Qorabuloq (Sayram tumani)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qishloq
Qorabuloq
Қарабұлақ
Mamlakat Qozogʻiston
Viloyat Janubiy Qozogʻiston viloyati
Tuman Sayram tumani
Koordinatalari 42°31′37″N 69°48′23″E / 42.52694°N 69.80639°E / 42.52694; 69.80639Koordinatalari: 42°31′37″N 69°48′23″E / 42.52694°N 69.80639°E / 42.52694; 69.80639
Akim Abdugʻofur Abduqodirov
Qachondan beri qishloq 1925
Iqlim tipi keskin kontinental
Aholisi 46800 inson (2016)
Milliy tarkibi Oʻzbeklar - 99% gacha [1]
Konfessiyaviy tarkibi musulmonlar
Etnoxoronim Qorabuloqlik
Vaqt mintaqasi UTC+6
Telefon kodi +7 725 31[2]
Pochta indeksi 160804[3]
Avtomobil kodi X-(eskisi), 13-(yangisi)
Qorabuloq (Sayram tumani) (Qozogʻiston)
Qorabuloq

Qorabuloq qishlogʻi (qoz. Қарабұлақ) — Janubiy Qozogʻiston viloyati Sayram tumanining eng katta qishloqlaridan biri[4]. Aholisi soni 45 mingga yaqin (2012). Umumiy yer maydoni — 11 134 ga. Viloyat markazi sanalmish Chimkent shahridan 45 km uzoqlikda va tuman markazi Oqsuvkent qishlogʻidan 18 km uzoqlikda joylashgan. Qishloqda 12 maktab, 1 kollej va 3 bozor bor. Shuningdek Qorabuloqning oʻzida 20 masjid, 3 kasalxona, 2 shifoxona, 12 ta dorixona, 8 bolalar bogʻchasi, 5 stadion, Alisher Navoiy nomidagi madaniyat uyi hamda Sayram tumanidagi eng katta va nufuzli jome masjidi bor[5].

Qadimda Qorabuloq hududi deganda sharqdan Mashat oʻzani, Gʻarbdan Oqtan-oga-Oqsuv, shimoldan Tuyatosh oʻzanidan to janubdagi Isfijob (Sayram) yaqinidagi Tassay oʻzanigacha oraliqdagi yerlar tushunilgan. Qorabuloq — Isfijobning shimoli-sharqidagi eng katta kent. Katta Buyuk Ipak yoʻlidagi gavjum, mashhur hududda boʻlgan.

Oqsuv (Boyzo) daryosi Sagʻanoqdan oqqan, Karvon yoʻli Isfijobdan chiqib, Oqsuavlot (Xanjuk) tepasida Kultepa, Shoʻrtepa, Qulon, (Qaynarboshi) orqali Taraz, Xitoyga, Qorasuv boʻylab Begjaota, Xonqoʻrgʻon, Oqmasjid orqali Oʻtrorga borgan. Domotdix yuqorisida Oqsulot, Xanjuk, Shoʻrtepa oʻrnida Sharob, Qaynarboshida Kulonkent, Begjaota hududida Oqqoʻrgʻon, Madaniyda Xonqoʻrgʻon, Koʻlkent, Oqsaroy kabi kichik shahar va koʻpgina qishloqlar boʻlgan. 10 joyda avliyo, 7 joyda katta bozor, karvonsaroylar oʻrinlari saqlangan.

Qorabuloq tarixda Xitoylik, Turonlik, Eronlik va slavyan savdogarlari uchrashadigan markaziy gavjum hudud boʻlgan. Kir, Iskandar Zulqarnayn, Chingizxon, Amir Temur[6], Qoraxon, Oʻgʻuzxon kabi jahongirlar Qorabuloq joylashgan hududda boʻlishgan.

Tarixi[tahrir]

