Kalif

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

KalifAmudaryo boʻyidagi[1] qadimiy shahar va kechuv nomi. Amudaryoning eng tor yerida qurilgan. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, K. milodning boshlarida bunyod etilgan boʻlsada, u Aleksandr (Iskandar Maqduniy) davridayoq mavjud boʻlganligi ehtimoli bor. Tarixchilarning fikriga koʻra yunon-makedon qoʻshini aynan shu yerdan Amudaryoni kechib oʻtgan. 10-asrda shahar daryoning har ikki qirgʻogʻini egallagan. Shaharning asosiy qismi daryoning soʻl qirgʻogʻida boʻlib, unda Zulqarnayn raboti, jome masjidi joylashgan. Uning qarshisida, daryoning oʻng qirgʻogʻida Zulkifl raboti boʻlgan. Ibn al Asirning yozishicha, Amudaryoga qurilgan dastlabki suzuvchi koʻprik (ponton) 11-asrda Mahmud Gʻaznaviy tomonidan qurilgan. Sulton Mahmud qoraxoniylar xoqoni Arslonxonning daʼvatiga binoan, Qodirxonga qarshi chiqqanda shu yerdan oʻtgan. Daryoning bu yerdagi kengligi 3 ming qadamga yaqin boʻlgan. Mahalliy rivoyatlarga koʻra, K. yaqinida Zulqarnayn, yaʼni Iskandar butun boyliklari, oltinlari bilan dafn qilingan. Hofizi Abruning yozishicha, Iskandar K.da xazinasini koʻmib quygan, keyinchalik uni sosoniylar shohi Anushirvon izlab topa olmagan. V. V. Bartoldning fikricha, islomdan avval K. da mahalliy dinga oid bosh sajdagoh boʻlgan, keyinchalik uni Iskandar bilan bogʻlashgan.

Oʻrta asrlarda K. shahrining ahamiyati shu qadar oshganki, hatto Amudaryo "Kalif daryosi" deb ham atala boshlagan. 12-asrda K. mustahkam qalʼa boʻlgan. Amir Temur va temuriylar davrida ham K. muhim kechuv yeri sanalgan. 17-asr K. shahri faqat daryoning soʻl qirgʻogʻini egallagan. Uning mudofaa devorlari bu davrda vayron qilingan boʻlib, unda faqat kemachi hunarmandlar va xiroj toʻplovchi amaldorlar yashagan. 17-asr oxirida soʻl qirgʻoqdagi K. uzil-kesil tanazzulga uchraydi, bu Amudaryodan chiqarilgan Foxir kanalining qurib qolishi bilan bogʻliq edi. Shu davrdan boshlab K. hozirgacha oʻng qirgʻoqda rivojlanib kelmoqda.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Kamaliddinov Sh. S, Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toharistana po araboyazichnim istochnikam IX - nachala XIII vv., T., 1996.[2]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Zohid Madrahimov. Tarixiy toponimika (oʻzbekcha). „Navro‘z“ nashriyoti, 2007 — 24 bet. 
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil