Abu Bakr Siddiq
| Abu Bakr أَبُو بَكْر | |
|---|---|
| Alloh rasulining xalifasi Al-Siddiq Roziyallohu Anhu | |
|
Istanbuldagi Ayo Sofiya ibodatxonasida namoyish etiladigan, Abu Bakrning ismi tushirilgan xattotlik muhri (lavhasi) | |
| Roshidun xalifaligining 1-xalifasi | |
| Saltanat |
632-yil 8-iyun – 634-yil 23-avgust (2 yil-u 77 kun) |
| Davomchisi | Umar |
| Tugʻilishi |
Abdulloh ibn Abu Quhofa milodiy tax. 573-yil Makka, Hijoz, Arabiston |
| Vafoti |
23-avgust 634-yil (60 yoshda) (hijriy 13-yil 22-Jumodissoni oyi) |
| Dafn etilgan joy | |
| Rafiqalari |
|
| Farzandlari |
Asmo Abdurahmon Abdulloh Oysha Muhammad Ummu Kulsum |
| Otasi | Abu Quhofa |
| Onasi | Ummu al-Xayr |
| Dini | Islom |
Abu Bakr Siddiq, toʻliq ismi Abu Bakr Siddiq Abdulloh ibn Abu Qahhofa ibn Omir (tax. 573-yilda tug'ilgan — 634-yil 23-avgustda vafot etgan) — Muhammad paygʻambar daʼvati bilan islomni birinchilardan boʻlib qabul qilgan, dastlabki toʻrt xalifadan birinchisi (632—634). Tirikligida jannat bashorati berilgan sahobalarning birinchisi. Muhammad paygʻambarning eng yaqin safdoshi, uning qaynotasi (moʻminlarning onasi Oyshaning otasi), yirik savdogar. Makkaning Quraysh qabilasidan bo'lgan. Muhammad paygʻambarning vafotidan keyin 632-yildan 634-yilda vafotiga qadar Roshidun xalifaligining birinchi xalifasi etibsaylangan. Arab qabilalarining Madina hokimiyatiga qarshi koʻtargan qoʻzgolonlarini bostirgan. Uning xalifaligi davrida arablar Iroq va Suriyani fath qilgan. Abu Bakr Siddiq Madinada vafot etgan va Muhammad paygʻambarning yoniga dafn qilingan[1].
Abu Bakr Banu Taym qabilasidan boʻlgan Abu Quhofa va Ummu al-Xayrning farzandi bo'lgan. U islomni qabul qilgan eng dastlabki musulmonlar safida bo'lib, mushriklarga daʼvat qilgan. Abu Bakrning nomi birinchi musulmon daʼvatchi sifatida eʼtirof etilgan, chunki Muhammad payg'ambarning bir qancha sahobalari Abu Bakr orqali islomni qabul qilgan. Islomni qabul qilishidan oldin ismi Abdulkaʼba bo'lgan. Abdulloh ismini Muhammad paygʻambar qoʻygan. Siddiq deb atalishiga sabab isro va meʼroj hodisasini eng birinchi boʻlib tasdiqlaganligidir. Muhammad paygʻambar unga Siddiq yaʼni iymoni kuchli deb laqab bergan. Makkadan Madinaga hijrat qilishda Muhammad paygʻambarga hamrohlik qilgan, shuningdek, gʻorda ham birga boʻlgan. Abu Bakr Muhammadning barcha yurishlarida qatnashgan, shuningdek, Badr, Uhud, Handaq, Xudaybiya va boshqa joylardagi janglarda ishtirok etgan. U obroʻli va badavlat kishi boʻlgani uchun koʻp odamlarga yordam qilgan, Bilol Habashiyni qullikdan sotib olib, ozod etgan. Muhammad payg'ambar yoʻqligida Abu Bakr namozlarga imomlik qilgan.
Payg'ambar Muhammadning vafotidan keyin 632-yilda Abu Bakr Saqifada musulmonlarga birinchi xalifa sifatida rahbar boʻlib saylangan va rahbarlikni qoʻlga olgan. Uning saylanishi bir qator isyonkor qabila yetakchilari tomonidan eʼtirozlar bilan qarshi olingan. Abu Bakr hukmronligi davrida bir qancha qoʻzgʻolonlarni bostirgan, shuningdek, Ridda urushlari natijasida musulmon davlati hukmronligini butun Arabiston yarim oroli boʻylab mustahkamlash va kengaytirishga muvaffaq boʻlgan. Abu Bakr qoʻshni Sosoniylar va Vizantiya imperiyalariga dastlabki hujumlarga boshchilik qilgan. Bu hujumlar uning vafotidan keyingi yillarda oxir-oqibat musulmonlarning Forsni zabt etishi va Levantni egallashiga sabab bo'lgan.
Siyosatdan tashqari Abu Bakr Qurʼonni jamlash ishlari bilan ham eʼtirof etiladi. Uning shaxsiy xalifalik musʼhafi boʻlgan. 634-yil avgust oyida vafot etishidan oldin Abu Bakr Umarni (h. 634–644) oʻz vorisi etib tayinlagan. Muhammad bilan birga Abu Bakr Madinadagi Al-Masjid an-Nabaviyda Yashil Gumbaz ostida dafn etilgan. Bu joy Islomdagi ikkinchi eng muqaddas maskan hisoblanadi. Abu Bakr 2-yil, 2 oy-u 14 kun hukmronlik qilgach, kasallikdan vafot etgan. U tabiiy sabablarga koʻra vafot etgan yagona Roshidun xalifasidir.
Abu Bakr Siddiq qisqa muddat hukmronlik qilgan boʻlsa-da, uning hukmronlik davri oʻsha davrning eng qudratli ikki imperiyasi hisoblanmish Sosoniylar va Vizantiya imperiyalariga qarshi muvaffaqiyatli bosqinlarni oʻz ichiga olgan. U bir necha oʻn yil ichida tarixdagi eng yirik imperiyalardan birining vujudga kelishiga sabab bo'luvchi tarixiy jarayonni boshlab bergan. Mahalliy arab isyonchi kuchlari ustidan qozongan hal qiluvchi gʻalabasi islom tarixida muhim ahamiyat kasb etadi. Sunniy musulmonlar Abu Bakrni Roshidun xalifalarning birinchisi, paygʻambarlar va rasullardan keyingi eng ulugʻ shaxs sifatida ulugʻlasa, shialik mazhabi Abu Bakrni xalifalikni nohaq egallab olgan kishi va Ahl ul-Baytning raqibi deb biladi.

Nasab va unvonlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: „Ey Abu Bakr, ummatim ichidan jannatga birinchi kiruvchi albatta, sen boʻlasan“, — dedilar.
