Sharqiy Sibir dengizi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sharqiy sibir dengizi - Shimoliy Muz okeanining chekka dengizi. Novaya Sibir orollari bilan Vrangel o. oraligʻida. Boʻgʻozlar orqali sharqda Chukotka dengizi bilan, gʻarbda Laptevlar dengizi bilan tutashadi. Materik sayozligida joylashgan. Maydoni 913 ming km². Yilning koʻp qismida muz bilan qoplanib yotadi. Oʻrtacha chuq. 54 m (eng chuqur joyi 915 m). Shoʻrligi daryolar quyiladigan joyda 5%o dan gʻarbi va shimolida 30%o gacha. Qoʻltiqlari: Chaun gubasi, Kolima, Omulyaxa. Yirik orollari: Novaya Sibir, Medvejiy, Ayon. Dengizga Kolima, Alazeya, Indigirka, Xroma, Katta Chukochya daryolari quyiladi. Iqlimi arktikaga xos, yozi qisqa va salqin, qishi davomli va sovuq. Yozda oʻrtacha temperatura 0°—2° (shim.da), 2°—4° (jan.da); qishda 26°, —28°. Yiliga 100–200 mm yogʻin tushadi. Shamol taʼsirida suv yuzasining qalqishi 1 m va undan ortiq. Dengizda tyulen, morj, oq ayiq, baliqlardan muksun, chir, omul va boshqalar yashaydi. Sh.Sharqiy Sibir dengizidan Shimoliy dengiz yoʻli oʻtadi. Yirik portlari: Chaun qoʻltigʻidagi Pevek va Ambarchik.