Qorabuloq qishlogʻi hududida, ayrim manbalarda yozilishicha odamlar miloddan avvalgi yillardan boshlab yashay boshlagan. Oʻrta Osiyoni arablar bosqinchiligidan keyin, Somoniylar sulolasi qoʻlga oldi. 893-yili Qorabuloq Somoniylar davlati tarkibida, 990-1141 yilgacha Qoraxoniylar davlati tarkibida boʻldi. Oʻrta Osiyosi Chingizxon boshchiligidagi moʻgʻullar bosib olguniga qadar (1219-1221) Qorabuloq Xorazmshohlar davlati tarkibida boʻldi (1141-1219). Qorabuloq 1221-yildan to 1370-yilgacha Chigʻatoy ulusi tarkibida, 1370-1501 yil oraligʻida Temuriylar imperiyasi, 1501-yildan boshlab Shayboniylar boshchiligidagi Buxoro xonligi tarkibida boʻldi. Keyinchalik 1598-yili Tavakkal xon bir qancha shaharlar bilan qoʻsha Qorabuloqni ham bosib oldi, va Qorabuloq Qozoq xonligining qoʻliga oʻtdi. 1784-yilgacha Qorabuloq gohida oʻzbeklar qoʻliga oʻtsa, gohida qozoqlar qoʻliga oʻtib turdi. 1784-yil Qorabuloqni Yunusxoʻja boshchiligidagi Toshkent davlati bosib oldi, va nihoyat 1809-yili Toshkent davlatini Qoʻqon xonligi boʻysundirdi. 1809-yildan 1876-yilgacha Qorabuloq Qoʻqon xonligi tarkibida boʻldi[7]. 19-asrning oʻrtasiga kelib Rossiya imperiyasi hozirgi Oʻrta Osiyo hududini bosib ola boshlagan. 19-asrning oxiriga kelib Rossiya imperiyasi hozirgi Oʻzbekiston hududiga toʻgʻri keluvchi yerda hukm surgan barcha uch xonlikni qoʻlga kiritgan.[8] Xiva xonligi 1873-yil magʻlub boʻlgan. Buxoro xonligi 1866-yil bosib olingan. Qoʻqon xonligi boʻlsa 1876-yil Rossiya imperiyasi tarkibiga rasman qoʻshilgan. Tarixda Qorabuloq asosan oʻzbeklar istiqomat qilgan joy boʻlishiga qaramay, hozirgi Qozogʻiston tarkibiga kiritilgan. Ruslar Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasini avtonom oblastlarga parchalayotganda Qorabuloqni Qirgʻiz ASSR tarkibiga kiritgan. Keyinchalik esa Qozoq SSR qilib qayta tuzilgan. SSRI parchalanganidan keyin Qozoq SSR Qozogʻiston boʻldi. Shu asnoda milliy tarkibi faqat oʻzbeklardan iborat Qorabuloq Qozogʻiston tarkibiga qoʻshildi. Baʼzi manbalarga koʻra, sovetlar atayin chegaralarni milliy guruhlarning tarixiy yashash joyiga mos kelmaydigan qilib chizishgan. Bunday qilishdan maqsad ushbu hududlarning tarixiy egalarini butunlay Moskvaga tobe boʻlishlarini taʼminlash va shu yoʻl bilan ularni boshqarishni osonlashtirish boʻlgan.[9][10] Bu manbalarga koʻra, alohida mamlakatlar yaratishdan maqsad Oʻrta Osiyoda panturkistik va panislomistik oqimlarning oldini olish boʻlgan.[11] Bu strategiyani baʼzilar Iosif Stalinning „boʻl va boshqar“ siyosati deb nomlashadi.[9][10][11] Hozirda Qozogʻistonda mahalliy aholisi asosan oʻzbeklardan iborat boʻlgan koʻplagan aholi punktlari bor. Oʻrta Osiyoda yashayotganlarning koʻpi aslida boshqa mamlakat tarkibida boʻlishlari kerakligiga ishonishadi.[9] Ayrim olimlarning fikriga koʻra, sovetlar Oʻrta Osiyo mamalakatlari chegaralarini belgilayotgan paytda bu yerlarda koʻp millat vakillari birga yashagani uchun milliy va hududiy chegaralarini aniq boʻlishning iloji boʻlmagan.[12]

Iqtisodi[tahrir]

Qorabuloq aholisining koʻpchiligi dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullanadi[13]. Bu qishloq Qozogʻistondagi yagona 70 % dan ziyod aholisi ish bilan taʼminlangan qishloq boʻlib hisoblanadi[14]. Qishloqda koʻpgina tegirmonlar, koʻngil ochar choyxona, restoran, toʻyxonalar va b. mavjud. Aholisi mehnatkash, bu qishloqdan kuniga 40 tonna goʻsht eksport qilinadi[15]. Astana, Qaragʻandi, Almati, Taraz va boshqa hududlarni goʻsht bilan taʼminlaydi, shuningdek Qorabuloqdan turli sabzavot va koʻkatlar ham chet hududlarga eksport qilinadi. Bu qishloqning yana bir oʻzgachaligi Qozogʻistondagi eng katta mol bozori ham shu qishloqda joylashganidir. Qishloq hududi boshqa qishloqlar bilan taqqoslaganda kichkinagina joyni egallagan. Qishloqda 54 832 bosh yirik mollar bor. Sogʻin sigirlar soni esa — 8 475, yilqilar soni — 12 500, Qoʻy - echkilar soni 61 800. Qorabuloq xoʻjaligi mulkida 7 ming gektarlik yer boʻlishiga qaramay, chorva mollarini boqish uchun yaylov yerlar tanqis[16].

Aholisi[tahrir]

Qishloq aholisi 2012-yilgi maʼlumot boʻyicha 45 000 ga yaqin, norasmiy manbalarga koʻra qishloqda 50 000 dan ortiq kishi istiqomat qilmoqda. Qorabuloq qishlogʻi hokimligi bosh mutaxxasisi Abdushukur Rejametovning aytishicha, qishloqda tugʻilish darajasi juda yuqori. 2004-yil Qorabuloqda 1126 ta, 2005-yilning 10 oyida 980 nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Aholisi 45 mingga yaqin, Qorabuloqning asosiy qismini, yaʼni 99 % dan ortiq qismini oʻzbeklar tashkil qiladi. Qorabuloq aholisi juda zich joylashgan[17].

Iqlimi[tahrir]

Qorabuloq iqlimi keskin kontinental. Qishi sovuq va qor juda kogʻadi, yozi jazirama issiq. Qish oylarida havo harorati — 31 °C gacha sovub ketadi, yanvar oyining oʻrtacha harorati 3 – 4 °С. Yozda esa 35-43 °C boʻladi, iyul oyining oʻrtacha harorati 24 – 26 °С[18].