Toʻliq ismi Abu Bakr Abdulloh ibn Abu Quhofa Usmon ibn Omir ibn Amir ibn Kaʼb ibn Maʼd ibn Tayim ibn Murra ibn Kaʼb ibn Lu’ay ibn Gʻolib al-Qurashiy at-Taymiy. Uning nasabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Murrada birlashadi.
Ibn Saʼd rivoyatiga koʻra, Abu Bakrning toʻliq ismi Abdulloh ibn Abu Quhofa ibn Omir ibn Amr ibn Kaʼb ibn Saʼad ibn Taym ibn Murra ibn Kaʼb ibn Lu’ayy ibn Gʻolib ibn Fihr ibn Molik ibn An-Nodir ibn Kinoona ibn Xuzayma ibn Mudrika ibn Ilyos ibn Mudar ibn Nizor ibn Maʼadd ibn Adnon boʻlgan[3]. Bu nasab paygʻambar Muhammadning nasabi bilan oltinchi avlod Murrah ibn Kaʼbda tutashadi.
Ismlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abu Bakrning tugʻilgan paytidagi ismi Abdulloh (عبد الله) boʻlib, „ Allohning bandasi“ degan maʼnoni anglatadi. Abu Bakr (أبو بكر) nomi esa uning kunyasi boʻlib, soʻzma-soʻz tarjima qilinganda „toʻngʻichning otasi“ yoki „yigitlarning otasi“ degan maʼnoni bildiradi. Bu soʻz „yosh tuya“ degan maʼnoni anglatuvchi bakr soʻzidan kelib chiqqan. Maʼlumotlarga koʻra, Abu Bakr bu taxallusni bolaligida tuyalarni yaxshi koʻrgani va badaviy qabilalar orasida ulgʻayar ekan, tuya bolalari va echkilar bilan oʻynagani tufayli olgan[4][5]. Abu Bakrning otasi ham Abu Quhofa kunyasi bilan mashhur bo'lgan, asl ismi esa Usmon bo'lgan.
Sharafli taxalluslari va sifatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- As-Siddiq (sadoqatli, rostgoʻy)[6] uning eng mashhur unvoni boʻlib, paygʻambar Muhammad tomonidan Abu Bakr boshqalar shubha qilgan paytda Isro va Meʼroj haqidagi rivoyatga darhol ishongani uchun berilgan[7]. Odatda, „sodiq“ deb tarjima qilinsa-da, tarixchi Fred Donnerning taʼkidlashicha, bu atama tarixan uning sadaqa yigʻuvchi sifatidagi roli bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin[8].
- Atiq uning dastlabki unvonlaridan biri, islomni qabul qilishidan avval ham qoʻllanilgan boʻlib, „najot topgan“ degan maʼnoni anglatadi. Termiziy toʻplamidagi zaif rivoyatda keltirilishicha[9], paygʻambar Muhammad keyinchalik bu unvonni yana bir bor taʼkidlab, Abu Bakrni „Allohning olovdan (doʻzaxdan) ozod qilgani (Atiyqi)“ deb atagan, bu „najot topgan“ yoki „omon qolgan“ degan maʼnoni bildiradi. Uning Alloh nomi bilan bogʻlanishi esa Allohga naqadar yaqin va uning panohida ekanini koʻrsatadi[10].
- As-Sohib Qur’onda sharaf sifatida „as-sohib“ (hamroh) deb ataladi. Bu paygʻambar Muhammad bilan birga Madinaga hijrat qilgan chogʻida Quraysh qabilasidan yashirinayotganda Jabal Savr gʻorida uning hamrohi boʻlganini ifodalaydi[11]:
- Al-Atqaa imom Jaloliddin as-Suyutiy tomonidan Qur’onning Layl surasi tafsirida Ibn Abbosdan rivoyat qilingan hadisda keltirilishicha „eng taqvodor“, „eng solih“ yoki „Allohdan eng koʻp qoʻrquvchi“ degan maʼnoni anglatuvchi „al-Atqaa“ (arabcha: الأتقى) soʻzi moʻminlar uchun namuna sifatida Abu Bakrga ishora qiladi[11][12].
- Al-Avvoh (arabcha: الأواه) Allohga koʻp iltijo qiladigan, rahmdil va dilbar (koʻngli yumshoq) kishi degan maʼnoni anglatadi. Ibrohim an-Naxaiy Abu Bakrni ham rahmdilligi bois al-Avvoh deb ham atashganini taʼkidlagan[11].
Ibn Saʼd shunday rivoyat qiladi: „Bir kishi Oyshaga: „Menga Abu Bakrni sifatlab bering“, dedi. Bas, u kishi: „U oppoq, ozgʻin, yanoqlari kichik, biroz egilgan, izori ikki yonboshida turmay, sirpanib ketadigan, yuzi ichiga kirgan, koʻzlari chuqur, peshonasi doʻngroq va qushdek yengil odam edi. Uning sifati ana shundoq“, deb javob berdi“.
Boshqa bir rivoyatda Oysha: „Abu Bakr (soch-soqolini) hina va katm — maxsus boʻyoq bilan boʻyab yurardi“, — deb aytgan.
Yana boshqa bir rivoyatda Anas roziyallohu anhu: „Rasululloh Madinaga kelganlarida u zotning sahobalari ichida Abu Bakrdan boshqa soch-soqoliga oq tushgani yoʻq edi. U hina va katm bilan boʻyab yurardi“, — degan[13].
Tavalludi va yoshligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abu Bakr 573-yillarda Makkadagi Quraysh qabilalar ittifoqining Banu Taym urugʻiga mansub boy oilada tugʻilgan[14]. U paygʻambar Muhammadning tavalludidan 2 yil-u bir necha oy keyin dunyoga kelgan. Uning otasi Abu Quhofa Usmon ibn Omir, onasi esa Ummu al-Xayr Salmo binti Soxr ibn Amr[15] boʻlib, Abu Quhofaning amakisining qizi boʻlgan.
Uning bolaligi oʻsha davrdagi boshqa arab bolalari kabi oʻzlarini Ahl-i-Baʼeer (tuya ahli) deb atagan badaviylar orasida oʻtgan, tuyalarga alohida mehr qoʻygan. Yoshligida tuya bolalari va echkilar bilan oʻynar, tuyalarga muhabbati tufayli unga Abu Bakr yaʼni „tuya bolasining otasi“ (kunya) taxallusi berilgan[16][17].
