Tafsir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tafsir (arab. — sharh, tushuntirish, ochib berish, izoh) — islom anʼanasida asosan Qurʼoni karim oyatlarini sharhlash, tushuntirib berish. Qurʼon oyatlarini T. qilish Muhammad (sav) davrida vujudga kelib, bu ilm Muhammad (sav)dan sahobalarga, sahobalardan tobeʼinlarga meros qoldi. Sahobalar va tobeʼinlar asrida T. ogʻzaki rivoyat va nakl shaklida boʻlib, taʼlif qilib yozilmagan. Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Masʼud va boshqa mashhur T.chi boʻlganlar. T.dan birinchi kitob yozgan shaxs Abdumalik ibn Jurayjdir (8-a.). Muhammad ibn Jarir Tabariy, Yahyo ibn Salom, Abu Bakr Nisoburiy va boshqa mufassirlar T. yozishda shuhrat topdilar. T. qilishning rivojlanishi jarayonida T.ning turli uslublari (saxih hadislar va sahobalarning qavllari bilan T. qilish; oʻz fikri va ijtihodi bilan T. qilish; oyatning zoxiriy maʼnosiga qaramay, uning maxfiy ishoralari taqozosi bilan T. qilish) paydo boʻldi. Keyinchalik T.ning yoʻnalishlari koʻpayib ketdi. Hozir dunyoda Qurʼoni karimga 1700 dan ortiq T. yozilganligi maʼlum.

Oʻzbekiston hududidan chiqqan Abu Mansur Moturidiy mashhur T.chilardan hisoblanadi. U Qurʼon oyatlarini ahl assunna valjamoa nuqtai nazaridan T. qilgan. Abu Lays Samarqandiy, Zamaxshariy, Faxriddin Roziy, Maxmud Nasafiylar ham T. yozishda mapghur boʻlganlar. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda Qurʼoni karimni oʻzbek tiliga tarjima va T. qilish imkoniyati tugʻildi. Bu sohada shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, shayx Abdulaziz Mansur, Alouddin Mansur kabi ulamolarni misol qilib keltirish joiz. Abdulaziz Mansur.