Majmuat ushshuaro

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

“Majmuat ush-shuaroyi payravi Feruzshohiy”ning ikkita qo‘lyozma va bir nechta toshbosma nusxalari fanga ma’lum bo‘lib, ikkita qo‘lyozma nusxasi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida 1152, 5018 tartib raqamlari ostida saqlanadi.

1152 raqamli qo‘lyozma sarg‘ish, Yevropa fabrika qog‘oziga yozilgan bo‘lib, asosiy matn qora rangli siyohda, sarlavha esa qizil siyohda ko‘chirilgan. Asar o‘zbek tilida. Yozuvi – arab, xati – nasta’liq. Qo‘lyozma o‘zida ko‘rsatilganidek 1714 sahifa emas, balki 1746 betdan iborat. Kitob betlarini raqamlashda ba’zi o‘rinlarda xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, 1199-bet bilan 1206-sahifalar orasida 20 bet takror raqamlangan. Asar debochasi umumiy sahifalar soniga kiritilmasdan, alohida raqamlangan. 13-betdan varaq hisobi yangidan boshlangan[1]. Asar hajmi 17,5 x 27. Har bir sahifaga yozuv 17-21 satrdan yozilgan. Qo‘lyozma boshidagi va oxiridagi bir varaq bo‘sh qolgan. Debochadan keying 2 sahifa ham yozuvsiz, bo‘sh qolgan.

Ushbu qo‘lyozmaning birinchi sahifasiga “Devoni majmuai shuaroi Feruzshohiy” so‘zlari bitilgan. Bu yozilgan yozuvning siyohi va dasxati ham qo‘lyozmadagidan butunlay farq qiladi. Ikkinchi sahifaga “Bismillahir rohmanir rahim. Debocha. Birinchi sahifa” so‘zlari yozilgan. Shundan keyin she’riy usulda yozilgan debocha berilgan.

Boshlanishi:

Sano ul xudoeg‘a loyiq erur,

Ki razzoqi jumla xaloyiq erur.

Oxiri:

Ilohi, so‘zum ayla marg‘ubi xalq,

Na marg‘ub, bal yoru mahbubi xalq. 

Ushbu asar Feruz farmoniga binoan hijriy 1326/1908-yilda Muhammad Ya’qub tomonidan ko‘chirilgan. Qo‘lyozma kolofonida quyidagilar qayd qilingan: “Alhamdulillah val minna hazrati sultonul zamoni va nodir-ul davroni bois-ul aman val omon zillu assubhona halifata ar-rahmon al-hoqon ibn al-hoqon as-sulton va bin as-sulton a’ni Abul Muzaffar val Mansuri Abulg‘ozi Sayyid Muhammad Rahim Bahodurxon soniy xalladallohu taaliy mulkuhu va davlatahu zayyada umruhu ul janobi oliy hazratning farmoni oliylari bila bu majmuayi shuaroni faqir al-haqir Muhammad Ya’qub devon mulaqqabi bi Xarrot ibn usto Qurbonniyoz Xorazmiy bir ming uch yuz yigirma oltilanji yil, mohi safarning uchlanji juma kuni muvofiq quy yili yozib itmomi sarhadig‘a yetkurdi”.[2] Majmua Feruz farmoniga binoan Tabibiy tomonidan tuzilgan.

  Majmuada Feruz, Sultoniy, Sodiq, Sa’diy, G‘oziy, Asad, Bayoniy, Oqil, Mirzo, Shinosiy, G‘ulomiy, Nozir, Purkomil, Kamoliy, Inoyat, Umidiy, Doiy, Ojiz, Haqiriy, Niyoziy, Habibiy, Chokar, Yusuf, Tabibiy, Xayoliy, Rog‘ib, Devoniy, Mutrib, Avaz, Nadimiy, Xodim, Muznib, Chokar kabi 33 nafar shoirning 3099 ta g‘azallari ko‘chirilgan.[3]  Sohiba Madrimova ushbu qo‘lyozmada 3099 ta g‘azal ko‘chirilganligini o‘z tadqiqotlarida keltirib o‘tganlar. Lekin Salomat  Matkarimovaning “Tabibiy - tazkiranavis” (“Majmuai si shuaroyi payravi Feruzshohiy” asosida) nomli dissertatsiyasida: “Qo‘lyozmadan unda ko‘rsatilgandek, 3099 ta emas, 3331 g‘azal va 7013 bayt masnaviy joy olgan.” degan ma’lumot keltiriladi.[4]

Yuqoridagi keltirilgan ma’lumotlardan kelib chiqib, ushbu qo‘lyozmani o‘rganib chiqish jarayonida Inoyat va Muznibning toshbosma nusxaga kiritilmagan g‘azallari ham berilganligi aniqlandi. Shoirlarning g‘azallari umumiy g‘azallar qatoriga kiritilmagan. Demak majmuada 3331 ta g‘azal bor. Ular qo‘lyozma  sahifalarining  xoshiyasiga yozib qo‘yilgan. Quyiroqda alohida to‘xtalib o‘tganmiz.

Har bir shoir she’rlaridan oldin uning fazilatlarini yorituvchi masnaviy keltiriladi. Majmuaga XIX asr oxiri XX asr boshlarida faoliyat yuritgan 33 nafar shoirning Feruz g‘azallariga tatabbu’lari kirgan. Har bir shoir g‘azallaridan oldin masnaviyda ularning xususiyatlari vasf etilgan.

Tabibiy ushbu majmuaning debochasida va Feruzga bag‘ishlangan she’riy ma’lumotlarda tazkiraning yaratilish tarixi haqida bir necha marotaba so‘z yuritib, o‘z fikrlarini bayon qilgan. Tabibiy ushbu tazkirada Feruzning barcha shoirlarga qarata o‘z g‘azallariga payravlar bitishni amr qilganligini shunday yozgan:

Hamma fazl ahlig‘a farmon etib,

Na farmonki, altofi ehson etib.