Makkalik boy savdogar oilalarining boshqa farzandlari kabi Abu Bakr ham savodli boʻlib, sheʼriyatni yaxshi koʻrgan. U har yili Ukazga borar va sheʼr oʻqiladigan majlislarda qatnashardi. Uning xotirasi juda kuchli boʻlib, arab qabilalarining nasabnomasi, ularning rivoyatlari va siyosati haqida yaxshi bilimga ega boʻlgan[18].
Rivoyat qilinishicha, Abu Bakr hali bola paytida otasi uni Kaʼbaga olib borib, butlar oldida duo qilishni soʻragan. Otasi boshqa ish bilan chiqib ketgan, Abu Bakr esa yolgʻiz qolgan. Abu Bakr bir butga murojaat qilib: „Ey xudoyim, menga chiroyli kiyimlar kerak, ularni menga ato et“, — degan. Butdan javob boʻlmagan. Soʻng boshqa butga: „Ey xudo, menga mazali taom ber. Qarang, juda ochman“, — degan. But yana javob qaytarmagan. Yosh Abu Bakr sabrsizlangan va bir toshni koʻtarib, butga qarab: „Mana, men senga tosh otmoqchiman, agar sen xudo boʻlsang, oʻzingni himoya qil“, — degan. Abu Bakr butga tosh otgan va Kaʼbadan chiqib ketgan[19]. Shunga qaramay, Abu Bakrning islomni qabul qilishidan avval u hanif sifatida amal qilgani va hech qachon butlarga sigʻinmagani qayd etilgan[20].
Abu Bakr Siddiq faqat tijorat ketidan katta mol-mulk orttirgan. Shu bilan birga u hayr-u ehsonlari va muruvvatlari bilan johiliyat ahli orasida yaxshi nom chiqargan. Abu Bakr Qurayshning rahbarlaridan boʻlib, maslahat va mashvarat ishlarida doimo ishtirok etgan, kishilarning muhabbatini qozongan edi. Unga Qurayshning xun va qarz toʻlash ishlari topshirilgan edi. Johiliyat davrida arablarning markazlashgan davlatlari boʻlmaganligi uchun Makka ahli turli vazifalarni turli qabilalarga boʻlib bergan. Bir qabila kishilarni mehmon qilishga mas’ul boʻlsa, boshqasi Kaʼbaga qarashga, yan boshqasi esa majlis oʻtkazishga mas’ul boʻlgan. Abu Bakrning qabilasiga yuklangan vazifalardan biri diya va qarzlar ishi boʻlgan.
Paygʻambarning sahobasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Baʼzi sunniy olimlar va barcha shialik rivoyatlariga koʻra, Xadicha bint Xuvayliddan keyin islomni qabul qilgan ikkinchi kishi Ali ibn Abu Tolib boʻlgan. Biroq tarixchi Ibn Kasir „Al-bidoya val-nihoya“ asarida bu qarashni eʼtiborsiz qoldirib, ilk musulmon boʻlgan kishilarni ijtimoiy guruhlar boʻyicha tasniflaydi. Unga koʻra, Xadicha islomni qabul qilgan birinchi ayol, Zayd ibn Horisa birinchi ozod qilingan qul, Ali ibn Abu Tolib birinchi tugʻilgan bola, Abu Bakr esa islomni qabul qilgan birinchi erkin balogʻatga yetgan erkak boʻlgan[21][22][23].
Makkadagi keyingi hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abu Bakr Siddiqning rafiqasi Qutayla bint Abduluzzo islomni qabul qilmagan va u bilan ajrashgan. Boshqa rafiqasi Ummu Ruvmon esa islomni qabul qilib, musulmon boʻlgan. Uning Abdurahmondan tashqari barcha farzandlari islomni qabul qilgan. Shundan soʻng Abu Bakr undan yuz oʻgirgan. Abu Bakrning musulmon boʻlishi koʻplab odamlarning islomga kirishiga sabab boʻlgan. Shuningdek, yaqin doʻstlarini ham islomni qabul qilishga undagan[24][25]. Abu Bakr daʼvati bilan islomni qabul qilganlar quyidagilar[26]:
- Usmon ibn Affon (boʻlajak uchinchi Roshidun xalifasi)
- Zubayr ibn al-Avvom (shoʻro aʼzosi va muhim harbiy yetakchi)
- Talha ibn Ubaydulloh (Abu Bakrning amakivachchasi va mashhur sahoba)
- Abdurahmon ibn Avf (boy savdogar va ilk davlatning muhim aʼzosi)
- Saʼd ibn Abu Vaqqos (Musulmonlarning Forsni zabt etish yurishlari qoʻmondoni)
- Abu Ubayda ibn al-Jarroh (Shomdagi bosh qoʻmondon)
- Abu Salama (paygʻambarning emikdosh ukasi va Habashistonga ilk hijrat qilgan kishilardan)
- Xolid ibn Said (ilk musulmon boʻlgan kishilardan va keyinchalik roshidun xalifaligi qoʻshini yetakchisi)
Abu Bakrning islomni qabul qilishi paygʻambar Muhammadning daʼvatida muhim burilish nuqtasi boʻldi. Makkada qullik keng tarqalgan edi va koʻplab qullar islomni qabul qildi. Oddiy ozod kishi islomni qabul qilganda qarshiliklarga qaramay oʻz qabilasining himoyasidan bahramand boʻla olardi. Biroq qullar uchun bunday himoya mavjud emas edi va ular, odatda, taʼqib hamda zulmga uchrar edi. Abu Bakr qullarga achindi, shu sababli sakkiz kishini (toʻrt erkak va toʻrt ayol) sotib olib, ularni ozod qildi. ularning ozodligi uchun 40 000 dinor toʻladi[27][28]. U, shuningdek, keyinchalik muazzin boʻlgan Bilol ibn Rabohni ham ozod qilgani bilan tanilgan edi.
Erkaklar:
Ayollar:
Abu Bakr ozod qilgan qullarning aksariyati yo ayollar, yo qari va ojiz erkaklar edi[29]. Otasi undan nega u oʻziga kuch boʻla oladigan baquvvat, yosh qullarni ozod qilmayotganini soʻraganida Abu Bakr qullarni oʻzi uchun emas, balki Alloh roziligi uchun ozod qilayotganini aytgan.