Qorabuloq iqlimi
Koʻrsatkich Yan Fev Mart Apr May Iyun Iyul Avg Sen Okt Noy Dek Yil
Mutlaq maksimal, °C 22 2 24 5 30 7 33 0 37 8 43 0 44 6 42 2 39 2 34 4 30 5 25 4 42 6
Oʻrtacha maksimal, °C 4 1 6 6 12 9 19 2 25 1 30 0 32 7 32 1 27 2 18 8 12 1 6 0 18 9
Oʻrtacha harorat, °C 0 7 1 6 7 6 13 6 19 1 23 7 26 3 25 3 19 9 12 3 6 4 0 9 13 0
Oʻrtacha minimal, °C -4 8 -2 7 3 0 8 3 12 9 16 7 19 1 17 9 12 8 6 6 1 7 -3 1 7 4
Mutlaq minimal, °C -31 1 -28 9 -23 9 -5 0 -2 8 5 5 7 8 7 0 -1 1 -12 0 -30 0 -26 1 -31 1
Yogʻingarchilik meʼyori, mm 73 70 83 69 56 16 12 4 10 41 67 75 576
Manba: Ob-havo va iqlim

Maorif sohasi[tahrir]

№25 D.Qoʻnayev nomli kollej

Qishloq hokimligi hududida birinchi maktab „Oqtom“ deb ataldi. Uni 1898-yilda Anor domla degan kishi ochgan. 1920-yili u Shoʻro maktabiga aylantirildi. 1936-yilda I.V.Stalin nomi berildi. 1962-yildan beri Hamza nomi bilan ataladi. Qishloqda 12 ta kutubxona bor. Ulardagi umumiy kitob jamgʻarmasi 55 mingga yaqin. Hozirgi kunda Qorabuloqda 1 kollej, 8 ta oʻrta, 3 ta toʻliqsiz maktab faoliyat koʻrsatayapti. Ularda 11 000 ga yaqin oʻquvchi taʼlim olmoqda, oʻquvchilarga 1000 ga yaqin pedagog saboq bermoqda[19]. 2013-yili № 48 D.Qoʻnayev nomli litsey maktabi, № 25-D.Qoʻnayev nomli kollejiga aylantirildi, hozirgi kunda kollej direktori — Ismoilov Irismat. Qorabuloq qishlogʻida 2010-yili 11 ta maktab va 1 litsey maktablari faoliyat yuritdi, shu yili bu qishloqdan maktab bitiruvchilari orasida oliy oʻquv yurtlariga davlat grantini qoʻlga kiritib tushganlar, boshqa yillar bilan taqqoslaganda keskin 2 baravarga koʻpaydi. Qishloqda yagona koʻzga koʻringan № 48 litsey maktabidan 36 ta maktab bitiruvchisi davlat grantini qoʻlga kiritdi.

Qorabuloq maktablari[tahrir]

2015-yil 1-sentyabrdan boshlab ishga tushirilgan №17 umumiy oʻrta maktabi
  1. № 100-asosiy oʻrta maktab — darslar oʻzbek tilida olib boriladi
  2. № 41-Jambul nomli umumiy oʻrta maktab — darslar oʻzbek tilida olib boriladi
  3. № 42-Furqat nomli oʻrta maktab — darslar oʻzbek tilida olib boriladi
  4. № 92-Oqsuv asosiy oʻrta maktab — darslar oʻzbek tilida olib boriladi
  5. № 10-Qorabuloq umumiy oʻrta maktab — darslar oʻzbek tilida olib boriladi
  6. № 77-Hamza nomli oʻrta maktab — darslar oʻzbek tilida olib boriladi
  7. Dalabozor nomli asosiy oʻrta maktab — darslar oʻzbek tilida olib boriladi
  8. № 81-Mirzo Ulugʻbek nomli asosiy oʻrta maktab — darslar oʻzbek tilida olib boriladi
  9. № 101-Umumiy oʻrta maktab — darslar oʻzbek tilida olib boriladi
  10. № 25-D.Qoʻnayev nomli kollej (sobiq № 48 D.Qoʻnayev nomli litsey maktabi) — darslar qozoq tilida olib boriladi
  11. № 3-Hamza nomli umumiy oʻrta maktab — darslar oʻzbek tilida olib boriladi
  12. № 89-Qaynarbuloq nomli umumiy oʻrta maktab — darslar oʻzbek tilida olib boriladi[20]
  13. №17 umumiy oʻrta maktab — darslar oʻzbek tilida olib boriladi

№ 100-asosiy oʻrta maktabi[tahrir]

Maktab qurilishi Oʻsarqul xoji Irisqulov homiyligida 2003-yili boshlanib, 2004-yili 1-sentabrda nihoyasiga yetdi. Maktab 650 oʻquvchiga moʻljallangan boʻlib, 2 mavsumda faoliyat yuritadi.

