Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Vazirlar Mahkamasi.jpg

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar MahkamasiOʻzbekiston Respublikasi hukumati; ijro etuvchi hokimiyatning markaziy organi. Qarorgohi — Toshkent shahrining Mustaqillik maydonidagi Hukumat uyi. Vazirlar Mahkamasining huquqiy asoslari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-bobida va "Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida" (1993-yil 6-may; yangi tahrirda 2003-yil 29-avgust) qonunda belgilangan. Konstitutsiyaga koʻra, Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyotning, ijtimoiy va maʼnaviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, Oʻzbekiston Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini taʼminlaydi. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvining boshqa organlari ishini muvofiqlashtiradi va yoʻnaltiradi.

Vakolatlari

Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolatlari doirasida:

  1. iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy jarayonlarni boshqaradi;
  2. mulkchilikning barcha shakllarini uygʻunlashtirish va ularning tengligi, iqtisodiyotni monopoliyalashtirishdan chiqarish, bozor iqtisodiyotining huquqiy mexanizmini ishga solish asosida erkin tadbirkorlik uchun shart-sharoitlar yaratadi;
  3. xoʻjalik yuritishning yangi shakllarini barpo etishga va mustahkamlashga koʻmaklashadi;
  4. Oʻzbekiston Respublikasida pul va kredit tizimini mustahkamlash chora-tadbirlarini koʻradi;
  5. yagona narx siyosatini oʻtkazish, mehnatga haq toʻlash miqdorining belgilangan kafolatlarini hamda ijtimoiy taʼminot darajasini taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
  6. respublika byudjetini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish istiqbollarini va eng muhim dasturlarini ishlab chiqadi va ularning ijrosini tashkil etadi, boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqadi;
  7. fan va texnikani rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
  8. fuqarolarni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish, ularning mehnat qilish huquqini taʼminlash choratadbirlarini koʻradi;
  9. sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimini rivojlantirish va takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi, madaniyatni rivojlantirishga koʻmaklashadi;
  10. Oʻzbekiston Respublikasining davlat xavfsizligini va mudofaa qudratini oshirish, davlat chegaralarini qoʻriqlash, jamoat tartibini saqlash tadbirlarini amalga oshirishga koʻmaklashadi;
  11. respublika va xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan yirik ekologik dasturlarni amalga oshirish borasidagi ishlarni muvofiqlashtiradi;
  12. yirik avariyalar va falokatlarning, shuningdek, tabiiy ofatlarning oqibatlarini tugatish chora-tadbirlarini koʻradi;
  13. Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardagi vakilligini taʼminlaydi,
  14. hukumatlararo shartnoma va bitimlar tuzadi, ularni bajarish chora-tadbirlarini koʻradi;
  15. tashqi iqtisodiy faoliyat, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik sohasida rahbarlikni amalga oshiradi.

Faoliyati

Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari, vazirlar, davlat koʻmitalarining raislaridan iborat.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi hukumatining boshligʻi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga oʻz lavozimi boʻyicha kiradi.

Vazirlar Mahkamasining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi. Vazirlar Mahkamasining aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri taqdimiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javob beradi, Vazirlar Mahkamasining majlislariga raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi.

Vazirlar Mahkamasi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishga, uning majlislarida raislik qilishga, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini hamda Bosh vazir farmoyishlarini bekor qilishga haqli.

Vazirlar Mahkamasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida javobgardir. Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oddida oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi.

Vazirlar Mahkamasining faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 14 fevdagi 62-sonli qarori bilan tasdiqlangan Vazirlar Mahkamasining Reglamentida belgilangan. Vazirlar Mahkamasining ishi choraklik rejalariga muvofiq olib boriladi.

Vazirlar Mahkamasi majlislarida davlat boshqaruvi, xoʻjalik va ijtimoiymadaniy qurilishning eng muhim masalalari hal etiladi. Vazirlar Mahkamasining majlislari yilning har choragida kamida 1 marta oʻtkaziladi. Vazirlar Mahkamasining doimiy organi sifatida Bosh vazir va uning oʻrinbosarlaridan iborat tarkibdagi Vazirlar Mahkamasining Rayosati faoliyat koʻrsatadi. Bosh vazirning qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi Rayosati tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining boshqa aʼzolari ham kiritilishi mumkin. Shoshilinch masalalarni muhokama qilish zarurati tutilganda Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosatining navbatdan tashqari majlislari oʻtkazilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri har haftada Bosh vazir oʻrinbosari, Axborot-tahliliy boshqarmasi boshligʻi va Apparat rahbari ishtirokida kengashlar oʻtkazadi, ularda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlari bajarilishini uyushtirish masalalari, hukumat apparatining kundalik faoliyati muhokama qilinadi.

Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.

Davlat va xoʻjalik boshqaruvining ayrim masalalari boʻyicha takliflar tayyorlash, Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ayrim topshiriqlarini bajarish uchun Vazirlar Mahkamasining muvaqqat komissiyalari va boshqa ishchi organlari tuzilishi mumkin.

Apparati

Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini tayyorlash, tegishli qarorlar loyihalarini, tahliliy, axborot va boshqalar materiallarni tayyorlash, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining bajarilishini muntazam ravishda tekshirib borish uchun Vazirlar Mahkamasi Apparati faoliyat koʻrsatadi. Quyidagi Axborot-tahlil departamentlari Vazirlar Mahkamasi apparatining asosiy tarkibiy boʻlinmalari hisoblanadi:

  1. Iqtisodiyotdagi tarkibiy islohotlar yigʻma axborot-tahlil departamenti;
  2. Agrosanoat va suv xoʻjaligi komplekslari masalalari axborot-tahlil departamenti;
  3. Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti;
  4. Yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyo, metallurgiya va mashinasozlik masalalari axborot-tahlil departamenti;
  5. Isteʼmol tovarlari va savdo kompleksi masalalari axborot-tahlil departamenti;
  6. Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamenti;
  7. Taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari axborot-tahlil departamenti

Vazirlar Mahkamasi apparati ishini Vazirlar Mahkamasi apparati rahbari muvofiqlashtirib boradi. Apparat rahbari oʻz maqomi boʻyicha Bosh vazir oʻrinbosariga tenglashtirilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan vazifasiga tayinlanadi va boʻshatiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi "Xalq soʻzi" — "Narodnoye slovo" gazetalarining hammuassisi (ushbu gazetalar ayni vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi gaz.lari hisoblanadi), "Pravda Vostoka" gazetasining muassisidir.

Binosi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi binosi — Toshkent shahrining Mustaqillik maydonida (1968, meʼmori B. Mezensev va boshqa; muhandisi V. Krichevskiy va boshqalar). 7 qavatli bino temirbeton bloklardan tiklangan, 1-qavati V shaklidagi ustunlardan iborat; tarzidagi vertikal chiziqlar feruza rang devor yoʻllari bilan binoga ulugʻvorlik baxsh etgan. 1999-yil fevralda sodir boʻlgan qoʻporuvchilik vaqtida shikastlangan bino 2000-yilda taʼmirlandi. Taʼmirlashda binoni mustahkamlash, "Hukumat uyi" talabiga mos yangi meʼmoriy yechimini hal etishga ahamiyat berildi. Binoning yangi koʻrinishi koʻrkam, salobatli hamda vazmin: ochiq qoldirilgan 1 qavati qizil marmar devor bilan berkitildi; asosiy kirish eshigi ustidagi tom chizigʻidan chiqib yuqoriga koʻtarilgan oyna devorda respublika gerbi va bayrogʻi oʻrnatildi. Binoning tilla rang oynalari sirtlariga ishlatilgan granitlar poydevor sirtidagi qoplamalar bilan uygʻun. Binoning ichki qismi ham qayta taʼmirlandi, xonalar pardozlanib ulugʻvor koʻrinishga ega boʻldi (ganchkorlik ishlarida M. Sultonov, Mirvohid Usmonov va boshqalar; naqqoshlik ishlarida A. Karimov va boshqalar ustalar ishtirok etgan). Binoning ichki hovlisi piramida shaklidagi maxsus shaffof oynali tom bilan yopilib "qishki bogʻ" tusini olgan. Bino maydondagi boshqa inshootlar bilan uygʻunlikda majmua hosil qiladi, atrofi koʻkalamzorlar, gulzorlar bilan soʻlim maskanga aylantirilgan.[1]

Tarkibi

Vazirlar Mahkamasi tarkibiga:

  • Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri
  • Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirning oʻrinbosarlari
  • Vazirlar
  • Oʻzbekiston Respublikasi Davlat qoʻmitalarining raislari
  • Davlat va xoʻjalik boshqaruvi boshqa organlarining rahbarlari kiradilar
  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi lavozimi boʻyicha Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiradi.

Vazirlar Mahkamasining Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati faoliyatiga rahbarlik qiladi.