Quraysh tomonidan taʼqib
[tahrir | manbasini tahrirlash]Islom dini paydo boʻlganidan keyingi 3 yil davomida musulmonlar eʼtiqodini yashirin tutdi. 613-yilda islomiy anʼanaga koʻra, payg'ambar Muhammad Alloh tomonidan odamlarni islomga oshkora daʼvat etishga buyurildi. Abu Bakr birinchi bo'lib kishilarga ommaviy ravishda murojaat qilib, ularni Muhammad payg'ambarga bayʼat qilishga chaqirgan[30]. Gʻazab ustida Quraysh qabilasining yigitlari Abu Bakrga yopirilib, uni hushidan ketgunicha doʻpposlagan[31]. Bu hodisadan soʻng uning onasi islomni qabul qilgan. Abu Bakr Quraysh tomonidan koʻp bor taʼqib qilingan. Uning eʼtiqodi oʻz urugʻi tomonidan himoya qilinishi mumkin boʻlsa-da, butun Quraysh qabilasi uni himoya qilmagan.
Makkadagi soʻnggi yillari
[tahrir | manbasini tahrirlash]617-yilda Quraysh qabilasi Banu Hoshim qabilasiga qarshi boykot joriy qildi. Payg'ambar Muhammad Banu Hoshimdan boʻlgan tarafdorlari bilan birga Makkadan chetroq bir dovonda ajratib qoʻyildi. Banu Hoshim bilan barcha ijtimoiy aloqalar uzildi va ular xuddi qamoqqa tushib qolgandek bo'ldi[32]. Bundan oldin koʻplab musulmonlar Habashistonga (hozirgi Efiopiya va Eritreya) hijrat qilgan edi. Abu Bakr bu hodisadan iztirobga tushib, Yaman tomon yoʻl oldi, u yerdan Habashistonga ketmoqchi edi. U Makka tashqarisida Qorah qabilasi boshligʻi Ad-Dugʻna bilan uchrashdi. Ad-Dug'na Abu Bakrni Qurayshlardan oʻz himoyasiga olishni taklif qildi. Bu esa Abu Bakrga yengillik berdi va u Makkaga qaytdi. Biroq Quraysh bosimi ostida Ad-Dugʻna va'da qilgan himoyasidan voz kechishga majbur boʻldi. Qurayshliklar yana Abu Bakrni taʼqib ostiga olishni davom ettirdi.
620-yilda payg'ambar Muhammadning amakisi va homiysi Abu Tolib ibn Abdulmuttalib hamda xotini Xadicha vafot etdi. Abu Bakrning qizi Oysha esa payg'ambar Muhammad bilan unashtirildi, biroq nikoh marosimi keyinroq oʻtkazilishi belgilandi. 620-yilda Abu Bakr payg'ambar Muhammadning Isro va Meʼrojini tasdiqlagan birinchi kishi edi[33].
Madinaga hijrat
[tahrir | manbasini tahrirlash]
622-yilda Yasrib (keyinchalik Madina) musulmonlarining taklifiga binoan paygʻambar Muhammadning oʻz izdoshlariga u yerga hijrat qilishni buyurdi. Hijrat guruh-guruh boʻlib boshlandi. Ali Makkada qolgan eng soʻnggi kishi boʻlib, musulmonlar olgan qarzlarini toʻlash ishlariga masʼul sifatida qoldirildi. Ikrima ibn Abu Jahl boshchiligidagi Qurayshlar paygʻambar Muhammadni uxlab yotganida oʻldirmoqchi boʻlganida, Muhammadning toʻshagida Ali yotgan edi. Abu Bakr esa paygʻambar Muhammad bilan Madinaga hijrat safarida hamroh boʻldi. Quraysh xavfi sabab ular asosiy yoʻldan bormay, teskari tomonga yoʻl oldi va Makkadan taxminan 5 mil janubdagi Jabal Savrda joylashgan gʻorda panoh topdi. Abu Bakrning oʻgʻli Abdulloh ibn Abu Bakr Qurayshning reja va muhokamalarini eshitib, kechalari gʻorda yashirinayotganlarga xabar yetkazardi. Abu Bakrning qizi Asmo binti Abu Bakr ularga har kuni ovqat olib kelardi[34]. Abu Bakrning xizmatkori Omir esa har kecha gʻor ogʻziga echkilar podasini haydab kelarva echkilarni shu yerda sogʻib berardi. Quraysh har tomonga qidiruv guruhlarini yubordi. Bir guruh gʻorning kirish qismiga juda yaqin kelgan, ammo yashiringanlarni koʻra olmagan.
Madinadagi hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xorija ibn Zayd al-Ansoriy Madina chekkasidagi Sunh hududida yashardi, Abu Bakr ham oʻsha yerga joylashdi. Abu Bakrning oilasi Madinaga yetib kelgach, u Muhammad payg'ambarning uyiga yaqinroq joydan yana bir uy sotib oldi[35]. Makka iqlimi quruq boʻlsa, Madina iqlimi nam edi. Shu sababdan koʻpchilik muhojirlar kelishi bilan kasal boʻlib qoldi. Abu Bakr ham bir necha kun isitmalab yotdi. Bu vaqt davomida Xorija va uning oilasi uni parvarish qildi. Makkada Abu Bakr ulgurji mato sotuvchi savdogar bo'lib, Madinada ham shu ishini davom ettirdi. U Sunhda yangi doʻkon ochdi va u yerdan Madina bozoriga mato yetkazib turildi. Tez orada uning savdosi ravnaq topdi. 623-yil boshida allaqachon Muhammad payg'ambarga turmushga chiqqan Abu Bakrning qizi Oysha oddiy nikoh marosimidan soʻng uning uyiga koʻchib o'tdi. Bu esa Abu Bakr va payg'ambar Muhammadning oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamladi[36].
Paygʻambar Muhammad davridagi harbiy yurishlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Badr jangi
[tahrir | manbasini tahrirlash]624-yilda Abu Bakr musulmonlar bilan Makka Qurayshi oʻrtasidagi birinchi jang Badr jangida qatnashgan. Biroq u asosiy jang maydonida emas, balki paygʻambar Muhammad chodirining qorovullaridan biri boʻlgan boʻlishi mumkin. Shu munosabat bilan keyinchalik Ali oʻz hamrohlari sahobalardan odamlar orasida kimni eng jasur deb hisoblashlarini soʻradi. Hamma Alining oʻzini eng jasur inson deb bildi. Shunda Ali shunday javob berdi:
Yoʻq, Abu Bakr kishilarning eng jasuridir. Badr jangida biz Allohning Rasuliga chodir tayyorladik, biroq uni qoʻriqlash vazifasiga koʻngilli boʻlish soʻralganda Abu Bakrdan boshqa hech kim oldinga chiqmadi. U yalangʻochlangan qilich bilan Allohning Paygʻambari yonida turdi va u tomonga oʻtishga jurʼat qilgan kofirlarga hujum qilib, u zotni ulardan himoya qildi. Shuning uchun ham u eng jasur kishidir[37].