  • 2003-2004 yillari Oʻsarqul xoji Irisqulov 10 million tengega 8 ta xona qurdirdi.
  • 2005-yili 15 million tengega 10 ta sinf xonasi, kutubxona, gimnastika zallari qurildi.
  • 2005-yili may oyida maktabda Oʻsarqul xoji nomli muzey solindi.
  • 2006-yili 85 metr chuqurlikdan 750 000 tangega quduq qazib suv chiqarib berdi.
  • 2007-yili 25 million tengega 7 ta sinf xona barpo etildi.
  • 2008-yili 1,5 million tengega beton devor bilan atrofi oʻraldi va 800 ming tengega oshxona, tibbiy yordam, ustaxona, dahliz tashkil etildi. Hozirgi kunda maktabda 600 dan ziyod oʻquvchilar bilim oladi hamda 60 ga yaqin ustozlar saboq bermoqda[21]

Loyiha[tahrir]

2013-yili Qorabuloqda yana bir yangi maktab barpo etilishi rejalashtirilib, Qorabuloq — Koʻlkent tosh yoʻli yoqasida yangi 900 ta oʻquvchiga moʻljallangan maktab qurilishi uchun 4 gektar yer ajratildi[22]. Loyihaning umimiy qiymati 324 million tengeni (1 741 935 aqsh dollari) tashkil qiladi.[23] 2015-yil 1-sentabrda № 17 maktab nomi bilan ishga tushirildi.[24]

Sogʻliqni saqlash xizmati[tahrir]

Qorabuloq qishloq kasalxonasida bolalar bo’limi mudirasi navbatdagi bemorni qabul qilmoqda

Qishloq tarixida Umar emchi Shoniyozovning nomi saqlanib qolgan. U kishi qizamiq, bezgak kasalliklarini davolashda oʻta tajribali boʻlgan. Hozir xalqqa nomi tanilgan tabib Oʻsarqul xoji Irisqulov ham shu qishloq fuqarosi[25]. Hokimlik hududida tuman kasalxonasining ikkita filiali, 2 ta oilaviy shifoxona, 2 ta tibbiyot punkti va 1 ta xususiy „Komilov“ shifoxonasi faoliyat koʻrsatib, ularda hammasi boʻlib 500 ga yaqin tibbiy xodimlar mehnat qilmoqda.

Qorabuloq zilol buloqlar koni[tahrir]

Qorasuv daryosi
Qorabuloq tabiati

Qorabuloq aslida nomiga monand sersuv hudud. Qadimdan insoniyat yashashi uchun xavfsiz va qulay makon. Shu sababli oʻgʻuz qabilalari juda qadimdan mana shu qulay hududga kelib oʻtroqlashganlar. Kanal, ariqlar qazib suv chiqarib, koʻchmanchilik-chorvachilikdan dehqonchilikka oʻtganlar. Suv manbalarining koʻpligi, jumladan Uch togʻ daryosi va mingdan ziyod buloqlar borligi sabab bu hududni «sharob» (suv ichadigan, suv gʻamlab olib ketadigan) deb nomlaganlar. Qorabuloq zaminidagi suvlarni ikki xil (Qorasuv, Oqsuv) nom bilan atalishida katta maʼno bor deb hisoblanadi. Qora-toza, zilol suv rangi qora koʻrinadi; oqloyqa, qum aralashgan suv oq koʻrinadi. Bundan tashqari Qora qadimgi samid tilida shimol, sovuq maʼnoni anglatgan. Sharqning bosh shahri — Sayramga sovuq, zilol, ichimlik suvining bir qismini Qorabuloq hududi yetkazib turgan.

Oʻtmishda buloq va Qorabuloq hududidan oqib oʻtadigan suvlar hozirgisidan 4-5 baravar koʻp boʻlgan. Shu sababli arablar Oqsuv daryoni Bayzo, Yuran, Dahshatli deb ataganlar. Asrlar osha tabiatdan nooqilona foydalanish natijasida oʻzanlarini loyqa bosib, suv manbalari quriy boshladi. X asrgacha Xanjuk yaqinidan boshlangan Qorasuv, Mankent hududidan boshlangan Qaynar, Qursoy, Koʻlkentga (Qizilqishloq) borishdagi Kufo qamishsoy, Oqtan ota daryolari suvlari hozirgidan bir necha baravar koʻp boʻlgan. Qadimgi Sigʻanoq shahridan bosh oluvchi, Qorabuloq markazidan oqib oʻtuvchi Oshbuloq daryosi katta daryolar sarasiga kiradi. Qorabuloq hududi va undan tashqari boshqa hududlardan ham qoʻshilib jam boʻladigan bosh daryosi — Oris mintaqa uchun katta ahamiyatga ega.

Xoʻjaliklari[tahrir]

Qishloqda Alisher Navoiy, Oqsuv, Gʻayrat, Qorasuv, Koʻlkent, Koʻlkent ota, Navroʻz ishlab chiqarish shirkatlari mavjud.

Oqsuv ishlab chiqarish shirkati[tahrir]

1995-yilda, xususiylashtirish endi boshlanib kelinayotgan davrda tuzilgan. 370 ta oila aʼzolari shu yerda mehnat qilishadi. Sohasi koʻp qirrali: chorvachilik, dehqonchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan.

Navoiy nomli ishlab chiqarish shirkati[tahrir]

1996-yilda tuzilgan paytda unga 1221 kishi aʼzo boʻldi. Dehqonlari asosan sabzavotchilik va gʻallachilik bilan shugʻullanadi. Raisi Yuldashov Murod.

Qorabuloq koʻrinishi

Qorabuloq qishloq hokimiyati[tahrir]

Qishloq hokimiyati deganda shu qishloqni, hududni boshqarish usuli, faoliyati va boshqarilish natijasi tushunilgan. Qadimda Qorabuloq hududidagi oʻgʻuz qabilalarida boshliqlarni Bek deb atashgan. Islomga oʻtgach. amirlar, moʻgʻullar istilosidan soʻng Boʻlis (Ulus), chorizm davrida Volost, Sovet davrida qishloq soveti raisi va nihoyat mustaqillikka erishgach, Hokim boshqaradigan boʻldi.