Dedikim: Alor so‘z nisor aylasun,

Munga payrav o‘lmoq shior aylasun[1].

Shu davr nuqtai nazaridan olib qaraydigan bo‘lsak shoh amri vojib hisoblanib, barcha shoirlar payravlar bitmoqqa imkoniyatlari doirasida harakat qilganlar. Payrav bitmoqlikning ham o‘z qonun va qoidalari mavjuddir. Birinchi navbatda, payrav g‘azal mazmun jihatidan yangi bo‘lishi, o‘zidan oldin ijod qilingan, yaratilgan, ya’ngi payrav yozilayotgan g‘azalni takrorlamasligi kerak. Buning uchun albatta tatabbu’ yaratayotgan ijodkor, shoir kuchli bilimga ega bo‘lishi va ko‘pgina hayotiy tajribaga ega bo‘lishi kerak. Tatabbu’ yozishga o‘zida kuch va shijoat topa bilishi kerak.

Shuningdek, payrav bitilayotgan g‘azal muallifiga chuqur hurmat ehtirom bilan qaramog‘i va buni to‘la ifodalay olmog‘i shart. Shu bilan birga tanlangan g‘azal ham g‘oyaviy pishiq, badiiyat jihatdan barkamol bo‘lishi hamda payrav bitayotgan shoir ko‘ngliga, didiga mos tushishi, fikriga, tuyg‘ulariga ta’sir etishi lozim[2]. Demak har bir shoir payrav bitayotganda har tomonlama kuchli bilimga ega bo‘lishi, ham payrav g‘azalni mohirona yoza bilishga o‘zida kuch topa olishi kerak ekan. Xorazm shoirlarining ko‘pchiligi Ogahiy va Feruz g‘azallariga payrav g‘azallar bitganlar.

Shular qatorida Muznib ham o‘zidagi bor imkoniyatlaridan foydalanib Feruz va Ogahiy g‘azallariga payravlar yozgan. Muznibning ushbu payravlarini biz № 1134, 1127 inv raqamli qo‘lyozmalarida ko‘rishimiz mumkin.

Bu majmuaga Muhammad Niyoz Muznibning yuzta g‘azali ko‘chirilgan bo‘lib, 743-beta sahifagacha shoir g‘azallari sahifaning hoshiya qismiga yozib chiqilgan. Shoir bu majmua tuzilayotgan paytda madrasada ta’lim olayotgan edi. Tabibiy yosh ijodkor sifatida uning ham g‘azallarini ushbu majmuaga kiritgan. Tabibiy ushbu qo‘lyozmaga Muznib haqida masnaviy-ta’riflar kiritgan.  G‘azallari oldidan har biriga masnaviy yozilgan.

Tabibiy har bir shoirga baho berar ekan, ularning ma’naviy qiyofasi, xulq-atvori, insoniy fazilatlari, tabiatiga ham alohida e’tibor bilan qaraydi. Tabibiy shoirlarga baho berishda, munosabat bildirishda ularning yoshi, iste’dodi, ijodiy mahsuldorligi, ijtimoiy mansubligiga ham ma’lum ma’noda e’tibor bergan. Har bir ijodkorga shoirlik iste’dodi, badiiy mahorati, o‘ziga xos uslubidan kelib chiqqan holda baho bergan hamda alohida xususiyatlarini ham keltirib o‘tgan.  

Ushbu tazkirada muallif tomonidan Muznibga masnaviy-ta’riflar keltirilgan:

Desam Muznib ahvolidin ancha so‘z,

Har yerda oshuftalig‘ bemajol ramuz.

Qilib madrasa ichra vatan ixtiyor,

Ki toliblar orasida bemador.

Chu qildi masnaviy badoe’ husul,

Aruz ichra ham topib zoru qabul[3].

Yana quyidagicha masnaviy ham ko‘chirilgan:

Qilg‘usidir she’rga kim imtiyoz,

Bu vajhla erur oti Muhammadniyoz.

Chaman ma’nisining gulidir so‘zi,

Ham ul bog‘ning bulbulidur o‘zi.

Abyotini zohir etgum bugun,

Oning navo chekkan ko‘nglini butun.


[1] O‘zFA ShI 1152 inv raqamli qo‘lyozma. B.749.

[2] Маткаримова С. Табибий – тазкиранавис (“Мажмуаи си шуаройи пайрави Ферузшоҳий” асосида). Фил. фан. номз. дис... – Тошкент, 2007. B. 30.

[3] Лаффасий. Тазкираи шуаро (Нашрга тайёрловчи: П.Бобожонов). – Урганч, Хоразм. 1992.B.112.


[1] Маткаримова С. Табибий – тазкиранавис (“Мажмуаи си шуаройи пайрави Ферузшоҳий” асосида). Фил. фан. номз. дис... – Тошкент, 2007. B.21-22. 

[2]  Madrimova S.,“O‘zbek adabiyoti tarixini o‘qitishning manbaviy aoslari”, Uslubiy qo‘llanma. T., Bookmany print, 2023. – B.19.  

[3] Madrimova S.,“O‘zbek adabiyoti tarixini o‘qitishning manbaviy aoslari”, Uslubiy qo‘llanma. T., Bookmany print, 2023. – B.19-20.

[4] Маткаримова С. Табибий – тазкиранавис (“Мажмуаи си шуаройи пайрави Ферузшоҳий” асосида). Фил. фан. номз. дис... – Тошкент, 2007. B.23.