Sunniy manbalarda keltirilishicha, shunday hujumlardan birida Abu Bakr qalqonining ikki halqasi paygʻambar Muhammadning muborak yonoqlariga botib kiradi. Abu Bakr bu halqalarni sugʻurib olish niyatida oldinga intiladi, biroq Abu Ubayda ibn Jarroh bu ishni unga qoʻyib berishini soʻraydi va jarayon davomida oʻzining ikkita oldingi tishidan ayriladi. Ushbu rivoyatlarda, keyinchalik Abu Bakr boshqa sahobalar bilan birgalikda paygʻambar Muhammadni xavfsiz joyga olib borgani aytiladi[36].
Uhud jangi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abu Bakr Siddiq 625-yilda Uhud jangida qatnashgan. Bu jangda musulmonlarning aksariyati tarqalib ketgan, shuningdek, Abu Bakrning oʻzi ham yaralangan[38]. Jang boshlanishidan oldin uning oʻgʻli Abdurahmon (u paytda hali musulmon emas, Quraysh tomonida jang qilayotgan edi) oldinga chiqib, yakkama-yakka jang qilishga chorlagan. Abu Bakr bu chorlovni qabul qilgan, ammo paygʻambar Muhammad uni toʻxtatgan[39]. Jangning ikkinchi bosqichida Xolid ibn al-Validning otliq qoʻshini musulmonlarga orqadan hujum qilgan va buning natijasida musulmonlarning gʻalabasi magʻlubiyatga aylangan[40][41].
Xandaq jangi
[tahrir | manbasini tahrirlash]627-yilga kelib Abu Bakr Xandaq jangida, shuningdek Banu Qurayza qamalida qatnashdi[36]. Xandaq jangida Muhammad paygʻambar xandaqni bir nechta qismga boʻlib, har bir qismni qoʻriqlash uchun alohida boʻlinma joylashtirdi. Boʻlinmalardan biriga Abu Bakr qoʻmondonlik qilgan edi. Dushman xandaqdan oʻtishga urinish maqsadida tez-tez hujum uyushtirgan, biroq bu hujumlarning barchasi qaytarilgan. Ushbu voqeani xotirlash maqsadida, Abu Bakr dushman hujumlarini qaytargan joyda keyinchalik Masjid as-Siddiq nom nomlangan masjid bunyod etilgan[42][36].
Xaybar jangi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abu Bakr Xaybar jangida ham ishtirok etgan. Xaybarda sakkizta qalʼa boʻlib, ular orasida eng qudratlisi va eng yaxshi qoʻriqlanadigani Al-Qamus deb atalardi. Paygʻambar Muhammad Abu Bakrni bir guruh jangchilar bilan Al-Qamus qal’asini egallash uchun yuborgan, ammo ular bunga erisha olmagan. Paygʻambar Muhammad Umarni ham bir guruh jangchilar bilan Al-Qamusga yuborgan, lekin Umar ham bu qal’ani zabt eta olmagan[43][44][45][46]. Boshqa ayrim musulmonlar ham qalʼani egalashga uringan, ammo bu urinishlar muvaffaqsizlik bilan yakunlangan[47]. Nihoyat, paygʻambar Muhammad Alini yuborga va Ali dushman yetakchisi Marhabni yengishga muvaffaq boʻlgan[45][48].
Muhammadning soʻnggi yillaridagi harbiy yurishlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]629-yilda paygʻambar Muhammad Amr ibn al-Osni Zot as-Salosilga yubordi, soʻngra qoʻshimcha kuch soʻrab qilingan chaqiriqqa javoban Abu Ubayda ibn Jarrohni joʻnatdi. Abu Bakr va Umar ibn Jarroh qoʻmondonligidagi qoʻshin tarkibida lashkarga boshchilik qildi. Ular hujum uyushtirishdi va dushmanni magʻlub etishdi[49]. 630-yilda musulmonlar Makkani fath etganida Abu Bakr ham qoʻshin tarkibida edi[50]. Fathdan oldin uning otasi islomni qabul qilgan[51][52].
Hunayn va Toif janglari
[tahrir | manbasini tahrirlash]630-yilda musulmon lashkari Hunayn vodiysidan (Makkadan taxminan 11 mil shimoli-sharqda) oʻtayotganida mahalliy qabilalarning kamonchilari tomonidan pistirmaga uchradi. Kutilmaganda hujumga uchragan musulmon qoʻshinining oldingi safi vahimaga tushib qochdi. Katta sarosima yuz berdi, tuyalar, otlar va odamlarning oʻzlari ham pana joy izlab bir-biriga urila boshladi. Muhammad paygʻambar esa sobit turdi. Uning atrofida toʻqqiz nafar sahobalari qoldi, xolos. Shuningdek, sahobalar orasida Abu Bakr ham bor edi. Muhammad paygʻambarning koʻrsatmasi bilan uning amakisi Abbos ibn Abdulmuttalib baland ovozda: „Ey musulmonlar, Allohning paygʻambarining oldiga kelinglar“, deb chaqirdi. Chaqiriq musulmon askarlariga eshitildi va ular Muhammadning yoniga yigʻildi. Musulmonlar toʻplangach, Muhammad dushmanga qarshi hujumga oʻtishni buyurdi. Keyingi jangda qabilalar tor-mor etilib, Autas tomon qochdi.
Muhammad Hunayn dovonini qoʻriqlash uchun bir boʻlinma qoldirib, asosiy qoʻshin bilan Autasga yoʻl oldi. Autasdagi toʻqnashuvda qabilalar musulmonlarning zarbasiga dosh bera olmadi. Qarshilikni davom ettirish befoyda ekanligini bilib, qoʻnalgʻani yigʻib, Toifga chekinishdi. Muhammad Abu Bakrni Toifga uyushtirilgan hujumga boshliq etib tayinladi. Qabilalar qalʼaga berkinib, ochiq maydonga chiqmadi. Musulmonlar manjaniqlardan foydalandi, ammo sezilarli natija boʻlmadi. Musulmonlar testudo safi yaʼni sigir terisidan qilingan qoplama bilan yopilgan askarlar guruhi darvozani yoqish uchun yaqinlashadigan usul foydalanishga urindi. Biroq dushman testudo ustiga qizdirilgan temir parchalarini tashladi va bu urinish ham samarasizlik bilan yakunlandi.
Qamal ikki hafta davom etdi, qalʼada esa hanuz zaiflik alomati koʻrinmadi. Paygʻambar Muhammad harbiy kengash chaqirdi. Abu Bakr qamalni toʻxtatish mumkinligini va Alloh qalʼaning qulashiga sabablar yaratishini maslahat berdi. Maslahat qabul qilindi va 630-yil dekabrida Toif qamali bekor qilinib, musulmonlar qoʻshini Makkaga qaytdi. Bir necha kundan soʻng qoʻmondon Molik ibn Avf Makkaga keldi va musulmon boʻldi[53].