Boʻlislik boshqarish davrida Qorabuloq boʻlislari – Anormat, Saydaxmat va Isolar boʻlishgan. Tulkiboshi, Mankent, Shayan hududlari ham Qorabuloq boʻlisligiga qaragan. Oktabr inqilobidan soʻng har bir qishloq alohida boʻlislikka aylandi. 1925-yildan soʻng Qorabuloq qishloq soveti tuzildi. 1936-yili Koʻlkent (Qizilqishloq), 1996-yilda Oris hokimiyati ajralib chiqdi. Shunday qilib hozirgi kunda Qorabuloq hududida 10 ga yaqin qishloq hokimchiligi mavjud boʻlib, har biri mustaqil oʻz hududlarini boshqarayotgan boʻlsada, ular oʻrtasida iqtisodiy, madaniy, maʼnaviy hamkorlik aloqalari yuqori darajada yoʻlga qoʻyilgan.

Hozirgi kunda Qorabuloq qishloq hokimiyati qadimgi hudud yerining 3/1 qismini boshqaradi. Qolgan qismi Koʻlkent (Qizilqishloq), Oris, Mashat, Jambul, Mankent, Oqsuv hokimiyatlariga qaraydi.

Qorabuloq qishloq hokimiyati hisobida 45 mingga yaqin aholi, 12 mingdan ortiq xonadon, katta kichik 6 ishlab chiqarish shirkati, 450 dan ortiq dehqon xoʻjaliklari, 12 ta oʻrta, toʻliqsiz oʻrta maktab va kollej, mashina-traktor stansiyasi, kasalxonalar, tadbirkorlik korxonalari bor. Hokimiyat mahalla oqsoqollariga suyanib, ular bilan hamkorlikda ish olib boradi. Qorabuloq qishloq hokimiyati yonida 12 ta mahalla qoʻmitalari ishlab turibdi[26].

Qorabuloq qishlogʻini boshqargan hokimlar[tahrir]

  1. Quvonov Juman — (1929-1936-yillar)
  2. Chalaboyeva Gulxon — (1936-1937-yillar)
  3. Mingliboyeva Tugma — (1938-1940-yillar)
  4. Sherboʻtayev Shertoy — (1940-1941-yillar)
  5. Beknazarov Ergash — (1943-1945-yillar)
  6. Koshanov Zodibek — (1945-1951-yillar)
  7. Yusupov Islomqul — (1951-1954-yillar)
  8. Xoliqulov Toʻychi — (1954-1955-yillar)
  9. Toshtenov Ergash — (1955-1957-yillar)
  10. Asqarov Abduraim — (1958-1959-yillar)
  11. Nizomov Adham — (1960-1970-yillar)
  12. Shamurodov Abdulla — (1971-1972-yillar)
  13. Sultonov Rahmon — (1973-1975-yillar)
  14. Sayapova Daryo — (1975-1984-yillar)
  15. Abdazov Gʻulom — (1985-1987-yillar)
  16. Mukhiddinov Sadriddin — (1987-1996-yillar)
  17. Qoratoyev Faxriddin — (1996-2004-yillar)
  18. Mirzatoyev Baxtiyor — (2004-2007-yillar)
  19. Saidmurodov Abdugʻani — (2007-2010-yillar)
  20. Nishonqulov Olimjon — (2010-2013-yillar)
  21. Ibragimov Zokirjon — (2013-2015-yillar)
  22. Abduqodirov Abdugʻofur — 2015-yildan boshlab qishloqni boshqarmoqda

Jamoa boyligini yaratayotganlar[tahrir]

Yuqorida keltirilganidek, Qorabuloqqa kelib oʻtroqlashgan qadimgi ajdodlarining asosiy kasbi dehqonchilik boʻlgan va shu kasb bilan nom qozonib, hozirgacha el-yurt boyligini yaratib kelayotganlar ana shu zahmatkash dala xizmatchilaridir. Oktabr inqilobigacha Qorabuloq hududining deyarli hamma yeri dehqonchilikka yaroqli boʻlib, el-yurtni toʻydirib, chetga ham mahsulot chiqarilgan. Inqilobdan soʻng dehqonlar birlashib shirkat boʻlib ishlay boshladilar. 1929-yilda birinchi kolxoz tuzildi, 1930-yildan soʻng kolxozlar koʻpayib, ular soni 15 taga yetdi: Rabochiy, Molotov, Qaynarbuloq, Gʻayrat, Baynalminal, Inqilob, Paxtazarbdor, Madaniy, Yangi turmush, Xrushchev va boshqalar. Urushdan keyin kolxozlar yana qoʻshildi va 70-yillarda Qorabuloqda bitta A. Navoiy nomli sovxozga aylantirildi. 1980 yilda bogdorchilik va uzumchilikga ixtisoslashgan "Ak-su" nomli sovxoz A.Navoiy nomli sovxoz hududidan ajratilib tashkil qilindi. 1990-yillarda sovxozlar yana boʻlina boshlandi, shirkatlar, dehqon xoʻjaliklari yuzaga keldi. Hozirgi kunda qishloqda 7 ta: A.Navoiy, Oqsuv, Gʻayrat, Qorasuv, Koʻlkent, Koʻlkent ota, Navroʻz shirkatlari mavjud, hamda 450 ga yaqin dehqon xoʻjaliklari paydo boʻldi. Xoʻjalik shakli oʻzgargani bilan el-yurt boyligini yaratuvchi dehqon mehnati qadimiyligicha qoldi.