Bosh vazir:

  • Bosh vazirning oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga binoan xalqaro munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan ish koʻradi hamda hukumatlararo shartnomalar va bitimlarni imzolaydi;
  • Vazirlar Mahkamasining majlisida koʻrib chiqish talab etilmaydigan davlat va xoʻjalik boshqaruvi masalalari boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
  • Vazirlar Mahkamasi Raisining topshirigʻi boʻyicha boshqa masalalarni ham hal etadi.

Bosh vazir boʻlmagan hollarda uning vazifalarini birinchi oʻrinbosar bajaradi.

Vazirlar Mahkamasining aʼzolari:

  • oʻzlariga topshirilgan faoliyat sohasi uchun javob beradilar;
  • Vazirlar Mahkamasi majlislarida masalalarni koʻrib chiqishda ishtirok etadilar;
  • Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiruvchi masalalarni koʻrib chiqish haqida takliflar kiritishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlarini ishlab chiqishda tashabbus koʻrsatishlari mumkin;
  • Korxonalarda, muassasalarda va tashkilotlarda boshqa pul toʻlanadigan lavozimni egallash, shuningdyek, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga ega emaslar.

Vazirlar Mahkamasi yangidan saylangan Oliy Majlis oldida oʻz vakolatlarini topshiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri

Oʻzbekiston Respublikasi bosh vaziri oʻrinbosarlari

  • Ochilboy Ramatov — Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi oʻrinbosari - «Oʻzbekiston temir yoʻllari» aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruv raisi, hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunal soha, qurilish va transport masalalari majmuasi rahbari
  • Anvar Qoʻchqorov - Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining oʻrinbosari - makroiqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyotdagi tarkibiy oʻzgartirishlar va xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalari majmuasi rahbari.
  • Zoir Mirzayev — Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining oʻrinbosari - Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri, agrosanoat majmuasi rahbari.
  • Gʻulomjon Ibragimov — Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining oʻrinbosari - geologiya, yoqilg'i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari majmuasi rahbari.
  • Nodir Otajonov — Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining oʻrinbosari - mashinasozlik, elektrotexnika va aviatsiya sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari majmuasi rahbari.
  • Tanzila Norboyeva — O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari, Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi raisi.

Vazirlar roʻyxati

Davlat qoʻmita raislarining roʻyxati

  • — O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi
  • — O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi
  • — O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi
  • Ilhomboy Turamuratov — O‘zbekiston Respublikasi davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi.
  • Botir Toʻrayev — O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika qo‘mitasi raisi.
  • Muidjon Tohiriy — O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona qo‘mitasi raisi.
  • Botir Parpiyev — O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasi raisi.
  • Botir Zokirov — O‘zbekiston Respublikasi davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi.
  • Saidqul Arabov — O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi.
  • Anvar Sharapov - Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish Davlat qoʻmitasi raisi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi.

Huzuridagi markaziy muassasalar

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidromyetyeorologiya xizmati Markazi Oʻzgidromyet meteo.uz
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat moddiy zahiralar bosh boshqarmasi Oʻzdavzahira
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attyestatsiya komissiyasi OAK vak.uzsci.net
Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Intellektual mulk agentligi ima.uz
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tyest markazi Davtyestmarkaz test.uz
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qoʻmitasi Din ishlari qoʻmitasi religions.uz
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Hukumat aloqa xizmati HAX
YUNYeSKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy komissiyasi YUNYeSKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy komissiyasi unesco.org.uz
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat non inspyektsiyasi Oʻzdavnon inspyektsiya sgiuz.re.uz
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi narkotiklar nazorati boʻyicha milliy axborot-tahlil markazi Milliy axborot-tahlil markazi ncdc.uz
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yirik va katta ahamiyatga ega suv xoʻjaligi ob’yektlari ishining xavfsizligi va tyexnik ahvolini nazorat qilish va tyekshirish davlat inspyektsiyasi Oʻzdavsuvxoʻjnazorat v-nadzor.re.uz
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi gaz va nyeft mahsulotlaridan foydalanishni nazorat qilish Oʻzbekiston davlat inspyektsiyasi Oʻzdavnyeftgazinspyektsiya ngi.uzpak.uz
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Paxta tolasini sertifikatlash Sifat Markazi Sifat Markazi sifat.uz

Manzil

700078, Toshkent shahar, Hukumat uyi, Mustaqillik maydoni, 5
Telefonlar:
Bosh vazir qabulxonasi: (998) +71 139-82-95
Umumiy boʻlim: (998) +71 139-86-76
Munshiyxona: (998) +71 139-82-60, (998) +71 139-84-86
Fuqarolar qabuli, xat va arizalarni koʻrib chiqish boʻlimi: (998) +71 139-81-14
Faks: (998) +71 139-84-63

Manbalar