Amir al-haj boʻlishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]630–631-yillarda (hijriy 9-yil) paygʻambar Muhammad Abu Bakrni amir al-haj etib tayinlab, Madinadan Makkaga boradigan qariyb 300 nafar hojiga boshchilik qilishni topshirdi[54]. 631-yilda paygʻambar Muhammad Madinadan 300 nafar musulmondan iborat guruhni yangi islomiy tartibda Haj amalini ado etish uchun yubordi. Bu guruhga rahbar sifatida esa Abu Bakrni tayinladi. Abu Bakr va uning guruhi Hajga yoʻl olganidan keyingi kuni Muhammadga yangi vahiy yaʼni Qurʼonning toʻqqizinchi Tavba surasi nozil boʻldi[55]. Rivoyat qilinishicha, vahiy kelganda kimdir Muhammad paygʻambarga bu xabarni Abu Bakrga yetkazishni taklif qilgan. Muhammad paygʻambar esa vahiyni faqat oʻz xonadonidan boʻlgan erkak eʼlon qilishi mumkinligini aytgan[44].
Shialik manbalariga koʻra, paygʻambar Muhammad Alini huzuriga chaqirib, qurbonlik kuni odamlar Minaoshahrida toʻplangan odamlarga Tavba surasining bir qismini oʻqib eshittirishni topshirdi. Ali Muhammad paygʻambarning qulogʻi kesilgan tuyasida yoʻlga chiqdi va Abu Bakrga yetib oldi. Ali karvonga qoʻshilgach, Abu Bakr uning buyruq berish uchun kelganmi yoki buyruq yetkazish kelganini soʻradi. Ali Abu Bakrning oʻrnini Amir al-Haj sifatida egallash uchun kelmaganini, uning yagona vazifasi paygʻambar Muhammad nomidan odamlarga maxsus xabarni yetkazish ekanini aytdi[56].
Makkada Abu Bakr Haj marosimiga boshchilik qildi, Ali esa paygʻambar Muhammad nomidan uning soʻzlarini oʻqib eshittirdi. Uning asosiy bandlari:
- bundan buyon musulmon boʻlmaganlarga Kaʼbani ziyorat qilish yoki haj ado etishlariga ruxsat berilmasligi;
- hech kim Kaʼbani yalangʻoch holda tavof qilmasligi;
- Shirkga yoʻl qoʻyilmasligi, musulmonlar mushriklar bilan tuzgan kelishuvlar belgilangan muddatlargacha bajarilishi, kelishuv boʻlmagan joylarda toʻrt oylik muhlat berilishi, shundan keyin mushriklarga hech qanday yon berilmasligi lozim edi.
Shu kundan boshlab yangi davr boshlandi va Arabistonda faqat islom dini ustun boʻlishi kerak edi.
Abu Bakr Siddiq yurishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abu Bakr 628-yil iyulida Najdda boʻlib oʻtgan harbiy yurishga[57] boshchilik qilgan[57]. Abu Bakr paygʻambar Muhammadning buyrugʻi bilan Najdda bir guruh qoʻshinga boshchilik qilgan. Koʻplab dushmanlar oʻldirilgan va asir olingan[58]. Sunniylikning hadis toʻplami boʻlmish "Sunani Abu Dovud"da bu voqeani tilga olingan[59].
Usoma ibn Zayd ekspeditsiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]632-yilda, hayotining soʻnggi haftalarida Muhammad Suriyaga ekspeditsiya yuborishni buyurdi; maqsad avvalroq Muʼta jangida musulmonlar magʻlub boʻlganining qasosini olish edi. Yurishga Usoma ibn Zayd boshchilik qildi; uning otasi — Muhammadning avval asrab olgan oʻgʻli boʻlgan Zayd ibn Horisa — oldingi toʻqnashuvda halok boʻlgan edi[60]. Yigirma yoshga ham toʻlmagan, tajribasiz va sinovdan oʻtmagan Usomaning tayinlanishi munozarali boʻldi; ayniqsa Abu Bakr, Abu Ubayda ibn al-Jarroh va Saʼd ibn Abu Vaqqos kabi faxriylar uning qoʻmondonligi ostiga berilgani masalani yanada keskinlashtirdi[61][62]. Shunga qaramay, ekspeditsiya joʻnatildi, biroq yoʻlga chiqqanidan koʻp oʻtmay Muhammadning vafoti xabari kelib, qoʻshin Madinaga qaytishga majbur boʻldi[61]. Bu yurish Abu Bakrning xalifalikka kelishidan keyingina qayta davom ettirildi; u Usoma qoʻmondonligini tasdiqladi va bu oxir-oqibat yurishning muvaffaqiyatiga olib keldi[63].
Muhammadning vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Muhammadning soʻnggi kunlari haqida bir qancha rivoyatlar mavjud boʻlib, ulardan u bilan Abu Bakr oʻrtasidagi katta doʻstlik va ishonch mavjud boʻlganini mustahkamlash uchun foydalanilgan[64]. Shunday voqealardan birida Muhammad vafotga yaqinlashganida odatdagidek namozga imomlik qila olmay qoladi. U Oishaning otasi bu vazifa uchun juda hissiyotga beriluvchan, degan xavotirlariga qaramay, Abu Bakrga oʻrnini bosishni buyuradi. Abu Bakr imomlikka oʻtadi. Bir tongda bomdod namozi paytida Muhammad namozxonaga kirib kelganida, Abu Bakr chekinib, unga odatdagi joyini boʻshatmoqchi boʻladi va imomlikni unga topshirmoqchi boʻladi. Biroq Muhammad unga davom etishga ishora qiladi. Shu atrofda boʻlgan boshqa bir voqeada Muhammad minbarga chiqib, jamoatga: „Alloh bandasiga bu dunyo bilan Alloh huzuridagi narsa orasida tanlash imkonini berdi va u ikkinchisini tanladi“, dedi. Abu Bakr buning Muhammadning koʻp yashamasligini anglatishini tushunib: „Yoʻq, biz ham, farzandlarimiz ham sizga fido boʻlsin“, dedi. Muhammad doʻstini tasalli berib, masjidga olib kiradigan eshiklarning barchasini yopishni, faqat Abu Bakrning uyidan kiradigan eshikni qoldirishni buyurdi: „Chunki men undan koʻra menga yaxshiroq doʻst boʻlgan kishini bilmayman“[65].[note 1]
Muhammad vafot etgach, musulmon jamoasi yetakchisini yoʻqotishga tayyor emas edi va koʻpchilik chuqur larzaga tushdi. Umar ayniqsa qattiq taʼsirlandi; u Muhammad Alloh bilan maslahatlashish uchun ketganini va tez orada qaytishini aytib, Muhammad vafot etdi deganlarni tahdid qildi[67]. Abu Bakr Madinaga qaytib kelib[68], Umarni Muhammadning jasadini koʻrsatib, uning vafot etganiga ishontirdi[69]. Soʻng masjidda toʻplanganlarga murojaat qilib: „Kim Muhammadga sigʻingan boʻlsa, Muhammad vafot etdi. Kim Allohga sigʻingan boʻlsa, Alloh tirik, oʻlmasdir“, dedi va shu bilan xalq orasidagi har qanday butparastona moyillikka barham berdi. Soʻng Qurʼondan oyatlar bilan xulosaladi: „(Ey Muhammad) albatta sen ham oʻlasan, ular ham oʻladilar.“ (39:30), „Muhammad faqat bir Rasuldir; undan oldin ham Rasul(lar) oʻtib ketgan. Bas, u oʻlsa yoki oʻldirilsa, ortingizga qaytib ketasizmi? Kim ortiga qaytsa, Allohga hech qanday zarar yetkazmaydi. Alloh shukr qiluvchilarga mukofot berur.“ (3:144)[70][67]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Abu Bakr Siddiq. OʻzME. A-harfi[sayt ishlamaydi]. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
- ↑ Hadis va Hayot, 21-juz, Abu bakr va Umar rodiyallohu anxumo.