Sport[tahrir]

Qorabuloq qishlogʻida sportning asosan voleybol va futbol turlari yaxshi rivojlangan [27]. Qishloqning 12 ta voleybol komandasi bor. Qorabuloq voleybol federatsiyasining prezidenti Abduazim Umarovdir. 2013-yil Respublika boʻyicha Voleybol chempionatida Qorabuloq voleybol komandasi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Qorabuloq futbol federatsiyasi[tahrir]

2012-yil iyun oyidan boshlab Qorabuloq futbol federatsiyasi rivojlanishi yaxshi yoʻlga qoʻyildi. QFF prezidenti boʻlib Badriddin Nishanqulov saylangandan buyon koʻplab ishlar amalga oshirildi. Bundan asosiy maqsad Qorabuloq qishlogʻida futbolni jonlantirib [28], butun respublika raqobatiga tayyorlash. 2013-yilgi maʼlumot boʻyicha Qorabuloq qishlogʻida 5 ta stadion bor.

QFF klub trenirlar tizimi[tahrir]

  • Rabochiy — T.Qodirqulov
  • Markaz — Z.Nishantayev
  • Furqat — B.Tursunqulov
  • Hamza — D.Toshmetov
  • Koʻlkent — A.Abdujalilov
  • Komunizm — O.Ismailov
  • Oris — A.Niyazmetov
  • Qaynarbuloq — K.Qosimbekov
  • Oqsuvobod — Z.Maxammedov
  • Gʻayrat — E.Toshmetov
  • Dom-otdix — A.Yuldashev
  • Dalabozor — B.Gʻoipnazarov
  • Navoiy — Gʻ.Almetov

Kasb-hunar, savdo-tijorat[tahrir]

Qorabuloq hududida kasb-hunar, savdo-tijorat sohasi uzoq-uzoq hududlarga qadimdan maʼlum boʻlgan. Bir tomondan Buyuk Ipak yoʻlida joylashganligi, ikkinchi tomondan xalqining kasb-hunarmandchilikka mohirligi, savdo-sotiqning oʻta gavjumligi qadimdan hozirgacha hududning shuhrat va mavqeini yoʻqotmay keladi. Bu yerga mahalliy hunarmandlardan tashqari Samarqand, Toshkent, Isfijob, Turkiston, hatto ajnabiy ellardan ham kasb-hunarmandlar kelib joylashganlar. Qishloqda kasb-hunarning hamma turi boʻyicha sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Eng nozik zargarlik buyumlaridan tortib, degrezchilik (temir, choʻyan buyumlar quyish) gacha, imorat solishdan tortib jihozlash, bezashgacha, toʻquvchiligu tikuvchilikkacha, xullas hudud xaridorlari talabiga mos mahsulotlar tayyorlagan. Isfijob, Taraz, Oʻtror va undan ham uzoq ajnabiy ellarda Qorabuloq ustalari, dehqonlari, chorvadorlari yetishtirgan buyum va mahsulotlariga ham talab katta boʻlgan. Bu holat bugungi kunda ham ahamiyatini yoʻqotganicha yoʻq. Hozirgi kunda asrlar osha xalq eʼzozlab kelgan kasb-hunarlarning ayrim turlari unutilib ketgan boʻlsa ham, Qorabuloq hududi shuhrati hamon mashhur.

Adabiyot, madaniyat va sanʼat[tahrir]

Har bir katta va kichik xalqlarning oʻziga xos madaniyati, adabiyoti va sanʼati boʻlgani kabi Qorabuloq hududi xalqining ham oʻziga xos qadimdan davom etib kelayotgan yuksak madaniyati va sanʼati boʻlib, u oʻtmishdagi sanʼatkor ajdodlari anʼanalari bilan chambarchas bogʻliq. Qorabuloq qishlogʻidan yetishib chiqib, Oʻzbekistonda tanilgan Mahkam Maxamedov, Sadulla Anorqulov, Gʻiyos Boytoyev, Mehmonqul Islomqulov, Savron Javlonov kabi sanʼat va madaniyat xodimlari, Qorabuloq qishlogʻidan chiqib elga tanilgan Yusufaliev, Yusufjon Saydaliev, Irismat Yunusmetov, Inobat Qoʻchqorova, Soatoy Kamolova kabi talantli shoirlari Qorabuloq xalqining faxri hisoblanadi. Qorabuloq qishlogʻida xalqqa tanilgan yosh, talantli xonandalar, mohir soʻz ustalari juda koʻp.

Madaniyat[tahrir]

Xalq orasidan chiqqan isteʼdodli sozandalar, qoʻshiqchilar juda koʻp. Qishloqda madaniyat uyidan tashqari doirachilar dastasi, „Laparchi buvilar“ guruhi tuzilgan. Ular „Sayram isteʼdodlari“ 2000-2001-yilgi festivallarida gʻolib va sovrindorlar deb topildi. Qishloqda 12 ta kutubxona bor. Ulardagi umumiy kitob jamgʻarmasi 35 ming dona.

