonning navbati kuni olishardi. Yahudiy qarasaki, qolgan yarmidan koʻp foyda olmayapti. Usmon ibn Affonga qudugʻim ustida boʻlgan savdoni buzdim, qolgan yarmini ham sotib ol, dedi. Usmon (r.a.) quduqning qolgan qismini sakkiz ming dirham evaziga sotib oldi va barcha kunlarda suv oladiganlarga uni hadya qildi.

Usmon (r.a.) Paygʻambar alayhisalom bilan birga Uhud va Xandaq gʻazotlarida ishtirok etgan. Hudaybiya sulhi kuni Rasululloh (s.a.v.) Usmon ibn Affonni Quraysh oqsoqollari oldiga urushish uchun kelmaganliklari, balki umra qilish uchun kelganliklarini bildirish uchun yubordilar. Usmon qatl qilindi, degan xabar kelganda Paygʻambar (a.s.) oʻrinlaridan turib:" Alloh menga bay'atni amr qildi", dedilar. Shunday qilib Rizvon bay'ati daraxt ostida boʻlgan edi. Rasululloh alayhissalom Usmon ibn Affon nomidan bay'at qildilar. O'ng qoʻllarini chap qoʻllari ustiga qoʻyib: "Ey Alloh, Usmon Alloh va Rasulining hojatini deb ketgandi. Men uning oʻrniga bay'at qilaman", dedilar. Qurayshliklar Rasulullohning ashoblari u zotga Makka ahli bilan urushish uchun bay'at qilganliklaridan xabar topishgach, Usmon ibn Affon hamda Suhayl ibn Amrni birga yubordilar va shu tariqa Hudaybiya sulhi tuzildi.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir kuni qizlari Ummu Gulsumning oldiga bordilar. Hazrati Usmonga qaradilar-da, qizlariga:

- Albatta, jufting bobong Ibrohimga, otang Muhammadga oʻxshaydi, - dedilar.

Usmon (r.a.) Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga vahiy tushganda uni yozib borar edi. Rasululloh uni yaxshi koʻrib oldilariga chaqirib olar va endigina tushgan oyatlarni aytib turar va unga: "Yoz, ey Usaym", derdilar.

Usmon ibn Affon Rasululloh bilan Xaybar fathi, qazo umrasi va ulugʻ fath - Makka fathida ishtirok etgan. Usmon roziyallahu anhu Usro gʻazoti kuni ming dinor keltirib, Rasulullohning etaklariga toʻkdi. Rasululloh dinorlarni qoʻllariga olib, shunday dedilar:

- Bugundan boshlab Usmonga qilgan amallari zarar bermaydi, - deya uch marta ta'kidladilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: "Kim Usro qoʻshinini jangga hozirlasa, Alloh uni magʻfirat qiladi", degan soʻzlarini eshitdi. Binobarin, Usmon ibn Affon jannatni bir yahudiyning qudugʻini musulmonlarga hadya qilib jannat darvozasining kalitiga ega boʻlgan, nima uchun bugun musulmon qoʻshinini Rum bilan boʻladigan jangga hozirlab, ikkinchi marta jannat egasi boʻlmasin ekan? Usmon roziyallahu anhu ot-ulov, oziq-ovqat va unga taalluqli narsalar, hatto idish-tovoq bogʻlanadigan iplargacha tayyorlab berdi. Rasululloh alayhissalom: "Parvardigaro, Usmonning bugundan keyin qilgan amallarini unutma", deya duo qildilar. Soʻngra Usmon (r.a.)ga qarab: "Ey Abu Amr, Alloh molingga baraka bersin, gunohlaringni magʻfirat qilsin, rahm qilsin va jannatni senga mukofot qilsin", dedilar.

Usmon roziyallahu anhu Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bilan Tabuk gʻazotida ham qatnashgan. Jangdan qaytishda ayoli Ummu Gulsum vafot etadi. Usmon (r.a.) qattiq xafa boʻlganlarini koʻrgan Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

- Usmonni uylantiringlar, uchinchi qizim boʻlganida, unga berar edim. Usmonni Allohdan kelgan vahiy tufayli qizlarimga uylantirdim, - dedidar.

Paygʻambarimiz alayhissalom yana shunday deganlar:

- Meni kuyov qilgan yoki menga kuyov boʻlgan birontasi doʻzaxga kirmasligini Robbim azza va jalladan soʻradim.

Hazrati Usmon Rasululloh alayhissalom bilan Vado' hajiga ham borgan. Rasululloh alayhissalom:

- Har bir paygʻambarning jannatda doʻsti boʻladi, mening doʻstim Usmon ibn Affondir,- deganlar.


* *

Usmon ibn Affon davlatni boshqarishda katta sahobalar bilan maslahatlashar va ularga suyanar edi. Hazrati Abu Bakr Siddiq va Umar zamonida ham oʻzining moddiy va ma'naviy yordami bilan birga eng ishonchli maslahatchilaridan edi.

Majusiy Abu Lulu' Umar ibn Xattobni tigʻ bilan yaraladi. U yerda faqat Rasul alayhissalomning oltiga sahobasi - Ali ibn Abu Tolib, Usmon ibn Affon, Sa'd ibn Abu Vaqqos, Zubayr ibn Avvom, Abdurahmon ibn Avf va Talha ibn Ubaydullohlar bor edi. Ulardan Alloh rozi boʻlsin

Maslahat kengashi qaroriga koʻra olti sahobiy ichidan Usmonning xalifa boʻlishiga bay'at berildi. Bu hijriy yigirma toʻrtinchi yil muharram oyita toʻgʻri keladi. Bu vaqtda hazrati Usmon yetmish yoshga kirgan edi.

Zunnurayn zamonida davlat yerlari kengayib, musulmonlar toʻq va farovon hayot kechirdi. Turk yerlari fath qilinib, Xuroson, Tohariston, Qohiston, Tiflis va Kipr yerlari Islom xalifaligi ixtiyorida edi. Hazrati Usmon birinchi boʻlib musulmonlar qoʻshinini dengizga chiqargan shaxs sifatida tarixga kirdi. Musulmonlar koʻp orol va dengiz yerlariga voliylik qila boshladi. Hatto islom davlati dengiz davlati deb nomlana boshlandi.

Oradan olti yil oʻtgandan soʻng musulmon amirlari orasida ixtilof va fitna tarqadi. Bunga yahudiy fitnachi Abdulloh ibn Saba' boshchilik qildi. U Zunnurayn siyosati xususida har xil fitna va boʻlmagʻur yolgʻonlarni tarqatdi. Katta shaharlarda qoʻzgʻolonlar uyushtirdi. Jumladan, Kufa, Basra, Misr kabi unumdor va serhosil joylarda fitna va yolgʻonlarni avj oldirdi. Uning maq-sadi islom davlatining quvvatiga putur yetkazish edi.

Amirul moʻminin Usmon ibn Affon amalga oshirgan eng ulugʻ ishlaridan biri shuki, Qur'onni va uning qiroatini bir shaklga keltirdi.

Usmon ibn Affon zulhijja oyining yettinchi kuni, hijriy oʻttiz beshinchi yilda shahid boʻldi. Shahid boʻlganlarida sakson ikki yoshda edi. U kishi sakkiz kuni kam oʻn ikki yil xalifalikni boshqardi.