- ↑ Tabaqat ibn Saʼd 3/ 169
- ↑ „بكر“, Wiktionary, the free dictionary (inglizcha), 2025-10-27, qaraldi: 2025-11-01
- ↑ www.wisdomlib.org „Meaning of the name Bakr“ (en). www.wisdomlib.org (2025-yil 31-iyul). Qaraldi: 2025-yil 1-noyabr.
- ↑ Campo, Juan Eduardo. Encyclopedia of Islam. Infobase Publishing, 15 April 2009. ISBN 9781438126968.
- ↑ Abi Naʼeem, „Maʼarifat al-sahaba“, no. 64, 65
- ↑ Donner, Fred M.. Muhammad and the Believers - At the Origins of Islam (en). Harvard University Press, 2010 — 102-bet. ISBN 978-0-674-05097-6.
- ↑ „Jami' at-Tirmidhi 3679 - Chapters on Virtues - كتاب المناقب عن رسول الله صلى الله عليه وسلم - Sunnah.com - Sayings and Teachings of Prophet Muhammad (صلى الله عليه و سلم)“. sunnah.com. Qaraldi: 2023-yil 2-oktyabr.
- ↑ Abi Naʼeem, „Maʼarifat al-sahaba“, no. 60
- 1 2 3 محمد الصلابي, علي. سيرة أبي بكر الصديق شخصيته وعصره. Qaraldi: 2023-yil 2-oktyabr.
- ↑ Al-Suyuti, Jalaladin „al-Dur al-Manthoor“. tafsir.app. Qaraldi: 2023-yil 2-oktyabr.
- ↑ Hadis va Hayot, 21-juz, Abu bakr va Umar rodiyallohu anxumo.
- ↑ Al-Jubouri, I.M.N.. Islamic Thought: From Mohammed to 11 September 2001. Xlibris Corporation, 2010 — 53-bet. ISBN 9781453595855.
- ↑ Saritoprak, Zeki „Abu Bakr Al-Siddiq“. oxfordbibliographies.com. Oxford University Press. Qaraldi: 2018-yil 12-dekabr.
- ↑ Drissner, Gerald. Islam for Nerds – 500 Questions and Answers. createspace, 2016 — 432-bet. ISBN 978-1530860180.
- ↑ War and Peace in the Law of Islam by Majid Khadduri, translated by Muhammad Yaqub Khan Published 1951 Ahmadiyyah Anjuman Ishaat Islam, original from the University of Michigan, digitised 23 October 2006
- ↑ Al-Zarkali, Al-Aʼlam, Dar al-Ilm lil Malayeen, 15th edition, May 2002
- ↑ Masud-ul-Hasan. Sidiq-i-Akbar Hazrat Abu Bakr. Ferozsons — 2-bet.
- ↑ „Abu Bakr Al-Siddiq – Islamic Studies“. Oxford Bibliographies Online. Qaraldi: 2018-yil 13-sentyabr.
- ↑ „Abu Bakr - Biography & Facts“. britannica.com (2023-yil 19-avgust).
- ↑ Manba xatosi: Invalid
<ref>tag; no text was provided for refs named "Saritoprak2". - ↑ Manba xatosi: Invalid
<ref>tag; no text was provided for refs named "Campo22". - ↑ Al-Bidaya wa l-Nihaya 3/26
- ↑ Merriam-Webster's Encyclopedia of World Religions by Wendy Doniger ISBN 978-0-87779-044-0
- ↑ Ashraf, Shahid. Encyclopaedia Of Holy Prophet And Companion (Set Of 15 Vols.) (en). Anmol Publications Pvt. Limited, 2004. ISBN 978-81-261-1940-0.
- ↑ Tabaqat ibn Saʼd 3/ 169, 174
- ↑ Tarikh ar-Rusul wa al-Muluk 3/ 426
- ↑ The Mohammedan Dynasties: Chronological and Genealogical Tables with Historical Introductions (1894) by Stanley Lane-Poole, published by Adamant Media Corporation ISBN 978-1-4021-6666-2
- ↑ Muslim persecution of heretics during the marwanid period (64-132/684-750), Judd Steven, Al-Masq: Islam & the Medieval Mediterranean, April 2011, Vol. 23, Issue 1, pp. 1–14.
- ↑ Abu Bakr by Atta Mohy-ud-Din, published 1968 S. Chand Original from the University of Michigan, digitised 6 January 2006, ASIN B0006FFA0O.
- ↑ „The Economic and Social Boycott of the Banu Hashim“ (en). al-islam.org (2013-yil 10-noyabr). Qaraldi: 2024-yil 22-iyun.
- ↑ Islam (Exploring Religions) by Anne Geldart, published by Heinemann Library, 28 September 2000 ISBN 978-0-431-09301-7
- ↑ Islamic Culture by the Islamic Cultural Board Published 1927 s.n. Original from the University of Michigan, digitised 27 March 2006.
- ↑ Hazrat Abu Bakr, the First Caliph of Islam by Muhammad Habibur Rahman Khan Sherwani, published 1963, Sh. Muhammad Ashraf, original from the University of Michigan, digitised 14 November 2006.
