Ziyovuddin bekligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ziyovuddin bekligi

XX asr boshlarida Buxoro amirligi bekliklarining maʼmuriy markazlari
XX asr boshlarida Buxoro amirligi bekliklarining maʼmuriy markazlari

Mamlakat Buxoro amirligi
Maʼmuriy markazi Ziyodin
Asos solingan sanasi XVIII asr
Bekor qilingan sanasi 1920-yil 1-sentyabr
Xaritada

Ziyovuddin bekligi – Buxoro amirligining sharqiy qismida joylashgan beklik. Beklik amirlikning asosiy maʼmuriy markazlaridan biri boʻlgan.

Ziyovuddin bekligi Buxoro amirligining asosiy shaharlaridan biri boʻlib, shu nomdagi temiryoʻl bekatidan 12 chaqirim uzoqlikda joylashgan. Mangʻitlar davrida Oʻrta Osiyo temiryoʻli yoqasidagi va amirlik chegara hududida joylashgan oxirgi shahardir. Ziyovuddin bekligi aholisi dehqonchilik bilan shugʻullangan. Hududdan Zarafshon daryosi oqib oʻtganligi sababli paxta koʻp ekilgan. Beklik otlarga boy, shuning uchun amirlik artilleriyasining asosiy taʼminot ombori boʻlib xizmat qilib kelgan[1].

Beklik hududida Dabusiya qoʻrgʻoni joylashgan. Dobusqal’ada amirlik katta qoʻshin saqlagan. Bu qoʻshin beklikni dushman hujumlaridan himoya vazifasini bajargan. Dobusqal’a dushman hujumidan saqlanish uchun boshpana boʻlgan. Uzoq vaqt davom etgan urushlar Dobusqal’aning vayronaga aylanishiga sabab boʻlgan. Natijada xaroba qal’aning tuproq ostida qolib ketmasligi uchun uning yonida boshqa binolar qurilgan. XIX asrga kelib esa Dabusiya shahri oʻrnida Buxoro amirligiga qarashli Ziyovuddin bekligi tashkil etiladi[2].

1886-yilning 18—22-aprelida podsho Rossiyasi temiryoʻlni Samarqandga yetkazish maqsadida maxsus qaror qabul qiladi. Ziyovuddinda temiryoʻl qurilish ishlariga Lepinskiy rahbarlik qilgan. 1887-yil 12-iyunda temiryoʻlning Samarqand qismini qurish yuzasidan alohida yoʻriqnoma belgilanib tasdiqlangan. Buxoro temiryoʻli Qiziltepa, Karmanadan Nahripay kanalining chap qirgʻogʻidagi qadimiy, manzur va mash­hur Toshkoʻprik qishlogʻi orqali oʻtdi. Bu hududdagi temiryoʻl bekati Ziyovuddin viloyatining markazidan uzoq edi. Bekat viloyat nomi bilan „Ziyovuddin“ deb yuritildi.

Birinchi poyezd Ziyovuddinga 1888-yilning 1-aprelida, shu yilning 17-aprelida Kattaqoʻrgʻonga, 15-may kuni Samarqandga kelgan. 1888-yilda Turkiston general-gubernatori bilan Buxoro amirligi oʻrtasida bitim tuzilgan. Bu hujjatga koʻra, Buxoro amirligi hududida rus qishloqlarini tashkil etish belgilangan. 1888-yil 23-iyunda Chorjoʻy va Yangi Buxoro yoʻl bekatlari yaqinidagi qishloqlarni boshqarish, xoʻjalik va obodonlashtirish qoidalari tasdiqlangan. Yangi Buxoroda shahar boshligʻi lavozimi joriy etilgan. Bu mansabdagi shaxs zimmasiga „Eski Buxoro“, „Forob“, „Kattaqoʻrgʻon“ bekatlari oʻrtalaridagi temiryoʻl boʻyidagi qishloqlarda yashovchi rus fuqarolarini boshqarish vazifasi yuklangan[3].

„Ziyovuddin“ temiryoʻl bekati atroflari yevropacha uslubida barpo etilgan, yangi imoratlar qurilgan. XIX asr oxirlarida „Ziyovuddin“ temiryoʻli yonida qurilgan bino va suv minorasi hozirgacha mavjud. Buxoro amiri Abdulahadxonning amri bilan „Ziyovuddin“ bekatiga yaqin joyda 1894-yili istirohat bogʻi barpo etilgan. Bogʻ „Ziyovuddin“ nomi bilan atalgan.

1916-yilda Ziyovuddin viloyati Ziyovuddin, Xatirchi bekliklariga ajratildi. 1920-yilning 1-sentyabrida qizil armiya Xatirchi, Ziyovuddin, Karmanani bosib olgan va bekliklar tugatilgan. 1926-yilning sentyabr oyida Ziyovuddin bekligi oʻrnida Narpay tumani tashkil etilgan. Mirbozor qishlogʻi Narpay tumanining markaz etib belgilangan.


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Гейер, И.И. Туркестан. Ташкент, 1909 — 208 bet. 25-sentabr 2023-yilda qaraldi. 
  2. Norquvvatov, I „Dabusiya shahar bo‘lgan“. Qaraldi: 25-sentabr 2023-yil.
  3. Sanayev, I „Dabusqal’a va Ziyovuddin viloyatimizdagi mo‘’tabar maskanlardan hisoblanadi“ (2019-yil 10-yanvar). Qaraldi: 25-sentabr 2023-yil.