Xatirchi bekligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xatirchi bekligi

XX asr boshlarida Buxoro amirligi bekliklarining maʼmuriy markazlari
XX asr boshlarida Buxoro amirligi bekliklarining maʼmuriy markazlari

Mamlakat Buxoro amirligi
Maʼmuriy markazi Xatirchi
Asos solingan sanasi XVIII asr
Bekor qilingan sanasi 31-avgust 1920-yil
Xaritada

Xatirchi bekligi — mangʻitlar hukmronligi yillarida Buxoro amirligidagi maʼmuriy birlik. Maʼmuriy markazi Xatirchi shahri.

Buxoro amirligida mangʻitlar sulolasi davrida Navoiy viloyati va unga chegaradosh hududlar Karmana, Nurota, Xatirchi beklik (viloyat)laridan iborat edi. Xatirchi begi oʻz qoʻl ostidagi yerlarni amlokdor, mirob, amin kabi mahalliy amaldor va diniy rahnamolar yordamida boshqargan.

Buxoro amirligining Xatirchi bekligi Oltinsoy, Dami Gipan, Baloi nahri Tos, Koʻksaroy, Qaraman, Poyoni nahri Tos, Mirdasht, Shohobod singari amloklardan iborat boʻlgan[1].

XIX asrning oxiri XX asr boshlarida Buxoro amirligiga boʻysunuvchi Xatirchi bekligi Togʻaybek, Abdurahimboy va Mamayusufboylar kabi beklar tomonidan boshqarilib, ular bevosita amir qoʻshbegisi tomonidan lavozimga tayinlangan. Ostonaqul qoʻshbegi Xatirchining soʻnggi begi sifatida 1910-yildan 1920-yilning 31-avgustigacha hududni boshqargan[2].

Buxoro amirligida Xatirchi bekligi boshqa bekliklardan oʻzining strategik jihatdan muhim joyda joylashganligi, hosildor yerlari, yirik chorvachilik hududi sifatida, bundan tashqari, savdo-sotiq, madaniyat, ilm-fan rivoji bilan ham ajralib turgan. Amirlik davrida Lyutkin degan rus savdogari Xatirchi bekligi markazida paxta punkti ochib, paxta xom ashyosi bilan birgalikda charm, teri, jun, meva, turshak, mayiz, poliz ekinlarini sotib olib, Rossiyaga olib borib pullagan.

Xatirchi bekligining markazidagi ark saroyi yetti paxsa devor bilan himoyalangan. Shuningdek, beklikdagi har bir masjid oldida hovuz boʻlgan.

Buxoro Xalq Nozirlar Kengashining 1920-yil 14-sentabrda chiqargan qarori bilan Karmana hududiy Kengashi tuzildi. Natijada Xatirchi bekligi tugatilib, uning hududlari Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tarkibiga kiritiladi. Buxoro XSR bir necha tumanlarni oʻz ichiga olgan 4 okrugdan iborat boʻlgan. Bulardan biri Zarafshon okrugidir. Uning tarkibiga Buxoro, Ziyovuddin, Qorakoʻl, Karmana, Nurota, Xatirchi kabi sobiq bekliklar kirgan. Zarafshon okrugi Buxoro, Karmana, Nurota viloyatlaridan tashkil topgan boʻlib, 2202 qishloqni oʻz ichiga olgan. Karmana viloyatiga esa Ziyovuddin, Xatirchi, Karmana tumanlari hududlari qoʻshilgan [3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Xatirchi tumani kecha va bugun. Sahhof 2021 — 65 bet. ISBN 978-9943-6665-3-5. 
  2. Холмуродов Р. Хатирчи тумани тарихидан лавҳалар. Т.: “Фан”. 1996 — 30-31 bet. 
  3. Ҳайитова О, Қурбонов Х. Кармана тарихи. Toshkent Mashhur press 2018 — 101 bet. ISBN 978-9943-5163-5-9.