- 1 2 3 4 Tabqat ibn al-Saad book of Maghazi, p. 62
- ↑ Sidiq-i-Akbar Hazrat Abu Bakr by Prof. Masud-ul-Hasan, p. 31, printed and published by A. Salam, Ferozsons, 60, Shahrah-e-Quaid-e-Azam, Lahore
- ↑ Morgan, Diane. Essential Islam: A Comprehensive Guide to Belief and Practice. ABC-Clio, 2010 — 126-bet. ISBN 9780313360268.
- ↑ Sherwani, Muhammad Habibur Rahman Khan. Hazrat Abu Bakr, the First Caliph of Islam, 1963 — 23-bet.
- ↑ Watt, W. Montgomery. Muhammad: Prophet and Statesman. Oxford University Press, 1974 — 138–139-bet. ISBN 0-19-881078-4.
- ↑ "Uhud", Encyclopedia of Islam Online
- ↑ Masud-ul-Hasan. Sidiq-i-Akbar Hazrat Abu Bakr. Ferozsons — 36-bet.
- ↑ Razwy, Sayed Ali Asgher. A Restatement of the History of Islam & Muslims — 192-bet.
- 1 2 ibn Ishaq, Muhammad. The Life of the Messenger of God.
- 1 2 Irving, Washington. The Life of Mohammed.
- ↑ Haykal, Muhammad Husayn. The Life of Muhammad, 1935. „As the days went by, the Prophet sent Abu Bakr with a contingent and a flag to the fortress of Na'im; but he was not able to conquer it despite heavy fighting. The Prophet then sent Umar bin al-Khattab on the following day, but he fared no better than Abu Bakr.“
- ↑ Razwy, Sayed Ali Asgher. A Restatement of the History of Islam & Muslims — 192–193-bet. „Some other captains also tried to capture the fortress but they also failed.“
- ↑ Razwy, Sayed Ali Asgher. A Restatement of the History of Islam & Muslims — 193-bet.
- ↑ Sahih-al-Bhukari book of Maghazi, Ghazwa Saif-al-Jara
- ↑ Lasani, Yousaf Manzoor „Who was Hazrat Abu Bakr (RA)? His Life and Contributions to Islam“ (en). zillnoorain.com (2020-yil 12-iyul). 2024-yil 23-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 23-iyun.
- ↑ slife „Conquest of Mecca“ (en). The Spiritual Life (2018-yil 26-dekabr). 2025-yil 10-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 22-iyun.
- ↑ „Facts about Abu Bakr al-Siddiq“ (en). studioarabiyainegypt.com (2022-yil 28-noyabr). Qaraldi: 2024-yil 23-iyun.
- ↑ Masud-ul-Hasan. Sidiq-i-Akbar Hazrat Abu Bakr. Ferozsons — 46-bet.
- ↑ Hathaway 2015.
- ↑ Razwy, Sayed Ali Asgher. A Restatement of the History of Islam & Muslims — 255-bet.
- ↑ „The Proclamation of Surah Bara'ah or Al Tawbah“ (en). al-islam.org (2013-yil 10-noyabr). Qaraldi: 2025-yil 25-aprel.
- 1 2 Atlas Al-sīrah Al-Nabawīyah. Darussalam Publishers, 1 January 2004. ISBN 9789960897714.
- ↑ The life of Mahomet and history of Islam, Volume 4, By Sir William Muir, p. 83 See bottom of page, notes section
- ↑ Andoza:Hadith-usc
- ↑ Ahmad, Fazl. Heroes of Islam Series - Abu Bakr, the first caliph of Islam, 1961 — 42-bet.
- 1 2 Powers, David S.. Muhammad Is Not the Father of Any of Your Men - The Making of the Last Prophet. University of Pennsylvania Press, 2011 — 27-bet. ISBN 9780812205572.
- ↑ Balyuzi, Hasan M.. Muḥammad and the Course of Islám, 1976 — 151-bet.
- ↑ „The Expedition Of Usama Bin Zayd“ (en). discover-the-truth.com (2016-yil 21-mart). Qaraldi: 2024-yil 22-iyun.
- ↑ Juferi, Mohd Elfie Nieshaem „The Death of Muhammad: Poison, Prophethood, and the Misreading of Sources“ (en). Bismika Allahuma (2026-yil 14-yanvar). Qaraldi: 2026-yil 15-yanvar.
- ↑ Fitzpatrick & Walker 2014, ss. 2–3.
- ↑ Shaban, M.A.. Islamic History - a New Interpretation, 1971 — 16-bet.
- 1 2 Phipps, William E.. Muhammad and Jesus - A Comparison of the Prophets and Their Teachings. Bloomsbury, 2016 — 70-bet. ISBN 9781474289351.
- ↑ Syed, Muzaffar Husain; Akhtar, Syed Saud; Usmani, B. D.. Concise History of Islam. Vij Books India Pvt, 2011 — 27-bet. ISBN 9789382573470.
- ↑ Mattson, Ingrid. The Story of the Qur'an - Its History and Place in Muslim Life. John Wiley & Sons, 2013 — 185-bet. ISBN 9780470673492.
- ↑ Sahihi Buxoriy 3667
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Vikiiqtibosda Abu Bakr Siddiqga tegishli iqtiboslar mavjud. |
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Islom diniga oid ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |
| Shaxsiyat haqidagi ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |
- ↑ Bunday voqealar ayrim sunnilar tomonidan Abu Bakrning keyinchalik xalifalikka ko‘tarilishini oqlash uchun keltiriladi, chunki ular Muhammadning unga bo‘lgan eʼtiborini ko‘rsatadi. Biroq bir qator boshqa sahobalar ham shunga oʻxshash vakolat va ishonch mavqeiga ega bo‘lgan, jumladan namozga imomlik qilish. Shu bois bunday sharaflar vorislik masalalarida uncha muhim bo‘lmasligi ham mumkin[66].
<ref> tags exist for a group named "note", but no corresponding <references group="note"/> tag was found.- 23-avgustda vafot etganlar
- 634-yilda vafot etganlar
- Qirollik bilgiqutisida nomaʼlum parametrlar qoʻllangan sahifalar
- Islom diniga oid chala maqolalar
- Shaxsiyatlar haqidagi chala maqolalar
- 573-yilda tugʻilganlar
- Badr jangida ishtirok etgan sahobalar
- Abu Bakrning oilasi
- Abu Bakr
- Sahoba hadis roviylari
- Roshidun xalifalari
- Uhud jangida ishtirok etgan sahobalar
- 7-asr xalifalari