Jamoat tashkilotlari[tahrir]

Qishloqda urush va mehnat faxriylari kengashi (raisi Islomqul Yusupov), xotin-qizlar kengashi (raisasi Daryo Sayapova), yoshlar tashkiloti (raisi Alijon Rashidov) va „Sarboz“ guruhi (raisi Zafar Rahmatullaev) tuzilgan. Ular qishloqning tinch-osuda hayotini taʼminlash yoʻlida xizmat qiladi. Ayniqsa, biylar kengashining oʻrni oʻzgacha. Qishloqning toʻbebiyi Egamtoy Rustambekov oʻz ishida mahalla qoʻmitalari raislariga suyanadi.

Eʼtiqod va muqaddas dargohlar[tahrir]

Qorabuloq qishlogʻidagi markaziy masjid

Qorabuloq xalqida „ona yerni tepma, har bir qadamda minglab ajdodlarimiz yotibdi“, degan oʻgit tarqalgan. Mahalliy aholi hududning har qadamini muqaddas hisoblaydi va bu hududda yashab oʻtgan ajdodlar tarixini ardoqlaydi. Hududdagi tarixiy joylar, avliyo va ajdodlar qabrlari aniqlanib, tozalanib, obodonlashtirilib, ziyoratgohlarga aylantirilgan. Mintaqaga IX asrda kirib kelgan islom diniga eʼtiqod qiluvchi aksariyat mahalliy aholi tomonidan bu ishlar ijobiy qabul qilinadi. Endigina diniy e’tiqodga erkinlik berilisining birinchi kunlaridanoq, qishloqning bir guruh faol oqsaqol otaxonlari tashabbusi bilan, qishloq xokimi S.Mukhiddinov, A.Navoiy momli xojaligi raxbari B.Avezov va qishloq imomi A.Toshmetovlar hamjixadligida, qishloq Jomiy Masjidi qurilishi boshlandi.

Qishloq Jomiy Masjidining poydevori 1991 yil mart oyida boshlandi. Qurilish mutloq xalq xashari bilan olib borildi. Xar kuni, qishloq xokimiyati hududidagi mavjid 33 (shu paytdagi) mahalla qomita raislari boshchiligida, axoli navbatma-navbat tegishli mahallalardan jon kuydirib xasharga qatnasdilar. Mart oyida qurilishi boshlahgan bu yirik inshootning shu 1991 yili oktyabr oyida tomi yopilib, eshik-derazalari ornanildi va birinchi Muborak Juma hamozi oqildi. Keyinchalik, xuddi shunday xalqning ahilligi va xokimiyatning gamxorligi yoli bilan, muddati 2-3 yil davomida, deyarli barcha maxallalarda xam masjitlar qurildi.

Qorabuloq ajdodlari yashab oʻtgan shahar, qishloq, turar joy oʻrinlari, yodgorliklari ihotalanmoqda. Hozirda Qorabuloq hududida 10 dan koʻproq qadimgi ajdodlari qabr-mozor qoldiqlari va hozir harakatdagi 50 dan koʻproq qabr yodgorliklari, fuqarolar qurgan va qurayotgan masjid-madrasa, koʻprik, toʻgʻon, yoʻl va xalq manfaati uchun qilinayotgan qurilish ishlari ham muqaddas dargohlar qatorida eʼzozlanadi.

Xalqlar doʻstligi va urf-odatlari[tahrir]

Qorabuloq hududi baynalmilaldir. Xalqlar doʻstligi masalasi juda qadimdan Qorabuloq zamini xalqlari qoniga singib ketgan anʼanadir. Chunki Qorabuloq hududi katta Karvon yoʻlida va gavjum savdo-tijorat markazi boʻlganligi uchun hududga turli elat vakillari kelib-ketib, mahalliy xalq — oʻgʻuzlar bilan muloqot qilganlar, aralashganlar. Hozirgacha davom etayotgan bu doʻstlik, quda-andalik, ulfat-joʻralik, tanish-bilishlik juda qadimdan boshlanib, hozir yanada mustahkamlanib bormoqda. Qorabuloq bilan Jambul, Mingboy qishlogʻi, Qorabuloq bilan Madaniy — Jana turmus, Partsyezd, Qaynarbuloq bilan Oʻshaqti, Jogʻalboy va boshqa ovul xalqlari totuv yashab kelgan. Atrofidagi hududlarning moli, yem-xashagisiz, gʻallasisiz Qorabuloq boʻlmaganidek, Qorabuloqning sabzavot, sanoat mollari, hunarmandchilik buyumlarisiz chet hududlar ham rivojlanmagan boʻlar edi. Keyingi paytlarda Qorabuloq xalqining deyarli toʻrtdan birining dehqonchiligi chet hududlarda boʻlib, bu doʻstlik, hamkorlikning yangi shaklini vujudga keltirdi.

Taniqli shaxslar[tahrir]

Qishloqda tavallud topganlar[tahrir]

Faxriylar xiyoboni
  • Toshtemir Rustamov — Kengash Ittifoqining qahramoni [29].
  • Oʻsarqul Irisqulov — Akademik. Qozogʻiston xalq tabibi[30][31][32].
  • Jahongir Shopoʻlatov — Olim, professor, oʻnlagan ilmiy kitoblarning avtori.
  • Nurali Tojimaxammedov — Yirik tadbirkor
  • Badriddin Nishanqulov — Respublika "Doʻstlik" assotsitsiyasining rais oʻrinbosari, viloyat kengashi deputati, NiK korporatsiyasining prezidenti[33].
  • Nurillo Ibodullayev — SSSR xalq maorif aʼlochisi
  • Baxtiyor Mirzatoyev — Oris qishlogʻining hokimi
  • Abdurafi Rahmatullayev — Qorabuloq markaziy masjidining bosh imomi.
  • Abubakirov Murodjon — Janubiy Qozogʻiston gazetasining muharriri[34]
  • Fahriddin Qoratayev - Qozogʻiston Respublikasi Parlament majlisining deputati.

Transporti[tahrir]

Qorabuloqda temir yoʻl stansiyasi va aeroport yoʻq. Qorabuloqqa eng yaqin temir yoʻl stansiya Oqsuvkentda joylashgan Mankent stansiyasidir, oraliq masofasi 18 km. Shuningdek Qorabuloqqa eng yaqin aeroport Chimkentda joylashgan orasidagi masofa 48 kilometrdir. Qorabuloqni Sayram tumanidagi boshqa aholi punktlari bilan avtomobil yoʻllari bogʻlab turadi.

Faktlar[tahrir]

2012-yili aprel oyida Qorabuloqda maktab yoshidagi oʻquvchilar orasida oʻz joniga qasd qiluvchilar, yaʼni oʻzini osib qoʻyayotganlar koʻpaydi[35]. Shu kasofatni yoʻqotish va oldini olish uchun Qorabuoq xalqi oq tuyani qurbonlikka chaldi.[36].

Shuningdek qarang[tahrir]

Galereya[tahrir]

Manbalar[tahrir]

  1. Узбекское население Южно-Казахстанской области
  2. Janubiy Qozogʻiston viloyatining telefon kodlari
  3. Почтовые индексы Казахстана
  4. «Qozogʻiston» Milliy Ensiklopediyasi. 10-tom. — Almati: Қазақ энциклопедиясы, 2007 — 704 b. — ISBN 9965-893-11-X
  5. Ауылдастарыма ризамын. Қашанда қолдауға әзір тұрады uakit.kz
  6. Шайҳы Ахмет Ишан islam-orkeniet.kz
  7. Turkistonning uch xonlikka bo‘linishi
  8. Fierman, William. „Uzbekistan.“ Microsoft® Student 2009 [DVD]. Redmond, WA: Microsoft Corporation, 2008.
  9. 9,0 9,1 9,2 Mayhew, Bradley; Richard Plunkett, Simon Richmond (2000). Lonely Planet Central Asia, 2, Lonely Planet Publications, 34, 159. ISBN 0-86442-673-9. 
  10. 10,0 10,1 Plaut, Steven; Nodir Ataev. Central Asia: Lessons for the Middle East. FrontPage Magazine. 10 January 2012.
  11. 11,0 11,1 (1991) in William Fierman: Soviet Central Asia: The Failed Transformation. Boulder: Westview Press, 17. ISBN 0-8133-7907-5. 
  12. Tishkov, Valeriy (1997). Ethnicity, Nationalism and Conflict in and after the Soviet Union: The Mind Aflame. London: Sage Publications, 30-31. ISBN 978-0761951858. 
  13. Өзіміздің өзбектер
  14. Қарабұлақ қауқары
  15. Билік,Үкімет Қарабұлақ қауқары
  16. Бұл ауылға жұмыссыздық жат egemen.kz
  17. ИССЛЕДОВАНИЯ ПО САМЫМ ДРЕВНИМ ОГУЗСКИМ ГОВОРАМ
  18. Погода в Карабулаке
  19. Yusufjon Saydaliev, Abdurahim Pratov. // Sayramnoma. — Almati: Dala, 2002. — 431 b.
  20. Sayram tumanidagi maktablar roʻyxati
  21. Қажы салған мектеп
  22. Қарабұлақта қарбалас тіршілік
  23. Қ.Айтахановтың депутаттық сауалы
  24. Новую школу в селе Карабулак ЮКО открыли ко Дню Астаны
  25. Белгілі халық емшілері
  26. Dalaboyev Abdumavlon. // Qorabuloq XXI asr boʻsagʻasida. — Qorabuloq: Kitap MChJ, 2001. — 90 b.
  27. Футбол мен волейболды культ деңгейіне жеткізген ауылда «Қарабұлақ ауылы футбол федерациясы» мен «Қарабұлақ ауылы волейбол федерациясы» атты екі федерация бар
  28. Шымкентте Қарабұлақ ауылының Суперкубогі сарапқа салынды
  29. SSSR qahramonlari va yozuvchilari tarjimai hollari. Rustamov Toshtemir
  30. Өсерқұл қажының өсиетнамасы
  31. Целитель
  32. Травы избавляют от недугов
  33. Бадритдин НИШАНКУЛОВ, «Ник» корпорациясының президентi, облыстық мәслихаттың депутаты:
  34. Janubiy-Qozogʻiston viloyati hokimiyatining rasmiy sayti
  35. Үрей жайлаған ауыл otyrar.kz
  36. Казахи принесли в жертву верблюда ради прекращения самоубийств

Havolalar[tahrir]